OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dilrabo Mirzaqayumova

Dilrabo Mirzaqayumova 1985 yil 2-avgustda Qirg’iziston Respublikasi Jalolobod viloyatida tug’ilgan. Jalolobod Davlat Universitetining chet-tillar fakulteti, ingliz tili bo’limini tamomlagan. Hozirda ilmiy ish ustida izlanmoqda.
 
U “Bunyodbek” yoshlar tashkiloti vitse-prezidenti va “Islom taa’lim markazi” xodimi vazifasida ishlamoqda. 
 
Qiziqishlari: she’riyat, adabiyot, filasofiya, tarih, tabobat, informatika, jurnalistika.
 
Sevimli ijodkorlari: Cho’lpon, Abdulla Qahhor, Chingiz Aytmatov, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf, Tohir Malik, Erkin Vohidov, Zebo Mirzo, Guljamol Asqarova, Usmon Azim, Iqbol Mirzo, Abdul Haq.


SEN MENI ISHONTIR MUHABBATINGGA
 
Sen meni ishontir muhabbatinga,
Muhabbating ko’ray ko’zing ashkida.
Ko’zlaringda ko’zim manguga qolsin,
Nomim esa qolsin ko’ngling ko’shkida.
 
Sen meni ishontir sog’inchlaringa,
Sog’inch to’la yoshing yuzingga singsin.
Har bir to’kilgan ul tomchi yoshlardan
Muhabbat atalmish giyohlar unsin…
 
Sen meni ishontir bor so’zlaringga,
Rost-yolg’on ketmasin bari chalkashib.
Etguncha sen aytgan “huv uyimiz”ga
Qolmaylik saroblar ichra adashib.
 
 
 “KUYDIRADI”
 
Yuragimga so’zlar og’irroq botsa,
Tunlarim uzayib, tongim kech otsa.
Ko’zdan oqqan yoshim yuzimda qotsa
Bu dunyo yig’latib, kuldiradi-yo..
 
Armonga ko’milsam do’stlarim qolib,
Dushmanim do’st bo’lib aqlimni olib,
Berlashsam men mag’lub, raqibim – g’olib.
Kuldirib, kuldirib – kuydiradi-yo..
 
Bilmam, ne baloga giriftor boshim.
Bilmam, necha dardga etar bardoshim.
Qayg’ularda qolgan qalbim, quyoshim
Kuydirib, kuydirib – to’ydiradi-yo..
 
 
JIMGINA SEVIB
 
Men sizni sevaman sassiz, yig’isiz
Yurak kuyugisiz, azob tig’isiz.
Asossiz, vaslingiz humorlig’isiz
Jimgina sevgancha yashayveraman.
 
O’ylayman… siz buni bilmasangiz ham,
Hol so’rab qo’ng’iroq qilmasangiz ham.
Bir umr yonimga kelmasangiz ham
Jimgina sevgancha yashayveraman.
 
Sog’inaveraman negadir har kun,
Ash’orlar bitaman bilmadim nechun..
Hayotim ertasin o’ylamay bugun
Jimgina sevgancha yashayveraman.
 
Qalbingiz tilsimin bilmay, echolmay.
Qo’lingizdan ishqu-sharob icholmay.
Dunyolardan kechib, sizdan kecholmay
Jimgina sevgancha yashayveraman.
 
  
* * *
  
U ketmoqda… qadamlaridan
Titrar zamin, titrar hatto dil.
U ketmoqda, alamlaridan
Berkingani ahtarib ko’ngil.
 
U ketmoqda… nigohi g’amgin
So’zlamaydi tilin yutganday.
Yig’lamas ham tomchi yoshlarin
Odamlardan darig’ tutganday.
 
Ketmoqdaman… yodga olmayin
Go’yo bari unutilganday.
Yig’lamayman, tomchi yoshlarim
Odamlarga og’ir botganday.
 
* * *
 
Taqdir bizni yana o’yinchoq qilib,
Uchrashtirdi yana bag’rimni tilib.
Men peshvoz chiqsam sen uzoq termulib:
“Eslolmadim” deding, engil ho’rsinib.
 
* * *
 
Kechagidek bari yodimda hanuz,
O’sha sokin kecha, o’sha mungli kuz.
Deding ko’zlarimga boqqancha mayus:
“Kechir”.
 
“Unut” deb yolvording balkim qilding do’q.
“Ho’p” dedim, “Mayliga ko’ngling bo’lsin to’q”
Va’damni unutdim. Seni esa – yo’q.
Kechir!
 
O’sha sokin kecha, o’sha mungli kuz
Yig’ladim qog’ozga qadagancha ko’z,
Yozib qoldiribsan faqat bitta so’z
“Kechir”
 
Qaytding…
Kecha sovuq, sovuq edi kuz.
Yurak sovuq qotib bo’lgan edi muz.
O’tgan kunlar ortga qaytmaskan, afsus.
Kechir… 
 
 
QACHON TUGAR ERTAGING, DUNYO?

Abdul Haq
 
Qoldi zamin ozorlaringda
Insof tugab bozorlaringda,
Har kun bir to’y mozorlaringda
Qachon tugar ertaging, dunyo?
 
Riyo unar kurtaklaringdan,
Ushlay desam etaklaringdan,
Uhlab qoldim ertaklaringdan
Qachon tugar ertaging, dunyo?
 
 
* * *
 
Ummon bo’lib oqar qalbim,
G’amdan chechak taqar qalbim,
Tig’lanib, oh, ham talpinib,
Sizga tomon boqar qalbim.
 
Sevarim – Siz, davlatim – Siz,
Qalb uyida charaqlagan.
Bizchi bunda ovvoramiz – 
Ishq daftarin varaqlagan.
 
  
ORZULARIM
 
Borliq oppoq qorga burkangan zamon
Oppoq niyyatlarga to’ladi olam.
Lekin bahsh etar u men uchun har on
Tuganmas azobu tuganmas alam.
 
Xuv daraxtning bargi kabi, do’stlarim,
Mening ham barglarim bir-bir ezilgan.
Shundandir yoshlarga to’la ko’zlarim,
Shundan ko’zlarimga yoshlar tizilgan.
 
Men ham daraht bo’ldim, ne-ne poylarga – 
To’kilgan, sochilgan gullarim qoldi.
Talpinib, intilib to’lin oylarga,
Havoda muallaq qo’llarim qoldi.
 
* * *

Bulut yig’lar dardini to’kib,
Tun uyquga ketib qolgan chog’.
Turar yog’lab yuboray deyib
Vahimalar qoplagan qishloq.
 
 
TONG OTGUNCHA
 
Bugun tong bunchalar qoldi kechikib,
Yulduzlar so’ndilar, undan yo’q darak..
Men tongning otishin kutdim entikib,
Choram ham qolmadi kutishdan bo’lak.
 
O’ylayman, hayolga sig’maydi bari ,
Tuyular tun meni ta’qib etgandek.
Go’yo ters aylanib zamin mehvari
Shams armon qa’riga botib ketgandek.
 
O’zim o’ylab topgan “shum” hayollarim
Tepamda charh urib uchib yuradi,
Vujudimni esa mal’un yuragim
Qasoskor g’animdek urib turadi.
 
Sukut sabrim so’rib beradi ozor,
Tun esa qarshimda turaveradi..
Men tongning otishin kutaman be’dor,
Yuragim..
Yuragim uraveradi.
 
 
* * *
 
Bir kun nigohlardan bo’laman ado,
Bir nigohlarni to’yaman suyub.
Bir kun barisiga qo’l siltayman da,
Ojiz ko’zlarimni olaman o’yib.
 
Sukunat tilida dodlayman nolon, 
So’ngra voz kechaman bahtning bahridan.
Osmonlar yig’laydi, boshlanar bo’ron..
Uyg’onaman.. (hayot qahqahasidan).
 
  
* * *

Aldoqchi de hafa bo’lmayman.
Noshud ata, savol berma lek!
Men o’zimni aldab yashayman
Xuddi seni aldaganimdek.
 
Ertaklardan shirin sevgimiz
Yolg’ondir deb aldaganim rost.
Tushun meni, men yo’llarimiz
Ayroligin bilaman, holos.
 
Bilasanku ayriliq yomon,
Bilaman-ki, chidolmas yurak.
Sendan keyin saqlash uchun jon,
Bir amallab aldanmoq kerak,
O’zni aldab yashamoq kerak.
 
 
* * *

Nomingizni saqlab hun yuragimda
Bir marta ko’rmoqqa bo’laman intiq.
Sizni izlab turib har qadamimda
Topib olmoqlikdan qo’rqaman qattiq.
 
Sizsiz o’tgan kunim to’la iztirob,
Sizla yashamoq ham azobdir biroq.
Zor-zor kutganimcha bo’lsam da hunob,
Kelmasligingizni hohladim ko’proq.
 
Siz – shirin azobim, sog’inchim mangu,
Achchiq so’zingiz ham dardimga malham.
Sizni sevishimni tan olmayman-u, 
Ammo ko’zni yumib tonolmayman ham.
 
Ikki o’t ichida topmasdan to’zim,
Sevgimni tubsiz bir jarga tashlayman.
Sizni so’rab turib tangrimdan o’zim,
Berib qolishidan qo’rqib yashayman.
 
 
* * *
 
Baht izlab ko’p o’ksinma, do’stim!
Bosh egmagil anduh poyiga.
Qo’lingni ber, eltayin o’zim
Sen izlagan baht saroyiga.
 
Bu saroyda baht o’g’risi yo’q.
Yiroq qayg’u, alam girdobi.
Shoirlari urmaydilar do’q,
Qiynamaydi o’kinch azobi.
 
Hayot asli men aytgan saroy
O’zing kashf qil bahtli hayotni.
Bilsang dunyo orzularga boy
Maqsad ayla pok yashamoqni.
 
 
* * *

Endi seni o’ylamayman yonib-kuyib,
Eslamayman ko’zlarimiz qadalganin.
She’rlaringni o’qimayman endi kulib,
So’ramayman ular kimga atalganin.
 
Men ham xuddi hamma kabi adashdim bir
(bunday savdo borku ahir har bir boshda)
Endi seni sevolmayman, tushun ahir
Bu yog’iga yo’llarimiz boshqa-boshqa.
 

ALAM
 
Nigohingdan yuragim pora,
Seni o’ylab bo’ldim abgora
Kutganimda kelar deb zora,
Bormaganing alam qiladi.
 
Omad kulib rag’batlar olsam,
Olqishlarning sehrida qolsam,
Shunday kunda bo’lib shaxzodam
Kelmaganing alam qiladi.
 
Seni sevdim. Etding o’zing lol.
Lek so’rmading bir bor hol-ahvol.
Shuncha umrim bo’lganin uvol,
Bilmaganing alam qiladi.
 
Tilaklarim: yasha bahtiyor,
Omad doim bo’lsin senga yor.
Sevgingga et! Biroq menga yor
Bo’lmaganing alam qiladi.
 
  
* * *

Yana xato qildim. Yana pand edim.
Yana dushman chiqdi “do’stingman” degan.
Do’stlarni oqqushga qiyos etgandim
Balsam, ular asli qarg’alar ekan.
 
Do’stlarga ishonib yo’ldan adashib,
Bir tutim ig’voga o’ralib qoldim.
G’iybatimni qilgan itdek talashib
Ig’vogar do’stlarni Hudoga soldim!
 
* * *
 
Yonimdasiz… shunchalar yaqin,
Va shunchalar olissiz mendan.
O’rtamizda yarim qarich yo’l
Ayrib turar bir-birimizdan.
 
Yonimdasiz… javobim kutib
So’raydirsiz jimligim nega?
Qanday aytay barin unutib,
Qalbingizda yashayin deya.
 
Yonimdasiz… yig’layman bu gal
Eslolmayman nedur sababi.
Siz olislab borasiz tugal
O’rtadagi masofa kabi.
 
* * *

Bo’g’zimdan bo’g’sa yorab, ilondek dard
Sabrim tig’i ila barin suyayman.
Oppoq umidlar-la oh, bir kuni shart
Tunning qaro sochin oqqa bo’yayman..
 
 
(ANDISHAGA) 
 
U yana yo’limda turibdi e voh,
Yana so’z so’zlashga ojizdir tilim.
Uning ko’zlariga boqqancha nigoh,
O’ksinib qaytaman o’rtanar dilim.
 
Bilmam kim bo’ldi u do’st yo dushmanim,
Bu savol ko’nglimni etadi hira.
Qalam ushlamoqqa behol qo’llarim,
Demak asirdirman, hanuz asira.
 
Yo’q, hammasi yolg’on, 
Barchasi abas!
Men yurgan yo’llar erk yo’llari edi.
Kishanlangan mening qo’llarim emas,
Ular vijdonimning qo’llari edi.
 
Faqat telba holim bir Alloh bilar,
Qarshimda bisyordir savollar chim-chim.
Qay yo’ldan yurmayin kulib qarshilar,
Mening yo’l to’sarim, mening qaroqchim.
 
  
ARMON
 
Ummon bo’lar urgan ohimiz,
Chaqmoq bo’lar nihohlarimiz,
Siz – mag’rursiz, men esa – hur qiz
Bir og’iz so’z aytolmaydigan.
 
Ertagimiz “layli-majnun”mas,
Unda hijron erur muqaddas.
Siz – shu’lasiz, men – undagi sas
Manglayiga bitilmaydigan.
 
Qarshimizda tonglari oppoq,
Bilamizki bir yo’l bor, biroq
Siz - osmonsiz, men – hovuch tuproq
Bu yo’llardan o’tolmaydigan.
 
Anduh o’rtar qalbimda notinch,
Armon bizga bermaydi ilinj,
Siz – sog’inchsiz, men ham bir sog’inch
Bir-biriga etolmaydigan.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.