30 yanvar kuni Iroqda parlament saylovi bo‘lib o‘tdi. Mamlakat aholisi ilk bor ko‘ppartiyaviylikka asoslangan, demokratik yo‘l bilan o‘tkazilgan saylovda 7761 nafar nomzod orasidan 275 deputatni tanlab olishi kerak edi. Markaziy saylov komissiyasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, Iroq aholisining 60 foizi saylovda ishtirok etgan.
Demokratik tamoyillarning qaror topishida muhim omil sifatida baholanayotgan ushbu siyosiy tadbirga jahon hamjamiyati katta qiziqish bildirdi. Saylov jarayoni xorijlik mutaxassislar tomonidan muntazam kuzatib borildi.
Chet ellarda muhojirlikda yashayotgan iroqliklar ham parlament saylovlarida faol ishtirok etgani aytilmoqda. Masalan, Avstraliyada 11 ming iroqlik yashaydi. Ular chet ellarda yashayotgan iroqliklar orasida birinchi bo‘lib juma kuni Sidney shahrida tashkil etilgan saylov uchastkalarida bayramona ruhda ovoz berganlar.
Hozirda Eron eng ko‘p iroqliklar yashayotgan davlat hisoblanadi. Bu mamlakatda 61 ming iroqlik saylovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tdi. Ular Eron poytaxti Tehronda tashkil etilgan saylov uchastkasida ovoz bergan.
Yevropa mamlakatlaridan Shvetsiyada 31 ming iroqlik saylovlarda qatnashish istagini bildirgandi. Yevropaning boshqa davlatlari va AQShda yashayotgan Iroq fuqarolari ham saylovlarda faol qatnashgan. Britaniyada yashayotgan 150 ming iroqlikning 30 mingdan ko‘prog‘i London, Manchester, Glazgo shaharlarida ovoz bergan.
Germaniyadagi 25 mingdan ko‘proq iroqliklar esa, saylovda qatnashish istagini bildirgandi. 10 mingdan ortiq Iroq fuqarosi istiqomat qilayotgan Frantsiyada bir ming ellik nafar iroqlik saylovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgandi.
Iordaniyada 20 mingdan ortiq Iroq fuqarosi saylov rasmiylari tomonidan ro‘yxatga olindi. Birlashgan Arab Amirliklarida 12 ming 600, Suriyada 16 ming 581 iroqlik va Turkiyada 4 ming 200 nafar Iroq fuqarosi saylovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgandi. Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, Iroq parlamenti saylovlari uchun chet ellarda berilgan ovozlar natijasi 5 fevralda e’lon qilinadi.
Shu yerda alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, Iroqda saylovlar arafasida isyonchilar hujumlari avjiga chiqdi. BMT rasmiylarining e’tiroficha, Iroq parlamenti saylovlariga texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan, lekin, mamlakatning ayrim mintaqalarida xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatlar ko‘ngildagidek emasligi ham aytib o‘tildi.
Umumxalq saylovi o‘tkazishga harakat boshlanganidan buyon bu yirik siyosiy tadbirning tinch va osuda o‘tishini ta’minlash Iroq rahbariyati oldidagi dolzarb masala bo‘lib kelayotgan edi. Ko‘pchilik nomzodlar turli tahdidlardan cho‘chib, hatto, saylovoldi targ‘ibotlarida o‘z nomlarini va siyosiy dasturlarini ovoza qila olmadi. Saylov arafasida mamlakatda xavfsizlik choralari yanada kuchaytirildi. Uch kun davomida (29-31 yanvar) Iroqning barcha chegaralari yopib qo‘yildi. Shu kunlar ichida muqaddas haj safaridan qaytayotgan iroqliklardan tashqari hech kim mamlakatga kiritilmadi.
Shunga qaramay, 30 yanvar kuni o‘nga yaqin shaharda qo‘poruvchilik harakatlari sodir etildi. Natijada 35 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, buning uchun javobgarlikni Abu Musab az-Zarkaviy yetakchilik qilayotgan terrorchi guruh o‘z zimmasiga olgan.
Iroqdagi parlament saylovi xakqaro siyosatchilar tomonidan turlicha baholanmoqda. Masalan, AQSh prezidenti Jorj Bush saylov demokratiya sari tashlangan muhim qadam ekanini ta’kidlagan. Buyuk Britaniya bosh vaziri Toni Bler esa Iroqda o‘tkazilgan ilk demokratik saylovni global terrorchilikka qarshi kurashdagi kuchli zarba sifatida baholagan.
Hozircha kuzatuvchilar, saylov Iroqda hokimiyat organlaridagi o‘rinlarning adolatli taqsimlanishida muhim ahamiyat kasb etishiga shubha bildirmayapti. Yakuniy natijalar esa, o‘n kun ichida rasman e’lon qilinadi.
BBS saytidan olingan materiallar asosida
Sherzod AHMATOV tayyorladi.