SHERALI JO'RAYEV

Oshiqlar sardori
Dilorom
Sarbon
Yoshligimiz
Karvon
Do`st bo`lsang
Begunoh ohu
Sohibqironim
Oshiqma oy
Umr o`tmoqda
Ko`zga ne bo`ldi
Kerma manmanlik…
Atirgulim
Birinchi muhabbatim
Tushimda ko`rsam
Sanamjon
Gulbadan
Ko`rmisham
Qaysi uyning shamidur
O`ltirur
Diydalar
Ey, do`st
Emas
Bobodehqon
Avvalgilarga o’xshamas
Topilur
Qoshi kamonim
Muqaddas ayol
Ajab hangomlar ko`rdim
Andijon tomonlarda
Yor topolmaysan
Ishq istilosi
Bir gumon
Ul go`zal yuz
Go`zal
Ey, gul
Ona turar
Onaginam

Oqqayin
Yaralgan
Nozik
Asta-asta
O`zbegim
Qaro ko`zim
Kelgay
Oshiq bo`ldim
Achchiq haqiqat
Bilmassan
Kelmadi
Shirindur
Qoshi kamon
El bilsa bo`ldi
Hay-hay sanam
Tashvishi insondadur
Do`sti yoring bor bo`lsa
Dilbar qo`lida sozi
Chimildiq
Oppog`oyim
Davron to`xtamas
Egasi bor yurt
O`zbekiston
Dunyoni qizg`anma
Ko`zlarga boqdim
Olis yo`llar
San’atdagi imkonimiz
Dilbar
Tark aylama
To`kilmish
Meni kutgil
Turnalar
Nargiz
Olloh-Olloh
Ey, dil
Jon qizlar
Keldi bahor
Ko‘ring

Nasibam
Toshkanlik qizcha
Oshiq bo‘ling
O‘ynab-o‘ynab
Qarashlarga
Qayga borursan
Sharshara
Andajonim qoldi manim
Bahor aldamas
Bahor ayyomi
El bilsa bo‘ldi
Yetolmay qomatim
Ey, jon
Fig’onkim
Gar kaklik oldirsa
Inson o‘zing
Aqling bo’lsa
Arslon chorlagandi
Bekor
Beri kel
Bir gumon
Eshigingdan o’tarman
Gul ichinda uchratdim
Majnuntol
Men borman
Muhtoj qilmagin
Nasihat
Ohujon
Ona Turkiston
Onani hurmat qiling
O’rtada begona yo’q
O’zbekiston
Qayda ko’rganman seni
Siz uni odam demang
Uch balodan asrasin
Ul go’zal yuz
Yodimdasan
::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::::

OSHIQLAR SARDORI
Rasul HAMZATOV she’ri

Bulbullar ichinda tinmas zabonman,
Hamon yoningdaman, tanangda jonman.
Agar oshiqlaring o‘n mingta bo‘lsa
Bilgilki alarning sardori menman.

Qo‘llarim istagi tutmoqlik qo‘ldan,
Istagim totmoqlik labdagi boldan,
Oshiqlaring kelsa gar mingta yo‘ldan
Bilgilki eng avval kelgani menman.

Sevgiga sodiqlik shartini qo‘ysang,
Shartni bajarmas deb, yoningdan quvsang,
Agar o‘n mingtadan yuzta qoldirsang
Bilgilki yuztadan bittasi menman.

Keksalik degan so‘z joy olsa dildan,
Yigitlik quvvati ketsa ham beldan,
Har kun gul olsang sen gar o‘nta qo‘ldan
Bilgilki eng avval gul tutgan menman.

Falak falakligin qilsa nogahon,
Sendan yuz o‘girsa hatto keng jahon,
Oshiqlardan qolsa bir nafar, inon
Qolgan shu oshig‘ing bilgilki menman.

Ko‘zlaring bemahal yoshlarga to‘lsa,
Agar dushmanlaring ustingdan kulsa,
Oshiqlaring agar hech kelmas bo‘lsa
Marhum ul Rasul Hamzat bilgilki menman.

Bulbullar ichinda tinmas zabonman,
Hamon yoningdaman, tanangda jonman.
Agar oshiqlaring o‘n mingta bo‘lsa
Bilgilki alarning sardori menman.


DILOROM

Dilimda qolmadi tinchlik va orom,
Talab ketdi o‘shal ma’shuqi Bahrom.
Salom yetkur nigorimga sabo, tez
Borib anga degilki, ey Dilorom.

Ey Dilorom, ey Dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom.

Qachon sendan yiroq bo‘ldim chunon-a,
Na xush qoldi, na qoldi aqlu orom,
Yugurdim har taraf men misli Majnun
Dilimda Layli nomi subhidam, shom.

Ey Dilorom, ey Dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom.

Yugurdim har taraf manzilma manzil,
Talab aylab sani ey chehra gul qosh,
Na sendan bir xabar topdim, na payg‘on
Na sendan menga sog‘ar bor, na paymon.

Ey Dilorom, ey Dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom.

Gajak zulfingga bo‘ldim misli oftob
To‘lib poyingga zulfing tashlamish dor,
Fazal bitmakni qo‘y endi Nizomiy
Tushib xilvatga cho‘k sen zori nochor.

Ey Dilorom, ey Dilorom,
Dilimda qolmadi tinchlik va orom.


SARBON

Ey sarbon, ohista yur,
Oromi jonim boradur
Tandan dilu jonim olib,
Ul dilistonim boradur.

Qolurmu men olis bo‘lib,
Bechora-yu ma’yus bo‘lib,
Qalbim firoq tig‘i tilib,
To ustixonim boradur.

Ey sarbon, ohista yur,
Oromi jonim boradur.

Sarkash nigorimdan judo,
Ayshu qarorim bebaqo,
Manqalda otashdek qaro
O‘t birla qonim boradur.

Cheksamda zulmni dodini,
Ham va’dalar barbodini,
Ko‘ksumda tutgum yodini
Toki zabonim boradur.

Ey sarbon, ohista yur,
Oromi jonim boradur.

To‘xtat biroz, ey, sarbon,
Karvonni qilma tez chunon,
Sarviravon ishqida jon
Ruhi ravonim boradur.

Qayt, ko‘zlarimga qo‘y oyoq,
Ey, dil piri, ketma yiroq,
Ey nozanin, ko‘kka bu choq
Ohu fig‘onim boradur.

Ey sarbon, ohista yur,
Oromi jonim boradur.

Qilma fig‘on, ey Sa’diyo,
Hech arzimas ul bevafo,
Toqatni qo‘ymas bu jafo
Aqlu imonim boradur.

Ey sarbon, ohista yur,
Oromijonim boradur.


YODINGDAMU YOSHLIGIMIZ

Yodingdamu yoshligimiz,
Beqaror beboshligimiz,
To‘ymay bu keng olamga
Baxtiyor, shodligimiz.

Qo‘l teksa titrab qo‘ling,
Balog‘at to‘sgach yo‘ling,
Aylanmay so‘zga tiling
Qayrilma qoshligimiz.

Ilk bora yorni quchib,
Lablardan labbol ichib,
Bu olamdan voz kechib
Bo‘salar taloshligimiz.

Daryodek yillar o‘tar,
Yosh ketib pirlik yetar,
Lek ba’zan qo‘msab ketar
Beqaror yoshligimiz.

Bahor bu yozdan nishon,
Yoz kelsa kuzdan nishon,
O‘g‘il-qizda qaytar, ishon
Baxtiyor yoshligimiz.

Yodingdamu yoshligimiz,
Beqaror beboshligimiz,
To‘ymay bu keng olamga
Baxtiyor, shodligimiz.


KARVON
Sherali Jo'rayev muzikasi
Usmon Azim she’ri

Bir zamonlar kishilarni to‘ylarini o‘tkazib yuradigan, dostonlar aytadigan bir baxshi yigit bo‘lgan ekan. O‘sha yigit tog‘ni u tomoniga o‘tib, bir odamni to‘yini o‘tkazib o‘z yurtiga qaytib kelayotsa, tog‘ni tomonida cho‘ldan kelayotgan bir karvonga ko‘zi tushibdi. Karvonboshini to‘xtatib, so‘ray boshlabdi: “Bu, tuyalarni ustida qizlar doira chalib, ashula aytib kelayapti, yigitlar oldinda shirakayf, ot o‘ynatib kelishyapti. Qayoqqa ketyapsizlar?” Shunda karvonboshi yigitga javob qilibdi: “Biz falon qishloqdan falonchini qizini kelin qilib tog‘ni u tomoniga olib ketayapmiz”.
Shu payt yigit bilibdiki, o‘zi ahdi paymon qilgan qizni o‘sha karvonda kelin qilib olib ketishayotgan ekan. Qiz ham tuyani ustida o‘tirib, qizlarni orasidan haligi yigit va karvonboshining savol-javobini eshitib, yig‘lab turganini yigit ko‘rib qolibdi. Shunda yigit qizga qarab:
Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo‘shiq aytsam qayrilma, yor,
deb turgan ekan.

Karvon ko‘rdim: tuyalari bo‘zlab kelar,
Nortuyada mani yorim izlab kelar.
Menga bergan va’dalari esdan chiqib,
Ostonasi tillo yurtni ko‘zlab kelar.

Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo‘shiq aytsam qayrilma, yor.

Karvon yo‘li ketgunicha qizg‘aldoq zor,
Yig‘lamagin yig‘lagandan dunyo bezor,
O‘ynab-o‘ynab, kulib-kulib ketayvergin
Famga o‘zim xaridorman, o‘zim bozor.

Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo‘shiq aytsam qayrilma, yor.

Qorli tog‘dan naridadur o‘zga diyor,
O‘zga yurtda kelin bo‘lib qolishing bor,
O‘zga yurtda o‘z yurtingni eslab turgin
Menga emas, o‘z yurtingga bo‘l intizor.

Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo‘shiq aytsam qayrilma, yor.

Men-chi, menga goh g‘am to‘lar, alam to‘lar,
Gohi shodlik, gohida g‘am nolam to‘lar,
Bu dunyoki meni ko‘nglim yarim etding
Yarmi bilan kuylasam ham olam to‘lar.

Peshonangga yozganidan ayrilma, yor,
Jonim chiqar, qo‘shiq aytsam qayrilma, yor.

Karvon ko‘rdim: tuyalari bo‘zlab kelar,
Nortuyada mani yorim izlab kelar.
Menga bergan va’dalari esdan chiqib,
Ostonasi tillo yurtni ko‘zlab kelar.


DO‘ST BO‘LSANG YONIMDA TUR

Ey jonu dilim, sen meni yonimda tur,
Yonda ne, balki manim ayni shu qonimda tur,
Beqaror qon bu nadur, sen shirin jonimda tur
Bevafo jon deydilar, pokiza iymonimda tur,
Har yomonu yaxshi kunda barcha imkonimda tur,
O‘ngda tur yo so‘lda tur, sen meni yonimda tur.

Do‘sti ko‘p qaddi bukilmas deydilar qon kechsa ham,
Kechmagay mard do‘stidan molu jondin kechsa ham,
Boma deb garchi raqiblar zar choponing yechsa ham,
Garchi taqdir hush kelib yo‘lingga gullar sochsa ham,
Mayli har ne kechsa ham, do‘st bo‘sang yonimda tur
Do‘st bo‘sang yonimda tur, do‘st bo‘sang yonimda tur.

Molu davlat qo‘lda bo‘lsa do‘stu yor ham ko‘p bo‘lar,
Qayga borsang olqishu, maqtovchilar ham ko‘p bo‘lar,
Hech qoqilma, gar qoqilsang g‘iybatchilar to‘p-to‘p bo‘lar,
Munofiq ham soxta do‘sting dushmaningdek bo‘pqolar,
Mayli har ne gap bo‘lar, do‘st bo‘sang yonimda tur,
Do‘st bo‘sang yonimda tur, do‘st bo‘sang yonimda tur.

Har yomonu yaxshi kunda ko‘zlarim do‘st axtarar,
Bu ko‘ngul har soniya ming shirin so‘z axtarar,
Kimki oni topmadib bitta gul yuz axtarar,
Charx urib oyu quyosh ham kecha kunduz axtarar,
Top seni kim axtarar, do‘st bo‘sang yonimda tur,
Do‘st bo‘sang yonimda tur, do‘st bo‘sang yonimda tur.

Nozaninlar bazmida aytilar mastona so‘z,
Termulib joningni olg‘ay surmali mastona ko‘z,
Kelgil ey jonimki sendan tinglayin do‘stona so‘z,
Qo‘llarim tutsin belingdin, surtayin poyingga yuz,
Bazmi dildoshlarni tuz, do‘st bo‘sang yonimda tur,
Do‘st bo‘sang yonimda tur, do‘st bo‘sang yonimda tur.

Bu jahonda do‘st yo‘q, qilma oh, qilma xitob,
Do‘stni top ham Haqni topgin, Tangri bergan bir Kitob,
Haqni tosang do‘stni topding, do‘st qidirsang Haqni top,
Zarra imkoning bo‘sa bir g‘arib ko‘nglini top,
Haq yo‘lida qil savob, do‘st bo‘sang yonimda tur,
Do‘st bo‘sang yonimda tur, do‘st bo‘sang yonimda tur.

Ota-onag`a o`g`il-qiz mehribondir do`st bo`lsa,
Hatto sevgan sevgiling ham vafodordir do’st bo`lsa,
Yuzni burma og`a-ini garchi ming xil so`z bo`lsa,
Yetti yot begonalar ham birodardir do`st bo`lsa,
Mayli har ne so`z bo`lsa, do`st bo`lsang yonimda tur.

Ey jonu dilim, sen meni yonimda tur,
Yonda ne, balki manim ayni shu qonimda tur,
Beqaror qon bu nadur, sen shirin jonimda tur,
Bevafo jon deydilar, pokiza iymonimda tur,
Qayda tursang tur vale, do‘st bo‘sang yonimda tur,
O‘ngda tur yo so‘lda tur, sen meni yonimda tur.


BEGUNOH OHU

Xayr, endi sen ketding begunoh Ohu,
Xayr, endi qalbimda bir vido qoldi.

Bugun sen qaydasan, qaylarda qolding,
Bugun bosh ustingda kimning firog‘i.

Seni kech topgandim, erta yo‘qotdim,
Qarg‘agil roziman meni qahringga.

O‘zgalar qalbidan qadr o‘yg‘otdim,
Lekin yetolmadim o‘zing qadringga.


SOHIBQIRON
Sherali Jo‘raev she’ri va musiqasi

Turkiy elim sen azaldan buyuk eldursan,
Chunki senda qismati bor sohibqironning.
Mehmonnavoz qo‘li ochiq, ochiq dildursan,
Chunki senda himmati bor sohibqironning,
Senda buyuk xislati bor sohibqironning.

Amir Temur tug‘ilgan el turkiy barlosdur,
Eron yohud Xitoy, Hinddan butkul xalosdur,
Turku uyg‘ur, totor, chuvosh, urug‘ xokosdur,
O‘zbek, qirg‘iz, qozoq, turkman turkiyga xosdur,
To‘qson ikki elati bor sohibqironning.

Allohga qul, Muhammadni rasul bilgan el,
Amir Temur davlatida toshib to‘lgan el,
Temur o‘tgach har tarafga to‘zib ketgan el,
Ushbu kunda o‘zligini anglab yetgan el,
O‘zbek degan millati bor sohibqironning.

Temurdan so‘ng saltanatni buzdilar uzoq,
Turkiylarning ko‘ksida bu alamli bir dog‘,
Lekin Temur saltanatin poydevori sog‘,
Dilni poklab poydevorga g‘isht qo‘ying oppoq,
Shunday buyuk davlati bor sohibqironning.

Minoralar temuriylar savlatidandur,
Madrasalar pok iymonlik sarhadidandur,
Alisher ham temuriylar avlodidandur,
Sherali ham uning buyuk davlatidandur,
Tugab-bitmas san’ati bor sohibqironning.
Azal buyuk davlati bor sohibqironning.


OSHIQMA OY

Oshiqma oy to‘lguncha,
Olam chaman bo‘lguncha,
Ochar bir kun gulg‘uncha,
Sog‘inch damlar vaqtincha.

Bo‘lma muncha intizor,
Kelmasmu deb go‘zal yor,
Muzlar erib ketar qor,
Sog‘inch damlar vaqtincha.

Muzlar erib yer qolar,
Mard ortidan el borar,
Inson qo‘li gul bo‘lar,
Qor-yomg‘irlar vaqtincha.

Bahor topsang o‘ynab qol,
Chaman topsang sayrab qol,
Sevganing-la yayrab ol,
Qizil gul ham vaqtincha.

Yigit ham qiz vaqting oz,
Yoshligingda pok, o‘tsin soz,
Sanam, buncha etma noz,
Go‘zallik ham vaqtincha.

Tug‘ilganing baxtingdur,
Zamin sening taxtingdur,
O‘tayotgan vaqtingdur,
Ko‘rar kunlar vaqtincha.

Urma biring biringni,
Kesma oyoq-qo‘lingni,
Olloh bersin yo‘lingni,
U tomonga borguncha.

Millati ko‘p insonsan,
Yoolib, mag‘lub, yaksonsan,
Keng dunyoda mehmonsan,
Ziyofatlar vaqtincha,
Ziyoratlar vaqtincha.

Oshiqma oy to‘lguncha,
Olam chaman bo‘lguncha,
Ochar bir kun gulg‘uncha,
Sog‘inch damlar vaqtincha.


UMR O‘TMOQDA
Sherali Jo‘raev muzikasi, To‘ra Sulaymon she’ri.

Esiz-esiz bolalikni qoldirib ortda,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.
Qoldirib qoldirmay iz bu hayotda
Umr o‘tmoqdadir daryo misoli.

Har safar to‘rg‘aydan avval uyg‘onib,
Chamanlar yaratish ishqida yonib,
Ko‘cha-guzarlardan ko‘ngul dog‘lanib,
Dilni buzarlardan ko‘ngul dog‘lanib,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

Ba’zan boy berilib bebaho onlar
Bekor o‘tgan damga ko‘ngul ezilar,
Ba’zan g‘olib kelib tulkisimonlar,
Umr o‘tmoqdadir, daryo misoli.

Dengizdek mavj urib, qirg‘oqdan toshib,
Yurar yo‘limizdan ba’zan adashib,
Kimlar bilandir zimdan mansab talashib,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

O‘rinsiz nolayu navozish bilan,
Ba’zan g‘am-tashvish ham honish bilan,
Kimlargadur asta chox qazish bilan,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

Keksalik mo‘ralab eshik qoqmoqda,
Bolalik qaytadan qaytarilmoqda
Bizdan erta kunga nelar qolmoqda,
Umr o‘tmoqdadir daryo misoli.

Mard bilan nomardni farqiga bormay,
Yaxshi-yomonni ham ajrata olmay,
Sevgan yorlarimiz qadriga yetmay,
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.

O‘lmas sozdan so‘ylab tugatolmasman,
O‘chmas izdan so‘ylab tugatolmasman,
Mangulikdan so‘ylab tugatolmasman,
Umr o‘tmoqdadir, daryo misoli.
Umr o‘tmoqdadir, umr o‘tmoqda.


KO‘ZGA NE BO‘LDI?

Termulib ko‘z senda qoldi, ko‘zga ne bo‘ldi?
Tilim lol so‘z ham yo‘qoldi, so‘zga ne bo‘ldi?

Uzalmay qolgan nigohim sezdingmu bilmam,
Oq yuzing guldek qizardi yuzga ne bo‘ldi?

Ko‘zlaring ko‘zimga tushgach porlaydi ammo,
Qoshlar chimrildi, hayxot qunduzga ne bo‘ldi?

Bu ko‘zlar bog‘labdi bizni o‘tkir nigoh-la,
Hech tomon bosmas qadamlar bizga ne bo‘ldi?

Sening ham yoningda qizlar hayrat-la boqmish,
Menga ham derlar odamlar sizga ne bo‘ldi?

Menchi bir dilxasta oshiq sen so‘yla jonim,
Sendayin olamda yakto qizga ne bo‘ldi?


KERMA MANMANLIK BILAN

Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan qoshni,
El sevar odamda bo‘lgan sabr ila bardoshni,
Yo‘lda joningdin aziz tut senga chin yo‘ldoshni.
Yo‘lga sol kelsa qo‘lingdin aqli past beboshni.

Odam o‘g‘li bo‘lmag‘aysan bo‘lmasa senda vafo,
El aro sharmandadursan bo‘lmasa sharmu hayo,
Tozadillar kiryuraklar birla bo‘lmas oshno,
Na qilay bunday ko‘ngulni bo‘lmasa unda vafo,
Saqlamas sandiqda hech kim qimmati yo‘q toshni,
Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan boshni.

Nokerak bo‘lma jahonda doimo darkor bo‘l,
Bag‘rida yayratgan eldan shod-minnatdor bo‘l,
Gul kabi chehrang ochib yur, xalq uchun gulzor bo‘l,
Qo‘lga sanchilma tikandek, balki beozor bo‘l,
Keksa ham hurmatlagay odobli bo‘lgan yoshni,
Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan boshni.

Har kishi ko‘ngli uchun ahmoqqa himmat aylasin,
Har kishi yaxshi kishilar birla suhbat aylasin,
Har kishi mayli halol mehnatda rohat aylasin,
To‘kmasin, Chustiy, sevinch-la ko‘zga to‘lgan yoshni.

Kerma manmanlik bilan o‘rnida turgan qoshni,
El sevar odamda bo‘lgan sabr ila bardoshni,
Yo‘lda joningdin aziz tut senga chin yo‘ldoshni.
Yo‘lga sol kelsa qo‘lingdin aqli past beboshni.
El uchun qilsang ziyon toshlarga urgin boshni.


ATIRGULIM

Atirgulim, atringni soch,
Mayli tikan xoring bo‘lay,
Ko‘z tegmasin bo‘yingga deb
Tilovchi zor-zoring bo‘lay.

Mayli bo‘lay ko‘zmunchog‘ing,
Bo‘yningda tumoring bo‘lay,
Yiroq ketma, ketsang agar
Yo‘lingda sardoring bo‘lay.

Boring bo‘lay, yo‘g‘ing bo‘lay,
Yoningdagi yoring bo‘lay.

Yig‘lamain yig‘latmagin,
Dunyoda yolg‘iz o‘tmagin,
Sevdim deya kuylay yonib
Hargiz meni bo‘zlatmagin.

Har dam yoningda o‘lturay,
Ket deb sira ham aytmagin,
Ko‘zlar yonib, yuzlar qizib
Aytgan so‘zingdin qaytmagin.

Bog‘la bo‘yningga qo‘llarim,
Mayliga zunnoring bo‘lay,
Boring bo‘lay, yo‘g‘ing bo‘lay,
Yoningdagi yoring bo‘lay.

Boring bo‘lay, yo‘g‘ing bo‘lay,
Yoningdagi yoring bo‘lay.

Mayli deyin axtarsinlar
Sendek go‘zal dunyoda yo‘q.
Qoshlar qalam, ko‘zlar suzuk
Lablar asal dunyoda yo‘q.

Sensiz jahonning o‘zi yo‘q,
She’ru g‘azal dunyoda yo‘q.
Kelgin davo ber dardima
Mendek kasal dunyoda yo‘q.

Dunyoga teng husning uchun
Yolg‘iz xaridoring bo‘lay.
Boring bo‘lay, yo‘g‘ing bo‘lay,
Yoningdagi yoring bo‘lay.

Boring bo‘lay, yo‘g‘ing bo‘lay,
Yoningdagi yoring bo‘lay.

Sochingda qasding bormidi,
Jonon kesibsan ostidan
Tuproqqa ketdi to‘lg‘anib,
G‘addor qaychining dastidan.

Erkakcha qirtishlab uni,
Ro‘ymol yulindi ustidan,
Nozik beling bo‘ldi judo
Qirqta haqiqiy do‘stidan.

Soch o‘rnida endi o‘zim
Mayliga dastoring bo‘lay,
Boring bo‘lay, yo‘g‘ing bo‘lay,
Yoningdagi yoring bo‘lay.

Boring bo‘lay, yo‘g‘ing bo‘lay,
Yoningdagi yoring bo‘lay.


BIRINCHI MUHABBATIM

Kecha oqshom falakda oy bo‘zarib botganda,
Zuhro yulduz mo‘ltirab xira xanda otganda,
Ruhimda bir ma’yuslik sokinlik uyg‘otganda,
Men seni esga oldim, birinchi muhabbatim,
Eslab xayolga toldim, birinchi muhabbatim.

O‘tdi yoshlik zavq bilan, gohi to‘polon bilan,
Gohida yaxshi bilan, gohida yomon bilan,
Ayro ham tushdim ba’zan qalb bilan imon bilan
Lekin seni yo‘qotdim, birinchi muhabbatim,
Mangu g‘aflatda qotdim, birinchi muhabbatim.

Dunyo degan shundayin anglab bo‘lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim.

Yo‘lin yo‘qotsa odam muhabbatga suyangay,
G‘ussaga botsa odam muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim.
Eslab bag‘rim tig‘layman, birinchi muhabbatim.

Nido bergil qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko‘ribman, bor dunyoni unutdim,
Tongda turib nomingga ushbu sherimni bitdim,
Dildagi ohim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg‘iz Ollohim mening, birinchi muhabbatim.


TUSHIMDA KO‘RSAM EDI

Nigori gulbadanimni, tushimda ko‘rsam edi,
Labi shirin shakarimni, tushimda ko‘rsam edi.

Ko‘z ochmayin g‘amida ro‘zg‘orim o‘tkuvchidur
Ki yori siym-tanimni, tushimda ko‘rsam edi.

Ki dardi rohatim o‘tdi, zim saodat edi
Murodu jonu tanimni, tushimda ko‘rsam edi.

Yuzi gul, qoshi shamshod, ko‘zlari nargiz,
Bahori yosumanimni, tushimda ko‘rsam edi.

Labimg‘a keldi oning vaslini eslab jonim
Balo o‘ti ekanimni tushimda ko‘rsam edi.

Hamisha bulbuli ta’bim fig‘onu zor etar,
Ki orazi chamanimni, tushimda ko‘rsam edi.


QARO KO‘ZLI SANAMJON

Sochlaringni sariqqa bo‘yab nima qilasan,
Soch ostidan muloyim qarab nima qilasan,
Qaro ko‘zli sanamjon o‘zing yaxshi bilasan,
Ko‘ksimdagi dardimni so‘rab nima qilasan.

Hasrat to‘la so‘zga so‘z ulab nima qilasan,
O‘zingni-da, manida qiynab nima qilasan,
Qaro ko‘zli sanamjon o‘zing yaxshi bilasan,
Qayda vafo bormu deb so‘rab nima qilasan.

Daryo suvi oqarmu qor yog‘masa tog‘larg‘a,
Gullar kulib boqarmu, san kelmasang bog‘larg‘a,
Qaro ko‘zli sanamjon o‘zing yaxshi bilasan,
Ishqdan boshqa davo yo‘q ko‘ksimdagi dog‘larg‘a.

Sochlaringni sariqqa bo‘yab nima qilasan,
Soch ostidan muloyim qarab nima qilasan,
Qaro ko‘zli sanamjon o‘zing yaxshi bilasan,
Ko‘ksimdagi dardimni so‘rab nima qilasan.


GULBADAN

Kuylarim yetgaymikan senga borib,
Kuylasa ketgaymukan toshlar erib,
Suhbatingda bahra olsam o‘ltirib,
Na bo‘lar, na bo‘lar kelsang
quchog‘imga kelib, Gulbadan.

Oy tiniq oydinda oydin oq yuzing,
Sharqiroq soydan-da sho‘xroqdir so‘zing,
Ko‘zlarimga to‘tiyo bosgan izing,
Na bo‘lar, na bo‘lar kelsang
quchog‘imga o‘zing, Gulbadan.

Gulbadan, gul ham o‘zing noz ham o‘zing,
Kuy-qo‘shiq, ohang o‘zing so‘z ham o‘zing,
Tanda darmonim saningsiz yo‘qday
Na bo‘lar, na bo‘lar jondek kelib
ketsang o‘zing, Gulbadan.


KO‘RMISHAM

Do‘stlar, bu kun ajib bir sarvi qomat ko‘rmisham,
Suvrati boshdin oyoq g‘arqi latofat ko‘rmisham,

Yuzlarini shu’lasin ko‘rgach gulu gulzorini,
Ko‘zlarini aksini ayni inoyat ko‘rmisham.

Jon kibi nozik belidan surtayin zor ostidan,
Besh qobzin tig‘ini jonimga ofat ko‘rmisham.

Ko‘rmadim monand anga chobuklik ichra necha kim,
Dilrabolar jilvasi behaddu boyad ko‘rmisham.

Ketsa u chin tong emasko‘rgach qiyomi qomatin,
Kim mani hayron qolib qoyim qiyomat ko‘rmisham.

Bilmadim holim naerg‘a oid bo‘lg‘ay oqibat,
Kim bu kun jonimda dardim benihoyat ko‘rmisham.

Ogahiy, endi manga o‘lmakdin o‘zga chora yo‘q.
Kim bu kun jonimda dardim benihoyat ko‘rmisham.


QAYSI UYNING SHAMIDUR

Qaysi uyning sham’idur qaysi joyda xonasi,
O‘rtadi jonni so‘rang kimni erur jononasi.

Bu zamon dinu dilimni xonavayron ayladi
Bilmadim kimning erur ul munisi hamxonasi.

Lablarining bodasi hargiz labimdan ketmasin
Kimga so‘z bermish vafodor, ishq to‘la poymonasi.

Bu saodat sham’ining azmi erur kimga nasib,
Siz go‘zal yuzdan so‘rang, kimdur uning parvonasi.

Har kishi afsun bilan tortmoqchi ammo bilmadi
Tortadur nozik dilim kimni qiziq afsonasi.

Yora ul oy yuzli yulduz chehrali oliy nishon
Qaysi konning gavhari, kimning erur durdonasi.

Siz go‘zal yuzdan so‘rang, kimdur uning parvonasi.
Qaysi uyning sham’idur qaysi joyda xonasi.

Qildi ichmasdan labini bodasi dilni qaro
Kimga ulfat kim erur, ham kosa ham paymonasi.

Ohkim hofiz dilim devonadur sansiz dedim,
Sho‘x tabassum birla bu kimning dedi devonasi.

Qaysi uyning sham’idur qaysi joyda xonasi,
O‘rtadi jonni so‘rang kimni erur jononasi.


O‘LTIRUR

Bir ajib bog‘ ichra janon o‘ltirur,
Sochlarin yoyib shamol o‘ynab turur,
Sezmayin qoldi yoniga borganim
Oh sanam muncha parishon o‘ltirur.

Qoshlari oyni o‘rog‘in eslatar,
Ko‘zlari yulduz chirog‘in eslatar,
Shul sanamni bilmadim kim o‘ylatar,
Barcha gullar shunga hayron o‘ltirur.

O‘z-o‘zicha jilmayib qo‘yganda ul,
Yerda oftob nur sochib turganda ul,
Ushbu damda kimnidur suyganda ul,
Qaddi larzon, zulfi marjon o‘ltirur.

Shul sanamni kuygani kelmasmikin,
Yoki oni kutganin bilmasmikin,
Shul sanamni suygani bizmasmikin,
Men bu yonda qancha sarson o‘lturur.

Bir ajib bog‘ ichra janon o‘ltirur,
Sochlarin yoyib shamol o‘ynab turur,
Sezmayin qoldi yoniga borganim
Oh sanam muncha parishon o‘ltirur.


DIYDALAR

Husning oldida yorishgay g‘am to‘la bu diydalar,
Dardi yo‘qlar ko‘rsa hamki qalbim beun tintalar.

Husningu odobu xulqing barchani qilmish asir,
Tahsin aytmish senga yuz minglab qadar volidalar.

Bu jahon oyinasida bir ko‘rish ishqi bilan,
Necha Xusrav necha Farhod oyina oldidalar.

Senku Laylidan go‘zalroq hamda Shirindan shirin,
Jon olar lutfing valekin jon ato bu xandalar.

Andijondin topmayin bordim Samarqand, Xorazm,
Qayga bormay menga hamdam qancha oshiq yo‘ldalar.

Menga derlar bedavo oshiq senga yo‘l qaydadur
Necha Farhod tog‘u toshda qancha Majnun cho‘ldalar.

Menki oshiqlik yo‘lidin qaytmasam oxir kelib,
Oshino bo‘lg‘ayki albat muazzam mavludalar.

Husning oldida yorishgay g‘am to‘la bu diydalar,
Vasling izlab kecha-kunduz tanda jonim qiynalar.


EY DO‘ST

Ey, do‘st ancha yo‘lni yurib qo‘ydik biz,
Yomonu yaxshini ko‘rib qo‘ydik biz,
Kelib bu dunyoda ne qilding desa
Odamg‘a odamlik qilib qo‘ydik biz.

Kimlarga yoqmadik kimlarga yoqdik,
Ishqning ummonida mavjlanib oqdik,
Habibim dermu deb termulib boqdik,
Qalbda ishq olovin yoqib qo‘ydik biz.

Halolu poklikdan yiroqlab ba’zan,
His va ehtirosga to‘lib yotdik biz,
Tumanlar ichinda tentirab oxir
Iymon eshigini kelib ochdik biz.

Kimdir yo‘limizga g‘ov bo‘lmoq bo‘ldi,
Kimdir jonimizga chang solmoq bo‘ldi,
Kimdir uyimizga o‘t qo‘ymoq bo‘ldi,
Tavakkal Alloh deb turib qo‘ydik biz.

Yaxshilik yig‘lab, so‘ng kulganin ko‘rdik,
Yomonning jazosin olg‘anin ko‘rdik,
Sotqinning sarmisor bo‘lg‘onin ko‘rdik,
Haqning haqligini bilib qo‘ydik biz.

Ey do‘st, bu dunyoning poyoni yo‘qdur,
Kim shohu kim gado kim och, kim to‘qdur,
Bunda kelganning hech ketgisi yo‘qdur,
Ajib bir dunyog‘a kelib qoldik biz.

Yomonlik oxiri zimiston tuman,
Yaxshilik oxiri go‘zal bir chaman,
So‘rsangiz chamansan va yoki tuman,
Ezgulik urug‘in ekib qo‘ydik biz.

Hotami toylarni Olloh ham sevar,
Mardlik ham nomardlik yonma-yon yurar,
G‘irrom ham g‘oliblik davosin qilar,
Bunga istehzoli kulib qo‘ydik biz.

Olamni yaratgan qodiri qudrat
Kimga qilich bermish kimlarga hikmat,
Niyat shu tirikmiz baholi qudrat
Yaratganga qullik qilmoq bo‘ldik biz.

Ey, do‘st ancha yo‘lni yurib qo‘ydik biz,
Yomonu yaxshini ko‘rib qo‘ydik biz.


EMAS

Nozaninlar, benavolarga tarahhum aylangiz,
Lutf agar yo‘qtur g‘azab birla takallum aylangiz.

Gah buyuk, gah past giryon ko‘rsangiz ushshoqni,
Qosh kulmassiz nihon bori tabassum aylangiz.

Biz fano tuprog‘i bo‘ldik dayr aro ey ahli zuhd,
Xonaqoh sahnida siz bahsi taqaddum aylangiz.

Ey mug‘anniylar, Navoiy mast edi kech uyg‘onur,
Oni uyg‘otmoqqa bir dilkash tarannum aylangiz.

Sumbulim Layli ochibdur yel kibi raso emas,
Dog‘ini Majnun qonatmish lolai xumro emas.

Nastarin ko‘zgusidur bir sori men, bir sori yor,
Chehri aksin ko‘rguzur bir yuz guli ra’no emas.

Gulni o‘xshatqanmikin yorimga go‘yo bog‘ aro,
Yuz pari ko‘nglum ichidin bulbuli shaydo emas.

Sumbul ustidin nasim esgach nigorim durrasi,
Yod qildimki dimog‘ oshiftadur shaydo emas.

Gul sarv uzra xayol ettim ko‘ngil bo‘stonida
ROst aytay sarvi gul ro‘yin kibi zebo emas.

Bo‘lmangiz mag‘rur, ey shohlar bu bog‘ aro,
Siz kabi bulturgi gullardan biri paydo emas.

Menga gul soqi-yu bulbulga gul tutmish qadah,
Mast erur ul ham Navoiydek vale rasvo emas.


BOBODEHQON

Aziz do‘stlar, necha ming yillardan beri mana shu mehnatkash, zahmatkash xalqimiz dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Shu davrgacha minglab dehqonlar va chorvadorlar haqida qo‘shiqlar bo‘lgan. Biz ham oddiygina so‘zlardan aziz, mehribon, zahmatkash dehqon va chorvadorlarimizga bir qo‘shiq yaratdik. Bu yangi qo‘shiq. Qabul qilasiz.

Beshikdan sahroga uloqqan yo‘llar,
Qilichmas ketmonga uzangan qo‘llar,
Tuproqdan yaralgan rizqu tiriklik
Ona allasidan boshlangan kuylar.
Belingga quvvat bo‘lay, dardingga darmon,
Mehnat deya tug‘ilgan ey, bobodehqon.

Yetmish-saksongacha ishlab tolmading,
Mehnatsiz turmushni ko‘ra olmading,
O‘pqonu xalqumlar yamlab ketsa-da
Ko‘ngul deb haqingni so‘rab olmading.
Belingga quvvat bo‘lay, ey bobodehqon,
Yer kabi kamtarin ey, ona dehqon.

Yerga egilasan ertadan to kech,
Bu kamtar to‘ningni biron marta yech,
Seni mehnatingla gerdayganlarni
To‘ydirib kiydirib gerdaymading hech.
Belingga quvvat bo‘lay, dardingga darmon,
Mehnat deya tug‘ilgan ey, bobodehqon,
Senga yelkadoshdur, chorvador cho‘pon.

Chorvador deganda cho‘l, tog‘ eslanar,
Xorg‘in cho‘pon kiygan tayoq eslanar,
Ba’zan cho‘ponlarning zahmati qolib
Barra kabob, qimiz, qaymoq eslanar.

So‘zim yoqmaganlar chidab tursinlar
Issiq tanasiga o‘ylab ko‘rsinlar.
Sen oylab o‘tkazgan qoru yomg‘irda
Mard bo‘lsalar bir kun turib bersinlar,
Ulug‘ Vatan uchun zirhu qalqonim,
Chorvador cho‘ponim, bobo dehqonim.


AVVALGILARGA O‘XSHAMAS

Charx avzoi bu dam, avvalgilarga o‘xshamas,
Ko‘nglim ichra dardu g‘am, avvalgilarga o‘xshamas.
Kotibi rahmu raqam, avvalgilarga o‘xshamas,
Endi inson qadri ham, avvalgilarga o‘xshamas,
Kim ul oyning hajri ham, avvalgilarga o‘xshamas.

Har kishi kim bir ulug‘ ishga yetibdur jon misor,
Shiddati pastu baland kelganda ham qilmaydi or,
Ey falak, hech kimni qilma besamar yo‘llarda xor,
Jabridin erdi alamlar endi tutmish o‘zga yor,
Ne sitam endi kimdir alam, avvalgilarga o‘xshamas.

Ona Sharq tojin kiyib zulmatda ushlatmang meni,
Bodai haq mastiman yolg‘onga uyg‘otmang meni,
O‘z xayolimga qo‘ying, o‘zgaga ishlatmang meni,
Ishq aro Farhod ila Majnunga o‘xshatmang meni,
Kim bu rasvoi ajam, avvalgilarga o‘xshamas.

Kotibi rahmu raqam, avvalgilarga o‘xshamas,
Endi inson qadri ham, avvalgilarga o‘xshamas.


TOPILUR

Fikr qil hushing bilan yurt rahnamo ham topilur,
Majlis aro bo‘lmamish ahvoli bejo topilur,
Qomati zebo sanam nozik ado ham topilur,
Izlasang astoydil mard oshno ham topilur.

Hurmatingni qilmasao‘zingcha to‘rga chiqmagin,
Minnat ahli oshini ochingdan o‘lsang yemagin,
Lavhai dilni tuzat do‘st topilmas demagin,
Izlasang astoydil mard oshno ham topilur,
Izlasang astoydil har muddao ham topilur.

Fikr qil hushing bilan yurt rahnamo ham topilur,
Majlis aro bo‘lmamish ahvoli bejo topilur,
Qomati zebo sanam nozik ado ham topilur,
Izlasang astoydil mard oshno ham topilur.

Sen o‘zing yorga vafo qilmoqda bo‘lsang barqaror,
Qo‘y xavas fikri buzuqlar ta’nasiga qilma or,
Chin mard bo‘lsang agar qilma so‘zing bee’tibor,
Har kimning peshonasiga bitgan bir bandi bor,
Bevafolik qilmasang ahli vafo ham topilur.


QOSHI KAMONIM
Sherali Jo`rayev qo`shig`i

Yaxshi ham, yomon ham kunlarim o`tdi,
Do`stim deganlari yuz burib ketdi,
Mardlikda lof urib nomardlik yetdi,
Yo`limda tugunlar turgan zamonim,
Mendan yuzing burma qoshi kamonim,
Sen-da yuzing burma qoshi kamonim.

Sanamlar bor ba'zan mardlikda o`tar,
Ba'zi bir erkaklar ayoldan battar,
Munofiq eng avval do`stini sotar,
Sen-da bundaylardan yiroq bo`l, jonim,
Mendan yuzing burma qoshi kamonim.

Tog`lardek og`irdir do`stni minnati,
Ba'zan hayron etar dushman himmati,
Go`zallik-da mardlik inson ziynati,
Temurbek himmati ushbu kalomim,
Mendan yuzing burma qoshi kamonim.

Sahar, tong otadur, oppoq tong bugun,
Do`stlar shodon bo`lib, bayramdur bugun,
Biz kirgan xonalar bayramdur bugun,
Shu elga ayondur yaxshi-yomonim,
O`zing shohiddursan, qodir xudoyim.


MUQADDAS AYOL
Sherali Jo`rayev qo`shig`i, Halima Hudoyberdiyeva she'ri

Oshiqlaring poyingga gul otib ham bo`ldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo`ldi,
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo`ldi,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Avval kelib, quchog`ingga to`l, balq dedilar,
Unamading ayol asli ters xalq dedilar,
Yetolmagach yuz o`girib, sho`r taxt dedilar,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Talpinasan astagina va qo`yasan bosh,
Mingyillikdir ko`zlaringda jovdiragan yosh,
Gunihkorlar mingu bitta, senga tegar tosh,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Chorlashganda jim kelsang-da, bekor kelsang-da,
Mast davraga xor kelsang-da nomardlarga zor kelsang-da,
Xor kelsang-da nomardlarga xor kelsang-da,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Aslida bor ermaklarning borar yeri sen,
Yaxshi-yomon ertaklarning borar yeri sen,
Asov otdek erkaklarning borar yeri sen,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Harir, xushbo`y badaningda toshlar izi bor,
Ko`kragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh o`ti kuydirgan ne quyoshlar izi bor,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.


AJAB HANGOMALAR KO`RDIM

Jahonni kezdim, ey do`stlar, ajab hangomalar ko`rdim,
Tog`u toshu bog`u rog`u gulu gulzorlar ko`rdim.

Jahonga kelganin sezmay, ketar vaqtini ham bilmay,
Bu qanday sir, debon hayron, yana hayronalar ko`rdim.

Nafing tegsa do`stlik qilgan, hatto itingni sizlagan,
Pul-mol uchun do`st tutingan ajab do`st-yoralar ko`rdim.

Kishi oshini yeb birga, tovog`ini urib yerga,
Tuz yeb turib, tuzdoniga tupurgan begonalar ko`rdim.

Birov undoq, birov bundoq deya g`iybatni etguvchi,
Shaytonga ham dars berguvchi ajab insonlar ko`rdim.

Bugun banda, erta unda, yurar husnin sotib kunda,
Hazar etgay yer ham undan, ajab sharmandalar ko`rdim.

Hamon kezmoqdaman, do`stlar, kezib oxir bunda yetdim,
Do`stu dushman ichradirman, bilmam, sirim kimga aytdim.

Mardlar bilan o`ltirganda do`stlik sharobini ichdim,
Nomard bilan o`ltirganda mardlar g`iybatin eshitdim.

Jahonga keldim-u, ammo bilolmayman qachon ketgum,
Yig`ilgan do`stlar ichinda yana do`st-yorlar ko`rdim.

Jahonni kezdim, ey do`stlar, ajab hangomalar ko`rdim…


ANDIJON TOMONLARDA

Axtaraymu, qaydasan, bu shirin zamonlarda,
Xorazm yo Toshkand, Andijon tomonlarda?

Sen yiroqsan yo yaqin, ko`rsam, deya jonim halak,
Birgina menda tilak – qolmayin gumonlarda.

O`tsalar gul yuzlilar, xushqomat, shirin so`zlilar,
Sen desam, ko`z suzilar, qoshlari kamonlarda.

Biz kabi oshiqni ham yo`qlab kel, ey qoshi qalam,
Bormu qasding shuncha ham biz kabi yomonlarda.

Tojiku Turku Iroqda yoki dengizdan yiroq,
Qayda bo’lsang-da, biroq bo`l omon, omonlarda.


YOR TOPOLMAYSAN

Bo`yingga munosib yor topilganda
Ko`nglingga munosib yor topolmaysan.
Ko`nglingga munosib yor topilganda
Bo`yingga munosib yor topolmaysan.

Bo`lsa u gul yuzli, so`zlar muloyim,
Ko`rganlar aytsalar, u – shu guloyim,
Shundayin hur qizni bersa Xudoyim,
Shu malak yonidan hech ketolmaysan.

Sarvdek sollanib yoningda tursa,
So`zing shamoliga bosh egib qo`ysa,
Yomon so`zingni ham yaxshiga yo`ysa,
Uning xizmatidan bosh olomaysan.

Sadqalar shirin jon axir u uchun,
Yigit go`zal uchun, qiz yigit uchun,
Ikki dil pokligi oila uchun,
Buningsiz lazzatli hayot qurolmaysan.


ISHQ ISTILOSI

Erkin Vohidov she’ri

Ko`ngil mulkini toroj —
Aylagan ishq istilosidir.
Na bo`lg`ay oxiri, bu
Istiloning ibtidosidir.

Degaylar, do`stlikdan —
Boshlanur ishq, aksi ermasmi,
Biz endi do`st, dedi yor,
Oh, bu sevgi intihosidir.

Nechun husnu sadoqatni
Egiz tug`mabdi bu olam,
Tabiat qasdidir yoki
Bu ham bitta xatosidir.

Topindim yor — sanamga men
Muhabbat sajdagohida,
Biling, dinsizlar osiymas,
Muhabbatsizlar osiydir.

Jafo qil, mayli, dilbar,
Vasl umidin qo`ymagay Erkin,
Yotar yo`lingda ko`nglim —
Bir shirin so`zning gadosidir.


BIR GUMON

Bir gumon bordir mening qalbimda doim begumon,
Bu gumondan lahza ham qalbim topolmas hech omon,
Voh, ne tong, boqqach u mohro` ruxsorim etmishdur somon,
Bu nigohdin qochmoq istab, o`zni tashlab har tomon,
Chun xazondek poyin o`pdim zora topsam deb omon.

Vah, qutulmoqlik gumondir bargi xazondek ham yotib,
Nozaninlar sayr etarda nozik oyog`iga botib,
Iltifot qilg`ay yana shirin-shakar so`zlar topib,
Bu ne sorig` barg ekan, deb olg`ay ro`molig`a taqib,
Yuzu ko`zidin yiroqroq ko`rmadim o`zni hamon.

Men sanamlardan necha qochsam-da, oxir topdilar,
Ro`yi afgorim ko`rib, qayg`u-alamg`a botdilar.
Qop-qaro tun sochlarin jonsiz tanamg`a yopdilar,
Lab qo`yib suvsiz labimg`a Iso sifat uyg`otdilar,
Jonim o`rtandi yana labga lab yetgan zamon.

Ushbu holim anglag`ach borg`il dedi piri mug`on,
Xonaqoh mehrobida topg`il o`zing, bo`lg`il omon,
Sajda ayla Haq yo`lida, qalbingda qolmas der gumon,
Xonaqoh mehrodida, e, voh, ko`zim surtgan zamon,
Zarralardan termulib turgay sanamlar men tomon,
Shul gumon bordim maning qalbimda doim begumon,
Bu gunomdan lahza ham qalbim topolmas hech omon.


UL GO`ZAL YUZ

Ul go`zal yuzga qarangkim, ko`zlari mastonadir,
Oni ko`rgan har bir odam biz kabi devonadir.

Gul yuzining shu’lasidin dil shifo olg`aymu deb,
Bir qarab qo`ygan kishi ham aqlidan begonadir.

Lablarin shirinligi yuz dard uchun darmondayin,
Ko`zlarin jallodidin ming qalb uyi vayronadir.

Ey, ko`zim, muncha tikilding, jon kerakmasmu senga?
Unga ming jonlar fido, lek senda jon bir donadir.

Ey, tilim, bulbulsifat sayra u gulyuz qoshida,
Chunki tundan tonggacha bulbulga gul hamxonadir.


G`OZAL

Topmadim izlab seningdek
bir guli zebo, go`zal,
Ey go`zal, zebo go`zal,
barno go`zal, Shahlo go`zal.

Yuzlaringdek yuz qani,
shahlo ko`zingdek ko`z qani,
Voh, so`zingdek so`z qani,
labzi purma’no go`zal?

Tog`u tosh ham sen degay,
keksa va yosh ham sen degay,
Oy-quyosh ham sen degay,
sen bilan dunyo go`zal!

Bazmimiz obod etib,
bizlarni ham bir yod etib,
Oshig`ingni shod etib,
kel o`zing, barno go`zal.


EY, GUL

Ey, gul, dudog`ingni yashirma mendan,
Lola yanogingni yashirma mendan,
Noz-la tebranursan yoningga borsam,
Ishqiy titrog`ingni yashirma mendan.

Tonggi nasim kabi yoningga kelsam,
Mushkin sochlaringni siypalab o`tsam.
Ishqim yaprog’ingga shivirlab aytsam,
Ey, gul, qulog`ingni yashirma mendan.

Uyqusiz kezgan ul oshiq kishidir,
Bargingdagi shabnam diydam yoshidur.
Ishq rozin aytmoqlik ko`zlar ishidur,
Ey, gul, qarog`ingni yashirma mendan.

Kamaring ustidan tikonlar joylab,
Beling tutqazmassan asrab, avaylab.
Yashil ro`molingni bo`yningga boylab,
Oppoq tomog`ingni yashirma mendan.

Ey, gul, tikonlaring bag`rimni yirtsin,
Mushku iforlaring ohimni tutsin.
G`amzang paykonlarin jonimdan o`tsin,
Tiyg`u yarog`ingni yashirma mendan.

E, voh, qo`yibdurman senga muhabbat,
Chamanzor ichinda pokiza xilqat.
G`uncha ochilgach so`ng lab yetur albat,
Shirin dudog`ingni yashirma mendan.

Nogoh oyog`ingga kelib yiqildim,
Pinhon oshiq edim, elga bilindim,
Tuzog`ingga qayta-qayta ilindim,
Ey, gul, tuzog`ingni yashirma mendan.

Har tong quchog`ingga kelarman mudom,
Gulzori jahon ichra, ey gul, gulandom,
Oshiqman, yoningga kelsam subhu shom,
Qaynoq quchog`ingni yashirma mendan.


ONA TURAR

Ona turar qo`lda guldasta,
Qurol tutgan haykal qoshida
U tomonga boqardi asta
Xastalangan ko`zda yosh ila.

Go`yo ona so`zlardi unga,
U ham quloq solar edi jim.
Aytgil bola seni bu yerda
Ushlab qolgan buncha yil u kim?

Nega buncha yo`lga qaratding
Nahot onang unutgan bo`lsang?
Soch oqarib, madorlar ketdi,
Nahot, bola buni bilmasang.

Shu payt olam jimlikka cho`kdi:
Faqat ona pichirlar hamon,
Haykal esa boshin ko`tarib,
Mag`rur boqar onazor tomon.

Onajonim, oqsiuting haqi
Aytganingni man bajo qildim.
Yurtim uchun kerak bo`lganda
Aytganingdek jon fido qildim.

Kechir mani aziz, onajon,
Kechikkanim boisi shudir.
Endi, ona boshingni ko`tar
Axir bu kun G`alaba kundir.


ONAGINAM

Onaginam,
dorilomon kunlar keldi, nurlari yal-yal.
Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.

Chor tarafda shaylanaishar va so`zlashar tor,
Olcha gulin ko`zlaringga surtasan behol.
Onaginam, onaginam,
dorilomon kunlar keldi, nurlari yal-yal.
Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.

Bog`laringda yetilgusi har mevali shoh,
Rizqdur bizga rizqqa doim bir ilinjlikdur.
O`g`lonlaring kelar mana, ochishib quchoq
Og`il-qizlar meva kabi bir shirinlikdur.
Onaginam, onaginam,
dorilomon kunlar keldi, shafaqlaring ol.
Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.

Onaginam,
o`zing tortma davralardan el chorlaganda,
Tiriklikni bayrami deb sozlaganda tor,
O`zing so`lg`in lablar bilan pichirlaganday
Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.
Onaginam, onaginam,
dorilomon kunlar keldi, nurlari yal-yal.
Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.


OQQAYIN

Zangor o`rmon bag`rida
Mag`rur o`sgan, oqqayin.
Senga keldim atayin,
Kel, qo`shig`im aytayin

Seni ko`rdim, esladim,
Oqbilak malagimni
Yoshlikning tor yo`lida
Yo`qotgan tilagimni.

Zangor o`rmon bag`rida
Mag`rur o`sgan, oqqayin.

Xavasim kelar senga
Oh, go`zalim, oqqayin,
Sochlaringni siypalab
Dardim senga aytayin.

Zangor o`rmon bag`rida
Mag`rur o`sgan, oqqayin.

Bag`ritoshlar bor hali
Qilmishlari atayin,
Indamasang tanagga
Bolta urishi tayin.

Ehtiyot bo`l qayinjon
Ular sani kesmasin
Tanangni yog`och qilib
Barging xazon etmasin

Zangor o`rmon bag`rida
Mag`rur o`sgan, oqqayin.
Senga keldim atayin,
Kel, qo`shig`im aytayin

Seni ko`rdim, esladim,
Oqbilak malagimni
Yoshlikning tor yo`lida
Yo`qotgan tilagimni.


YARALGAN

Hijron hokim bu dunyo asli bir kam yaralgan.
Nahot bir muhabbatga ming bir hakam yaralgan.

Baxt yarim, qayg`u yarim, ayt ne bekam yaralgan,
Nahotki ezgulikning ko`zlari nam yaralgan.

Momohavo mehridan shu buyuk g`am yaralgan,
G`unchani yaprog`idin tongda shabnam yaralgan.

Visol hakim dardima ishqdin malham yaralgan,
Zor bedor tunlaringda she’r ila sham yaralgan.


NOZIK

Mani rasvo qilam kimdurki bir siymi badan, nozik,
Solam boshima savdokim bir ul gulkiri ham, nozik.

Qading nozik, qoshing nozik, ko`zing nozik, labing nozik,
Tiling nozik, so`zing nozik, tishing durri adam nozik.

Hatingdur sabzai rayhon, labingdur kavsar andomi
Mijang bo`ston, yuzing gulmi yo gulzori chaman, nozik.

Qading nozik, qoshing nozik, ko`zing nozik, labing nozik,
Tiling nozik, so`zing nozik, tishing durri adam nozik.

Ikki nargiz, ikki kon`gul, ikki tan ikki jon birla,
Birin bir-bir qamal aylab, qilaylik anjuman, nozik.

Uvaysiy, o`z-o`zingcha so`zlama tiyg`il zaboningni
Mabodo ketmasin nozi diliga so`ylagan nozik.

Qading nozik, qoshing nozik, ko`zing nozik, labing nozik,
Tiling nozik, so`zing nozik, tishing durri adam nozik.


ASTA-ASTA

Orzularim og`ulab sen ketdin asta-asta,
Bormoqdaman yoxulab ortingdan xasta-xasta.

Gulga gul bergan oshiq, qayda jazoga loyiq,
Men senga gunohkorman, gul tutib dasta-dasta.

Ham meni qiynayursan, ham o`zing yig`layursan,
Bilmasmiding nigoro, joningga jon payvasta.

Navolanma mug`anniy, san telbaga soz qayda,
Yor yo`lida oshiqlar turganda rasta-rasta.


O`ZBEGIM

Tarixingdir ming asrlar
Ichra pinhon o`zbegim,
Senga tengdosh Pomiru
Oqsoch Tiyonshon, o`zbegim.

So`ylasin Afrosiyobu
So`ylasin O`rxun xati,
Ko`hna tarix shodasida
Bitta marjon, o`zbegim.

Al-Beruniy, Al-Xorazmiy,
Al-Farob avlodidan,
Asli nasli balki O`zluq,
Balki Tarxon, o`zbegim.

Qaysari Rum nayzasidan
Bag`rida dog` uzra dog`,
Chingizu Botu tig`iga
Ko`ksi qalqon, o`zbegim.

Tuzdiyu Mirzo Ulug`bek
Ko`ragoniy jadvalin,
Sirli osmon toqiga ilk —
Qo`ydi narvon, o`zbegim.

Mir Alisher na’rasiga
Aks-sado berdi jahon,
She’riyat mulkida bo`ldi
Shohu sulton, o`zbegim.

Mirzo Bobur - sen, fig`oning
Soldi olam uzra o`t,
Shoh Mashrab qoni senda
Urdi tug`yon, o`zbegim.

Ortda qoldi qo`hna tarix,
Ortda qoldi dard, sitam,
Ketdi vahming, bitdi zahming,
Topdi darmon, o`zbegim.

Qayga bormay, boshda do`ppim,
G`oz yurarman gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan
O`zbekiston, o`zbegim.

Menga Pushkin bir jahonu
Menga Bayron bir jahon,
Lek Navoiydek bobom bor,
Ko`ksim osmon, o`zbegim.

Bo`ldi osmoning charog`on
Tole xurshidi bilan,
Bo`ldi asriy tiyra shoming
Shu'laafshon, o'zbegim.

Madh etarman, ona xalqim,
Ko`kragimni tog` qilib,
Ko`ksida tog`lar ko`targan
Tanti dehqon, o`zbegim.

O`zbegim deb keng jahonga
Ne uchun madh etmayin!
O`zligim bilmoqqa davrim
Berdi imkon, o`zbegim.

Men buyuk yurt o`g`lidurman,
Men bashar farzandiman,
Lekin avval senga bo`lsam
Sodiq o`g`lon, o'zbegim.

Bu qasidam senga, xalqim,
Oq sutu tuz hurmati,
Erkin o`g`lingman, qabul et,
O`zbegim, jon o`zbegim.


QARO KO`ZIM

Qaro ko`zim kelu mardumlig`imdi fan qilg`il
Yuzim qarosida mardum kabi vatan qilg`il.

Yuzing guliga ko`ngil ravzasin yasa gulshan
Qading niholig`a jon gulshanin chaman qilg`il.

Takovoringga bag`ir qonidin xino bog`la
Itingga g`amzada jon rishtasin rasan qilg`il.

Yuzing visolig`a yetsun desang ko`ngullarni
Sochingni boshtin oyoq chim ila shikan qilg`il.

Hazon sipohiga, ey, bog`bon, emas mone,
Bu bog` tomidan gar ignadin tikan qilg`il.

Yuzinda terni ko`rib o`lsam, ey rafiq, mani
Gulob ila yuvu, gul bargidain kafan qilg`il.

Navoiy anjumani shavqi jon aro tushsang,
Aning boshoqliq o`qin sham’i anjuman qilg`il.


KELGAY

Na kun bo`lg`aykim nigorim kelgay,
Bog`i umrimda bahorim kelgay.

Umr bog`ida bahorim ko`rki
Sarvi qaddi lola uzorim kelgay.

Qani maykim chu ichib mast bo`lsam
Ko`kka tiz botmoqqa orim kelgay.

Ey, Navoiy tilag`on ul pari
Shoyad ul bazmda yorim kelgay.


OSHIQ BO`LDIM

Oshiq bo`ldim, pand bermang, chorim asbobin tuzing,
Ishq zor etganga zulm etmang, tarahhum ko`rguzing.

Eyki dersiz, ongsizin ishqin uyin obod qil
Mundoq etguncha hayotim qasridin yodim buzing.

Oshiq bo`ldim, pand bermang, chorim asbobin tuzing,
Ishq zor etganga zulm etmang, tarahhum ko`rguzing.

Burd kelturding debon, yozg`irmangiz ey, ahli zuhd,
Boku suxtim ridosin kunjiga solib suzing.

Shul Navoiy ko`nglini qildi girix bir tor zulf,
Do`stlar sarrishtayi umidni ondan uzing.

Oshiq bo`ldim, pand bermang, chorim asbobin tuzing,
Ishq zor etganga zulm etmang, tarahhum ko`rguzing.


ACHCHIQ HAQIQAT

Yaxshidur achchiq haqiqat,
Lek shirin yolg`on yomon.
Shu shirin yolg`onga lekin
Aldanib qolg`on yomon.

Umrimiz aldov jahonda
Aldanib o`tg`ay vale.
So`nggi qiynalg`on yomondur,
Son`ggi qiynalg`on yomon.

Aytgali achchiq azobing
Bo`lsa dildosh yaxshidir.
So`z demay achchiq alamni
Joningga solg`on yomon.

Jonga solg`on na sozdir
Elga so`ylab man kabi.
Shoiri devona ishq
Nomini olg`on yomon.

Yaxshidur achchiq haqiqat,
Lek shirin yolg`on yomon.
Shu shirin yolg`onga lekin
Aldanib qolg`on yomon.


BILMASSAN

Ko`ngil ichra nechuk olam, nechuk sulton bilmassan,
Tanam sarg`aydi, poyim ustivor, chandon bilmassan.

Munavvar bir quyoshmen, dur to`la to`lqinli ummonman
Zamin tegramdadir, dilda yashar osmon bilmassan.

Jahon bo`stonida bir bolaridek uchganim-uchgan
Asaldek so`zlarim, lekin senga pinhon bilmassan.

Aql begonamish senga, bu demish fahmu farosat ham,
Bilarman deb dam urma, bilganing yolg`on, bilmassan.

Ko`ngil ichra nechuk olam, nechuk sulton bilmassan,
Tanam sarg`aydi, poyim ustivor, chandon bilmassan.


KELMADI

Kecha kelgumdir debon, ul sarvi gulru kelmadi,
Ko`zlarimg`a kecha tong otquncha uyqu kelmadi.

Lahza-lahza chiqtimu, chekdim yo`lida intizor,
Keldi jon og`zimg`a-u, ul sho`xi badxo` kelmadi.

Ul parivash hajridinkim yig`ladim devonavor,
Kimsa bormu kim anga ko`rganda kulgu kelmadi.

Tolibi sodiq topilmas, yo`qsakim qo`ydi qadam
Yo`lg`akim avval qadam, ma’shuqi o`tro` kelmadi.

Ey Navoiy boda birlan hurram et ko`ngil uyin,
Ne uchunkim boda kelgan uyga qayg`u kelmadi.


SHIRINDUR

La’ling ayo, ne ajab rangindur,
So`zi oning ne balo shirindur.

Ham qoshing taqvou toatga balo
Ham ko`zing ofatu aqli udingdur,
Hulla ichra badaning ko`rinur
Go`yo gulbarq aro nasrindur.

La’ling ayo, ne ajab rangindur,
So`zi oning ne balo shirindur.

Qatli tirguzmak erur oyini
Olloh-Olloh sanga ne oyindur
Vasling ayyomi, Navoiy tinmas
Bir ko`rinub oning ko`nglin tindur.

La’ling ayo, ne ajab rangindur,
So`zi oning ne balo shirindur.


QOSHI KAMON

Egibdi qaddimni, tilib bag`rimni
Bir kiprigi o`qli, qoshi kamonli.

Xiromon yurishli, nozli imoli,
Bir Ka’ba ziyorat, qiblanamoli,
Bir pari suvratli, malaksiymoli,
Bir jannat eshikli, a’lo makonli.

Ko`zlari jon olar, jallod sarvimast
Boqishi shiddatli, g`amzasi qonli.

Bir nozik kamonli, bir nozik ishli,
Gap-so`zlari shirin, shakkar kulishli,
Bir xumor boqishli, durdona tishli,
Bir javohir so`zli, sadaf dandonli.

Xiromon yurishli, nozli imoli,
Bir Ka’ba ziyorat, qiblanamoli,
Bir pari suvratli, malaksiymoli,
Bir jannat eshikli, a’lo makonli.


EL BILSA BO`LDI

Dilimni rangini gul bilsa bo`ldi,
Men kimligimni el bilsa bo`ldi.

Olis yulduzlarga sirim aytmaram,
Nolishimni tonggi yel bilsa bo`ldi.

Ucharga har qushdan par so`ramadim,
Parvozlar hadisin dil bilsa bo`ldi.

Jaholat mehrobin qoshin o`pmadim,
O`shal bag`ritoshim til bilsa bo`ldi.

Dilimni rangini gul bilsa bo`ldi,
Men kimligimni el bilsa bo`ldi.


HAY-HAY SANAM

Hay-hay sanam, hoy sanam
Oshig`ingdurman manam,
Qarab qo`ysang na bo`lg`ay
Qarashing jonga malham.

Oshiqlaring hayrona,
Ishqingda yona-yona,
Qarab qo`ysang na bo`lg`ay
Na bo`ldi deb devona.

Ixtiyor ketdi tandan
Ko`zlar ham san tomonda.
Harir o`raglan ey voh
Nozik belu badanda.

Hay-hay sanam, hoy sanam
Oshig`ingdurman manam,
Qarab qo`ysang na bo`lg`ay
Qarashing jonga malham.


TASHVISHI INSONDADUR

Bu jahon mezbon tiriklar barchasi mehmondadur,
Bilki dehqon zahmatining mahsuli xirmondadur.
Tinchligu to`qlik navosi nay bilan chirmandadur,
Har qarich yer, tomchi suvning tashvishi insondadur,
Qo`zg`olib turgan bu olam tashvishi sultondadur.

Ushbu olam barchamizga ko`hna mehmonxonadur,
Kimga ayshu ishrat o`lsa, kimsaga g`amxonadur,
Haq yo`lin topmay birovlar bunda ko`p hayronadur,
Desam aytdi: “Bu zamin barchamizga onadur”,
Qo`zg`olib turgan bu olam tashvishi sultondadur.
Har qarich yer, tomchi suvning tashvishi dehqondadur.

Ushbu olam orzusi senda ham bordur axir,
Ushbu olam orzusi barchada bordur axir,
Orzuing yer yuzida yoki keng osmondadur.
Balki gul yuz suhbatidur, balki yallodir gapir,
Desam aytdi: “Orzuim qizu o`glonimdadir”
Ushbu xislatkim bobolardan meros qondadur.
Har qarich yer, tomchi suvning tashvishi insondadur,
Qo`zg`olib turgan bu olam tashvishi sultondadur.

Kimsalar bor el g`amini o`zidan ustun qo`yar,
Uyqusiz tunlarda el den qilni qirq mingga bo`lar,
Buncha zahmat chekmagingni ey birodar, kim bilar?
Desam aytdi: “Bilsa bilsin, bilmasa tangrim bilar”
Har qarich yer, tomchi suvning tashvishi dehqondadur.
Tinchli yo`q ushbu olam tashvishi sultondadur.


DO`STI YORING BOR BO`LSA

Yuking yerda qolmag`ay, qatoringda nor bo`lsa
Aro yo`lda qolmaysan, do`st-yoring bor bo`lsa.
Sevib-sevib olganing go`zal, betakror bo`lsa,
Oltinu zar ko`rinmas yoningda shu yor bo`lsa.

Oqibatli qarindosh ajralmagay ming yilda,
Me’roj otang boshida, jannat onang poyida,
Ketsa agar topmassan yuz-ming yilda joyida,
Oyog`idan tut doim, ota-onang bor bo`lsa.

Belingda kuch borida oilangni shod ayla,
Qo`yningdagi hiloling ko`nglini obod ayla,
Farzanding-chun Allohdin baxt tilab faryod ayla,
Inson nomi o`chmagay o`g`il-qizi bor bo`lsa.

Hisobini bilmasang tijorating mo`l bo`lmas,
O`ylamasdan qo`yilgan qadamlaring yo`l bo`lmas.

Yuking yerda qolmag`ay, qatoringda nor bo`lsa
Aro yo`lda qolmaysan, do`st-yoring bor bo`lsa.
Sevib-sevib olganing go`zal, betakror bo`lsa,
Oltinu zar ko`rinmas yoningda shu yor bo`lsa.


DILBAR QO`LIDA SOZI

Dilbar qo`lida sozi,
Har pardasida nozi,
Noz uzra ishq rozi,
Ko`zi xumor kuylar,
Chertib dutor kuylar.

Kuylar ko`ngil xumorin,
Ham san’atin, bahorin,
Aytib ko`ngilda borin,
Gulyuz nigor kuylar,
Chertib dutor kuylar.

Atlas libosi gulgun,
Ham qoshiyosi gulgun,
Nozu adosi gulgun,
Mastonavor kuylar,
Chertib dutor kuylar.

Ohangi dilga monand,
Jon pardasiga payvand,
U borini etib band,
Mastonavor kuylar,
Chertib dutor kuylar.

Baxtim etib tarona,
Kuylaydi yona-yona,
Shu dilrabo zamona,
Yahyoga yor kuylar,
Ko`zi xumor kuylar,
Chertib dutor kuylar,
Mastonavor kuylar,
Gulyuznigor kuylar,
Ko`zi xumor kuylar,
Yoriga zor kuylar.


CHIMILDIQ

Har bir qizning iffati durdonadur,
Chimildig`I unga davlatxonadur,
Koshonadan aziz koshonadur,
Chimildiqqa kir armoning qolmasin,
Chimildiqqa kirmagan qiz qolmasin.

Har sanamni chimildiqda yori kutsin,
Suzik-suzik, ko`zlarni zor-zori kutsin,
Qalbi olov, qatorida nori kutsin,
Chimildiqqa kir armoning qolmasin,
Chimildiqqa kirmagan zot qolmasin.

Kelinchakka jannat erur, chimildi`gim,
Tillolardan qimmat erur, chimildig`im,
Sharq qiziga sunnat erur, chimildig`im,
Chimildiqqa kir armoning qolmasin,
Chimildiqqa kirmagan qiz qolmasin.

OPPOG`OYIM

Oppog`oyim, oq oyim,
Qarashlaring muloyim.
Bunchalar ham nazokat,
Bermish sizga xudoyim.

Daryo suvi tiniqdir,
Solsam qo`lim iliqdir,
Men sevgan ul go`zal yor,
Munchalar xush qiliqdir.

Oppog`oyim, oq oyim,
Qarashlaring muloyim.
Bunchalar ham nazokat,
Bermish sizga xudoyim.

Alamli dil ko`rmasam,
Birga davron surmasam,
Yoningizdan haydamang,
Bevafolik qilmasam.

Oppog`oyim, oq oyim,
Nadir manim gunoyim.
Bevafolik etsangiz
Jazo berar xudoyim.

Sarvu qadi oq izlar,
Dudoqlari qirmizlar,
Iymoningiz pok bo`lsin,
Turkistonlik hur qizlar.

Oppog`oyim, oq oyim,
Tole yor bo`lsin doim.
Bunchalar ham nazokat,
Bermish sizga xudoyim.
Bevafolik etsangiz
Jazo berar xudoyim.


DAVRON TO`XTAMAS

Bulbullar sayragan havoli bog`lar,
Bulbul sandan ketar fig`on to`xtamas.
Quyoshli, yomg`irli, oq qorli qorlar,
Tuman sandan ketar, sellar to`xtamas.

Odam yaratilmish balandli, pastli,
Aqlli, fikrli, ongli va esli,
Yigitlik chog`inda misli yoz fasli,
Bahor sandan ketar zamon to`xtamas.

Kelganga qarshi bo`lsa majoling,
To`g`ri tutayvergil niyatu fe’ling,
Dunyo davronida ochiq tut qo`ling,
Davr sandan ketar davron to`xtamas.

Bir manzilga borib beling yechgan so`ng,
O`ltirib suhbating, oxir ko`chgan so`ng,
Uzanging tortarlar to`rt kun kechgan so`ng,
Besh kundan ortiqcha mehmon to`xtamas.

Maxtumquli aytar, oriy do`stiga,
Kim qolar tushmayin ajal dastiga,
Ajal bir kun tortar yerning ostiga,
Og`izdan til ketar, zabon to`xtamas.

Bulbullar sayragan havoli bog`lar,
Bulbul sandan ketar fig`on to`xtamas.
Quyoshli, yomg`irli, oq qorli qorlar,
Tuman sandan ketar, sellar to`xtamas.


EGASI BOR YURT

Ochsang davronlarning kitoblarini,
Qancha karvonlarning ertagi bordur.
Tingla, donolarning xitoblarini
Egasi bor yurtning ertasi bordur.

Dunyoni manzilu makonlarida
Bir ro`zg`or but bo`lsa, to`rttasi xordur.
Boqqil bu diyorning qo`rg`onlariga
Egasi bor yurtning ertasi bordur.

Bunda oy quyoshgan chehralar olmish
O`g`il ham qizlarning erkasi bordur.
Har aytgan so`zidan Vatan tug`ilgan
Egasi bor yurtning ertasi bordur.

Milyonlab o`zbekning umidlariga
Milyon bu ovozlar nomus ham ordur.
Egasi bor yurtning eli xalq bo`lg`ay
Egasi bor yurtning ertasi bordur.

Qaldirg`ochlarga ber ayvonlaringni
Qushning ham bek bilan bekasi bordur.
Singiljon, ekayver, rayhonlaringni
Egasi bor yurtning ertasi bordur.


O'ZBEKISTON

Abdulla Oripov she’ri

Yurtim, senga she'r bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o'z yurtin butun -
Olam aro atagan tanho.
Ular she'ri uchdi ko'p yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir o'lka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori:
Faqat ojiz qalamim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O'tirmasman ertaklar so'zlab,
Musallo deb yo'nmasman qalam.
Ko'klamingdan olib sururni,
Dovrug' soldi ustoz Olimjon,
G'afur G'ulom tuygan g'ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg'ay olmas barchasin ko'zim.
Maqtamasman moziyni biroq,
O'tmishingni o'ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag'rur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
Aytgum, bu kun, u manim, manim.
O'zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so'z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug'ilgan ilk bor
Ko'ragoniy jadvallarida.
Qotil qo'li qilich soldi mast,
Quyosh bo'lib uchdi tilla bosh.
Do'stlar, ko'kda yulduzlar emas,
U, Ulug'bek ko'zidagi yosh.
Erda qolgan, o, tanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Ko'z oldimdan kechar asrlar,
Ko'z-ko'z etib nuqsu chiroyin.
Sarson o'tgan necha nasllar,
Topolmasdan tug'ilgan joyin.
Amerika - sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
Beruniyning aql mash'ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Ko'p jahongir ko'rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh er osti.
Lekin, do'stlar, she'r ahli aro
Jahongiri kam bo'lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir she'r.
Temur tig'i etmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo'ldi chamanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Bobolardan so'zladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk:
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o'zingsan buyuk.
Sen o'zingsan, eng so'nggi nonin
O'zi emay o'g'liga tutgan.
Sen o'zingsan, farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o'tgan.
Ona xalqim, jon-tanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Bosh ustingdan o'tdi ko'p zamon,
O'tdi Budda, o'tdi Zardushti.
Har uchragan nokasu nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni chingiz g'azabga to'lib
Yo'qotmoqchi bo'ldi dunyodan.
Jaloliddin samani bo'lib
Sakrab o'tding Amudaryodan.
Sensan o'shal samanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Etmoq bo'lib yurtim xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob.
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmiz qonidan
Alvon bo'ldi qora tunlaring.
Qonga to'lgan kafanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Lekin oftob poymol o'lmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri,
Odil hakam - haq bor, beg'araz,
Mazlumlarning buyuk g'amxo'ri.
Qilich serpab tole tongida
O'zligingni tanib qolding sen.
O'g'lonlarning qatra qonida
O'zbekiston nomin olding sen.
Nomi qutlug' gulshanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Tinch turarmi bu ko'hna olam,
Tinch turarmi dog'uli zamon.
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Danoigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chog'da.
Lekin, yurtim, kezolmas g'anim.
O'zbekiston atalgan bog'da.
Sensan nomus va sha'nim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Kech kuz edi, men seni ko'rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangto'sh, yayov.
- Tashqarida izillar yomg'ir,
Kir, bobojon, yayragil bir oz.
Deding: - Paxtam, qoldi-ku axir,
Yig'ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Sen ketarsan balki yiroqqa,
Farg'onada balki, balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Cho'pon bo'lib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek to'lib
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Habib Abdulla bo'lib,
Sahrolarda ochajakson kon.
Tuprog'i zar, ma'danim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.

Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qo'ysang ham qadam,
O'zligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon o'lkam.
Bir o'g'lingdek men ham bu zamon
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni ko'roldim ayon
Istiqlolning ufqlari osha.
Iqboli hur, sho'x-shanim manim.
O'zbekiston, Vatanim manim.

Zavol ko'rma hech qachon, o'lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo'l, g'olib bo'l, o'ktam,
Do'stu yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug' bashar oilasida
Mangu yorug' peshonang sening.
Mangu yorug' maskanim manim,
O'zbekiston, Vatanim manim.


DUNYONI QIZG'ANMA

Abdulla Oripov she’ri

Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Men sening ko'changdan o'tmasman zinhor.
Mening bu olamda o'z aytar so'zim
Va o'zim sig'inar mozorlarim bor.

Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Sen ichgan buloqdan ichmasman aslo.
Sen yurgan tog'larda qolmagay izim,
Sen kechgan daryodan kechmasman aslo.

Dunyoni qizg'anma mendan, azizim,
Qalbingni yoqmasin shubha va so'roq,
Men o'zga manzilga tikkanman ko'zim,
U sening kulbangdan juda ham yiroq.


KO`ZLARGA BOQDIM

Sherali Jo`rayev she’ri

Ko`zlarga boqdim aylona tushdim,
Sevgi degan bir daryoga tushdim.

Bahor chog`imda, nihol chog`imda
Tori zulfingga bog`lona tushdim.

Qo`zg`ab yigitlik, tutdim jilovni
Mindim banogoh, asov ulovni.

Parvoga olmay yuzmingta yovni
Maydoni ishqqa saylona tushdim.

Tutmoq jilovni oson emasdur,
Minmak bedovni u bir xavasdur.

Yolgi`z sevilmak o`zingga xosdur.
Deya zikringda to`lg`ona tushdim.


OLIS YO`LLAR

Sherali Jo`rayev she’ri

Baxti toleini qidirgan odam
Olis yo‘lga chiqqan yurtdoshim og‘am
Bardam bo‘l, horma, dadil qo‘y qadam
Iloyim yo‘llaring bexatar bo‘lsin.

Olis ipak yo`l bu taramlari ko`p,
Chinu farang, hindning sanamlari ko`p,
Turku forsning qoshi qalamlari ko`p,
Bu yo`lda topganing haloling bo`lsin.

Olam bozor o‘lmish, barcha xaridor,
Har kim ne ilinsa sotishga tayyor.
Kimdur do`stin sotar, kim tashna, kim zor,
Bu yo‘lda imonin asragan kim bor?

Tiriklik bozori boshingga tushdi,
Er-ayol, keksa-yu yoshingga tushdi,
Burgut ham rizq tilab qoshingga tushdi,
Kaftin ochib kelsa ko‘ksing ochilsin.
Qalbing muruvvatu nehrga to`lsin!

Baxti toleini qidirgan odam
Olis yo‘lga ketgan yurtdoshim og‘am
Bardam bo‘l, horma, dadil qo‘y qadam
Iloyim yo‘llaring bexatar bo‘lsin.


SAN’ATDAGI IMKONIMIZ

Mo`mina she’ri

Kimlargadir xavas bizning shuhratimiz- shonimiz,
San’atdagi mahoratu bu qadar imkonimiz,
Kimlargadir kerak biling yolg`izgina jonimiz,
Bizni Ona Quyosh misli doyalarga o`xshating.

Asrlarning qa’ridan kuy-ohang kelar she’r o`qib,
Bobur yig`lar simlar aro oils Hindudan boqib,
Nodiraning armon to`la misrasiga o`t yoqib,
Bizni hech kim aytolmagan nolalarga o`xshating.

Yurakda ishq, go`zal armon, olislarda nigohlar,
Keskir qilich ohang esa yurak-bag`rim tarog`lar,
Tebransangiz tomchilardan yaltirasa dudoqlar,
Bizni o`sha burgut qo`ngan qoyalarga o`xshating.

To`rg`aymisol yeru ko`kdan ilhom olganda qolgan
Ko`kka ochib ko`ksin zimdan Ona Yerga qaytolgan,
Yuz yilda bir tug`ilarmish el dardini aytolgan,
Ayta olsak eng pokiza g`oyalarga o`xshating.

Ko`ksim uzra urilib aks-sado berar qo`shiqlar,
Olam uzra taralarkan, unga yo`qdir to`siqlar,
Olis yo`ldan karvon kelar, tinglang, do`sti sodiqlar,
Qo`shiqni siz oq tongda oq soyalarga o`xshating.


DILBAR

Omon Matjon she’ri

Dil poradur, dilbar,
Nachoradur dilbar,
Oshiqlaring olam kezib
Sayyoradur dilbar.

Majnun ila kezdim,
Farhod-la so`zlashdim,
Yetti iqlim shafiq anga
Ishq dostonin yozdim.
Qalbimni rangini
Lolaga o`tkardim.

Chin oshiqlar ishqing deya
Ovoradur dilbar.
Olam kezib oshiqlaring
Sayyoradur dilbar.

Bag`ri o`yiq, torli,
Yetti hanjar tirnar.
Ko`ksiga qo`l yetsa
Nola qilib yig`lar.
Barmoqlarda qalbim ezib
Chertib-chertib o`ynar.

Dunyo nadur, dilbar,
Savdo nadur, dilbar.
Oshiqlaring olam kezib
Sayyoradur, dilbar.

Chin oshiqlar ishqing deya
Ovoradur dilbar.
Olam kezib oshiqlaring
Sayyoradur dilbar.


TARK AYLAMA

Jaloliddin Rumiy she’ri

Ey, aziz do`st, ko`zlaring giryon, mani tark aylama,
Ketma mandan yiroq, osmon mani tark aylama,
Ey, zamin, poyimda tur, davron mani tark aylama,
O`zga olamda yurib, karvon mani tark aylama.

Ko`k aro sendan sendan munavvardur ul mohi anvari,
Qo`ldagi qutlug` asoying yo`lda jonim rahbari,
Men-ku chavgonman nigohing olmagil mandan nari,
Qistama otingni, ey, armon mani tark aylama.

Goh uyonu, goh buyona talpinar lov-lov yonib,
Titragan ojiz bu tanda e’toqod ham o`rtanib,
Bo`ldi kim sobit bu yo`lda kimdir imondan tonib,
Duo etarman yolvorib, imon mani tark aylama.

Ey, zamin poyimda tur, davron mani tark aylama,
Jism aro jonsan hamisha, jon mani tark aylama.


TO`KILMISH

Mulla Panoh Voqif she’ri

Ajdarga o`xshatdim soching uchini
To`lg`onib beli yoningga to`kilmish.
Qandi novvot, shahdu shaker musaffo,
Tillaringdan la’l holingga to`kilmish.

Sen chiqsang mastona davlatxonadan,
Ko`zlaring jon olar man devonadan,
Har kuni sochlaring necha dolidan
Yonigga, yoningga to`kilmish.

Naqadar go`zalsan, ey gulixandon,
Sanga qurbon o`lsin hur ila g`ilmon,
Yuz Zulayho, yuz ming Yusufi Kan’on,
Qul bo`lay deb maydoningga to`kilmish.

MENI KUTGIL

Meni kutgil va men qaytarman,
Faqat kutgil juda intizor.
Kutgil yomHir zeriktirganda,
Meni kutgil yoqqanida qor.

Xat kelmasdan uzoq yerlardan,
Yuragingni qilganida qon.
Sening bilan birga kutganlar,
Zerikkandan qilganda fig’on.

Meni kutgil va men qaytarman,
Faqat kutgil juda intizor.

Mayli singlim, ukam, volidam
Aza ochsin men yo‘q tufayli.
Kutaverib sabri tugagan
Yoru do‘stlar oshnalar mayli.

Ayroliqqa berolmasdan tob
Achchiq-achchiq etsinlar xitob.
Ko‘zlaringga to‘lsa hamki yosh
Faqat sen kut va ayla bardosh.

Meni kutgil va men qaytarman,
Faqat kutgil juda intizor.
O‘limlarni qoldirib dog’da.
Ishi o‘ngdan ketdi desinlar,
Kutmaganlar bizni bu chog’da.

Meni kutgil va men qaytarman,
Faqat kutgil juda intizor.

TURNALAR

Bir nafas havoda qoqmangiz qanot
So‘zim bordir maning sizga, turnalar.
Qatorlashib ne diyordan kelursiz?
Bir xabar bersangiz bizga, turnalar.

Turnalar, turnalar, turnalar...

Necha kunki yorning firoqindaman,
Parvonadek qusni charog’indaman,
Bir olov ko‘zlining so‘rog’indaman,
Ko‘rinurmu qarang ko‘zga, turnalar.

Turnalar, turnalar, turnalar...

Nozlanib-nozlanib yoyasiz ovoz,
Kangullar oldida bo‘lar sarfaroz
Voqifning qam ko‘ngli ko‘p etar parvoz,
Sizlar bilan birga-birga turnalar.

Turnalar, turnalar, turnalar...

NARGIZ

Nargiz, Nargiz sevgim yo‘ldoshi,
Hayotimning avvali boshi.
Ovoz bergil, ovoz, qaydasan.
Nargiz, Nargiz baxtim quyoshi.

Oftob, Oftob xabar ber, oftob,
Qani Nargiz, qani mohitob?
Qani o‘zing yozgan poyandoz
Qani Nargiz, axir ber javob.

Azobimga tezroq chora qil,
Zolimlarni yuzin qora qil.
Nargizimni ko‘rsat avaylab
G’uluvlarni pora-pora qil.

Nargiz, Nargiz sevgim yo‘ldoshi,
Hayotimning avvali boshi.
Ovoz bergil, ovoz, qaydasan.
Nargiz, Nargiz sevgim yo‘ldoshi.

Nargiz, Nargiz sevgim yo‘ldoshi.

OLLOH-OLLOH

Hurlar bormish u yonda marvarid marjondek,
Pokiza ermish nihoyat, pokiza iymondek,
Vasliga yetmakka oning bu umr yetmas emish
Lek anga yetmakka bordur rahnamo Qur’ondek.

Olloh-Olloh shundayin izzat nasib etgin menga,
Hurlar qoshidagi himmat nasib etgil menga.

Ikki dunyo borligi rostdir, rostdir mudom,
Bu tomon aldoqchi derlar, u tomon rostdir mudom,
Bunda kim och, kimsa to‘q, kimlarga ko‘p sozdir mudom,
Kimni yozi qish esa, kimlarga qish yozdir mudom,
Har kimni bosgan izi niyatiga mosdir mudom.

Hurlar bormish u yonda marvarid marjondek,
Pokiza ermish nihoyat, pokiza iymondek,
Vasliga yetmakka oning bu umr yetmas emish
Lek anga yetmakka bordur rahnamo Qur’ondek.

Olloh-Olloh shundayin izzat nasib etgin menga,
Hurlar qoshidagi himmat nasib etgil menga.

Pok yursang bu jahonda senga shuldir toj-taxt,
Kelganing haq, ketmaging haq, oxirat ham barhaq,
Jannatu do‘zaxni Tangrim qilmishing-chun qildi taxt,
Haq taoloning yo‘li ikki dunyoyingga baxt,
Ushbu yo‘lda kimki o‘tdi hurlar tutgay qadah.

Olloh-Olloh shundayin izzat nasib etgin menga,
Hurlar qoshidagi himmat nasib etgil menga.

EY, DIL
Navoiy g’azali

Taqvodin aloqang shart uzgil, ey dil,
Fano dayri ichra qur manzil, ey dil.
May chalg’udin boshqa yo‘q hosil, ey dil,
Bir-bir aytdim, quloq sol, ey dil.
Fano dayri ichra qur manzil, ey dil.
Bir-bir aytdim, quloq sol, ey dil.
Ey dil, ey dil, ey dil.

Ey dil, ey dil,
Sen nega homushsan, Layloga oshiqsan.

Qildik sayyidlikka ming xil sabab,
Qatlimga gajjagi hindi bil sabab,
Umrimga qomatin istar dil sabab,
Jonimga so‘ylovchi labu til sabab.

Ey dil, ey dil,
Sen nega homushsan, Layloga oshiqsan.

Jonona qo‘lingni tortma to‘shimdan,
Yuzimdan yuz olma qaro xushimdan,
So‘ylasam qulog’ing uzma labimdan,
Ajratma ruhimdan, aqlu hushimdan.

Ey dil, ey dil,
Sen nega homushsan, Layloga oshiqsan.

Taqvodin aloqang shart uzgil, ey dil,
Fano dayri ichra qur manzil, ey dil.
May chalg’udin boshqa yo‘q hosil, ey dil,

Shuning uchun ham fano dayri ichida manzil qurib ol deyapti o‘ziga, hosil shu ekan qarasa: mayu cholg’u ekan, bundan ko‘ra fano dayri ichida manzil qurib ol deyapti o‘ziga.

JON QIZLAR

Paxtazorda dur terarsiz, dur o‘zingiz, jon qizlar,
Oq oltinni xirmonida gul o‘zingiz, jon qizlar,
Oq oltindan osmono‘par xirmon etib, jon qizlar,
Paxtazordan Oyga boshlang yo‘l o‘zingiz jon qizlar.

Jon qizlar, jon qizlar.

Barcha ellar jononlari sizdan saboq olishsin,
O‘zbek qizin qudratiga barcha qoyil qolishsin,
Vatanimiz ko‘ksingizga yulduz taqib qo‘yganda
Yerda Oy-u yulduz ko‘rib hayrat ichra qolishsin.

Jon qizlar, jon qizlar.

Paxtazorda dur terarsiz, dur o‘zingiz, jon qizlar,
Oq oltinni xirmonida gul o‘zingiz, jon qizlar,
Oq oltindan osmono‘par xirmon etib, jon qizlar,
Paxtazordan Oyga boshlang yo‘l o‘zingiz jon qizlar.

Jon qizlar, jon qizlar.

KELDI BAHOR

Keldi bahor, ishq fasli bu,
Ma’shuqi gulruxsor qani?
Ishq aqliga to‘ldi bu bog’,
Oxir degil: “Dildor qani?”

Kirmam ul uy beboichin,
Zebo bo‘lib saro chunun,
Da’vogar ayt-chi rostin,
Zulfimu anbar yor qani?

Har damda shaydo bulbuli,
Yetti quloqqa kulguli,
Kimga nasib olam guli,
Bezahmatu bexor qani?

Bulbul hamon aylar fig’on,
Har nolasi so‘zlar ravon,
Rost aytayin kezdim jahon,
Bir do‘sti ma’nodor qani?

Hech topmadim do‘stdan asar,
O‘tgan yilu yillar digar,
Bu yil yana tashla nazar,
Chin do‘st qani, chin yor qani?

Erta Nizomiy ochma lab,
Kirsang agar bog’i talab,
Kim ko‘rsa gar desun ajab,
Bulbuli xushguftor qani?

Keldi bahor, ishq fasli bu,
Ma’shuqi gulruxsor qani?
Oxir degil: “Dildor qani?”
Chin do‘st qani, chin yor qani?
Bulbuli xushguftor qani?

KO‘RING

Har yigitning aslin bilay desangiz
Ma’rakada o‘tiru turishin ko‘ring,
Birov bilan oshno bo‘lay desangiz
Avval va’dasinda turishin ko‘ring.

Uzoq-yaqin yerga borar bo‘lsangiz,
Mardlikni qilichin chalar bo‘lsangiz,
Bir bedovni saylab borar bo‘lsangiz,
Sabrisi siynasini kerishin ko‘ring.

Bir pul tushsa bir iflosning qo‘lina,
Ko‘ksin kerib kezar kishining yerina,
Xaridor bo‘lsangiz qiza garina,
Adabin ikromini o‘tirishin ko‘ring.

Nomard yurar mudom o‘limdan qochib,
Uyina borganda zahrini sochib,
Mard yigit mehmona ko‘ksini ochib,
Nomardni mehmondan qochishin ko‘ring.

Qadrdon qardoshdan yiroqda bo‘lib,
Qadrsiz yo uzoq qarindosh bo‘lib,
Maxtumquli nosozlara duch kelib,
Ho‘janing, sayyidning yurishin ko‘ring.

NASIBAM

Qayda ekan mani Nasibam,
Osmondamu Yerdamu qayda?
Toparmanmi dunyo aylansam
Yo pinhonmi noma’lum joyda?

Qayda ekan mani Nasibam,
Dengizdamu yoki daryoda?
Toparmanmu yaylov aylansam
Yo tog’ qizi go‘zal barnoda?

Qayda ekan mani Nasibam,
Yer qa’riga quloq tutaymi?
Qo‘lga olib qog’oz va qalam
Nasibamga doston bitaymi?

Qayda ekan mani Nasibam,
Dengizdamu yoki daryoda?
Toparmanmi dunyo aylansam
Yo tog’ qizi go‘zal barnoda?

U yurtimni taqdiri bilan
Meni umrim qo‘shilgan joyda.

TOSHKANLIK QIZCHA

Oqar suvning o‘z jilg’asi, arig'i bor,
Shu shaharda bir qizchaning ta’rifi bor,
Unga oshiq bo‘lib yurar bir bo‘z yigit,
Ikkisining aytsam qiziq tarixi bor.

Oqar suvning o‘z jilg’asi, ariqi bor,
Toshkandlik bir qizchaning ta’rifi bor.

Ul qizchaning qoshi qalam, ko‘zi suzuk,
Yigit aytar taqsam shunga tillo uzuk,
Ko‘rib qolsa xo‘rsinadi til boylanar
Ayta olmas ammo unga so‘z qam tuzuk.

Oqar suvning o‘z jilg’asi, arig’i bor,
Toshkandlik bir qizchaning ta’rifi bor.
Unga oshiq bo‘lib yurar bir bo‘z yigit,
Ikkisining aytsam qiziq tarixi bor.

Qiz ham asta xo‘rsinadi, urar yurak,
Bo‘z yigit ham o‘sib qolgan misli terak,
Qiz o‘ylaydi: “Esiz, esiz shunday yigit
Indamaydi, tili chuchuk bo‘lsa kerak.”

Oqar suvning o‘z jilg’asi, arig’i bor,
Toshkandlik bir qizchaning ta’rifi bor.

Ul qizchaning yuzlari ham olmagina,
Halal bermay so‘zlarimni tinglagin-a,
Ko‘rib qolsang orqasidan aqling ozib,
Bizlar kabi oshiq bo‘lib yurmagin-a.

Oqar suvning o‘z jilg’asi, ariqi bor,
Toshkandlik bir qizchaning ta’rifi bor.

OSHIQ BO‘LING

Hol so‘rab kelmang yonimga, avvalo oshiq bo‘ling.
Yoqmang o‘t joni tanimga, avvalo oshiq bo‘ling.

Oshiq bo‘ling, oshiq bo‘ling...

Ishqsiz odamga dardim so‘ylasam ne foydadur,
Dardimi bilmoqchilar kimgadur oshiq bo‘ling.

Oshiq bo‘ling, oshiq bo‘ling...

Ishqsiz bedardlarni ko‘rgali yo‘q toqatim,
Yoqmasa ma’zur tuting, bu holatim, oshiq bo‘ling.

Dardsizlik dardidan saqla mani taqdir, yor,
Umr o‘tib qartaymayin, topib nigor, oshiq bo‘ling.

Gar eshik ochsa kulib sizlarga ham ishq maktabi
Bosh qo‘yib ostonasiga men kabi oshiq bo‘ling.

Oshiq bo‘ling, oshiq bo‘ling...

O‘YNAB-O‘YNAB

O‘ynab-o‘ynab, o‘ynab-o‘ynab qiyo boqib,
Oshiqlarin, ma’shuqlarin o‘tga yoqib,
Qalbimizda, dilimizda zavq uyg’otib,
Nozi birla, sozi birla yor o‘rtanib.

Sozlar chalay navosiga,
Dardimni ul davosiga,
O‘ynab kelib qiyo boqsin
Oshig’i mubtalosiga.

O‘ynab-o‘ynab, o‘ynab-o‘ynab qiyo boqib,
Oshiqlarin, ma’shuqlarin o‘tga yoqib,
Qalbimizda, dilimizda zavq uyg’otib,
Nozi birla, sozi birla yor o‘rtanib.

Qizil gullar xavas qilar,
Nozaninlar hasad qilar,
Qalblar u tomon intilar,
Qarang parizod o‘rtanib.

O‘ynab-o‘ynab, o‘ynab-o‘ynab qiyo boqib,
Oshiqlarin, ma’shuqlarin o‘tga yoqib,
Qalbimizda, dilimizda zavq uyg’otib,
Nozi birla, sozi birla yor o‘rtanib.

QARASHLARGA

Shirin jonim fido bo‘lsun o‘shal bo‘ylab qarashlarga,
Gahi o‘ynab, gahi yayrab, gahi so‘ylab qarashlarga.

Bu ne rohat deya qalbim nishon o‘lmoqqa hozirdur,
Otish-chun shay bo‘lib qoshlar o‘qin joylab qarashlarga.

Qoshing ostidagi ayyor nishonga oldilar nogoh,
Meningdek notavon shoddir, bu xil siylab qarashlarga.

Raqiblar sezsalar jonon kuyib kul bo‘lg’usi shu dam,
Alardin ajratib bizni suyib-saylab qarashlarga.

Tig’ing yetganda ko‘ksimga ki ko‘zlar to‘qnashib olgay
Nishonga tegdimu yo‘qmi deya o‘ylab qarashlarga.

Muruvvat qilmasang qalbim yarosi bitmag’ay emdi,
Dilim mushtoq borurman deb imo aylab qarashlarga.

Kel, endi bir visolingga yetay dilxasta oshiqman
Sabab ul san dili yig’lab, tili kuylab qarashlarga.

Tunu kun oy quyosh yanglig’, ko‘zim ustida bo‘l jonim,
Sabab bo‘lmas oyu yillar yo‘ling poylab qarashlarga.

Shirin jonim fido bo‘lsun o‘shal bo‘ylab qarashlarga,
Gahi o‘ynab, gahi yayrab, gahi so‘ylab qarashlarga.

QAYGA BORURSAN

Bu noz ila sarviravon qayga borursan,
Jonim tilagi, munisi jon qayga borursan.

Kech kelding esa kechding umr nuri safosi
O‘ltir kechaga tiyri ravon qayga borursan.

Bu noz ila sarviravon qayga borursan,
Jonim tilagi, munisi jon qayga borursan.

Jon to‘ti Yusuf keturdayin la’li labingdan
Ey so‘zi shakar, qandu novvot qayga borursan.

Bu noz ila sarviravon qayga borursan,
Jonim tilagi, munisi jon qayga borursan.

Faryod saning jabru jafo ilkidan ey do‘st
Hofiz qiladur oqu fig’on qayga borursan.

Bu noz ila sarviravon qayga borursan,
Jonim tilagi, munisi jon qayga borursan.

SHARSHARA
Nurali Qobul she’ri

Soch emas u sharashara u, sharshara,
Sharsharangda qo‘shilishib oqayin.
Sharsharangda oqqanlarga bir qarab
Bahor bo‘lib boshingdan gul sochayin.

Shu sochlarda dor yasatsa mayliga,
Oshiqlarni bir-bir ossa mayliga,
Sen yaralding shunday ozor dor uchun
Oshig’ingni osa olgin dor uchun.

Soch emas u sharashara u, sharshara,
Sharsharangda qo‘shilishib oqayin.
Sharsharangda oqqanlarga bir qarab
Bahor bo‘lib boshingdan gul sochayin.

ANDA JONIM QOLDI MANIM

Padarimni yutib ketgan jarda jonim qoldi mening,
Qalbim torin chertib ketgan yorda jonim qoldi mening,
Qalam bilan shamshir tutgan yerda jonim qoldi mening,
Shabboblikda shabgir etgan anda jonim qoldi mening,
Anda jonim olib qolgan Andijonim qoldi mening.

Nodiramsan, Andijonni qalbim hargiz tark etmayin,
Habibimsan, Andijonni yodin hargiz tark etmayin,
Ilhomchimsan, Andijijonni kim hargiz tark etmayin,
Anda nomim boqiy etgan Andijonim qoldi mening.

Bog’ishamol nasimiga kuygan dilim zor aylabon,
Riyolikni rafiq bilgan raqiblar ozor aylabon,
Diyorimda muqimliklikni zamonam dushvor aylabon,
Furqatida e’timodim afg’onga izhor aylabon,
Farzandini mehmon etgan Andijonim qoldi mening.

Boburingman, fatvo bergan yurtim hargiz tark etmayin,
Anda nomim boqiy etgan Andajonim qoldi mening.

Qay yong’aki azm etsam, yonimda bordur mehnat,
Qay sorig’a yuzlansam, o‘truma kelur qayg’u,
Yuz meqnatu g’am ko‘rgan, osoyishi kam ko‘rgan,
Ming dardu sitam ko‘rgan, mandek yana bir bormu?

Tole yo‘qi jonimg’a balolig’ bo‘ldi,
Har ishniki ayladim, xatolig’ bo‘ldi,
O‘z yurtni qo‘yib, Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qarolig’ bo‘ldi.

BAHOR ALDAMAS

Ishonishib qishning iliq kuniga
Ba’zi bir daraxtlar kurtak yozibdi.
Ayyor qish o‘ronib, bahor to‘niga
Soddalar ostiga chuqur qazibdi.

Bardoshni yo‘qotmay kutinglar birpas,
Bahor ham keladi, bahor aldamas.

Goh odam qoqinar, yo‘ldan adashar,
Xatoga yo‘l qo‘yar, xom sut emgan-da,
Ba’zilar vabodek unga qarashar,
Go‘yo qabr tuzatar buni degandek.

Siz uning qalbiga boqingiz birpas,
Qadami adashsa, qalbi aldamas.

Yaxshi ham, yomon ham qolmas betobut,
Dunyoda hech kimsa qolmagay mangu,
Tuproqqa qo‘yilgach, kim bo‘lsa unut,
Hayotning qahriga uchragani bu.

Ey ko‘nglim, bunchalar kuyinmagin bas,
Elga boq, el ko‘zgu xalqing aldamas.
Bahor ham keladi, bahor aldamas.
Bahor ham keladi, bahor aldamas.

BAHOR AYYOMI

Bahor ayyomidur dag’i, yigitlikning ovonidur,
Ketur soqiy sharobi nozikim ishrat zamonidur.

Gahi sahroi zori lolasham’idin erur gulgun
Gahi sahni chaman bo‘ldi chehrasidin arg’uvonidur.

Yana sahni chaman bo‘ldi munaqqashrang gullardan
Magar kim sun meni naqqoshig’a rang imtihonidur.

Yuzing ey gul hayotim gulshani toza gulzori,
Qading ey gul qayotim bog’ini sarviravonidur.

Nay yerda bo‘lsang ey gul andadur joni Boburning,
G’aribingga tarahhum aylagilgim andijonidur.

EL BILSA BO‘LDI

Dilimni rangini gul bilsa bo‘ldi,
Meni kimligimni el bilsa bo‘ldi.

Olis yulduzlarga sirim aytmaram,
Nolishimni tonggi yel bilsa bo‘ldi.

Ucharga har qushdan par so‘ramadim,
Parvozlarlar hadisin dil bilsa bo‘ldi.

Jaholat mehrobin toshin o‘pmadim,
O‘shal bag’ritoshim til bilsa bo‘ldi.

Dilimni rangini gul bilsa bo‘ldi,
Meni kimligimni el bilsa bo‘ldi.

YETOLMAY QOMATIM

Yetolmay qomatim yor, necha oykim hilolinga,
Qaro ko‘z mardumi yig’lab, tikilmoq birla holingga.
Qachon ul totli kun kelgay, yetarman lahza bolingga,
Qachon bo‘lg’ay musharraf, bo‘lg’amen jonon jamolingga,
Qutulg’aymen firoqingdan, yetishgayman visolingga.

Qaro bo‘ldi ne tongkim ro‘zg’orim ul qaro ko‘zdan,
Qaro o‘tdi kipriklar, ko‘ngulda yora ul ko‘zdan,
O‘zim sobitman, ishqida sayyora, ul qaro ko‘zdan,
Ko‘z ochqil boqqalikim bo‘lmishman bechora ul ko‘zdan,
Lab ochg’il so‘rg’alikim tashna bo‘lmishman zilolingga.

Salomim yetkur, ey xurshid, nigorim kuyidan o‘tsang,
Bo‘l ogoqkim, ajab ermas yuzin ko‘rgach kuyib ketsang,
Asiri bandi zulfingman, dema Erkin ozodkim,
Kuyibman dog’u joningdan, emasman tarki bedoding,
Mani band et, manga jabr et, hayoti mayli barbod et,
Umidim borki Boburdan, yetishg’ayman visolingga.

EY JON

Savollarg’a javob bo‘lsin qo‘shiqlar,
Oshiqlarg’a kitob bo‘lsin qo‘shiqlar,
Tashnalarg’a gulob bo‘lsin qo‘shiqlar,
Zolimlarg’a azob bo‘lsin qo‘shiqlar.

Ey, jon, ey, jon,
Ey, jonim bir qo‘shiq aytayin siza,
Dardlarga darmondek bo‘lsin qo‘shiqlar.

Dunyo darvozasi ochilsin biza,
Guldan poyondozlar sochilsin biza,
Ey, jonim bir qo‘shiq aytayin siza,
Dardlarga darmondek bo‘lsin qo‘shiqlar.

Ey, jon, ey, jon,
Ey, jonim bir qo‘shiq aytayin siza,
Dardlarga darmondek bo‘lsin qo‘shiqlar.

FIG‘ONKIM

Fig’onkim gardishi davron ayirdi o‘z diyorimdan,
G‘amim ko‘p, ey kangul san bexabarsan, oh-zorimdan.

Bu borim ishq vodiysi babarboddur bu zaqqum
Biyobonlardanda Majnun to‘tiyo izlab g’uborimdan.

Qizil qondur sirishkim za’farondur chehrai holim,
Meni kim ko‘rsa tark etmas xazon birla bahorimdan.

Muhabbat dardida o‘lsam butun umrim ado bo‘lg’ay,
Qamishlar o‘rniga mehrigiyo ungay mozorimdan.

Adashgan kimsadek Furqat qayon borgum bilolmasman,
Qachon bo‘lg’aykim topg’ayman xabar yor o‘z diyorimdan.

GAR KAKLIK OLDIRSA...

Gar kaklik oldirsa jo‘ja bolasin,
Xasratindan sayramasdan bo‘larmu?
Gar bulbul yo‘qotsa gulu lolasin.
Xasratinda bo‘zlamasdan bo‘larmu?

To‘ka-to‘ka ko‘z yoshini birog’in
Har kim izlar yo‘qotsa bir yoshni,
Oq jayron oldirsa qo‘ldan ulog’in,
Ma’ray-ma’ray izlamasdan bo‘larmu?

Ayroliqqa odam o‘g’li naylasin,
Kim qolar ko‘rmayin ajal hiylasin,
Maxtumquli hayvonlar bilsa bolasin,
Inson bag’rin tuzlamasdan bo‘larmu?

INSON O‘ZING

Sobitu sayyorada
Inson o‘zing, inson o‘zing.
Mulki olam ichra bir
Xoqon o‘zing, sulton o‘zing.

Sobit o‘z ma’vosida,
Sayyor fazo dunyosida,
Koinot sahrosida,
Karvon o‘zing, sarbon o‘zing.

Shams chun naqdingdadur,
Sayyoralar kaftingdadur,
Keng jaqon zabtingdadur,
Bog’bon o‘zing, posbon o‘zing.

Bu yorug’ dunyo nadur,
Koshonadur, vayronadur,
Senga mehmonxonadur,
Mehmon o‘zing, mezbon o‘zing.

Bunda oq birla qaro,
Zulmat ziyo, shohu gado,
Jang qilurlar doimo,
Ul yon o‘zing, bul yon o‘zing.

Xormisan yo gulmisan,
Tojdormisan yo qulmisan,
Hutmisan, bulbulmisan,
Nolon o’zing, xushhon o’zing.

Bu hayot o’rmon ekan,
Jon borki qasdi jon ekan
Bunda qatl oson ekan,
Sirtlon o’zing, jayron o’zing.

Mash’ali fikrat seni
Ham changali vahsahat seni
G’ayratu g’aflat seni
Javlon o’zing, ulyon o’zing.

Minding ilm darvoziga,
Chiqding nujum osmoniga,
Bu jahon ayvoniga,
Arakon o’zing, vayron o’zing.

Zarrani ijod etib,
Dahshat balo bunyod etib,
Oqibatni yod etyib,
Hayron o’zing, hayron o’zing.

Sen hilol yulduz sari
Tavrot, Zaburdan yuksalib,
Boymisan yoki g’arib,
Komron o’zing, yakson o’zing.

Kim farangu kim habash
Erk, qon talash, imon talash,
Shulmu insondek yashash,
Armon o’zing, afg’on o’zing.

Mamlakatga mamlakat,
Millatga millat bo’lsa qasd,
Qilg’uchi so’ng oqibat,
Armon o’zing, armon o’zing.

Onaizoring zamin,
Tanho yo’g’u boring zamin,
Xasta bemiring zamin,
O’g’lon o’zing, darmon o’zing.

Bag’rida yotquvchi sen
Ne’matlarin totquvchi sen,
Tig’ bo’lib botquvchi sen,
Paykon o’zing, qalqon o’zing.

Marsga to’p otquvchi sen,
Zuhroni uyg’otguvchi sen,
Uyquda totquvchi sen,
Uyg’on o’zing, uyg’on o’zing.

Kelding olamga demak,
Yetmas uni so’rmak, yemak,
Yerni etmog’ing kerak,
Bo’ston o’zing, rizvon o’zing.

So’zga ham poyon bo’lur,
Yozsam yana doston bo’lur,
Rustami doston bo’lur,
Doston o’zing, devon o’zing.

Bo’lmasin subhing qaro,
Bor bo’l mudom borliq aro,
O’zni etgil doimo,
Inson o’zing, inson o’zing,

Ey sen Erkin, sen bugun,
Yozding dilingda bir tugun,
Sen kimu ne dahri dun,
Biyron o’zing, nodon o’zing.

AQLING BO'LSA

Aqling bo'lsa, yaxshilarga hamdam bo'l,
Ahmoq o'zin nodon birla yor aylar.
Chin oshiqlar hijronda yor jamolin,
Bir ko'rsam deb kecha-kunduz zor aylar.

Nomard g'ussasidan qolibman dardda,
Kongil orom topmas bir pinhon yerda,
Moli ko'p deb mehmon bo'lma nomardda,
Jo'mard faqir bo'lsa hamki bor aylar.

Nomard o'z uyida mardga so'z aytar,
Nodon esa haqning tanobin tortar,
Mard yigit mol topsa himmati ortar,
Nomard foyda topsa ko'nglin tor aylar.

Maxtumquli endi o'zingni ko'zla,
Yaxshini ta'riflab, yomonni tuzla,
Oz yeb, oz uxlagil yana oz so'zla,
Ko'p so'z oxir el ichinda xor aylar.

ARSLON CHORLAGANDI

Biz ham yuksaklarga tikkandik ko'zni,
Bizda ham bor edi matonat, bardosh.
Arslon chorlagandi qoshiga bizni,
Lekin qumursqalar bo'ldi safardosh.

Jami tiriklikka tanish shu xatar,
Qumursqa yaralgan yoppa talarga.
Do'stim, alam qilar, arslon bexabar,
Yem bo'lib ketsak shu qumursqalarga.

BEKOR

Oyga ergashsagu, yerni ko'rmasak,
Peshonadan tomgan terni ko'rmasak.
Eldan olib tursa-gu, elga bermasak,
Yurtning bolasiman deganimiz bekor.

Ota obro'siga ko'ksimiz kerib,
Yursak yulduzlarni benarvon urib
Nogoh yiqilsagu, ketmasak turib,
Mardning bolasiman deganimiz bekor.

Bir chimdim alamga qaddimiz buksak,
Nomard poyin o'pib, unga tiz cho'ksak,
Qizg'aldoq misoli bargimiz to'ksak,
Tog'ning lolasiman deganimiz bekor.

Bolamiz yig'lab tursa, ko'zga ilmasak,
Ota-ona motamida yig'lay bilmasak,
Daryolar to'lsa-yu, biz bir to'lmasak,
Qalbning nolasiman deganimiz bekor.

Osmondagi har qanday bulut yomg'ir to'kolmas,
Mardning bolasini nomard bukolmas,
Do'stim agar bizni elimiz tan olmas,
Elning bolasiman deganimiz bekor.

BERI KEL

Nima qildim mendan yuzing o'girding
Xudo haqqi, yor, bir nafas beri kel,
Sevgim haqqi, yor, bir nafas beri kel.

Yuzingdan ol zarrin harir pardani,
Yuzingdan ol nozik zarrin pardani,
Chilvir sochlaringni ko'rsat beri kel.

Ko'zlaring jalloddir, kipriging olmos,
Senga aytar gaplarim bor quloq os,
Axir sendan shuni qildim iltimos,
Dilim o'zga noz istamas beri kel.

Bu qanday odatdir, qanday arkondir,
Bu qanday odatdir, qanday makondir.
Demaysan faloniy bizning mehmondir,
Vohid o'z qulingdir, senga qurbondir,
Ey bevafo qadr bilmas beri kel.

BIR GUMON

Bir gumon bordir mening qalbimda doim begumon,
Bu gumondan lahza ham qalbim topolmas hech omon,
Voh, ne tong, boqqach u mohro' ruxsorim etmishdur somon,
Bu nigohdin qochmoq istab, o'zni tashlab har tomon,
Chun xazondek poyin o'pdim zora topsam deb omon.

Vah, qutulmoqlik gumondir bargi xazondek ham yotib,
Nozaninlar sayr etarda nozik oyog'iga botib,
Iltifot qilg'ay yana shirin-shakar so'zlar topib,
Bu ne sorig' barg ekan, deb olg'ay ro'molig'a taqib,
Yuzu ko'zidin yiroqroq ko'rmadim o'zni hamon.

Men sanamlardan necha qochsam-da, oxir topdilar,
Ro'yi afgorim ko'rib, qayg'u-alamg'a botdilar.
Qop-qaro tun sochlarin jonsiz tanamg'a yopdilar,
Lab qo'yib suvsiz labimg'a Iso sifat uyg'otdilar,
Jonim o'rtandi yana labga lab yetgan zamon.

Ushbu holim anglag'ach borg'il dedi piri mug'on,
Xonaqoh mehrobida topg'il o'zing, bo'lg'il omon,
Sajda ayla Haq yo'lida, qalbingda qolmas der gumon,
Xonaqoh mehrodida, e, voh, ko'zim surtgan zamon,
Zarralardan termulib turgay sanamlar men tomon,
Shul gumon bordim maning qalbimda doim begumon,
Bu gunomdan lahza ham qalbim topolmas hech omon.

ESHIGINGDAN O‘TARMAN BIR KUN

Kuz kelsa ham shoshib biz tomon,
Qor bossa ham borliqni butkul,
Ko'klam kelib ursa ham handon,
Eshigingdan o'tarman bir kun.

Sochlarimga tushsa hamki oq,
Peshonamni bossa ham ajin,
Kirganda ham gavdamga titroq,
Eshigingdan o'tarman bir kun.

Mayli shunda tanimasang ham,
Va ko'rmayin desang ham turqim,
Yoshim yutib, boshim qilib ham,
Eshigingdan o'tarman bir kun.

Vaqtim yetib chiqsa ham jonim,
Va darg'amga yasalsa yakun,
Qabristonga tobut ichra jim,
Eshigingdan o'tarman bir kun.

GUL ICHIDA UCHRATDIM

Gul ichida uchratdim, misli guldek jamoling,
Kuydirmagin nigorim, o'zi kuygan bu jonim.
Gul ichida gulmisan, yoki shirin tilmisan,
Yo gullarning ichida sayragan bulbulmisan

Gul ichida gul bo'lsang, bulbuling man bo'loyin
Agar sen bulbul bo'lsang, bog'da guling bo'loyin.
Beri kelgil ey go'zal, sevgi izhor etayin,
Beri kel so'zi asal, jamolingga to'yoyin.

MAJNUNTOL

Suv bo'yida majnuntol, soch yozgan suluv misol,
Tushirganmu uzugin, termulib surar hayol.

O'ltirdim soyasida, bag'rida qoyasida,
Ishq daftarin o'qidim, suvning himoyasida.

Sog'intirsa yuragim, visol bo'ldi tilagim,
Qachon kelar yonimga dilginamni keragim.

Intizorligim bilsa, unga zorligim bilsa,
Majnuntoldek kutishga man bezorligim bilsa.

Hech ketmasman yiroqqa, chidolmasman firoqqa,
Majnuntoldek kutarman, kelmaguncha biz yoqqa.

MEN BORMAN

Bu ishq sirrin kitob etding, kitobing ichra men borman,
O'qurman deb xitob etding, xitobing ichra men borman.

Yarashgaydir, ajab, senga ajab nozu tamannolar,
Keturman, deb shitob etding, shitobing ichra men borman.

Yuzing hajri bilan oqqan labolab chashm selobin -
Ichurman, deb sharob etding, sharobing ichra men borman.

Umid uzgil, deding oshiq, muhabbat rishtasin uzgum,
Uzurman, deb azob etding, azobing ichra men borman.

Qayon qoldi o'shal so'zkim muhabbat ko'shkini, ey yor,
Tuzurman, deb sarob etding, sarobing ichra men borman.

Dilimda qolgan ushbu har na manzil kulbai ishqni -
Buzurman, deb xarob etding, xarobing ichra men borman.

Muhabbat gulshani ichra olib Abdullaning qalbin,
Chalurman, deb rubob etding, rubobing ichra men borman.

MUHTOJ QILMAGIN

Foniy dunyo sendan tilagim shudir,
Mardingni nomardga muhtoj qilmagin.
Xazinangdan bergin mardning rizqiga,
Sen mardni nomardga muhtoj qilmagin.

Nomard ko'prigidan o'lsam o'tmasman,
Karvon bo'lsam makoniga qo'nmasman.
Qo'lidan bir piyola choyin ichmasman,
O'ng qo'lni chap qo'lga muhtoj qilmagin.

Ey, Rahiym sening karaming zo'rdir,
Ta'nalik so'z negizi hanjar ham o'qdir.
Mezbonning mehmonga vafosi ko'pdir,
Mehmonni mezbonga muhtoj qilmagin.

Shoir Murod derlar so'zni aytganni,
O'nta nomard boqolmasmish bitta otani.
Bitta ota boqar emish yuzta bolani,
Otani o'g'ilga muhtoj qilmagin.

NASIHAT

Izzat hurmat hech kutmagil, ko'rib ko'rilmagan yerda,
Oqil bo'lsang so'z aytmagil, navbat berilmagan yerda.

Aqli butunlar unutmas, quruq yog'ochga barg bitmas,
Aqlli er maskan tutmas, hulqi sevilmagan yerda.

Nomard qo'sh ustida charchar, to'ymas osh ustida surlar,
Urush qilib qilich sirpar, dushman ko'rinmagan yerda.

Farosat qil ko'rib aqlla, mard yigitning so'zin haqla,
Maxtumquli tiling saqla, so'roq so'ralmagan yerda.

OHUJON

Makoning bo'libdi tog'lar orasi,
Sensan go'zallikning asli, sarasi.
Ma'yus yuragingda ishqning yarasi,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.

Daralar qo'ynida neni istarsan,
Nechun doim g'amgin, doim mustarsan.
Latif shijoating qayga qistarsan,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.

Yo'q, sen axtarmassan tog'lardan makon,
Va na go'zalliging uchun shuhrat-shon.
Sayyod jabri senga bermaydi imkon,
Sen ham oshiqmisan yoki, ohujon.

Qo'y, jonim, ko'zlaring to'lmasin yoshga,
Tongda oyog'ing qo'y baland bir toshga.
Seni quyosh o'zi ko'targay boshga,
Sen ham oshiqmisan yoki ohujon.

ONA TURKISTON

Asli oting Turkistonmidi?
Shunday qolsang qashqir yermidi?
Bo'ldi o'zbek, qirg'iz, qozoq, deb,
Ag'yor seni qo'shil dermidi?

O'zbek, qirg'iz, qozoq - sartimsan,
Uyg'ur, totar, turkman - turkimsan,
Tojik - og'am, ozor - O'g'uzsan,
Bir Onadan tarqagandirsan.
Qadding ko'tar, Ona Turkiston!
Yillar o'tar, qara, Turkiston!

Orol qani, toshqin soy qani?
Yer ostingda gazu moy qani?
Qayot ketdi bor oltinlaring?
Tanang uzra dardsiz joy qani?
Qadding ko'tar Ona Turkiston!
Yillar o'tar, qara, Turkiston!

Seni asli iymoning butun,
Iymon ahli sitmagay yurtin,
Ko'z oldingdan tarqasin tutun,
Go'ro'g'lilar minsin Girotin.
Qadding ko'tar, Ona Turkiston!
Yillar o'tar, qara, Turkiston!

ONANI HURMAT QILING

Onani hurmat qiling, ko'nglida g'am bo'lmasin,
Ko'ngliga g'ashlik tushib, ko'zlari nam bo'lmasin.

Rasvoi olam bo'lib, hijron o'tida yoqmang,
Jondan aziz boshlari, el aro xam bo'lmasin.

Onani o'zga bilib, hech qachon sir saqlamang,
Oqibat bir kun kelib, ona mulzam bo'lmasin.

Yoringizning ishqini ko'rmangiz undan baland,
Onalik mehri ketib, yorga mahram bo'lmasin.

Onani hurmat qiling, kimsa yo'q undan ulug',
Haqqiga aylang duo, bir umr kam bo'lmasin,
Doimo birga bo'luvchi, ota ham kam bo'lmasin.

O'RTADA BEGONA YO`Q

Ko'yida men tosh boshimni
Urmagan ostona yo'q,
Elda bor shunday masal:
Jon chekmasang jonona yo'q.

Sevgi vodiysida menga
Teng bo'lolgay qaysi Qays?!
Ko'nglim ochsam, ikki dunyo
Bu kabi afsona yo'q.

Shahr ichida holatimdan
Kulmagan bir oqilu
Xilvat ichra menga ulfat -
Bo'lmagan devona yo'q.

Ne ajabkim, mast bo'libman
Ko'zlaringga termilib,
Yetti iqlimda bu yanglig'
May yo'gu mayxona yo'q.

Ishq g'amin aytsam qalamga
Ich-etin kuydirdi ul,
Sevgidek o't yo'q jahonda,
Men kabi so'zona yo'q.

Oq qog'ozim, senga Erkin
Ochdi pinhon ishqini,
Sen boru men bor, qalam bor
O'rtada begona yo'q.

O'ZBEKISTON

Sozlar chalib kuylasam, madhing ado bo'lmag'ay,
Dunyo kezib izlasam, o'xshashing topilmag'ay.
Bu dunyoning jannati, sensiz ko'nglim to'lmag'ay,
Ona yurt O'zbekiston - oltinga topilmag'ay.

Gullagan vodiylaring go'zallikka andoza,
Samarqandu Buxoro keng dunyoga ovoza.
Yerda huru paridek qizlaring gul-gul, toza,
O'g'lonlaring mard erur, nomardga sotilmag'ay.

Jidda, Toif, Madina, Makkada ham kutgan bor,
Dushanbeda jon berib, Afg'onda qon yutgan bor,
Turku Hindu Qashqarda ko'zi ochiq o'tgan bor,
Vatan deya o'lsa kim, tuprog'i sovrilmagay.

Olisdagi yurtdoshlar senga quloq tutmoqda,
Bosqinchilar yetkazgan jarohatlar bitmoqda,
O'g'lonlaring, qizlaring istiqlol deb chiqmoqda,
Iymoni pok elimning yo'llari bog'lanmagay,
Ona yurt O'zbekiston - oltinga topilmagay.

QAYDA KO'RGANMAN SENI

Hech ishonmasman ko'zimga, qayda ko'rganman seni,
Qarab to'ymasman yuzingga, qayda ko'rganman seni.

Bu kelishgan qomating-gu, qoshlaring menga tanish,
Yurakni o'ynatuvchi ko'zlaring menga tanish.

Dilga ilhom baxsh etuvchi yuzlaring menga tanish,
Bilolmasdan loldirman, qayda ko'rganman seni.

Bu qaro qosh, kiprigu-ko'z bizni chorlaydi nechun,
Endi bildim qarab turgan qaro ko'zlar men uchun.

Ketolmasman shul uchunmi, aytaqolgin ne uchun,
Qiynamasdan ayt dilbarim qayda ko'rganman seni.

SIZ UNI ODAM DEMANG

Siz uni odam demang, ko'nglida himmat bo'lmasa,
Balki iymoni xatardir, unda g'ayrat bo'lmasa.

Xotami Tay kofir erdi, kuymadi do'zaxda ul,
Kuydurur erdi Egam, unda saxovat bo'lmasa.

Foniy dunyodan laxatga, dast xoli bormagin,
Ne qilur Egam seni, tavbang ijobat bo'lmasa.

El aro rasvo bo'lmasa, deb Xaziniy g'am yema,
Kim qolur kelgan saodatga, malomat bo'lmasa.

UCH BALODAN ASRASIN

Uch balodan asrasin, charxi balokash bo'lmasin,
Do'st mehrsiz, dardsiz ulfat, yor jafokash bo'lmasin.

Dil agar payvand erursa, ne jafo chekmak firoq,
Hech ko'ngil sevgan ko'ngil yonida yakkash bo'lmasin.

Qirqta jonim bo'lsa har bir kokilingga bir pilik,
Tolasiga o'zgalarni ko'ngli chirmash bo'lmasin.

Men yonib qalbimni tutdim senga kaft uzra qo'yib,
Ol uni ushlab va lekin o'tga tashlash bo'lmasin.

Yorni oftob deding Erkin, kuymagil hijronida,
Oftob gohi berkinur undan diling g'ash bo'lmasin.

UL GO'ZAL YUZ

Ul go'zal yuzga qarangkim, ko'zlari mastonadir,
Oni ko'rgan har bir odam biz kabi devonadir.

Gul yuzining shu'lasidin dil shifo olg'aymu deb,
Bir qarab qo'ygan kishi ham aqlidan begonadir.

Lablarin shirinligi yuz dard uchun darmondayin,
Ko'zlarin jallodidin ming qalb uyi vayronadir.

Ey, ko'zim, muncha tikilding, jon kerakmasmu senga?
Unga ming jonlar fido, lek senda jon bir donadir.

Ey, tilim, bulbulsifat sayra u gulyuz qoshida,
Chunki tundan tonggacha bulbulga gul hamxonadir.

YODIMDASAN

Sendan yiroq ketdim ko'nglim uzilmadi,
Muhabbatim imorati buzilmadi
Buni kimdir bildi, kimdir bilmadi,
Armon bo'lgan asl yorim yodimdasan.

Parvonadir yo'limda ne-ne oy qizlar,
Baxtim bo'lib chorlaydilar shirmon yuzlar,
Lekin yurak hamon faqat seni izlar,
Armon bo'lgan asl yorim yodimdasan.

Ming so'qmoqqa yetakladi ishqning zayli,
Sendan ortiq emas ekan Shirin, Layli
Xofiz bo'lib ketdim mana sen tufayli,
Beshariqlik asl yorim yodimdasan.

Endi qayta uchrashmasmiz, alvido yor,
Yuragimning eng tubida bir nido bor.
U dunyoda uchrashtirsin Parvardigor,
Armon bo'lgan asl yorim yodimdasan.

 
www.ziyouz.com