OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

05.11.2004. BUSH G‘ALABA QOZONDI (arxiv)

Seshanba kuni AQSh tarixida yana bir unutilmas kun bo‘lib qoldi. Sababi amerikaliklar Amerika Qo‘shma Shtatlariga keyingi to‘rt yil davomida kim rahbarlik qilishini hal etdi. Bu kungacha esa, AQShning hozirgi prezidenti Jorj Bush va uning raqibi senator Jon Kerri bir necha oy qizg‘in o‘tgan saylovoldi kompaniyasida saylovchilarni «o‘z tomoniga og‘dirib olishga» harakat qildi.

AQShda o‘tkazilgan so‘rovlarda saylovchilar kimni saylashi haqida bir to‘xtamga kelaolmaganligi aniqlangandi. Biroq bir nechta shtatlar yakuniy natijalarni hal etishi mumkinligi kutilayotgandi. Amalda ham shunday bo‘ldi. Ayrim tahlilchilar mamlakatda saylov qonunlariga oid islohotlar yakunlanmagani bu safar ham 2000 yilda bo‘lib o‘tgan saylovdagidek muammolar ro‘y berishini bashorat qilgandi.

Biroq, ikki asosiy nomzod o‘rtasidagi bellashuv bu safar ham juda qizg‘in kechdi. O‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, Bush va uning asosiy raqibi Kerriga ovoz berishi mumkin bo‘lgan saylovchilar soni deyarli bir xil edi.

Esingizda bo‘lsa, 2000 yil prezidentlik saylovlari g‘olibini aniqlash uchun qo‘shimcha 36 kun va Oliy sudning qarori kerak bo‘lgan edi. O‘shanda sobiq vitse-prezident Albert Gor va respublikachi Jorj Bush o‘rtasidagi bellashuv juda keskin o‘tib, birgina Florida shtatidagi munozarali saylov natijalarini AQSh oliy sudi Jorj Bush foydasiga hal etib bergan.

Saylovoldi kompaniyasi davomida ikkala nomzod ham mamlakat ravnaqi uchun muhim bo‘lgan masalalarni ko‘tarishgandi. Ma’lumotlarga qaraganda, bu yil saylovchilar juda faol qatnashgan. 2000 yilgi prezi-dent-lik saylovida 106 millionga yaqin saylovchi ishtirok etgan bo‘lsa, seshanba kuni o‘tkazilgan prezidentlik saylovida 121 million kishi ovoz bergani aytilmoqda.

Seshanba kuni demokratlar partiyasining vakili Jon Edvards televideniega bergan intervyusida, bu safargi saylovlarda qatnashganlar soni misli ko‘rilmagan darajada ko‘p bo‘lishi va xuddi ana shu faollik demokratiyaning amalda ekanini ko‘rsatishi haqida gapirgandi.

Saylovoldi kompaniyasi davomida respublikachilar saylovchilarga Bushni xalqaro terrorizmga qarshi kurash yetakchisi, soliqlarni kamaytirish tashabbuskori va an’anaviy qadriyatlarga sodiq rahbar deb ko‘rsatgan bo‘lsa, demokratlar Bushni moliyaviy jihatdan mas’uliyatsiz, Iroqdagi urushni asossiz boshlagan, odamlar orasiga nizo soluvchi shaxs sifatida ta’riflagan.

Bush seshanba kuni ertalab Texas shtatidagi Kroford shahrida ovoz berdi. Shundan so‘ng u Ogayo shtatiga o‘z kompaniyasini davom ettirish uchun jo‘nab ketishidan oldin, jurnalistlarga shunday dedi: 
«O‘ylashimcha, men yutib chiqaman va mamlakatni boshqarib, xalqni birlashtirishda davom etaman. Mening rejalarim Amerikani xavfdan himoya qilish, mamlakat ravnaqini ta’minlash va doimo olg‘a yurishdan iborat».

Kerri ham seshanba kuni Viskonsin shtatiga tashrif buyurib, u yerda ro‘yxatga olinmagan saylovchilarni ro‘yxatdan o‘tishga va ovoz berishga chaqirgandi. Xullas, saylov ham o‘tdi.
AQSh saylov tizimi haqida to‘xtalib o‘tsak. Ushbu tizim juda murakkabdir. AQSh prezidentlik saylovlari ovoz berish jarayoni orqali o‘tkazilmasligini aytib o‘tish lozim. Har bir shtatdagi ovoz berish huquqiga ega fuqarolar saylov uchastkasiga borib, byulletenda ismlari ko‘rsatilgan u yoki bu nomzod uchun ovoz beradi. Saylovlardan bir necha kun oldin har bir shtatda Saylovchilar kollegiyasiga vakillar saylanadi. Odatda, bu yetakchi partiyalar nomzodlari bo‘lib, ushbu kollegiyaga a’zo odamlar so‘ngra shtat nomidan prezidentni saylaydi. Hammasi bo‘lib kollegiyaga 538 odam kiradi. Har bir shtatning aholisi soniga qarab, proportsional ravishda kollegiya vakillari soni belgilanadi.

Prezident etib saylanish uchun nomzod 270 ovoz to‘plashi kerak. Chorshanbagacha Bush 254, Kerri 252 ovoz olishga muvaffaq bo‘ldi. Lekin, o‘sha kuni Kerrining e’tirof etishicha, hatto Ogayo shtatidagi ovozlar sanab bo‘linganida ham, u kerakli ovoz to‘play olmasligini sezgan. Shuning uchun muddatidan oldin AQSh prezidentligiga Demokratlar partiyasidan nomzod, senator Jon Kerri o‘zining mag‘lubiyatga uchragani va Respublikachilardan nomzod Jorj Bush g‘alaba qozonganini e’tirof etdi. AQShning Massachusets shtatidagi Boston shahrida chiqish qilgan Jon Kerri Bushni g‘alaba bilan qutlab, — ”Natijalar uzoqqa cho‘ziladigan sud jarayoni orqali emas, balki saylovchilar tomonidan belgilanadi. Men yutishimizga kichik bir imkon borligini bilganimda, hech qachon taslim bo‘lmas edim. Ammo hozirda hatto shartli ovozlar sanab chiqilganida, bizning Ogayo shtatida g‘alaba qozona olmasligimiz aniq bo‘ldi. Shu bois bu saylovlarda yutib chiqa olmasligimizni e’tirof etishga qaror qildik”, — dedi.

AQShda bo‘lib o‘tgan prezident-lik saylovida ham avvalgisiga o‘xshab qaysi nomzod ko‘proq ovoz olganini darhol ma’lum qilish imkoni bo‘lmadi. Yuzaga kelgan noaniqlikka birgina shtatdagi vaziyat sabab bo‘ldi. Bundan to‘rt yil oldin Florida shtati saylovchilarining ovozi Bushning prezident etib saylanishiga yordam bergan edi.

Bu safar esa, Ogayo AQSh prezidentini belgilovchi shtatga aylandi. Ushbu shtat nomidan Saylovchilar kollegiyasi bergan ovozlar juda katta ahamiyatga ega. Chunki Ogayo kollegiyasi 20 ovozga ega. Ogayo qonunlariga ko‘ra, shartli ovozlar 10 kun davomida sanaladi.

Xalqaro hamjamiyat a’zolari ushbu yangilikka munosabat bildira boshladi. Yevropa Komis-siya-si rahbari Romano Prodi Jorj Bushni tabrikladi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Bushning g‘alabasini ijobiy baholadi. Xullas, Bush 274 ovoz bilan 252 ovozni qo‘lga kiritgan Kerrini ortda qoldirib, AQSh Prezidenti etib saylandi.

Sherzod AHMATOV tayyorladi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.