OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Dunyoning eng toza mamlakati (Forbes 2009)

 Qo‘shma Shtatlarning The Forbes nashri dunyoning eng toza davlatlari ro‘yxatini chop etdi. Bunda Kolumbiya va Yels universitetlari tomonidan ishlab chiqilgan The Environmental Performance Index metodiga amal qilingan holda 140 davlat o‘rganib chiqildi. Ushbu baholash mezoni ekologiyaning 25 jabhasini qamragan (havo tozaligi va ichimlik suvi sifatidan tortib, biologik o‘zgarishlaru pestitsid - zararkunandalarga qarshi qo‘llanuvchi dori vositasidan foydalanish darajasigacha).

Yuqori o‘nlikning (ro‘yxatning) 1-pog‘onasini Shveytsariya egalladi. Bu davlat The Forbes tadqiqotlarining sakkiz ekologik yo‘nalishi bo‘yicha 100 ball to‘pladi. Toza ichimlik suvi, o‘rmonlarga boyligi hamda pestitsidlardan o‘ta kam miqdorda foydalanishi 1-o‘rin sohibi bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Shveytsariyada uzoq umr ko‘rish uchun barcha imkoniyat mavjud, deb topildi.

Shvetsiya yuqori ekologik ko‘rsatkichga ega bo‘lgan ikkinchi davlat sifatida tan olindi. Shvetsiyada havoning ifloslanish darajasi past, ichimlik suvi toza, issiqxona gazi ham yuqori emas. Bularning barchasi, albatta, aholi sog‘ligiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. 9 mln. shvedlar o‘rmonlariga alohida e'tibor bilan qarar ekanlar.

Dunyoning uchinchi eng toza davlati bo‘lmish Norvegiya zilol suvi, sanitariya holati, oqova suvlarni samarali tozalashi, musaffo havosi bilan maqtansa arziydi. Norvegiyaliklar nafas yo‘llari kasalliklariga eng kam chalinar ekanlar.

Markaziy Amerikada joylashgan Kosta-Rika iqtisodiyoti ekoturizmga chambarchas bog‘liq. Shu sabab, bu yerda atrof-muhitga jiddiy e'tibor beriladi. Respublika sanoati ham ushbu mezon asosiga qurilgan. Qo‘shni Lotin Amerika davlatlaridan farq­li o‘laroq Kosta-Rika daraxtlar kesilishini chetlab o‘tmoqda. Biroq, o‘rmonchilik sohasidagi yutuqlar, havo sof­ligiga ko‘ra jami 100 dan 97 ball to‘plagan mazkur davlatda dengizbo‘yi ekologiyasida muammolar bor.

Kolumbiyaning gullab-yashnashi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer hosildorligi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishiga bog‘liq. Gap, shuningdek, eksportda yuqori daromad keltiruvchi kofe va gul o‘stirilishi haqida bormoqda. Ushbu Janubiy Amerika davlati yerining sifati, unumdorligi uchun qattiq qayg‘uradi. Kolumbiyadagi mavjud atrof-muhit o‘rtacha 73 yil umr ko‘ruvchi aholi salomatligi garovidir.

Kam aholiga ega bo‘lgan Yangi Zelandiya turistlar uchun misoli jannatdir. Hukumat tabiat muhofazasini oshirishga ko‘p bosh qotiradi. Ammo sanoat korxonalari SO2 (karbonat angidrid)ni chiqarish bilan ekologiya ifloslanishiga «o‘z hissasini» qo‘shmoqdalar.

Yaponiyada o‘rtacha umr ko‘rish 82 yilni tashkil etadi. Bu butun dunyo bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bunga, qisman, suvni tozalab beruvchi ajoyib texnologiyalar, sanitariya qoidalariga amal qilish, kimyoviy pestitsidlardan foydalanishni bartaraf etish, havoning ifloslanish darajasi kamligi sabab erishilgan. Yaponiyadagi asosiy muammo suvosti biologik xilma-xillikning kamayishi hamda qirg‘oqbo‘yi baliq zaxiralarining tugab borayotganidir.

Xorvatiyaning rivojlangan sayyohlik tizimi toza, ozoda sohillarni o‘z faxri deb biladi. Adriatika dengizi bo‘yida joylashgan ushbu davlat o‘z sayyohlariga bir-biridan ajoyib baliq mahsulotlarini taqdim etadi. Shunga qaramay mamlakat o‘tmishi hanuz aks sadosini berib turadi: sotsialistik davr sanoati issiqxona gazlarini chiqarishda davom etmoqda.

Albaniya Sharqiy Yevropadagi qo‘shnilari singari benuqson ekologiyaga ega bo‘lgan davlatlar sirasiga kirmaydi. Lekin pechka bilan isitishdan foydalanishga bo‘lgan moyillik Alba­niya­ga ichki havo ifloslanishi yo‘nalishi bo‘yicha 47,7 ball to‘plashga imkon berdi.

Isroilning 7,2 mln. aholisi ichimlik suvi sifati, havo sofligidan rohatlanib yashaydi va shu orqali Yevropaning eng toza davlatlari bilan raqobatlasha oladi. Isroilliklar o‘rtacha 81 yil umrguzaronlik qilishadi, uncha katta bo‘lmagan o‘rmonlariga ham oqilona munosabatda bo‘lishadi. Davlatning «ofati»: oziq-ovqatlarga salbiy ta'sirini ko‘rsatuvchi pestitsidlardir.

Sh.Niyozova tarjimasi
“Ma’rifat” gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.