Saytimizning yangi versiyasi n.ziyouz.com sahifasida. Barcha yangi maqolalar va kitoblarni n.ziyouz.com dan olishingiz mumkin.

Ziyo istagan qalblar uchun - Maqsud Shayxzoda (1908-1967)
25.10.2014 y.
Asosiy
Bosh sahifa
Siyosat
Fan va ilm
Sara maqolalar
Ozbek matbuoti
Durdona toplamlar
Ma`naviyat
Islom
Hikmatlar
Tarix
Oila va jamiyat
Ozbek maqollari
Jahon maqollari
Ibratli hikoyatlar
Tafakkur gulshani
100 faylasuf hikmati
Suhbatlar
Adabiyot
Ozbek ziyolilari
Kutubxona
O'zbek she'riyati
Jahon she'riyati
Ozbek nasri antologiyasi
Jahon nasri antologiyasi
Barcha kitoblar
Madaniyat
San'at
Kino olami
Sport
Dam olish
Ajoyibotlar
Reytinglar
Kross-shou
Hajviyalar
Topishmoqlar
Ozbek xalq ertaklari
Tahririyat
Muallif haqida
Sayt haqida
Qidirish
Foydali sahifalar
Yangi versiya
Arxiv
Xizmatlar
Tabriknoma/E-cards
Fotogalereya
Fayllar/Downloads
Forum
Mehmonxona
 


Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz ko`rsatilishi shart.
 
Iymon bir muazzam saroy desak, uning ichiga kirmoq uchun yurib borish kerak, balki tikanzorni yalangoyoq bosib o‘tishga to‘g‘ri kelar.
Tohir Malik
 
 
Maqsud Shayxzoda (1908-1967) Chop etish uchun E-mailga yuborish
 Maqsud Shayxzoda 1908 yil 25 oktyabrda Ozarbayjon Respublikasi Ganja viloyatining Oqtosh shahrida tug‘ilgan. O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi (1964). Bokudagi dorulmualliminni tugatgan (1925). Dastlabki she’riy to‘plami — «Loyiq soqchi» (1932). «O’n she’r» (1932), «Undoshlarim» (1933), «Uchinchi kitob» (1934), «Jumhuriyat» (1935), «O’n ikki», «Yangi devon» (1937), «Kurash nechun» (1942), «Ko‘ngil deydiki...» (1943), «O’n besh yilning daftari» (1947), «Yurt she’rlari» (1948), «Olqishlarim» (1949), «Yillar va yo‘llar» (1961), «She’rlar» (1964) va boshqa she’riy to‘plamlari nashr etilgan. «Jaloliddin Manguberdi» (1944) va «Mirzo Ulug‘bek» (1961) kabi dramatik asarlar muallifi. Yirik adabiyotshunos («Genial shoir», 1941; «G’azal mulkining sultoni». 1966; «Tazkirachilik tarixidan», 1968 va boshqa). A. S. Pushkinning «Mis chavandoz», M. Yu. Lermontovning «Kavkaz asiri», V. Shekspirning «Hamlet», «Romeo va Juletta» tragediyalari va sonetlarini, Nozim Hikmatning she’rlarini, shuningdek, dunyo adabiyotidagi bir qancha buyuk siymolarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 1967 yil 19 fevralda Toshkent shahrida vafot etgan.


SHE’R CHIN GO’ZALLIK SINGLISI EKAN...

She’rsiz qalblarga achinaman men,
Ularda na tonglar kunduzin boshlar,
Na oqshom yulduzlar ufkin ochar keng,
Na bahor chog‘ida sayraydi qushlar.

Qo‘shiqsiz uylarga kulgi yoqmaydi,
Xonadon ahlining qovog‘i osiq.
Hatto derazadan quyosh boqmaydi,
Soatning o‘zi ham tiqillar bosiq.

She’rsiz ko‘chani tole qarg‘agan,
Bu yerda sevgining manzili bekik...
Quvonch bunda kezar kayfi tarqagan –
Keksa xumoridek qomati bukik...

Bechora odamlar, bilmaski ular,
She’r chin go‘zallik singlisi ekan.
Har kimki u bilan sevishsa agar –
Husniga chiroylar qo‘shilar aynan.

She’riyat diyorin shoirlarimiz,
Har uy, har ko‘ngilga baytlar bo‘lsin yor!
Elga dastyor bo‘lsa she’rlarimiz –
Demakki, umrimiz o‘tmabdi bekor!..

G’AFURGA XAT

Oltmish yillik umrning hayajonlarin,
To‘polonlar, hujumlar, qahqahalarin,
Ko‘priklarni, bog‘larni, chorrahalarni,
G’azablarni, mehrni, so‘z marjonlarin –
Bir lahzada tark etib ko‘chdingmi, do‘stim?
Shahringning ro‘yxatidan o‘chdingmi, do‘stim?

Abdulg‘afur, mavlono, shoshdim zovtalab:
Xabarlarmi yanglishgan, yo‘qsa quloqlar!..
G’afur G’ulom va o‘lim - qovushmagan gap,
Misoli qish va rayhon, dasht va buloqlar.
G’afur G’ulom va sukut - ikki yov lashkar,
Nuqul urushayotgan dushman taraflar.

«Xayr!» demay ketganing ne deganing u?
«Tez qayturman bemuhlat!» deganingmi u?
«O’lim asli o‘tkinchi bir hodisa-yu,
Hayot mangu bir holat!» deganingmi u?
Kaydan seni qidiray, adresing qaer?
Kimdan seni so‘rayin? Odamlar ne der?

Mangu elda esdalik bo‘lsin deb mendan,
Borib yetgay bu xatim senga daf’atan.
Oh, qardoshim, og‘ajon, piri barkamol,
Qirq yillik bir daftardir xotira, xayol.
Eh-he, ne-ne kunlarni kechirdik birga,
Nahot, ular barchasi cho‘kdi qabrga?

Tinmas, tolmas, jonparvar ko‘z bordi senda,
Qirq shoirga yetarlik so‘z bordi senda.
Hofizangda yuz ming bayt, o‘n ming latifa,
Ming sarguzasht, yuz qissa, sonsiz sahifa...
Mutoyiba, hajvlar, pandu tanbehlar,
Yashin kabi chaqnagan keskin tashbihlar,
Hammasi senda edi va sendan edi,
Idrokingdan, zehningdan, ko‘ksingdan edi.

Xalq dardiga qo‘shilib nola ham tortding,
Yetimlar diydasidan ko‘z yoshin artding,
Tole seni do‘stlardan ajratgan damlar Sen
Homidning1 shu baytin derding serkadar:
«Evoh, na yer, na yor qoldi,
Ko‘nglim to‘la ohu zor qoldi!»
Ammo...
Xulqan o‘zgacha manzillar uchun,
Tug‘ilganding kulgilar, hazillar uchun,
Quvonchlar, muloqotlar va to‘ylar uchun,
Qalaming bag‘ishlagan obro‘lar uchun.
Kurashlarning qizg‘in dabdabasini,
Muhabbatning ko‘p asov jazavasini
Hayot degan kitobdan o‘qib olganding,
Chiroy gulin chakkangga taqib olganding.

Ko‘p sog‘indim, o‘rtoqjon, ko‘p sog‘intirding,
Nogoh ketding, shodliklar uyin yondirding.
Go‘yo sensiz oy emas ko‘kda porlagan,
Go‘yo kuyov emas u to‘yga chorlagan.
Ko‘p sog‘indim, o‘rtoqjon, azbaroyi haq,
Hali o‘tmay to‘qson kun, shu zahotiyoq
Senga aytar gaplarim, hasratim cheksiz,
Davrimizda o‘rning bo‘sh, kimsasiz, o‘ksiz.
Dardlar borki, zamona unuttiradi,
Uchqun yanglig‘ o‘chadi bir on lipillab.

Ammo shunday dard borki, kuyib turadi
O’rmondagi gulxandek doim lovillab.
Ha, yillar so‘nib qolmas, to‘xtamas karvon,
Sovimas she’rimizda harorat - hovur,
Do‘stlaring noming bilan yo‘l bosar hamon,
Ammo yurmas saflarda ikkinchi G’afur,
Ko‘p sog‘indim, o‘rtoqjon, bir oz gaplashsak,
Burungidek Xadradan tushib O’rdaga,
Yayov yurib muzdayin pivo ho‘plashsak,
Navoiyning kalomin solsak o‘rtaga...

Yeri aziz, qaydasan, qaydan qidiray?
Hasrat to‘lgan xatimni qayga yuboray?
Tanaffus cho‘zildimi, Vaqt uzildimi?
Yo xazon nafasidan gul to‘zidimi?
 Qaydasan, ey qadim do‘st, eshitgin meni!
Shahringning menga ayon bo‘yi va eni.
«Arpapoya 1»danmi axtaray seni?
Yo‘q, unda egasining o‘chibdir uni.
Yo samoda, jannatda yotibsanmi tinch?
Yo‘q, u joyga bormaysan chaqirsalar ham.
Qaerdasan, nido ber, senga shu o‘tinch!

Ko‘ngillarni kemirib ezmokda-ku g‘am.
O’lim shunday bir mulkki, sultoni jimlik,
Unda tovush chiqarmay yotar fuqaro.
Qaro zulmat u joyda qilar hokimlik,
Shu tufayli o‘limning tug‘i ham qaro.
Oh, ufklar kuychisi, sen yotgan mozor
Qorong‘u bir maskandir, eshiksiz va tor!
Bilmam, qanday chidaysan sovuqqa, o‘rtoq!
Bosh ustida yostig‘ing zil-qattiq tuproq.
Yo‘q, o‘rtoqjon, yo‘q, do‘stim, shoiri a’zam,
«Chig‘atoy»da ko‘milib ketmading hech ham.
Adresingni angladim, adresing ma’lum:
Adresing yuraklarning aynan to‘rida.
She’rga qo‘l tegizma, yo‘kol, ey o‘lim!

Shoirning soyasidir yotgan go‘rida.
G’afur, bayting zarb bo‘lib million dilga
So‘zing ko‘char masaldek tillardan-tilga.
...Ammo bejo bo‘lsaydi shu g‘amgin she’rim,
Oh, naqadar bo‘lardim xursand va xurram.
Agarda, sen noxosdan (bo‘lsin deb irim) –
Qopqada gudok chalib tanish mashina, -
Menga mehmon qo‘nsayding bir oqshomgina.

KO’ZLAR

Qancha nafis edi uning nigohi,
Suzilib boqqanda u goh-gohi –
O’ylardim go‘zallik bilan ko‘zlarning
Azaldan o‘qilgan mangu nikohi...

YAXSHILAR QADRI

Do‘stlar, yaxshilarni avaylab saqlang!
«Salom» degan so‘zning salmog‘in oqlang.
O’lganda yuz soat yig‘lab turgandan, -
Uni tirigida bir soat yo‘qlang!
 
« Oldingi   Keyingi »

E'lonlar

Kitob qidirish
Qidirish: 
Sarlavhasidan qidirish: 
Nomidan qidirish: 
Statistika
A'zolar : 4073
Yangiliklar : 8817
Veb linklar : 44
Tashrif buyurganlar : 39607896

Do‘stlarimiz
"Yoshlik" jurnaliga obuna bo'ling!
Ayol.uz

Sayt rivojiga hissa