OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘tkir Hoshimov. Yanga (hikoya)

Akmal qo‘ng‘iroq tugmasini bosishi bilan ichkaridan ovoz eshitildi:
— Ana, Akmalxon keldilar.
«Kelinoyim», deb o‘yladi u yangasini ovozidan tanib.
Yangasi negadir uning nomiga «xon» qo‘shib gapirardi.
Akmal uylariga yangasi kelganidan quvondi. Har safar uni ko‘rsa, onasini ko‘rganday bo‘lardi.
Eshikni yangasini o‘zi ochdi. Akmalning yelkasidan quchoqlab ko‘rishdi. U yashil jemper kiygan, shtapel durra o‘rab olgan, koracha, ozgan yuzida iymanuvchan tabassum bor edi. Akmal uning qo‘lidagi oddiy xo‘jalik sumkasini ko‘rib, ketishga hozirlanayotganini payqadi.
— Nega otlanib oldingiz? — dedi astoydil ranjib.
— Bolalar yolg‘iz, — dedi yangasi tuflisini kiyarkan. — Qorong‘i tushmasdan bora qolay.
— Akam bor-ku, — dedi Akmal hamon uning ketishini xohlamay. Yangasi yana iymangan qiyofada jilmaydi:
— Choyxonaga chiqadilar, bilasiz-ku.
Yonbosh tomondagi oshxonadan parcha gulli xalat kiygan, oldiga kleyonka fartuk tutgan Klara chiqdi.
— Ovqatga turing desam, ko‘nmayaptilar, — dedi u goh eriga, goh ovsiniga qarab.
— Mayli, o‘zinglar boringlar, — yangasi eshik tutqichidan ohista tutib, tashqariga chiqdi.
Akmal uni zinadan kuzatib qaytib kirganida oshxonada jaz-buz eshitilar, uyni piyozdog‘ hidi tutib ketgan edi.
— Kelinoyim qachon keluvdi? — so‘radi u go‘sht qovurayotgan xotinidan. Klara achishgan ko‘zini kaftining orqasi bilan artib, unga yuzlandi.
— Yaqinda.
— Biron yumushi bor ekanmi?
— Nima yumushi bo‘lardi, pul so‘raydi-da...
Akmal xotinining ovozidagi pichingni payqab, ko‘ngli ranjidi.
— Necha marta pul so‘radi sizdan? — dedi zarda bilan. Klara kapgirni taraqlatib stolga tashladi.
— So‘ramasa, endi so‘raydi. Bir marta bersangiz, kelaveradi. Nima, bizning pul zavodimiz bormi?
Klara oilasida yolg‘iz qizligi uchunmi, kelin bo‘lib tushgandayoq ovsinini xush ko‘rmagan edi. «Sektsiya» olib bu yoqqa ko‘chib kelishguncha ancha mayda-chuyda gaplar o‘tgan, ularning ko‘piga xotini sababchi bo‘lganini Akmal bilardi, ammo indamagan edi. Hozir g‘ashi keldi.
— Bizning pulimizga zor qaqshab qolgan joyi yo‘qdir, — dedi ovozi bo‘g‘ilib. — Muhtoj bo‘lgandir, biron narsaga kerak bo‘lib qolgandirki, so‘ragandir.
— Nega muhtoj bo‘lsin! Eri ishlaydi, o‘zi ishlaydi. Rejasi bilan ishlatsin! — Klara gap tamom, degandek, indamay burilib qozonini kavlashga tushdi.
Akmal xotinining xalat ostidan tirsillab turgan bo‘liq yelkalariga, kapgirni chaqqon aylantirayotgan tilla uzukli qo‘liga birpas qarab turdi-da, burilib, xonaga kirib ketdi. Hali uyga kirganida yangasi nimagadir iymanib jilmayib turganini, nima uchun shoshilib ketib qolganini endi tushundi. Xotinining mix qoqqandek qarsillatib muomala qilishidan, o‘zi bo‘lsa jilovini shunchalar berib qo‘yganidan g‘ashi keldi. «Bo‘ynini egib pul so‘rab kelish osonmi? Qish kelyapti. Bolalardan birontasiga qishlik kiyim olmoqchidir. Buning ustiga akamning ishi bor...» U divanda chalqancha yotgancha shularni o‘ylar, o‘ylagan sayin ko‘ngli g‘ash bo‘lar edi.
O’rtadagi eshik ochildi. Akmal xotini o‘ziga qarab turganini payqab, indamay yotaverdi.
— Yana qancha yotasiz, — dedi Klara tag‘in o‘sha o‘yib oluvchi ohangda, — Lolani kim olib keladi?
— Bilmayman, — dedi Akmal karavot tepasiga ilingan arabiy gilam gullarini tomosha qilgan bo‘lib. — Bog‘chaga har kuni men borishim shart emas.
— Bo‘lmasa ovqatni qiling!
Akmal gilam tomonga butunlay o‘girilib oldi.
— Masalan, men ovqat yemayman, — dedi sovuqqonlik bilan.
— Qarang-a, men sizni to‘yib kelishingizni bilmabman. — Klara eshikni qarsillatib yopib chiqib ketdi. Zum o‘tmay eshikning kaliti shiqirladi.
Akmal o‘sha alfozda yotganicha xotinini ham, qizini ham emas, negadir yangasini o‘ylardi.
Adham akasi uylanganda Akmal uchinchi kursga o‘tgan edi. Mexanika-matematika fakultetida fanlar og‘ir bo‘lgani uchunmi, yo o‘zining qobiliyati sustroqmidi, xullas, stipendiyaga ilinmadi. Onasi maktabda yigirma besh yil farroshlik qilib, pensiyaga chiqqan, uning nafaqasi Akmalning joniga oro kirib turardi.
Yangasi kelin bo‘lib tushganida ham qop-qora, ozg‘in qiz edi. Akmal o‘zidan nari borsa ikki yosh katta bu qizga avvaliga unchalik ko‘nikolmay yurdi. Negadir undan o‘zini olib qochar, yangasi paypog‘inimi, maykasinimi yuvayotganini ko‘rib qolsa, iymanar, onasiga «o‘zingiz yuvmabsiz-da», derdi. Ammo onasining kun sayin nari ketayotganini, oyoq-qo‘llari shishib, yotib qolganini Akmal bilardi. U har kuni o‘qishga ketayotganida onasi yotgan xonaga kirib, undan ahvol so‘rab o‘tardi. Shunaqa paytlarda har doim onasining tepasida yangasi o‘tirganini ko‘rardi.
Xuddi shunaqa erta kuz kunlaridan birida u o‘qishdan qaytganida, eshik tagida to‘planib turgan odamlarni ko‘rib hammasiga tushundi. U qachondir shu hodisa bo‘lishi muqarrar ekanini bilardi. Ammo nazarida bu narsa hech kutilmaganda ro‘y bergandek, allaqanday adolatsizlik bo‘lgandek tuyuldi. U bir hovli xotinlar orasidan o‘tib onasi yotgan xonaga otilib kirdi. Qiziq, o‘shanda u yig‘lamadi. Yig‘lay olmadi. Faqat tong-saharda o‘qishga ketayotganida onasining qilgan duosini esladi: «Tuproq olsang oltin bo‘lsin, bolam. Umring uzoq bo‘lsin...»
O’sha kundan boshlab Akmal eng katta tayanchi yo‘qolganini tushundi. Endi uning hayoti chalkashib ketgandek, allanima o‘zgarishi kerakdek tuyulardi. O’qishdan ko‘ngli soviy boshladi. Stipendiya olmasa, kap-katta yigit birovga tirik tovon bo‘lib o‘tirsa...
Uydagi hayot o‘sha-o‘sha davom etardi. Xuddi onasi bor vaqtidagiday har kuni karavotining boshidagi stul suyanchig‘ida dazmollangan shim, oppoq ro‘molcha, yoqasi qordek toza ko‘ylak, cho‘ntagida har kuni tushlikka pul...
Akmal bularning hammasini yangasi qilayotganini bilardi. Akasining topgani o‘zidan ortmaydi. Yangasi qurilishda ishlaydi. O’z erining tashvishi yetmaganday, tong-saharlab turadi. Akmalning kir-chiriga qaraydi.
Yangasi og‘iroyoq bo‘lganidan keyin ta’tilga chiqdi. Hamon Akmalning yonidan pul arimasdi. Lekin o‘zi endi ortiq bu ahvolda yurish mumkin emasligini tushundi. O’qishdan butunlay aynidi. Bir kuni akasiga qat’iy qarorini aytdi:
— Men zavodga ishga kiraman.
Akasi tayinli bir gap aytmasa ham, Akmal uning qarshi emasligini bildi. Ertasiga u kech uyg‘ondi. O’sha qish tongi aslo esidan chiqmaydi. Akmal uyg‘onganida cho‘yan pechkada o‘t guvillab yonar, yangasi pechka oldida cho‘nqayib o‘tirganicha xayolga tolgan, go‘yo uxlab qolganga o‘xshardi. Akmal pechka g‘irasidan tushayotgan yog‘duda yangasining dog‘ bosgan yuzini ko‘rib, yanayam ozib ketganini, chehrasi g‘amgin ekanini sezdi.
Karavot g‘irchillaganini eshitib yangasi yarq etib unga qaradi. Ammo o‘rnidan jilmadi.
— Akmalxon, men eshitdim, — dedi u past tovushda. Keyin bir zum jim qoldi-da, uf tortdi: — Mayli, bizni o‘ylamay qo‘ya qoling. Oyimning arvohini chirqillatgani qo‘rqmaysizmi? Oyim sizni menga topshirib ketganlar. Tushundingizmi?
Akmal yangasiga qaradi-yu, ko‘zlarida yosh aylanayotganini, bu gaplarni yurakdan ezilib aytayotganini sezdi. Sezdi-yu, o‘zining ham yuragi orziqib ketdi. Shu topda yangasining ko‘ksiga boshini qo‘ygisi, dog‘ bosgan yuzlarini silagisi, nimadir deb uzr so‘ragisi kelib ketdi. O’shanda u mana shu yangasi o‘z onasiday aziz bir odam ekanini his qildi. Mana, u o‘qishni ham bitirdi. Bola-chaqalik bo‘lib, yangasidan ko‘pda xabar ham ololmaydigan bo‘lib qoldi...
Eshik kaliti shiqirlaganini eshitib, Akmal qaddini rostladi. Yo‘lakda Klaraning tovushi eshitildi:
— Televizor ko‘rasanmi, Lola? Hozir multik bo‘ladi.
— Yo‘q, dadamga boraman...
Eshik ochilib, jamalak sochiga oppoq lenta taqib olgan Lola chopqillab kirdi-da, Akmalni quchoqladi. O’sha tomondan yana Klaraning ovozi keldi:
— Qo‘y, Lola, dadangga tegma, chaqib olasan. 
Akmal qizining yetaklab yo‘lakka chiqdi.
— Kelinoyim necha so‘m so‘radi?
Oshxonaga kirib ketayotgan Klara, haliyam o‘sha gapmi, degandek burilib qaradi.
— Nimaydi? 
Akmal indamay yotoqqa kirdi-da, Klaraning pardoz qutisini ochdi. Ularning puli odatda shu qutida turardi. Oshxona tomondan tag‘in Klaraning ovozi eshitildi:
— U pulga tegmang. Lolaga shuba olishim kerak.
Akmal indamay yo‘lakka chiqdi. Tuflisining bog‘ichini bog‘layotganida tepasiga xotini kelganini ko‘rib qaddini rostladi. Klaraning rangi o‘chib ketgan, nafis bo‘yoq yurgizilgan bejirim lablari pirpirab turardi.
— Ularning bolasi bola bo‘lganida meniki bola emasmi, — dedi u ovozi titrab. — Nega bolaning nasibasini qiyasiz, yo o‘tqazib qo‘ygani bormi?
— Ovozingni o‘chirasanmi, yo‘qmi?! — dedi Akmal baqirib.
Klara hayron bo‘lganidan eriga tikilib qotib qoldi. Ular laboratoriyada birga ishlashar, sevishib turmush qurishgan, to‘rt yildan buyon biron marta eri unga san demagan, baqirmagan edi.
— Obora qoling, — dedi Klara yig‘lamsirab. — Bor-yo‘g‘ingizni oborib bera qoling, o‘sha gadoyvachchalarga!
Akmal yana bir dam tursa katta janjal chiqishini bilib, eshikni qars etib yopib, chiqib ketdi.
...Akmal shahar chekkasidagi hovlilarining temir darvozasini taqillatganda vaqt allamahal bo‘lib qolgan, sutday to‘lin oy pastak uy ro‘parasidagi olchalarning sarg‘aya boshlagan yaproqlarini allalar, mayin shabada esib turardi.
Eshikni nimcha kiyib olgan yangasi ochdi.
— Tinchlikmi, Akmalxon? — dedi xavotirli ohangda. Chamasi, Akmalning vajohatidan jahli chiqib turganini payqagan bo‘lsa kerak.
— O’zim, — Akmal ichkari kirib, gapni ataylab boshqa yoqqa burdi. — Akam keldilarmi?
— E, hali kelmaydilar. Bolalarni endi uxlatuvdim. Yuring.
— So‘rida o‘tira qolaylik, — dedi Akmal olma tagidagi temir panjarali so‘riga imo qilib.
Yangasi uydan darrov ko‘rpacha olib chiqdi. Akmal chinniday qilib supurilgan hovlidan yurib borarkan, dimog‘iga gup etib rayhon isi urildi. Bu hid unga allanechuk qadrdon, erkalovchi tuyg‘ularni eslatdi. Onasi har yili rayhon ekar, «Rayhon fayzli bo‘ladi, bolam», deb qayta-qayta takrorlar edi. Chindan ham mana shu hid butun hovliga qandaydir osoyishtalik baxsh etganday bo‘lardi.
Akmal so‘ridagi ko‘rpachada yonboshlab atrofni kuzatdi. Loy tom ustidan shifer koplab, uyning zamonaviylashtirilganini aytmasa, hech nima o‘zgarmagan edi. O’sha ikki uy, bir ayvon, ustundagi uzun mixga bir tutam isiriq ilib qo‘yilibdi. O’sha kaftdakkina, ozoda hovli, bo‘yra bo‘yi joyga ekilgan rayhon. Olma shoxiga ilingan lampochka. O’sha so‘ri... So‘rining shundoq yoniga ikki dona olma tushibdi. Sap-sariq...
Oshxona tomondan yangasining o‘tin yorayotgani eshitiddi.
Akmal o‘girilib qaradi. Yangasi hovli etagidagi oshxona eshigi oldida cho‘nqayib o‘tirgancha o‘tin yorardi.
— Qo‘ying, kelinoyi, men ketaman, — dedi Akmal. Yangasi hozir, dedi-yu, ishini qilaverdi.
Qiziq, oshxona ham, uning yonboshida devorga tirab tiklangan tandir ham o‘sha-o‘sha — o‘zgarmagan, tandir ostiga xuddi o‘sha kezlardagiday o‘tin taxlab qo‘yilgan edi.
Bir mahallar, Akmal bolalik chog‘ida, onasi shu tandirda zog‘ora non yopar edi.. Tandirdan chiqqan birinchi zog‘oraning yarmisini ushatib, sopol piyoladagi sutga to‘g‘rab berardi. Akmalga dunyoda ivitilgan zog‘oradan lazzatliroq taom yo‘qdek tuyulardi.
U hozir ham o‘sha lazzatli non ta’mini sezganday yutinib qo‘ydi-da, sekin entikdi.
Erta kuz kechasiga xos chuqur sukunat cho‘kdi. Faqat onda-sonda bir shamol kelib, olma yaproqlarini duv to‘kib ketadi. Keyin yana sukut quyiladi. Olisdan teplovoz tovushi keladi. Guldirab o‘tayotgan poezdning bir me’yorda guvillashi eshitildi. Ovoz pasaya-pasaya tinib qoldi. Bu tovush Akmalga yana bolalik damlarini eslatdi.
Bir vaqtlar mana shu so‘ri o‘rnida supa bo‘lardi. Onasi yotar chog‘ida ko‘loblatib suv separ, butun hovlini rayhon hidi tutib ketardi. Akmal onasi bilan Adham akasining o‘rtasida ko‘rpadan boshini chiqarib, osmonga tikilib yotar, uzoq vaqt uxlay olmay xayol surardi. Akmal, ishchi bataloniga ketib, o‘sha yerda vafot etgan otasini eslay olmas, ammo onasining bir gapi go‘dak xotirasiga o‘rnashib qolgan edi.
«O’lgan odamning joni osmonga chiqib, yulduzga aylanib qolarmish». Akmalning nazarida osmondagi eng yorqin yulduz otasining joni bo‘lib tuyular, o‘sha yulduzga uchib ketgisi kelardi. Xozir ham negadir o‘sha tuyg‘u yuragini qamrab oldi. O’sha bolalik damlarga bir zum qaytgisi keldi. Laboratoriyadagi murakkab tajribalaru, Klaraning injiqliklari ham, bugungi dilsiyohlik ham, hammasi bachkana, mayda narsalar bo‘lib ko‘rindi. Qaniydi onasi tirilib kelsa-yu, bir kecha shu so‘rida osmonga, yulduzlarga, to‘lin oyga tikilib yotsa.
Bir qo‘lida choynak, bir qo‘lida tuxum qovurdoq ko‘targan yangasi temir zinalardan chiqib keldi. Akmal qaddini rostlab o‘tirdi. Yangasi non ushatdi, choy quydi.
Akmal ishtahasiz bir tarzda non kavshar, gapni nimadan boshlashni bilmay taraddudlanardi. Tayin gapki, Klara pulimiz yo‘q degan, endi nima deydi? Xotinim sizni aldagan ekan, deydimi?
— Asqar katta bo‘p qolgandir, — dedi u anchadan keyin. Yangasining yuziga tabassum yugurdi.
— Ha, besh bilan o‘qiydi. Dastyor bo‘p qoldi. — U bir lahza jimib qoldi-da, yana jilmaydi. — Bu yil Laylo ham maktabga boradi.
Akmal birdan bahona topilganiga suyunib ketdi.
— Shunaqami? Qarang, darrov maktabga boradigan qiz bo‘lib qoldimi? — U hamon kulgancha asosiy maqsadga ko‘chdi. — Layloga bironta sovg‘a olmoqchi bo‘lib yuruvdim, hali durustroq gagshasha olmadik. Klaraning xabari yo‘q, bugun men oylik oluvdim. — U cho‘ntagidan pul chiqarib, dasturxon chetiga qo‘ydi. — O’zingiz bironta qishlik kiyim olib berarsiz, kelinoyi...
Akmal yolg‘on gapirayotganini, gaplari sun’iy chiqayotganini bilib, to‘xtab qoldi.
Yangasi yarq etib, uning yuziga qaradi.
— Rahmat, Akmalxon, — dedi yangasi ohista tovushda. Uning ovozida zarda ham, o‘kinch ham yo‘q edi. — Bolalarning kiyimi yetarli, — dedi u dasturxon popugini o‘ynab. — Boshqa narsaga zarur bo‘lib qoluvdi... Bilasiz, indinga oyim vafot etgan kunlariga o‘n yil to‘ladi. Shunga uzoq-yaqin qarindoshlarni chaqirmoqchiydik. Ozroq yetmay turuvdi...
Akmal seskanib yangasiga qaradi-yu, haykaldek qotib qoldi. Yangasi hamon dasturxon popugini o‘ynab o‘tirar, chamasi, hozir hamma narsani unutib, qaynonasining xotirasini o‘ylar edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.