Yana sanoqli kunlardan keyin — noyabr oyida AQShda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Sizga ma’lumki, saylovda respublikachilar partiyasidan amaldagi prezident Jorj Bush, demokratlardan esa senator Jon Kerri birinchilik uchun kurash olib boradi. O‘tgan hafta ikki nomzod saylovoldi kampaniyasi doirasida dastlabki televivizion debatda qatnashdi. Quyida TV munozaradan ayrim iqtiboslarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Prezident Bush: “O‘ylaymanki, albatta, bo‘lajak saylovda g‘alaba qozonaman. Chunki amerikaliklar mening rahbarligimga ishonadi. Men o‘z saylovchilarimga nimalarga qodir ekanimni namoyish qila oldim. To‘g‘ri, mening qarorlarim mamlakatdagi barcha kishilarga ham yoqavermaydi. Ayniqsa, Iroq masalasi ko‘pchilik munozarasiga sabab bo‘lmoqda. Lekin shuni tushunishingizni istardimki, Iroq borasida juda qiyinchilik bilan bir qarorga kelganman”.
Senator Kerri: “Ishonchim komilki, biz yanada kuchliroq, dadilroq bo‘lishimiz kerak. Men buni uddlayman. Terrorchilar qaerda bo‘lishidan qat’i nazar, ularni yo‘q qilaman. Shu bilan birga biz aqlliroq ham bo‘lishimiz zarur. Diqqat bilan e’tibor bersak terrorga va Usama bin Lodinga qarshi kurash hozir Iroqda emas, faqat Afg‘onistonda amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu, menimcha, to‘g‘ri harakat emas”.
Prezident Bush: “Murakkab tomoni shundaki, urush fronti (izoh: Iroq urushi) ko‘plab mamlakatlar orqali o‘tgan. Eng dahshatlisi, biz bu jangda mag‘lubiyatga uchrashimiz ham mumkin. Lekin men baribir g‘alabaga ishonaman. Chunki Iroq xalqining o‘zi ham ozod yashashni chin dildan istayapti”.
Senator Kerri: “Iroq urushiga 87 milliard dollar mablag‘ ajratish uchun ovoz berib men xatoga yo‘l qo‘ydim. Lekin prezident ana shu urushni boshlab va Iroqqa bostirib kirib yanada jiddiyroq xatoga qo‘l urdi. Bu ikki xatodan qaysi biri yomonroq? Men xatoni o‘z vaqtida to‘g‘rilash kerak, deb hisoblayman. Bunga Iroq taqdiri misolida ishonch hosil qildim”.
Prezident Bush: “Muxolifim Iroqqa qo‘shimcha yordam yuboraman, deb aytyapti. Va bir vaqtning o‘zida urush mutlaqo noto‘g‘ri ekanini ta’kidlayapti. Bosh qo‘mondon bu kabi bir-biriga zid so‘zlar bilan o‘z askarlarini chalg‘itmasligi kerak”.
Senator Kerri: “Taassufki, Usama bin Lodin hali ham Afg‘onistondagi Tora-Bora g‘orlarida yashirinib yuribdi. Bizda uni ushlash imkoni bo‘ldi, uni o‘rab ham oldik. Lekin qo‘mondonlik terrorchini ushlash uchun mavjud imkoniyatlarni ishga solmadi. Prezident bu vazifani afg‘on dala komandirlariga topshirdi. Bu juda katta xato edi”.
Sobirjon Yoqubov tayyorladi