OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘tkir Hoshimov. «Hayajonlanmang» (hikoya)

Mashoyixlar bilib aytgan ekan: do‘stning eskisi, xotinning yangisi yaxshi bo‘larkan. Yangi xotin degani-chi, yangi kalishga o‘xsharkan, vey! Issiqqina, yumshoqqina. Torgina... Avvalgi xotini sigirmijoz edi. Lapanglab yuradimi-ey, ovqatni pishillab yeydimi-ey... Bunisining yurgani bilin-maydi-ya! Mushukka o‘xshaydi, baraka topgur! Biram odobli, biram mehribon! Ikki gapning birida «jonim» deydi.
Unsizgina pildirab keladi-da, tizzasiga o‘tirib oladi. Tizzasiga o‘tiri-i-i-b, tomog‘ini yalaydi. Shunday qilsa, erkak kishining asabi orom olarmish. Do‘xtir-da, biladi... Avvalgi eri shundoq xotinning qadriga yetmagan ekan, nomard!
Mana, bugun ham divanda o‘tire-e-eb, «Salomatlik» jurnalini o‘qiyotgan ekan. Eri eshikdan kirib kelishi bilan muloyim tovushda so‘radi:
—  Yaxshi keldingizmi, jonim?
—  Yaxshi, - dedi er, - bugun majlis bo‘ldi.
—  Hayajonlanmang, jonim, hayajonlanmang, - dedi xotin. Er hayron bo‘ldi.
— Hayajonlanayotganim yo‘q. Ishxonada majlis bo‘ldi. Majlisda...
— Ana, yana hayajonlanyapsiz! Majlis bo‘lsa bo‘pti-da! Shungayam hayajonlanish kerakmi?
— Hayajonlanayotganim yo‘q, axir! - dedi er battar hayratlanib.   
— Qo‘ying, jonim, arzimagan majlis deb hayajonlanmang. Bir marta gapimga kiring. Iltimos, hayajonlanmang!
—  Hoy, baraka topgur, hayajonlanayotganim yo‘q!
— Ana, qo‘lingizni paxsa qilyapsiz. Birinchi stadiya. - Xotin uning ko‘ziga diqqat bilan tikildi. - Nima keragi bor ortiqcha hayajonni! — Hayajonlanayotganim yo‘q, dedim-ku! -Er ingrab yubordi. — Hayajonlanayotganim yo‘-o‘-o‘q!
— Ovozingiz titra-a-ab chiqyapti. Demak, hayajonlanyapsiz. Odam hayajonlansa, yurak tez uradi. Yurak tez ursa, tomirdagi qon oqimi kuchayadi. Hayajonlanmang, jonim, hayajonlanmang! O’tiring, tomog‘ingizni yalab qo‘yaman. Faqat hayajonlanmang!
—  Hayajonlanayotganim yo‘q, inson, hayajonlanayotganim yo‘-o‘-o‘q!
—  Ko‘rdingizmi, ovozingiz borgan sayin baland chiqyapti, jonim. Odam qattiq hayajonlansa shunaqa bo‘ladi. Avval ovozi titrab chiqadi. Keyin balandlashadi. Qon oqimi quchaysa, adrinalin ko‘payadi. Andrialin ko‘paysa, bosim ko‘tariladi. Bosim ko‘tarilsa, qon tomirlari zo‘riqadi. — Xotan azza-bazza yalindi.  — Xo‘p deng, jonim, hayajonlanmang!
Er tizzasini mushtladi.
— Hayajonlanayotganim yo‘q, deyman-a, hayajonlanayotganim yo‘q!
— Ana, baqiryapsiz! Ko‘zingiz bejo... Ikkinchi stadiya! Qon tomirlari zo‘riqsa, asab tolalari o‘ladi. Asab tolasi o‘lsa, odam insult bo‘ladi: falaj! Ko‘zi g‘ilay bo‘li-i-ib, og‘zi qiyshayi-i-b qoladi. Oyoq-qo‘li ishlamay qoladi. Men psixiatrman-ku, jonim, bilaman-ku! Xo‘p deng, hayajonlanmang!
- Hayajonlanayotganim yo‘q! - dedi er bo‘kirib. - Hayajonlanayotganim yo‘q, g‘alcha, hayajonlanayotganim yo‘-o‘-q!
-  Og‘zingizdan ko‘pik chiqa boshladi. Uchinchi stadiya! Falaj bo‘lsangiz undan nari-ya, jinni bo‘p qolsangiz... Xo‘p deb qo‘ya qoling, jonim, hayajonlanmang!
-  Nima? «Jinni?» Kim jinni?! - Er avval stolni mushtladi. Keyin qo‘shqo‘llab sochini yula boshladi. - Hayajonlana-yotganim yo‘q! Do-o-od! Voyd v-a-od! Hayajonlanayotganim yo‘-o‘-o‘-q!
... Hushiga kelib qarasa, xotin narigi xonadan kimgadir telefon qilyapti.
- Allyoyoyo, bu jinnixonami? Florochka, o‘zingmisan, jonim? Hayajonlanma-a-a-ay o‘tiribsanmi? Erimga necha marta aytyap-man: hayajonlanmang, hayajonlanmang, desam, bu yana hayajonlanyapti. Peshonam qursin, avvalgi erim ham hayajonlanib-hayajonlanib, uch oyda jinni bo‘p qoluvdi. Bunisi bir oygayam bormaydi shekilli?.. Nima? Yo‘-o‘-o‘q, u yog‘ini o‘ylab qo‘yganman. Gugurt, pichoq, bolta - hammasini bekitib tashlaganman. Nima deding? Voy, sening eringni uje opkelishdimi? Yana bitta koyka tayyorlab qo‘y, jonim! Erta-indin menikiyam borib qoladi-yov...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.