OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘tkir Hoshimov. Nega? Nega-a-a?! (hikoya)

(Sho‘rolar boshlagan bemaqsad afg‘on urushi qurbonlariga bag‘ishlanadi.)


Trolleybus silkinib qo‘zg‘aldi.
— Keyingisi — Beshinchi mavze! Pattalarni chekichlashni unutmanglar. Yo‘lda nazoratchi bor.
Hamidulla o‘rta qatordagi o‘rindiqda o‘tiribdi. Deraza oldida.
«Qo‘rqadi nazoratchilaringdan! Student anoyi ekan-da, tutqich beradigan. Yarmi sambochi, yarmi karatechi! Shunaqa deydi-ku, keyingi paytda nazoratchilar ham kooperativ tuzgan. Pattasiz odamni ushlasa naqd uch so‘mni qurtdek sanab oladi. Bir so‘mi davlatga, ikki so‘mi o‘ziga. Bir gal o‘zi ham qo‘lga tushdi. Kap-katta odam. Uyat-e! Palakat bosib, pattasi tugagan ekan... Bir emas, to‘rtta hirsday yigit atrofingni o‘rab turgandan keyin ilojing qancha! To‘laysan! Ularniyam bilgani-bilgan. Bir kunda ellik kishini ushlasa, cho‘ntagiga yuz so‘m tushib turibdi. Har bittasiga yigirma besh so‘mdan. Qornini og‘ritadimi?»
— Eslataman, yo‘lda nazoratchi bor.
«Quloq soladi gapingga! Ichida so‘kayotgandir hammasi».
Bunaqa paytda markaz tomonga odam kam bo‘ladi.
Trolleybus tiqilinch emas. Har kuni bitta yo‘ldan yuraverganingdan keyin o‘rganib ketarkansan. Sakkiz yildan beri shu. (Qamoqdan qaytganidan buyon.) Qoraqamish «ikki-bir»dan (topgan nomini qarang: «ikki-bir»mish, o‘lsin agar, odamning tili kelishsa) sekin yo‘lga tushadi. Bitta-bitta yur-e-eb Studentlar shaharchasiga keladi. Trolleybusga o‘tirib, (ertalab joy bemalol-da) O’rdagacha boradi. Ishiga. Oshxonaga. Kechqurun shu yo‘ldan orqaga qaytadi. Qoraqamishga. Uyiga. «Shef» — insofli odam, Oxun aka. Ishga undan oldin borib turadi. «Chaqqon-chaqqon qimirlaydu, Hamidullaxon! Hali zamon lag‘monxo‘rlar klido‘».
«Kontrolyor ko‘rinmaydimi? Daf bo‘lsin. Bolalarga achinadi-da, odam. Studentga uch so‘m kichkina pulmi? Shunaqa-ku, yelkasiga magnitofon osib, chiroyli-chiroyli qizlarni qo‘ltiqlab yuradigani qancha. Magnitofonga yetgan pul pattaga yetmaydimi? Yo‘-o‘q, olmaydi. Yuradi otasining soyai davlatida magnitofon varanglatib! Ota sho‘rlik o‘g‘lim Toshkentdek shahri azimda o‘qiyapti, olim bo‘lib keladi, deydi. Oftobda yelkasi yag‘ir bo‘lib ketmon uradi. Nasibasidan qiyib jaraq-jaraq pul jo‘natadi. Bular bo‘lsa... — O’rgildim obberadigan shaharingdan! Xudoga shukr, Rahmatillasi yaxshi bola chiqdi. Ichmaydi, chekmaydi, yomon yo‘lga yurmaydi. Uyam shu yerda o‘qirdi. Biofakda. Birinchi kursni bitirib armiyaga ketdi. Nasib etsa, keladi erta-indin». Obbo! Yomg‘ir boshlandi-ku... Qamalishiga yomg‘ir sababchi bo‘lgan. Yog‘irmas-ku, xo‘jayini. «Volga» haydardi. TNO. Ministrni olib yurardi. O’sha kecha xo‘jayin idorada ancha o‘tirib qoldi. Keyin tag‘in «bir joyga» bordi. «Severo-Vostok»dagi to‘qqiz qavatli uy tagida Hamidulla motorni o‘chirib, uzoq o‘tirdi. O’rganib qolgan. Avval ham ko‘p kelishgan, «Severo-Vostok»ka... Keyin xo‘jayinini uyiga oborib qo‘ydi. Yarim kechadan oshgan edi. Yomg‘ir yog‘ib turuvdi. Hamidulla shoshilardi. Rahmatillaning tug‘ilgan kuni edi. O’n yoshga chiqqan kuni. Palakatni qarang: plash kiygan odam ko‘chani kesib o‘tayotganini kech payqabdi... Ertasiga xo‘jayini uni yupatdi... «O’zi stovosmoy, piyonista ekan. Oyog‘i sinibdi. Baloyam urmaydi. Kasalxonaga oborib yaxshi qipsiz. Sizga hech nima qilmaydi. Men borman. Faqat, bitta iltimos, birov so‘rasa «anovi yoqqa» borganimizni aytmaysiz. Uchta bolam bor, tirikchilik ekan, jinday kirakashlik qilayotgandim, deb qo‘yaqolasiz». Hamidulla xo‘jayin aytganini qildi... Ikki yilga kesishdi. Bir begunoh fuqaroga og‘ir tan jarohati yetkazgani uchun, davlat mashinasidan o‘z shaxsiy manfaati yo‘lida foydalangani uchun. Axloq tuzatish koloniyasiga hukm qilishdi. Axloq tuzatarmish! Nachora, peshanada bor ekan. Xotini qon-qon yig‘ladi, xo‘jayinning oldiga borsa, sekretari kirgizmabdi. Bunaqa paytda odam chodirxayol bo‘lib qolarkanmi, suddan keyin xotiniga aytdi. «Yoshsan, mabodo ko‘ngling bo‘linsa... boshqa birovga... mayli...» (Kerakmidi shu gap?) Xotinining ko‘zi g‘azabdan yonib ketdi. «Undan ko‘ra o‘ldirib ketaqoling!» Keyin o‘g‘li bilan gaplashdi. Rahmatilla uchinchi sinfda o‘qirdi. Esini tanib qolgandi. Boshiga ish tushganda odam aqlli bo‘lib ketarkanmi, Hamidulla xo‘p dono gaplar aytdi. «Sen endi katta yigitsan, o‘g‘lim. Oilada sendan boshqa erkak yo‘q. Opangga yordam ber, singillaringni boshini sila». O’n yashar bola onasiga qanday yordam beradi-yu, singillarini boshini silash uchun nima qilishi kerak?.. Nima desin? Bir nima deyish kerakmidi, axir? O’ylab turdi-da, qo‘shib qo‘ydi. «Ikki yil nima? G’iz etadi, o‘tadi-ketadi. San o‘g‘lim, xapa bo‘ma». O’g‘lining yig‘lab yuborishidan qo‘rqar edi. Agar Rahmatilla yig‘lasa o‘ziyam... Yo‘q, o‘g‘li yig‘lamadiyam, gapirmadiyam. Yerga qarab turaverdi.
Surxondaryo tomonda «axloqini tuzatishdi». Temir yo‘l yaqinida. Qora paxtalik kiygan aristonlar... Kechalari og‘ir g‘o‘ng‘illagan samolyotlar, muttasil taraqa-turuq qilib o‘tadigan yuk poezdlari... Avvaliga yarmi ochiq vagonlarga ortilgan yuklarning usti brezent bilan o‘rab qo‘yilgani uchun hech balo ko‘rinmasdi. Keyin brezent qoplamasiz tashiydigan bo‘lishdi. Tanklar, zambaraklar, BTRlar. Koloniyada siyosiy axborot bo‘ldi. Imperializm malaylari Afg‘oniston demokratik respublikasidagi Savr inqilobini bo‘g‘ib tashlamoqchi bo‘pti. Shonli sovet jangchilari o‘zining internatsional burchini sharaf bilan bajarishga kirishibdi.
...O’shanda Hamidulla hech nimani o‘ylamadi. O’ylab nima qiladi? Shu padaringga qusur ikki yilni omon-eson o‘tkazsa, uyiga, xotinining, ikkita norasida qiza-log‘ining oldiga borsa, o‘g‘lini ko‘rsa bas. Mashina degan palakatning rulini ushlagan nomard! Duch kelgan yumushni qilaveradi. Zo‘r kelsa, Eski shahardagi mardikor bozoriga borib, g‘isht quyadi, hammolchilik qiladi. Ammo lekin bolalarini birovga zor qilib qo‘ymaydi. Qarang, bir narsa yetti uxlab tushiga kirmabdi. Oy o‘tadi, yil o‘tadi, payti kelib sening o‘g‘ling ham Afg‘onistonga boradi, internatsional burchini bajaradi...
«Boshi toshdan bo‘lsin ishqilib. Ko‘pi ketib, ozi qoldi».
— Chekichlamaganlar o‘zidan ko‘rsin. Uch so‘m jarima to‘lasa xotiniga paypoq ololmaydi, uyida janjal bo‘ladi.
«Obbo! Shang‘illaverarkan-da, bu xotin, qo‘limga mikrofon tegdi deb!»
«G’uncha». Nominiyam topganmi? Mayli, buyam bolalarga bir ermak-da. «Nu, pogodi» desa, jonini beradi. Bo‘rini aytmaysizmi, bo‘rini! Voy, qistaloq!»
Ota hovlisi shu yerda edi. Suv bo‘yida. Zilziladan unchayam shikast yetmadi. Bolaxonaning sinch devoridagi guvalalar to‘kilganini aytmasa... Hamidulla o‘shanda hali uylanmagandi. Shofyorlik kursini endi bitirgandi. Aslida-ku, tarixchi bo‘lmoqchiydi. Universitetga kirishni orzu qilardi. «Kitob o‘qigin, ha-a, o‘qiyver, yog‘i chiqadi! Otangni bekitib qo‘ygan g‘aznasi bor! Qaynab chiqyapti. Seni uylantiradi, bola-chaqang bilan qo‘shib boqadi! Tur o‘rningdan, qulupnayni chopiq qil! Ertaga bozorga opchiqib sotsang, kuningga shu yaraydi!» (Otasining asabi chatoq edi.) Zilzila bahonasi bilan «buzdi-buzdi» boshlandi. Bu yerda ko‘p qavatli muhtasham binolar qad ko‘tarar emish. Osmono‘par qasrlar... Urushda bir oyog‘ini tashlab kelgan otasi qo‘ltiqtayog‘ini do‘qillatib, e, yugurdi-ya! Raykom, rayispolkom, gor-ispolkom...
Hamidulla otasining cho‘ltoq oyog‘ini ko‘p ko‘rgan. Chap oyog‘ini... Tizzadan yuqorisi saqlanib qolgan oyoq allaqanday ingichka tortib ketgan. Uchi to‘mtoq, ko‘kimtir qizg‘ish rangda. Shimining pochasini qayirib, oqarib ketgan eski qayishiga qistirib oladi-da, hakkalab borib devorga tirab qo‘yilgan qo‘ltiqtayog‘iga yopishadi. «Rezinkasi yeyilib ketibdi, — deydi to‘ng‘illab. — Bu onangni... aptekada topilsa ekan!» Hassasini do‘qillatib, hov-liga tushadi. «Kerak bo‘lsa Moskvagacha boraman», — deydi allakimga dag‘dag‘a qilib. — Ko‘kcha mozorida otam yotibdi, onam yotibdi! Ota-buvamdan qolgan uyni buzadiganniig boshi o‘nta. Ana, qo‘lidan kelsa remont qib bersin! O’ligim shu yerdan chiqadi. — Ikkala hassatayog‘ini yerga baravar uradi — shu yerdan! Ispolkomdagi jipiriqqa gapirsam, bezrayadi. «Mayli, buzadigan yerdan joy oling, uch yildan keyin shu mahalladan dom beramiz», deydi. Uch yilgacha onangni chorbog‘ida turamanmi? «Bo‘lmasa, Qurbaqaoboddan uchastka oling»mish. Qurbaqaobodi yerning kindigida bo‘lsa, tilladan tog‘im bormi, bir chetidan ushatib imorat quradigan. Yo‘q, Moskvaga boraman. Uchinchi Ukraina frontining jangchisi, Vatan uchun qon to‘kkan «Shuhrat» ordeni kavaleri xor bo‘ldi, deyman. Uyim bosib tushgani yo‘q, remontiyam boshida qolsin, buzmasin, deyman. Domini pishirib yesin, deyman».
Otasining yelib-yugurishlari shu bo‘ldiki, uylarida chiroq o‘chib qoldi. Gaz kelmay qo‘ydi. Mahalladagi o‘ttiz ikki xonadon «dom»ga ko‘chishga rozi bo‘pti. Yigirma bitta oilaga Qurbaqaoboddan yer berilibdi. Sakkiz xonadon «buziladigan yer»ga rozi bo‘lib, qarindoshlarinikiga ko‘chib ketibdi. Uylarga buldozer qo‘yildi.
— O’lsin-ey! Muncha imillaydi bu! Aksiga oladi o‘zi. Soatingiz nechchi bo‘ldi, amaki?
«Amaki-ya! O’zining yuzi tegirmonchiiing mahsisiga o‘xshaydi-ku, amaki deydi. Upaniyam bearmon chaplabdimi? Qarilikni bo‘yniga olsa o‘ladi bu xotinlar! Ming so‘mlik palto kiyib, gul ko‘tarib yurgandan ko‘ra ikki so‘mning bahridan o‘tsang, joniqib kutayotganingning oldiga o‘n minutda borasan. Ana, ko‘cha to‘la kooperativ taksi».
— Soatim yo‘q, xola! Manda soat nima qilsin. Po‘ristoy odam bo‘lsam.
«E, o‘l-a! O’zing ham ja tajangsan-da! Yosh bo‘lgisi kelsa nima qilsin bu sho‘rlik ...Qo‘ndoqda tekkanda. Go‘ring nurga to‘lgur otang ham shunaqa kajbahs edi... Qiziq, bugun otang tushingga kiribdimi? Qamoqda yotganingda o‘lib ketgan otang? «Qo‘ltiqtayog‘im qani, nega yo‘qotding», deb baqiribdimi?»
Tavba, otasi mayka-tursida emish. Kesilgan chap oyog‘i nuqul dikillarmish. «Top! Hozir topasan tayog‘imni, bo‘lmasa o‘rtoq Brejnevga boraman, men frontovikman, deyman! Sen ham arzimga quloq solmasang, lichna Oliy Bosh qo‘mondonning o‘ziga arz qilaman, dermish. «E odamning tushiga nimalar kirmaydi?»
«Hamza teatrimi? Afishani qarang, afishani! «Xalqlar jallodi». «Ertaga premera!» Qoyil! Ertaga odamlar yangi tomosha ko‘radi. Stalinni so‘kib-so‘kib chiqadi. Yashavor, shovvoz. Tirikligida dohiy yasaysan, o‘lganidan keyin go‘rdan olib, go‘rga tiqasan...
Ana, telestudiyadan ham o‘tdik. Shu... televizorni o‘ylab topganniyam otasiga ming rahmat-e! Uyingda indiyskiy choyni ichib yonboshlab yot-e-eb, dunyoni tomosha qilasan. Oynai jahon-da! «Otalar so‘zi»ni ayting. Dilingdagi gapni topadi-ya. Baraka toping-e, otaxon! O’rtadan andisha ko‘tarildi, odamlarda insof yo‘q... Qarang, televizor degan narsani Toshkentda yasashgan ekan-u, mushuk anovisini bekitganidek shuniyam ovoza qilishmaydi. Ha, endi, Toshkent qoloq bo‘lgan, savodsiz bo‘lgan».
— O’rdada tushmaysizmi, singlim? «Ko‘rdingmi, darrov chehrasi yorishdi. Nari borsa o‘zing tengi xotin kishiga «xola» demasang asakang ketarmidi? Shunaqa-ku, pardoz-andoz qilgan xotinni ko‘rsa... O’zingning xotining boshqacha-da! Yigirma bir yil turmush qilib, bir marta labiga bo‘yoq surmadi-ya. Ikki gapning birida: «Rahmatim kelsa, hafta o‘tmay to‘y qilamiz», deydi. Ko‘rpa-ko‘rpachalar tayyor, kelin sarpolar tappa-taxt. Shu kunlarga yetkazsin. Mayli, hafta, o‘tibmas-ku, bahorda... Umr savdosida bu. Kelinniyam tag-taxtini surishtirish kerak. Ota-onasi kim, avlod-ajdodi kim. Rahmatilla kelishgan bola. Ichmaydi, chekmaydi, yomon yo‘lga yurmaydi. Shundoq bo‘lgandan keyin kelin ham... chiroyli bo‘ladi, esli-hushli, uyim-joyim deydigan bo‘ladi... Ertalab ishga otlanganida, «adajon, choyingiz tayyor, quymoq pishirib beraymi», deydi. E, umringdan baraka top, bolam! Qo‘shganing bilan qo‘sha-qarigin, baxtli bo‘l, qizim! Keyin... Nevarali bo‘ladi. To‘ng‘ich nevarasi o‘g‘il bo‘ladi. (Rahmatilla azamat yigit.) Uxlab yotganida qo‘yniga kirib oladi. Uyg‘onsaki... haligidaqa. «Ie, polvon biz tomonga choptirib yuboribdilar-ku», desa, buvisi yupatadi: «Nevarangiz halitdan buyon tortqilaydi, uyg‘onmaganingizdan keyin jahli chiqdi-da, dadajonisi!» Nevarasi «dadajonisi»ga qarab qiqir-qiqir kuladi...
— Kechirasiz, singlim, o‘tib ketsam... Rahmat... «Voy-bu-u! Atirga cho‘milganmi bu xotin, nima balo, dimog‘ni yoradi-ya! Bola-chaqadan vaqt orttirib pardoz ko‘ngliga siqqani... E, bizni xotinlarni boshidan suv o‘girib ichsang arziydi. Uyim-joyim deydi, bola-chaqam deydi... Xudodan ham o‘rgildim, yaxshi ko‘rgan bandasidan dardini ayamas ekan-da! Bugun tag‘in nolidi: nafa-sim qisyapti, adasi, yomg‘ir yog‘adi shekilli. Yoqqani yaxshi bo‘ldi, shoyad nafasi qisgani o‘tib ketsa. Shoshma, tag‘in nima dedi? «Rahmatingiz tushimga kiribdi, oyog‘im sov-qotib ketyapti, adamga ayting, menga etik olib bersinlar, deyapti. Bolamning joni sog‘mikan?» Xotin kishining tushi teskari bo‘ladi. «Anavi yoqda» yurganida «tushimda o‘lib qopsiz, o‘zingizni ehtiyot qiling», deb sakkiz marta xat yozgan. Rahmatillaga nima bo‘lardi. Baquvvat, esli-hushli bola... Shunaqa deydi-ku bu — Afg‘oniston...» Rahmatillani aeroportda kuzatayotganida qattiq tayinlagan. «O’g‘lim, sen aqlli yigitsan, opangni holi o‘zingga ma’lum... Mabodo Afg‘onistonga tushib qolsang, xatni Termizdan deb yozaver.
Mana, ikki yilki, «Termiz»dan xat keladi. Xotini xursand. Televizorda Afg‘onistonni ko‘rsatsa, tavallo qiladi: «Adajonisi, peshanamiz yaraqlagan ekan, yaxshiyam Rahmatillangiz Termizda xizmat qilyapti»... Televizorni shartta o‘chirib qo‘ysang, xotining, qizlaringni ko‘ngliga gap kelsa... Ko‘raveray desang... Xayriyat, uch kun avval xat keldi. «Termizdan sog‘inchli salom. Adajon, opajon, shirin singillarim — Mahfuza, Feruza... Men sog‘-salomat yuribman, hech nimadan kamchilik yo‘q. Xizmatlar oson. Opa! Mendan xavotir olmang. Dekabrning o‘rtalarida uyga boraman».
Bugun nechanchi? O’n ikkinchi noyabrmi? Bundan chiqdi, uzog‘i bilan bir oydan keyin.
— Keldinizmo‘, Hamidullaxon. Chaqqon-chaqqon qmirlaydo‘...
Xalat qayokda edi? Ha, mana... E, o‘l-a, piyoz ivib qolibdi-ku. Bu shogird bolalar g‘irt ahmoq-da! Arzimagan to‘rtta qopni panaroqqa olib qo‘yishga eringan. Po‘konidan yel o‘tmagan.
— Oxun aka! Bu bolalar...
— Hamidillaxon uka, buyoqqa qarang, siznu bir odam chaqrvatido‘. Vaenni odam...
Voenniysi kim bo‘ldi? Ie, mayor-ku! Savlatidan arava xurkadi. Nima gunohi bor ekan? Qiziq, quchoqlashga balo bormi?
— Kechirasiz, o‘rtoq nachaynik. Men sizni...
— Hamid! Tanimading-a!
«O’rgildim! Shapka kiyganlarga ko‘zing uchib turuvdi! Axloq tuzatish koloniyasida ko‘p ko‘rgansan!»
— Qarasang-chi, yaxshilabroq, «tajang!» «Nima, «tajang» dedimi? Axir bu...»
— Maktab esingdami, tajang? Men — Muhammadminorman.
«Shoshma, shoshma... Axir, bu...»
— Tanidingmi? Muhammadminor... Men — Muhammadminorman.
— Ie, voy, sen-ey! Voy «voenniy-ey!» Shoshma bitta o‘piy! E, shapkangni yechib turgin-da, mundoq Minorka! Mana bu boshqa gap!
Axir, bu Muhammadminor-ku. burni tovuqnikiga o‘xshagani uchun «Minorka» degan laqab orttirgan, maktabni bitirib harbiy bilim yurtiga kirgan, endi senlar bilan yigirma besh yil diydor ko‘risholmayman, deb yig‘lagan Minor...
— Oxun aka! Piyozni bolalar to‘g‘rasin. Biz... bir piyola choy...
— Shoshma, do‘stim, choy-poying kerakmas. Yur bu yoqqa! Vaqt ziq.
«O’h-ho‘! Armiyadagi starshinaga o‘xshab prikaz qiladi-ya, shovvoz! Pogon bor — zakon bor...»
— Gapimni diqqat bilan eshit. Seni zo‘rg‘a topdim. Mayli, gap bundamas. Diqqat bilan eshit. Hozir bir joyga boramiz. G’ing deb ovoz chiqarmaysan. Yomon bo‘ladi, tushundingmi, menga yomon bo‘ladi. Voenvrach sifatida.. Bo‘l tez!
«Nega yomon bo‘ladi? Qanaqa voenvrach? Shoshma, Minor... Muhammadminorning mayorlik pogonida ilon rasmi bormi? Bundan chiqdi...»
— Vaqt ziq! Bugun gospital bo‘yicha men dejurman. ...G’ishtin devor. Panjara darvoza. Devor chetidagi
qo‘ng‘iroq. Muhammadminorga chest berib, g‘oz qotgan serjant...
— Bitta xalat! Srochno!
Hamidulla xalatni ming mashaqqat bilan yelkasiga ildi. Yomg‘ir yog‘yapti. Serdaraxt hovli. Dilni g‘ash qiluvchi pastak g‘ishtin binolar... Ming la’nat, qarg‘a muncha ko‘p! Muncha nolish qiladi, bu maraz maxluqlar!
— Minor! Muhammadminor! Jon do‘stim! Nima gap? Nima bo‘ldi?
— Jim! O’n birinchi blokka boramiz. Kelishdik, ovozingni chiqarmaysan. Qo‘rqma, hammasi joyida. O’g‘ling...
«O’g‘lim?» «Oyog‘i nega chalishadi? Nega mador yo‘q?» «Tezroq! Tezroq!»
Barakka o‘xshash uzun palata... Ikki qator temir karavotlar. To‘shaklar... Oq choyshablar... Kulrang adyollar. Bir-biriga o‘xshash qiyofalar... Hammasi yosh, hamma-si rangpar... Dori isi... «Bannisa» isi... Pastak derazadan tushayotgan xira nur...
— Ana! Sekin... Iltimos, shovqin solma...
— Ada!
Nahot! Nahot shu o‘g‘li bo‘lsa! Aeroportda xayrlashayotganida «mendan xavotir olmanglar» degan, avval onasi-ni, keyin uni quchoqlagan, quchoqlaganida belini qisirlatib yuborgan... Har safar «Termizdan sog‘inchli salom» deb xat boshlagan, «opamga ayting, xavotir olmasinlar» degan, uch kun ilgari «uzog‘i bilan bir oydan keyin boraman», deb xati kelgan... Qani, qani o‘sha o‘g‘li? O’n yasharligida «onangni ehtiyot qil» deganida yig‘lamay yerga qarab turgan, xizmatga ketish oldida devdek yigit bo‘lib yetilgan... Tamom bo‘pti-ku! Rangi dokadek oppoq... Soqol-mo‘ylovi o‘sgan...
— O’g‘lim, jon bolam!
Rahmatilla adyol tagidan qo‘lini chiqarib, uning boshini siladi.
— Yig‘lamang, ada.
Qiziq, nega soqol-mo‘ylovi muncha dag‘al? Nega oqargan? Yo Xudo! O’g‘li o‘zidan qarib ketibdimi?
— Bolam! Nima qildi? Nima bo‘ldi senga?
— Sekin! — Hamidulla yelkasiga kimdir ohista qo‘l bosganini his etdi. Ammo qayrilib qaramadi.
Ajab, o‘g‘lining qo‘llari nega muncha ojiz? Nega qaltiraydi?
— Opamga aytmang, ada! Opamga aytmang... Sizni ko‘rdim... Doktorga rahmat...
Hayajonli hayqiriq yangradi:
— Kordiamin! Sestra, kordiamin! Rahmatillaning yuziga qon yugurgandek bo‘ldi. Hatto... hatto kulimsiradi ham. Otasi buni ko‘rdi. Aniq ko‘rdi!
— Sestra! O’lib qoldingmi? Kordiamin!
— O’g‘lim! Ko‘zingni och! O’g‘lim!
— Nari turing, qoching!
— Yo‘q! Bermayman! Bolamni senlarga bermayman! Rahmatilla!
U jinni bo‘lib qolganga o‘xshardi. (Balki chindan qam esdan og‘gandir.) Shitob bilan adyolni yulqib chetga uloqtirdi.
— Tur bolam! Tur o‘rningdan! Ketamiz! Uyga ketamiz!
Shunda... Shunda, to‘shakning yarmi bo‘sh ekanini payqadi. O’g‘lining ikkala oyog‘i yo‘q edi. Tizzadan emas, undan ham yuqoriroqdan. Ko‘kragidan buyog‘i doka bilan o‘rab tashlangan. Har joy-har joyda qizg‘ishtob dog‘lar. Qotib qolgan qon dog‘lari.
— Qoching, grajdanin. Xalaqit beryapsiz.
— Hamid ket! Tushunsang-chi, do‘stim, menga gap tegadi!
— Yo‘q! — U avval temir karavot qirrasini mushtladi. — Yo‘q! Yo‘q! — Keyin o‘g‘lining soqoli tikandek o‘sib ketgan yuzlaridan o‘pa boshladi.
— Bolam, ko‘zingni och, Rahmat!
O’sha zahoti shilq etib yerga o‘tirib qoldi.
— Nega? — dedi ingrab. — Nega? Insoflaring bormi? Aytinglar, bolam nima gunoh qiluvdi? — Yerga muk tushdi-da, namiqqan taxta polni qo‘shqo‘llab ojiz mushtlay boshladi.
— Nega? Nsga? Nega-a-a-a!!!

1989 yil.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.