Berta opa xonish qilgan kuylaridek go‘zal, qo‘shiq qilib aytadigan yuzlab she'riy satrlaridek teran fikrli inson edi. U hech qachon turmush ikir-chikirlariga o‘ralashib qolmagan. Navqiron yoshidanoq o‘zi qanot bergan "Munojot", "Talqini bayot", "Samarqand ushshog‘i" darajasida bo‘lish ishtiyoqi bilan yashadi. Xonanda bozor-o‘charda ham, miltillab qaynayotgan dekcha yonida ham, mehnatlarga iltifot qilayotgan damlarida ham kundalik hayot tarziga shoirona ruh berish qobiliyatiga ega edi.
So‘zlarimizda aslo mubolag‘a yo‘q. Uyiga mehmonlar kelganida ularni o‘tkazgani joy topolmay, yelib-yugurib xizmat qilganini ko‘p bora ko‘rganmiz. Tavalludining 80 yilligini nishonlayotgan kunida Berta opamizga qarata so‘z aytgan nozik tabiatli Turg‘un Alimatov ko‘pchilikning fikrini ifoda etgan edi.
- Billurxon (Berta opaning asl ismi shunday), san'at - bu bir gulzormi deyman-da. Chamanzordagi gulxayrilar, gulbeorlar, gulhamishabahorlar orasida shundaylari bo‘ladiki, o‘ziga har kimni darhol maftun etib qo‘yadi. Xuddi shunaqasini uzib olmoqchi bo‘lganlar hamisha topiladi. Siz shunday gullardansiz. Gapim kimlargadir erish tuyular. Lekin, aytaman: bamisoli g‘uncha bo‘lib qoldingiz, hech kim uza olmadi. Barcha oshig‘u ma'shuqlar siz aytgan misrani yarim hazil, yarim chin tarzda aytib yuraverdi:
Kecha kelgumdir debon, ul sarvi gulro‘ kelmadi.
Turg‘un akaning bu ta'rifi barchaga ma'qul bo‘ldi. Musiqa yangradi, Berta opa sevgan "Sarvi gulro‘" qo‘shig‘ini ajib bir tarzda aytdiki, mehmonlar chayqalib, kuy maromida likobchalar chertib, orom oldilar. Turg‘un aka esa ijrodan ilhom olib:
- Bu aytim yo‘lidan, Bertaxondan men ham zavq olaman. O‘zimning ham ulushim borligidan xursand bo‘lib qo‘yaman. Xonanda sozanda bilan, sozanda xonanda bilan tirik-da! Bertaxon, siz bilan birga biz ham el og‘ziga tushdik.
Diqqat markazida bo‘lib qolganidan biroz xijolat bo‘lgan mezbon:
- Men ham shunday vaziyatda bo‘lganman, Turg‘un aka, - deb bir shingil voqea aytib berdi.
- "Munojot"ni ko‘p mashq qilganimdan keyin radioda aytganman. Urushning og‘ir yillari edi. Avval tasmaga yozib olib, so‘ng montaj qilinib, efirga uzatish odat tusiga kirmagan edi. Ashula ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinglovchilarga yetib borardi. Uyida radiokarnayi bo‘lmaganlar choyxonaga, "Radio uyi"ning eshigi tepasiga o‘rnatilgan reproduktorlarning tagiga kelib axborot (ayniqsa, frontdagi ahvol bilan bog‘liq xabarlarni), kontsertlarni eshitishardi. O‘sha kuni "Munojot"ni birinchi marta radioda kuylab ko‘chaga chiqsam, tumonat odam yig‘ilibdi. Yig‘ilganlarning chehralarida tabassum, xayrixohlik alomatlarini ko‘rdim. Ular orasidagi bir mo‘ysafid meni yoniga chaqirdi. "Qizim, hozirgina radiokarnayda sening ovozing yangradimi?" deb savol berdi. Javobimdan so‘ng, yaxshilab duo qildi. Oltmish yil muqaddam samimiyat bilan aytilgan so‘zlar hozir ham qulog‘imda jaranglab turibdi.
Qo‘shiq aytish jarayoni qanday kechishini bilmoqchi bo‘lib, lirik kayfiyatga berilgan xonandaga savol berdim:
- Berta opa, faqat tinglovchi, tomoshabin uchun qo‘shiq aytasizmi? O‘zingizni ovutish, kayfiyatingizni ko‘tarish uchun yoki o‘tgan kunlarni eslab, sevgan ashulangizni baralla ijro etgan vaqtlaringiz ham bo‘ladimi?
- Yoshligimdan toshoynaga qarab qo‘shiqni qayta-qayta aytish, so‘z talaffuziga, umuman ijro texnikasiga e'tibor berishga odatlanganman. Sahnaga, kamera oldiga borishdan oldin shularga e'tibor berish kerak, deb o‘ylayman. Hozir ham kundalik tashvishlardan etak silkib, siz bilan suhbatlashayotgan mana shu xonaga kiraman-da, qo‘limga chirmandani olib xirgoyi qila boshlayman. Avjiga yaqinlashganim sari ovoz ham ko‘tariladi. Xullas, tinglovchisiz kontsert boshlanadi. Ijrochisi ham, tomoshabini ham o‘zim bo‘laman.
- Xonada hech kim bo‘lmasa holatga kirishingiz qiyin bo‘lmaydimi?
- To‘g‘ri so‘radingiz. Ashulani kimga aytayotganingni bilishing, she'r va kuyning mazmunini anglagan bo‘lishing kerak. Shunda siz aytgan holatga kirish muammoga aylanmaydi. O‘zim uchun aytgan paytlarimda sharhlash, tahlil qilish juda og‘ir bo‘lgan bir sehrli muhit paydo bo‘ladi.
- Bunday holatlarda o‘sha qo‘shiqning bosh qahramoniga aylanmaysizmi? Men "Munojot"ni ko‘p xonandalar ijrosida tinglaganman. Lekin ular qo‘shiq qahramonining ruhiy holati, kechinmalarini chetdan kuzatib borayotgan, unga hamroh, dardkash bo‘layotgan shaxs sifatida namoyon bo‘ladilar. Siz esa o‘sha qahramonning o‘zi sifatida ayni daqiqadagi ruhiyatingizni so‘z, kuy, jismoniy harakat, o‘ziga xos ta'sir kuchiga ega bo‘lgan pauzalar orqali ochib berasiz.
- Shunday bo‘lsa kerak. Bugungi kunda bu daqiqalarga yana bir "yuk" bersam kerak-da, - xo‘rsinib qo‘ydi suhbatdoshim. - O‘n olti yoshimda aytganimda qanday edim-u, hozir qandayman... Beixtiyor umr fasllarni qiyoslar ekan kishi.
- Yolg‘iz qolganingizda faqat "Munojot"ni aytasizmi? Sho‘x qo‘shiqlaringiz ham bor-ku?-dedim suhbatdoshimni ma'yus kayfiyatdan qutqarishni istab.
- Qo‘shiqlarimning barchasi menga qadrli. Barchasiga mehr qo‘yganman. Ustozlarimdan biri Yunus Rajabiy aytardi: "Qo‘shiq senga yoqmasa aytma. Meniki bo‘ladimi, boshqa bastakornikimi, xalq kuyi bo‘lsa-da, "Musiqangiz yoqmadi, aytmayman" desang men xafa bo‘lmayman. Yoqimli kuyni ajrata oladigan bo‘libsan, deb sevinaman".
Akademik bastakorning o‘gitlarini eslayotgan Berta opa qoziqqa osig‘liq childirmani olib, juda yoqimli kuyni boshlab yubordi: "... oydin kechalar, oppoq kechalar..."
Chayqalib, doiraning bir chetidan mo‘ralab, barmoqlari bilan cholg‘uning temir zulflarini o‘ynab, goh o‘ychan, goh esa sho‘x xirgoyi qildiki, birgalashib kuylagim keldi. Ijrochi xonandalik va sozandalikka "da'vo"si bo‘lgan suhbatdoshiga bir qiyo boqib, lirik holatdan chiqmay, kuylashda davom etdi. Qo‘shiqning aytim yo‘li tugab, chertim yo‘li davom etayotganida xonanda namlangan ko‘zlarini durrachalarining bir uchi bilan artib, yana kuy maromida doiraga zarb berishda davom etdi. Ijro davomida tasavvurida paydo bo‘lgan manzara, shingil voqealarni tilga oldi.
- Bu vodiyning eng sevimli, yoshu qariga manzur bo‘ladigan qo‘shig‘i. Farg‘onada sevib aytadilar. Uni tinglab raqsga tushadilar. Xush kayfiyat, ruhiy tetiklik ato etadi. Marg‘ilondagi bir choyxonada katta radio karnayi bo‘lardi. O‘sha yerga borib, bir chekkada shu qo‘shiq ijro etilishini kutardim. Yalangoyoq kelib, yerga o‘tirib Halima Nosirovaning "Oydin kechalar"ini orziqib kutardim. Bu xonanda bilan keyinchalik uchrashdim. Halima opani g‘oyibona ustozim deb bilaman... Xullas, oshxonada qozon miltillab qaynaydimi, televizorda film beradimi, telefon jiringlaydimi -bularni unutib, anavi kresloda childirma chertib hordiq chiqaraman. Qo‘shiqni men bilan birga anavi qiz tinglaydi, - Berta opa xonaning to‘ridagi zarhal ramkadagi bizga qarab turgan 17-18 yoshdagi yosh xonanda - Billurxonimga ishora qildi. Keyin qo‘shib qo‘ydi. - 1-2-sinflarda o‘qib yurganimda, o‘sha oppoq, oydin kechalar Marg‘ilonning fayzli ko‘chalarini yalangoyoq kezib yurganimda bu qo‘shiq ajralmas hamrohim bo‘lgan. Dugonalarim bilan "Hayu chittigul"ni aytib, raqs tushib bo‘lgach, oqar suv bo‘yida biroz tin olardik. Jajji barmoqchalarimiz bilan bir-birimizning tim qora kokillarimizni majnuntol barglari, dala o‘tlari bilan bezardik. Bunday damda dugonalarimning qistovi bilan "Oydin kechalar"ni takror va takror aytardim. Oq, oppoq kechalarga baxshida qo‘shiq kuppa-kunduzi, oydin emas, quyosh nur sochib turganida ham jozibasini yo‘qotmas edi...
- Hozir ham shunday, - deya so‘zini bo‘ldim. - Bugun mazkur qo‘shiqni ikki qayta sizning ijroingizda eshitib to‘ymadim. Har gal o‘zgacha tovlanib, bamisoli nur sochib turadi. Ajib his-tuyg‘ularni uyg‘otadigan oydin kecha. Oydin nuri! Onam-kompozitor Hafiya Muhamedova xirgoyi qilib yurardi. Pianino chalib, yoniga chaqirib, "Oymoma chiqqan tunni tasavvur etayapsanmi?! To‘lin oy borliqni sehrli nuri bilan yoritib turibdi. Uni ardoqlab qizaloq qo‘shiq aytayapti. Betxovenning eng mashhur, juda ko‘rkam, sermazmun asariga ham "Oydin kecha sonatasi" deb nom berilgan. Eshitib ko‘rgin",- derdi. "Oydin kechalar, oppoq kechalar"ga nemis kompozitorining 27-sonatasini ulab yuborardi.
Bugun o‘sha damlarni eslaganimning o‘zi meni ta'sirlantiradi. Berta opa, shunday asarlarni targ‘ib qilib kelayotganingizdan ham xursandmiz. Kompozitor Manas Leviev ham Peterburg konservatoriyasida o‘qib yurganida birinchi katta asarini shu qo‘shiq asosida yozib, oliy dargohda shuhrat qozongan.
O‘sha uchrashuv, uzoq davom etgan suhbatda Berta opa oltmish yillik ijod damlarini tilga olar va har gal hozirgi kunda jo‘sh urgan jarayondan mamnun bo‘lib, fikr yuritar, ayrim muammolarga e'tiborni qaratmoqchi bo‘lardi.
- Siz kitob yozasiz, ko‘rsatuv olib borasiz, dorilfununda yoshlar orasidasiz. Ma'qul topsangiz, ularga ayting: erkak xonanda aytadigan qo‘shiqni ayol kishi ijro etsa kulgili bo‘ladi. Xonanda qizlarning "Qaro ko‘zingdan, qaro qoshingdan" deya qo‘shiq aytayotganini necha martalab ko‘rdim. Qolaversa, bir kishi aytadigan qo‘shiqni ikki yoki uch xonanda jo‘rligida aytishi ham to‘g‘ri bo‘lmas. Aks holda, qo‘shig‘imizga, vokal san'atimizga xos qochirimlar aytilmay, sezilmay qoladi.
Bu satrlarni qog‘ozga tushirishda achchiq damlangan ko‘k choyni Berta opa hadya etgan nihoyatda go‘zal, bejirim piyolada ho‘plab, unutilmas damlarni yana bir bor tiklashga urinib ko‘rdim. Xonandaning nozik obrazi yangrab turgandek bo‘ldi. Maqolaga so‘nggi nuqta qo‘yishni hech istamadim. Yozishdan to‘xtasam, Berta - xonandadan uzoqlashib qoladigandek bo‘lib, his etib, o‘zga tinish belgisini tanladim...
Hamidulla Akbarov
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.