OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Eng ko'p yashovchi davlatlar 2006

Aholining o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichini aniqlash maqsadida g‘arb mutaxassislari navbatdagi statistik-kuzatuv tadqiqotlarini olib bordilar. Yig‘ilgan ma’lumotlar asosida tuzilgan reyting ma’lum mamlakat aholisining o‘rtacha umr ko‘rish darajasini aniqlab beradi.

Bunday tadqiqotlarni olib borishda tahlil bir yilda tug‘ilgan kishilar doirasida olib boriladi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi mamlakatdagi umumiy yashash sharoitini ham ko‘rsatib beradi. Ayrim mutaxassislar uchun bunday ma’lumotlar biror mamlakatga inson omili uchun kiritilgan sarmoyaning potentsial foydasi qay darajada bo‘lishi mumkinligining ko‘rsatkichidir. To‘g‘ri, mazkur reytingda ayrim mamlakatlardagi haqiqiy holat aks etmagan bo‘lishi mumkin. Masalan, Iroqda. Negaki, bu mamlakatdagi AQSh va ittifoqchilarning harbiy harakatlaridan so‘ng yuzaga kelgan demografik o‘zgarishlar inobatga olinmagan. Biroq aksariyat davlatlar uchun mazkur reyting muhim bo‘lib qolaveradi. Chunki dunyoning boshqa mintaqalarida demografik vaziyatni o‘zgartirib yuborgan hech qanday global voqea kuzatilmadi.

«Biz eng ko‘p yashaymiz»…

Reyting natijalari shuni ko‘rsatadiki, uzoq umr ko‘rish imkoniyati, xususan, yuqori turmush darajasi Andorra aholisiga nasib etgan — mamlakat fuqarosi o‘rtacha 83,5 yoshdan kam umr ko‘rmaydi. Makao va San-Marinodagi ko‘rsatkichlar ham shunga yaqin–ular ro‘yxatning ikkinchi va uchinchi o‘rnini egallagan. Ahamiyatlisi shundaki, faqatgina mana shu uch davlatdagina o‘rtacha umr ko‘rish darajasi 81 yoshdan oshadi. Hatto birinchi beshlikni yakunlovchi Singapurda ham kishilar o‘rtacha 80,42 yosh umr ko‘radi. Vaholanki, bu mamlakatning ekologik shart-sharoiti a’lo darajada.

Yevropa atigi 14-o‘rinda

Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida birinchi o‘rinni Shvetsiya egallagan. Ittifoq tarkibidagi davlatlardan faqat Italiyagina unga yaqinroq (14-o‘rin, 79,4 yosh). Birinchi yigirmatalikka ulardan tashqari Frantsiya hamda Ispaniya kiritilgan–16 va 19-o‘rinlar (79,28 va 79,23 yosh). 

Sharqiy Yevropada esa bu borada Sloveniya yetakchilik qilmoqda — 64-o‘rin va 75,5 yosh. 69-o‘rinda Chexiya, 71-o‘rinda Makedoniya, 72-o‘rinda Slovakiya, 75-o‘rinda Xorvatiya, 79-o‘rinda Serbiya va Chernogoriya, 80-o‘rinda Polsha (73,91 yosh).

Urushlar ko‘p bo‘lgani bilan…...

21-o‘rinda Isroil. Bu mamlakatda tug‘ilganlar Yaqin Sharqdagi isroil-falastin kelishmovliklariga qaramay 79 yoshdan ortiq umr ko‘rish imkoniyatiga ega. Qizig‘i shundaki, Isroilga shundoqqina qo‘shni bo‘lgan Falastin hududlarida ko‘rsatkichlar ancha past. Ro‘yxatning 88-o‘rnida turgan mamlakatda aholining o‘rtacha yoshi 72,68 yoshni tashkil etadi.

O‘layotganlar tug‘ilayotganlardan ko‘p

O‘rtacha umr ko‘rish darajasining eng past ko‘rsatkichlari Afrika mamlakatlariga tegishli. Mazkur davlatlarda aholi zichligi, ekologik sharoitning og‘irligi, fuqarolar urushi va kasalliklar tufayli o‘lim darajasi juda yuqori. Reyting natijalari ham buni tasdiqlaydi. Ro‘yxatning oxirgi to‘rtta o‘ntaligini aksariyat Afrika mamlakatlari egallagan. Mozambik ushbu ro‘yxatni yakunlovchi davlatdir. Bu yerda aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi atigi 31,3 yosh.

N / Davlat nomi / O‘rtacha yosh

1. Andorra 83.49
2. Makao 81.87
3. San-Marino 81.43
4. Yaponiya 80.93
5. Singapur 80.42
6. Avstraliya 80.13
7. Gernsi (Brit.) 80.04
8. Shveytsariya 79.99
9. Shvetsiya 79.97
10. Gonkong 79.93
11. Kanada 79.83
12. Islandiya 79.8
13. Kaymanov o-ri 79.67
14. Italiya 79.4
15. Gibraltar (Brit.) 79.38

Nargiza TO‘XLIYEVA tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.