AQSh Davlat departamenti 2004 yilda inson huquqlari borasida dunyo mamlakatlaridagi vaziyat tahliliga bag‘ishlangan ma’ruzani Kongressga taqdim etdi. Ushbu ma’ruzada sayyoramizning 196 davlatida inson huquqlari borasidagi mavjud muammo va muvaffaqiyatlar tadqiq qilingan.
Ta’kidlash joizki, 2004 yilda inson huquqlari borasida yuz bergan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan ushbu hujjat Davlat departamenti va AQShning butun dunyoda faoliyat olib borayotgan diplomatik vakolatxonalari va tashkilotlari ko‘magida tayyorlangan. Mamlakat parlamenti tomonidan o‘rnatilgan tartib-qoidaga muvofiq, AQShning jahon davlatlari bilan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va diplomatik aloqalari yillik ma’ruza xulosalariga tayangan holda olib boriladi.
Ma’ruzada o‘tgan yilning 18 oktyabrida Afg‘onistonda o‘tgan prezidentlik saylovi afg‘on xalqining demokratik jamiyat qurish yo‘lidagi dadil qadami sifatida baholanadi. Yaqin 20 yil ichida tinch sharoitda o‘tgan ovoz berish jarayonida 8 million aholi, shu jumladan, 3,2 million xotin-qiz qatnashgan edi.
Shubhasiz, o‘tgan yil yakunida Ukrainada kuzatilgan siyosiy vaziyat jahon afkor ommasining diqqat markazida bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, prezidentlik saylovining 2004 yil 21 noyabrda o‘tgan ikkinchi bosqichida mamlakat bosh vaziri Viktor Yanukovich g‘alaba qozongandi. Lekin muxolifat nomzodi Viktor Yushenko tarafdorlari saylov jarayonida qo‘pol qonun buzilishlari yuz berganini tufayli norozilik namoyishlari o‘tkazdi. 2004 yilning 3 dekabrida Ukraina Oliy sudi 21 noyabr saylovini noqonuniy deb topdi va mamlakatda 26 dekabr kuni qayta saylov o‘tkazildi. Uchinchi bosqich ovoz berish jarayonida, nihoyat, muxolifat rahbari Viktor Yushenko g‘alabaga erishdi. Bu holat yuqoridagi zikr etilgan ma’ruzada Ukrainada demokratiya talablarini bajarish borasida ijobiy qadamlar tashlangani sifatida baholangan.
Shuningdek, departament hujjatida Gruziyada 2004 yilning yanvar va martida o‘tgan prezidentlik hamda parlament saylovlari mamlakatning demokratiya sari yuz burishida muhim o‘rin tutgani qayd etilgan.
Yillik ma’ruzada Yevrosiyo mamlakatlaridagi siyosiy voqealar xavotirli holatlarga olib kelayotgani ta’kidlanadi. Belorusda so‘z erkinligi, siyosiy hamda xalqaro me’yorlarda mustahkamlangan boshqa huquqlarning buzilishi holatlari kuzatilgan. Misol uchun, 2004 yilning 17 oktyabrida prezident vakolat muddatini uzaytirish masalasida o‘tgan referendumda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Rossiyada ham ommaviy axborot vositalari erkinligiga jiddiy xavf soluvchi faktlar qayd etilgan. Shuningdek, ma’ruzada mamlakat ma’muriy hududlari rahbarlari (gubernatorlar)ni saylash bo‘yicha qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirish ijroiya hokimiyat qudratini oshirishga xizmat qilgani aytilgan. Xabaringiz bor, yangi qonun o‘zgarishiga muvofiq, endilikda Rossiyada gubernatorlar prezident tavsiyasiga muvofiq mahalliy deputatlar tomonidan saylanadi.
Davlat departamenti hisobotida Kosovoda mahalliy ozsonli etnik guruh huquqlari hamon buzilayotgani xavotir bilan qayd etilgan. Shuningdek, Chexiya va Slrvakiyada hukumat garchi lo‘lilar huquqlarini himoya qilish borasida chora-tadbirlar olib borayotgan bo‘lsa-da, bu borada jiddiy muammolar saqlanib qolayotgani bildirilgan.
AQSh elchixonasi ma’lumotlari asosida
S. SALIM tayyorladi