OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O'tkir Hoshimov. Qizil qarg'a (hikoya)

(Zamonaviy ertak)


Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim-qadim zamonda, Quramatog‘ tomonda bir Sahoba bo‘lgan ekan.
Kunlardan bir kun Sahoba tog‘dan tushib, hassasini do‘qillatib ketaveribdi-ketaveribdi, chanqab holdan toyibdi. Bir tup sadaqayrag‘och tagiga yetganda hushidan ketib yiqilibdi.
Bir mahal qulog‘iga «qarr-qarr» degan ovoz kiribdi. Hushiga kelib ko‘zini ochsa, sadaqayrag‘och shoxiga bitta Ola qarg‘a qo‘nib, nuqul qag‘illayotganmish.
— Xudo xayringni bergur, aqalli yaratgan egamga omonatimni topshirayotganda o‘z holimga qo‘ysang-chi,— deb iltijo qilib Sahoba.
Shunda Ola qarg‘a tilga kiribdi.
— Hassa bilan qayrag‘och tagini chuqulasang, suv chiqadi,— debdi. Sahoba hassasini uch marta yerga urgan ekan, buloq ochilib, bir tegirmon suv chiqibdi.
— Iloyo dunyo turguncha yasha! — deb duo qilibdi Sahoba Ola qarg‘ani.
Duo ijobatga o‘tibdi. Ola qarg‘a dunyo turguncha yashaydigan bo‘pti. Sadaqayrag‘och atrofida qishloq bunyod bo‘lib, «Ola qarg‘a» deb nom olibdi.
Ming yil o‘tibdi, ikki ming yil o‘tibdi. Ola qarg‘a o‘lmabdi-yu, qarib-churib kuchdan qolibdi, ko‘zi xiralashibdi. Ammo qulog‘i binoyidek eshitarkan. Ertadan kechgacha sadaqayrag‘och shoxida mudrab o‘tirgancha, ko‘p voqealarga guvoh bo‘pti.
Kunlardan birida qishloqda olatasir otishma boshlanib ketibdi. Yelkasiga miltiq osgai odamlar «Hurriyat! Hurriyat!» deb hayqirishibdi. Hamma xursand, hamma baxtiyor bo‘pti. Oradan hech vaqt o‘tmay, «yo‘qolsin zolim boylar!» degan gap chiqibdi. Chindan ham yaqin-atrofda bittayam boy qolmabdi. Qochgani qochib qutilibdi. Qolgani o‘zga yurtlarga badarg‘a qilinibdi... Bitta ot, bitta ho‘kizi borlar ham sovuq joylarga o‘rmon kesgani jo‘natilibdi. Hamma teng bo‘pti: hamma bir xil kiyinarmish, hamma bir vaqtda yotib, bir vaqtda turarmish, bir vaqtda ovqat yermish... bir xil o‘ylarmish...
Xo‘p g‘aroyibotlar bo‘pti. Moysiz, piliksiz chiroqlar yonibdi, ko‘priklar qurilibdi, yo‘llar ochilibdi.
Yoppasiga savodsiz xalq qatorasiga savodxon bo‘libdi. Shunaqangi savodi chiqibdiki, shoir ertadan kechgacha o‘qisa ado bo‘lmaydigan qasida yozibdi. «Kim edik o‘tmishda biz, aqli yo‘q va notovon, bobomiz Maymun edi, momomiz — Hamdunaxon! Bizni odam aylaganlar omon bo‘lsin, zamon bo‘lsa, zamonamdek zamon bo‘lsin!»
Bir kuni sadaqayrag‘och soyasiga bir emas, ikkita mashina, uchta arava kelib to‘xtabdi. Ola qarg‘aning ko‘zi xiralashib qolgani uchun qaisi mashina «EMKA», qaysi arava izvoshligini ajrata olmabdi. Ammo keksa aqlini ishlatib bilibdiki, bular jo‘n odamlar emas, naq Donolar kengashi! Anavi — hammadan qattiq gapirayotgani — kengash raisi — Zukko.
Odat shunaqa ekan: hamma narsani Donolar kengashi hal qilarkan. (Agar Donolar kengashi qog‘oz yozib bermasa tug‘ilgan bola — tug‘ilmagan, o‘lgan odam — o‘lmagan bo‘larkan).
— Hamma savodxon bo‘lganidan keyin qishloqning nomini yozib qo‘yish kerak-da,— debdi Zukko.— «Ola qarg‘a» degani-ku, yaxshi nom. Lekin «Q» bilan «G‘»ni hammayam tushunavermaydi. Kelinglar, o‘ylashib ko‘raylik: nima qilsak «Ola qarg‘a» hammaga tushunarli bo‘lishi mumkin?
Bir soat o‘ylashibdi, ikki soat o‘ylashibdi, hech qimdan sado chiqmasmish. (Odat shunaqa ekan; odamlar o‘ylagan gapini aytmas ekan. Aytsa, tilini kesib olisharkan. Bir xillarga shafqat ham qilisharkan: tilini kesib o‘tirmay, kallasini olib qo‘yaqolisharkan).
— Tushunarli,— debdi kengash raisi Zukko majlisga yakun yasab.
— Bilasizlar, siz bilan biz kichkina odamlarmiz. Bu masalani Kattalar hal qiladi. Biz uchun Kattalar o‘ylasin...
Ikki haftami, uch haftami o‘tgach, sadaqayrag‘och soyasida tumonat odam to‘planibdi, kuylar chalinibdi, maktab bolalar bo‘yniga bo‘yinbog‘ taqib, saf tortibdi.
Zukko yo‘lning chap tomoniga o‘z qo‘li bilan qoziq qoqib, «Alya karga» degan yozuvni ilib qo‘yibdi.
— Mana endi hammasi tushunarli bo‘ldi! — debdi tantana bilan.
Saf tortgan maktab bolalar baravariga: «Baxtli bolaligimiz uchun xalqlar otasiga rahmat», deb baqirishibdi. Shoir yangi she’rini o‘qib beribdi: «Agar sen bo‘lmasang, bahor kelmasdi. Agar sen bo‘lmasang, shamol yelmasdi... Sen bo‘lmasang men baxtiyor kulmasdim...— Olomon o‘rtasida turgan otasini ko‘rib qolibdi-yu, uyog‘ini ming‘illab o‘qibdi:— «Sen bo‘lmasang, umuman... tug‘ilmasdim». Oxirini tantana bilan yakunlabdi: «Baxtimizga ulug‘ dohiy omon bo‘lsin, zamon bo‘lsa, zamonamdek zamon bo‘lsin!»
Shunday qilib, yo‘lning bir tomoni «Ola qarg‘a» bo‘pti, bir tomoni— «Alya karga».
Oradan oy o‘tibdi, yil o‘tibdi... Qishloq yashnab ketibdi. Bir tomon paxtazor, bir tomon jo‘xorizor... O‘ziyam shunaqangi zo‘r jo‘xori unar ekanki, poyasidan to‘sin tashlab imorat qursangiz, yuz yil qilt etmay turarkan.
Falokat qosh bilan qovoqning o‘rtasida turadi, deganlari rost ekan. Ayni jiyda gullagan kezlari sel kebdi-yu, «Ola qarg‘a» degan yozuvni tag-tugi bilan qo‘porib ketibdi.
Uch kundan keyin sadaqayrag‘och soyasiga bir emas, to‘rtta mashina kelib to‘xtabdi. (Ko‘zi battar xiralashib qolgan Ola qarg‘a payqamabdi: qaysi biri «Chayka», qaysi biri «Volga». Ammo haliyam qulog‘i binoyidek eshitarkan. Tag‘in Donolar kengashi to‘planganini tushunibdi).
— Ko‘chaning chap tomoni-ku, aniq,— debdi Zukko.— «Alya karga» joyida turibdi. Xo‘sh, o‘ng tomonini nima deymiz?
Hamma o‘z taklifini aytibdi. Birov undoq debdi, birov bundoq. (Odat shunaqa ekan: hamma gapirarkanu, hech kim hech nimani o‘ylamas ekan).
— Yaxshi! — debdi Zukko majlisga yakun yasab.— Bu masalada kattalar bilan maslahatlashamiz. Bilasiz, bizlar kichkina odamlarmiz.
Oradan bir oymi, ikki oymi o‘tib sadaqayrag‘och tagiga tumonat odam to‘planibdi. Dalada jo‘xori qayirayotgan maktab bolalar bo‘yinbog‘ taqib, saf tortibdi.
— Qishloqning nomi topildi,— debdi Zukko.— «Alya karga» degani «Oliya qarg‘a» degani ekan. Yigirmanchi yillarda Oliyaxon degan xotin o‘tmish sarqitlariga qarshi qo‘lida qurol bilan jang qilgan ekan. Ichki dushmanlar alamiga chidolmay unga «qarg‘a» deb laqab qo‘ygan ekan. Birinchi bo‘lib kolxozga kiribdi, azamat! Gektaridan uch yuz tsentnerdan jo‘xori hosili olibdi. Bugun biz uning nomini abadiylashtiramiz!
Bu safar Shoir jo‘xoriga bag‘ishlangan she’rini o‘qibdi. «Go‘sht kabobni yemangizlar, qaritadi, jo‘xorining kabobi dardingizni aritadi. Dalalarning malikasi omon bo‘lsin, zamon bo‘lsa, zamonamdek zamo bo‘lsin!»
Shunday qilib, ko‘chaning bir tomoni «Oliya qarg‘a», bir tomoni «Alya karga» bo‘pti.
Oy o‘tibdi, yil o‘tibdi. Suv omborlari qurilibdi, kanallar qazilibdi. Hammayoqqa yoppasiga paxta ekiladigan bo‘pti. Savodsiz Sahoba hassasini chuqilab, chiqarg‘an buloq allaqachon qurib qolganini hech kim o‘ylab ham o‘tirmabdi. Paxtaning oti «oq oltin», paxtakorning nomi «oltin qo‘llar» bo‘libdi. Aytishlariga qaraganda, atlas ko‘ylak kiygan qizlar oltin qo‘l bilan paxta terarkan.
Qizlar paxta teraveribdi-teraveribdi, oxiri «oq oltin»dan shunaqangi xirmon uyushibdiki, uning oldida ikki ming yilmi, uch ming yilmi avval Sahoba tushib kelgan Quramatog‘ hammompishdek gap emish.
Maktab bolalarni aytmaysizmi? Shunaqangi chaqqon ekanki, otini yozishdan qo‘ra «oltin» terishni yaxshi bilarkan. «Oq oltin» ichida yuraverib-yuraverib, o‘zlari ham oltinga aylanib ketibdi; rangi sap-sariq emish.
«Oq oltin»ni hashoratdan asraydigan tilsim dorilar topilibdi, dorini osmondan sepadigan «po‘lat qushlar», «po‘lat qush»ni uchiradigan «dala lochinlari» paydo bo‘pti.
Falokat qosh bilan qovoq o‘rtasida turadi deganlari rost ekan. Bir kuni chanqovdan qurib qolgan sadaqayrag‘och shoxida mudrab o‘tirgan Ola qarg‘a tush ko‘ribdi. Gullagan bog‘ emish, ko‘m-ko‘k yaylov emish. Yaylovda suruv-suruv qo‘ylar o‘tlab yurganmish. Ola qarg‘a qo‘y junidan polaponlarga in yasayotganmish. «Esingni yedingmi? — deb o‘ylabdi Ola qarg‘a uyg‘onib.— Polaponlarga balo bormi? Qarigan chog‘ingda tuxum bosishni senga kim qo‘yibdi! Ana, qanchadan-qancha qarg‘anisalar tuxumini oldirib tashlayapti! Mabodo tug‘sa ham inkubatorga topshiryapti. To‘g‘ri-da, tuxum ko‘paytirishdan nima foyda? Bu tomonlarda polaponlar ko‘payib ketaversa, qardosh yurtlardagi tuxum qo‘ymaydigan kurk qarg‘axonimlarning ko‘ngli o‘ksimaydimi?»
Shu gap xayoliga kelishi bilan osmonda: «tarr» etgan tovush eshitilibdi. Issiqdan mudrab qolgan «dala lochini» paxtazor qaerda tugaganiyu, qishloq qaerdan boshlanganini bilolmay naq sadaqayrag‘och ustidan «tilsim» dori sepib o‘tibdi. «Po‘lat qush» «tarr» etibdi. Ola qarg‘a so‘nggi marta «qarr» etibdi-yu, popillab, yerga qulabdi. (O‘ziyam bu dunyoda yashayverib charchab ketgan ekan sho‘rlik).
Ertasiga desangiz yana bir falokat ro‘y beribdi: kanal toshibdi. O‘ziyam shunaqangi toshqin bo‘ptiki, «Alya karga» degan yozuvni qoziq-pozig‘i bilan qo‘porib ketibdi.
Qurib qolgan sadaqayrag‘och tagida to‘rtta mashina to‘xtabdi. Ola qarg‘a o‘lib ketgani uchun qanaqa mashina kelganini hech kim surishtirib o‘tirmabdi. Lekin Donolar kengashi majlisni boshlab yuboraveribdi. Kengash rosa ikki hafta davom etibdi. (Odat shunaqa ekan: hamma gapirarkanu, hech kim ishlamas ekan).
— Kattalar bilan kengashmasak bo‘lmaydi...— debdi Zukko majlis yakunida.— Har qalay siz bilan biz — kichkina odamlarmiz.
Bir oydan keyin qurib-qaqshab ketgan sadaqayrag‘och tagida tumonat odam to‘planibdi.
— O‘rtoqlar! — debdi Zukko qog‘ozga qarab (odat shunaqa ekan. Odamlar qog‘ozga qaramasa, gapidan adashib ketarkan. «O‘rtoqlar» degan so‘zdan tortib, «E’tiboringiz uchun rahmat» deganigacha qog‘ozdan o‘qib berilarkan).
— O‘rtoqlar! — debdi Zukko qog‘ozdan ko‘z uzmay.— Hammamiz uchun hurmatli Katta aytdilarki, «Oliya qarg‘a» degani «Alaya karga» degani ekan, E’tiboringiz uchun rahmat! Qani, bir qarsak bo‘lsin! — Qarsak chalinibdi. Dalada qatqaloq yumshatayotgan bolalar yugurib kelib, «Alaya karga» poyiga guldasta qo‘yibdi.
Shoir yangi she’rini o‘qib beribdi: «Oq oltin»ni oltin qo‘llar yaratadi, bizning oltin olamga nur taratadi. Oltin qo‘lli paxtakorlar omon bo‘lsin, zamon bo‘lsa, zamonamdek zamon bo‘lsin!» Shunday qilib, yo‘lning bir tomoni «Oliya qarg‘a» bo‘pti, bir tomoni «Alaya karga».
Oy o‘tibdi, yil o‘tibdi... Bu safar ofat ro‘y bermadi-yu, avariya bo‘pti. To‘yib samogon ichib olgan haydovchi (araq taqiqlangan ekan) fildek «(KamAZ» mashinasini uchirib kelib «Oliya qarg‘a»ni chunonam uribdiki, mashina g‘ildiragi «barang‘» etib yorilib ketmaganiga o‘ziyam hayron qolibdi.
Endi Donolar kengashi ayniqsa qizg‘in o‘tibdi. (Odat shunaqa ekan. Xohlagan odam xohlagan gapini aytarkan. Xohlagan odam xohlagancha yer tepinishi, hushtak chalishi, boringki notiqni yoqasidan olib, minbardan tushirib yuborishi mumkin ekan. Kim eng qattiq baqirsa, o‘sha eng katta qahramon bo‘larkan). Munkillab qolgan Zukko sho‘rlik «o‘rtoqlar» deb gap boshlashi bilan hushtakbozlik bo‘lib ketibdi.— Ehtirosga berilishning hojati yo‘q, o‘rtoqlar,— debdi Zukko vazminlik bilan.— To‘g‘ri, hozir «pluralizm» zamoni. Har kim o‘z fikrini aytishi mumkin. Shuncha yil ishni Kattalarga yuklab keldik. Endi o‘zimiz ham o‘ylaylik. Men o‘yladim, ko‘p o‘yladim... O‘ylab-o‘ylab topdim: «Alaya karga» degan — «Qizil qarg‘a» degani ekan. Shunday deb yozib qo‘yamiz. Miting-pitingni keragi yo‘q. Maktab bolalarini ovora qilmay qo‘ya qolaylik. Oila pudratida paxta yagana qilib, ota-onasiga yordam beryapti, baraka topkurlar. Demak, masala hal: «Qizil qarg‘a!» Nima? Ovozga qo‘yamiz, deysizmi? Marhamat!... Demak, bir ovozdan!
Zukkodan battar munkillab qolgan Shoir kalovlanib o‘rtaga chiqibdi. Cho‘ntagidan to‘rt buklangan qog‘oz chiqarib, hijjalab o‘qibdi. «Qizil Qarg‘a, xo‘p ajoyib isming bor, nomginangga monand go‘zal jisming bor. Qarg‘aginam qanotlaring omon bo‘lsin, zamon bo‘lsa, zamonamdek zamon bo‘lsin».
Bu gal hech kim qarsak chalmabdi. Ammo, yo‘lning bir tomoni «Qizil qarg‘a», bir tomoni «Alaya karga» bo‘lib qolaveribdi.
Shundoq qilib, Ola qarg‘a Qizil qarg‘aga aylanibdi. Hamma murodi maqsadiga yetibdi. Ertakni eshitganlar ham maqsadiga yetsin!

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.