IZLAB YASHAYMAN
Men bir oddiy inson, bag‘ritosh emas,
Dunyoni mehrga chulg‘ashga shayman.
Sehrli dunyoda olarkan nafas
Mehrli insonni izlab yashayman.
Yiqilsam, qayg‘uda qiynalsa bag‘rim,
Ushalmay, orzular sinasa sabrim,
Qadrdon deganim bilmasa qadrim,
Baxtli kun kelar, deb bo‘zlab yashayman.
Nelarni ko‘rmadi sokin kelbatim,
Qayg‘uni tinglashga yetar qudratim,
Lek taslim bo‘lmoqlik emas odatim,
Orzu ummonini ko‘zlab yashayman,
Bahorlab, qish, yozu kuzlab yashayman.