OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘tkir Hoshimov. Hurkitilgan tush (hikoya)

«Ko‘ngil vayron bo‘lishi uchun taqdirning ojizgina zarbasi kifoya».
S. Sveyg.


Tishlari to‘kilgan kemshik bola edim. Soy bo‘yidagi o‘tloq biz — bolalarning «katta yerimiz» edi. Har kuni erta bilan oyim chiyduxoba shimimning cho‘ntagiga yarimta zog‘ora, bir bo‘lak qaynagan lavlagi solib berardi-da, shoxsiz, yuvosh echkimizni yetaklab «katta yer»ga jo‘nardim. Ovozi do‘rillab qolgan Melivoy ko‘k ko‘zni aytmasa, hammamiz yosh bolalar edik. O’tloq yonidagi ikki tup azim tol bizning ovunchog‘imiz edi. Bahor kelishi bilan bolalar tol novdalaridan hushtak yasashar, qizlar bo‘lsa bargak taqib, daraxt soyasida cherta o‘ynashardi.
Bir kuni oramizga yangi mehmon — Halima degan qizcha qo‘shildi. Uning qishlog‘imizga kelganini hammadan avval men bildim. Kechqurun oyim dadamga aytgan gapini eshitib qolgandim.
— Hakim sassiq shaharga borib qizini topib kelibdi. Xotinining boshiga itti kunini solibdi. «O’zing-ku, sharmandalik qilding... Mayli, sen o‘sha topganing bilan bulaver. Menga qizimni ber», debdi...
Hakim sassiq urushdan kelgach, polizda brigadir bo‘lib ishlardi. Men uni yomon ko‘rardim: bir marta echkim poliziga kirib ketganida meni ikki tarsaki urgan. Oyimning gapidan hech nima tushunmagan bo‘lsam ham, Hakim sassiqning qizini ko‘rgim keldi. Ertasiga ko‘rdim ham...

* * *

O’sha kuni ertalab momaqaldiroq bo‘lib, jala quygani esimda bor. Oyim odatdagiday echkining yelin qopini bog‘lab (bo‘lmasa bolasi emib qo‘yardi) arqonni qo‘limga tutqazdi:
— Yaxshilab to‘yg‘iz!
«Katta yer»ga yetib kelgunimcha havo charaqlab ochilib ketdi. Echkining arqonini yechib, mollarga qo‘shib yubordim-da, tol tagida to‘dalanib turgan bolalar yoniga keldim.
O’rtada urushda o‘lgan dadasining kattakon beqasam choponini kiyib olgan Melivoy yonboshlab yotar, yalang oyoq bolalar uning atrofida o‘tirib olib nimagadir xoxolab kulishardi.
— Hakim sassiqning qizini ko‘rdingmi, Anvar? — Melivoy yaqin kelishim bilan do‘rillab so‘radi. Keyin qo‘lidagi tol yog‘och bilan imo qilib ko‘rsatdi. — Dadasiga o‘xshagan daroz ekan.
Bolalar tag‘in baravariga kulib yuborishdi. Tolning panasida turgan novcha qizaloqni endi ko‘rdim. Uning katta-katta ko‘zlari ma’yuslik bilan javdirar, nima qilishini bilmay, kalishining uchi bilan maysalarni ezg‘ilardi.
Melivoydan hammamiz qo‘rqardik, u hech kimni ayamasdi. Lekin hozir u qizni masxara qilishi alam qildi menga.
— Daroz bo‘lsa senga nima? — dedim alamimdan chiyillab.
Halima yalt etib menga qaradi-yu, indamadi. Melivoy birpas baqrayib turdi-da, tayog‘ining uchi bilan soy tomonni ko‘rsatdi.
— Bor, buqamni qaytarib kel! Sening galing keldi. U har doim molini bizlarga qaytartirardi. Nimagadir bu safar o‘jarligim tutdi. Soy bo‘yiga tushib ketgan qora buqaga qarab qo‘ydimu:
— O’zing qaytar! — dedim.
— Shunaqami? — Melivoyning ko‘k ko‘zlari olayib ketdi. Irg‘ib o‘rnidan turdi-yu, qo‘lidagi tayoqni baland ko‘tardi. Hozir yelkamga kaltak tushishini bilib, qo‘rquvdan ko‘zlarimni yumib oldim. Ammo kaltak tegmadi. Bir mahal ko‘zimni ochib qarasam, Halima tayoqni ingichka tizzasiga tirab, sindiryapti.
— Buzuqning bolasi! — dedi Melivoy unga qarab. Halimaning labi pirpirab, yig‘lab yuboray deyotganidan bu yomon gap ekanligini tushundim.
— O’zing buzuqning bolasi! — dedim baqirib. — Ko‘k ko‘z! Ko‘k qarg‘a!
... O’sha kuni «katta yer»ning xo‘jayini — Melivoyning buyrug‘i bilan «qiz bola» degan laqab oldim. Echkimni ham soyning narigi betida boqadigan bo‘ldim.

* * *

Bolalar orasiga qaytgim kelardiyu, «ko‘k qarg‘a»dan qo‘rqardim. Faqat bir narsaga xursand edim: Halima ham ola sigirini men bilan birga boqardi. Keyin bilsam, u mendan uch yosh katta ekan. Kun bo‘yi ikkalamiz chillak o‘ynardik. Halima bu o‘yinda o‘g‘il bolalardan qolishmasdi.
Yozda tag‘in bir odat chiqardik. Har kuni peshinda soy bo‘yida olov yoqib, qo‘riga ikkitadan kartishka ko‘mib yeydigan bo‘ldik. Bir gal u, bir gal men uydan kartishka olib kelardik.
Cho‘g‘da qop-qorayib pishgan kartishkani shosha-pisha artib, og‘zimiz kuyishiga qaramay yeb olishdan lazzatliroq narsa yo‘q edi bizga.
Hech esimdan chiqmaydi. Bir kuni o‘sha totli tushlikni yeb bo‘lib, maysalar ustiga chalqancha yotib oldim. Tubsiz osmonning bir chekkasida ko‘pikday oppoq bulutlar ohista suzib yurar, baland-balandlarda jajjigina bir to‘rg‘ay turgan yerida tipirchilab, shodon sayrardi...
Halima yonimda o‘tirib olib, o‘tlardan «ajina kovush» to‘qir, uzun-uzun barmoqlarinig shunchalik chaqqon harakat qilishiga hayron qolardim. Birpasdan keyin u ingichka, past tovushda ashula ayta boshladi.
«Ochil-ochil oq toshlar-a...
Men onamni ko‘rayin-a...
Diydoriga to‘yayin-a...»
Uning sekin xo‘rsinganini etnitdim. Zum o‘tmay yana qaytardi.
«Oyijonim...
ko‘rayin-a
Diydoriga...»
Keyin birdan jim bo‘lib qoldi. Allanimadan qo‘rqqanday, sekin boshimni ko‘tarib qaradim. Halimaning katta-katta, qop-qora ko‘zlari jiqqa yosh edi.
Nima qilishimni bilmay, dovdirab qoldim.
— Yig‘lama, — dedim yalinib. — Yig‘lamagi-in...
Halima qo‘lidagi «ajina kovush»ni uloqtirib yubordi-da, qizil chit ko‘ylagining etagini qayirib, ko‘z yoshini artdi.
Arpaga o‘roq tushdi. Endi bizning ham ishimiz ko‘payib qolgandi, har kuni mashoqqa borardik. O’sha kuni peshingacha ikkalamiz bir to‘rvadan mashoq terdik. O’roqchilar narigi adirga o‘tib ketishgan, qizib yotgan arpazorlarni quyosh yondirardi.
— Yur, soydan suv ichib kelamiz, — dedim to‘rvachamni orqalab.
— Polizga borib qovun yemaymizmi?
— Dadang bermaydi-da, — dedim ishonmay.
— Beradi, beradi, — Halima qo‘limdan ushladi. Chopib ketdik. Soy bo‘yidan yurib poliz yoniga yetib borganimizda to‘xtab qoldim.
— Qo‘rqma! — Halima sudraguday bo‘lib poliz ichiga yetaklab kirdi. Pushtalar ustida yumalab yotgan katta-katta qovun-tarvuzlarni ko‘rib ko‘zim o‘ynardi. Lekin chayla yoniga yaqin borganda qo‘rqa-pisa yana to‘xtadim. Chayla soyasida Hakim sassiq bilan tabelchi To‘lash aka chordona qurib o‘tirgancha kosa qilingan bosvoldini yeyishardi.
— Dada, bizgayam qovun berasizmi? — Halima avval menga, keyin dadasiga qarab qo‘ydi.
Hakim sassiq qizarib ketgan ko‘zlarini menga qadagan edi, urgani esimga tushib ketdi. O’shanda ham ko‘zlari shunaqa qip-qizil edi.
Birdan To‘lash aka og‘zini katta ochib, xoxolab kula boshladi. Yakkam-dukkam tishlari orasida yarim chaynalgan oppoq bosvoldi bo‘lagi ko‘rindi.
— Sassiq! — dedi u og‘zini to‘ldirib. — To‘yni boshlayversang ham bo‘larkan. Mana kuyov bolayam tayyor. — Keyin yana xoxolab kuldi.
Hakim sassiq labining bir chekkasi bilan iljayib qo‘ydi. Hayron bo‘lib, Halimaga qaradim. U ham ko‘zlari javdirab, atrofga alanglar, hov o‘shanda — Melivoydan so‘kish eshitganda qandoq qilgan bo‘lsa, hozir ham o‘shanday, kalishining uchi bilan yer chizardi.
To‘satdan miyamga bir nima urilganday bo‘ldi. Ular men bilmaydigan, yomon bir narsa to‘g‘risida gapirishayotganini tushunib qoldim. Sekin burildimu, yig‘lagancha chopib ketdim. Katta-kichik qovunlarni bosib, pushtalar ustidan sakrab-sakrab borarkanman, yelkamdan og‘ir bir narsa bosib tushayotganini anchadan keyin bildim. Boshoq to‘la xaltam ekan. Uni ham uloqtirdimu soy bo‘yiga yugurdim.
...Aqlimni taniganimdan keyin bilsam, men shirin, beg‘ubor tush ko‘rayotgan ekanman-u, To‘lash bir og‘iz gapi bilan ustimdan muzday sovuq suv quyib, uyg‘otib yuborgan ekan. Men bo‘lsam mana shu tush uzoq, juda uzoq davom etishini xohlardim. O’sha-o‘sha Halimani boshqa ko‘rmadim, nimagadir ko‘rishni xohlamadim ham. Keyin eshitsam, shaharga — oyisining yoniga ketib qolibdi.

* * *

Kecha panorama kinoteatri yonida Halimani ko‘rib qoldim. Agar o‘zi chaqirmasa, tanimasdim. U yo‘lkadan kolyaska yetaklab borardi. Qiziq, Halima meni qanday taniganiga hayronman... Arg‘uvon tagidagi skameykada o‘tirib gaplashdik. Halima turmush quribdi. Eri aspirant, o‘zi vrach ekan.
— Bu — ikkinchi o‘g‘lim, — dedi u aravachada uxlab yotgan shiringina chaqaloqni ko‘rsatib. Anchagacha jim o‘tirganimizdan keyin sekin xo‘rsindi.
— Qandoq yaxshi opa-uka edik-a... Qarang, o‘n olti yil o‘tib ketibdi.
Men uni sizlashni ham, senlashni ham bilolmay ikkilanib qoldim.
— Haliyam qo‘rga ko‘milgan kartishkani yaxshi ko‘rasizmi? — dedim anchadan keyin.
— Haliyam yosh bolasiz-a, Anvar... — u kuldi. Bu o‘sha — o‘zimga tanish, opalarcha mehribon kulgi edi.
Yuragimning bir burchida sog‘inch tuyg‘usi jo‘sh urib ketdi. Rost-a, qandoq opa-uka edik-a!.. To‘lash aka o‘shanda nimagayam shunaqa dedi-a?

1966 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.