OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

26.10.2004. AR-RIYOD TERRORIZMGA QARSHI (arxiv)

So‘nggi paytlarda xalqaro terrorizm jahon jamoatchiligi e’tiboridagi eng muhim global muammo bo‘lib qolayotgani sir emas. Bugun terrordan jabr ko‘rayotgan har bir davlat ushbu ofatga qarshi dunyo miqyosida kurash olib borish zarurligini to‘la anglab yetmoqda va bu yo‘lda amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga harakat qilmoqda.

Saudiya Arabistoni qirolligi ham terror ofatini o‘z “tanasi”da sinab ko‘rgan mamlakatlardan biri. Oxirgi yillarda ushbu muqaddas zamin tuprog‘ida ham bir qancha qo‘poruvchilik harakatlari sodir etildiki, bu terror millat, davlat va din tanlamaydigan dahshatli xavf-xatar ekanini yana bir karra tasdiqladi.

BMT Bosh Assambleyasining yaqinda bo‘lib o‘tgan 59-sessiyasida Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari doktor Nizor bin Ubayd Madaniy ma’ruza bilan ishtirok etdi. Ar-Riyod hukumati vakili o‘z ma’ruzasida Saudiya Arabistonining terrorizmga qarshi kurash borasidagi sa’y-harakatlariga alohida to‘xtalgan holda, qirollikning xalqaro masalalarda tutgan pozitsiyasiga ham oydinlik kiritdi.

Saudiya qirolligi xalqaro terrorizmga qarshi kurashga davlat siyosatinig muhim bir bo‘g‘ini sifatida e’tibor qaratib kelmoqda. Mamlakat Arab olamida birinchilardan bo‘lib terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risidagi bitimni imzoladi, Islom konferentsiyasi tashkilotining ayni shu masalaga bag‘ishlangan hujjatini qabul qildi. Umuman, Ar-Riyod hukumati hozirgacha xalqaro tashkilotlar tomonidan terrorizmga qarshi qabul qilingan 9 ta bitim va shartnomaga qo‘shildi.

2003 yili sayyormizda 208 ta qo‘poruvchilik harakatlari sodir etildi, teraktlar oqibatida 625 kishi halok bo‘ldi, 3646 kishi jarohatlandi.

O‘tgan yili Osiyo qit’asida – 80 ta, Yevropada – 33 ta, Lotin Amerikasida – 20 ta, Afrikada – 6 ta, Yaqin Sharqda – 67 ta terakt amalga oshirildi. Raqamlar tasdiqlab turibdiki, Osiyo qit’asi, xususun, Yaqin Sharq hududi terrordan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan mintaqa bo‘lib qolmoqda.

Yaqinda Saudiya hukumati poytaxt Ar-Riyod shahrida jahon mamlakatlari ishtirokida terrorizmga qarshi kurash mavzusida xalqaro konferentsiya o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda BMT Bosh Assambleyasida axborot bergan mamlakat Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosarining ta’kidlashiga qaraganda, 2005 yilning 5 fevralida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan xalqaro konferentsiyaga dunyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar taklif etiladi. Xalqaro uchrashuv doirasida jahonning rivojlangan davlatlari terrorga qarshi kurash borasida erishgan ilg‘or usullar, tajribalar o‘rganiladi va muammo yechimi bo‘yicha o‘zaro muzokaralar olib boriladi.

Haqiqatan ham, ayni paytda ushbu umumjahoniy muammoga qarshi kurash bo‘yicha o‘zaro axborot almashuv va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro terrorizmni nazariy va amaliy jihatdan o‘rganish, uning moliyaviy manbalari va ildizlarini aniqash eng asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu maqsadga esa bir davlat miyoqsidagi harakat bilan erishib bo‘lmaydi. Chunki bugun maktab o‘quvchisiga ham ma’lumki, terrorizm milliy darajadan chiqib, allaqachon global miqyosdagi muammoga aylanib ulgurgan.

Ar-Riyod hukumati ham ayni shu jihatga urg‘u bermoqda va xalqaro hamjamiyatni terrorga qarshi kurashda birdam va yakdil bo‘lib sa’y-harakat qilishga da’vat etmoqda.

Hozirga paytda dunyo hamjamiyati diqqat-e’tiboridagi yana bir muhim masala, shubhasiz, Yaqin Sharqda notinch vaziyat bo‘lib turibdi. Ko‘pdan buyon davom etib kelayotgan Falastin-Isroil ixtilofi tufayli mintaqa hali ham tinch-osoyishta hayot kechirish baxtidan mahrum.

Bundan bir necha yil oldin AQSh tomonidan arab-isroil ixtilofini bartaraf etish uchun “Yo‘l xaritasi” rejasi taklif qilingandi. Bunga ko‘ra, 2005 yilgacha ikki tomonlama to‘qnashuvlarga barham berilishi va Falastin davlati tashkil etilishi zarur edi. Biroq “Yo‘l xaritasi” rejasi ham bungacha olib borilgan muzokaralar kabi nihoyasiga yetmay, aro yo‘lda qolib ketdi. Ayni paytda esa BMT va xalqaro tashkilotlar noroziligiga qaramay, G‘azoda himoya devorlari qurilmoqda va aholining majburiy ko‘chirish siyosati olib borilmoqda. Ar-Riyod hukumatining fikricha, Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni raketa zarbalari yoxud qurolli harakatlar bilan bartaraf etish imkonsiz. Notinch holatni tugatish uchun, eng avvalo, tinch muzokaralar yo‘lini mahkam tutish lozim.

Shu munosabat bilan Saudiya qirolligi Yaqin Sharqni ommaviy qirg‘in qurolidan xoli hudud sifatida saqlab qolish tashabbusi bilan chiqmoqda va jahonning yetakchi mamlakatlari hamda BMT kabi xalqaro birlashmalarni bu yo‘lda mintaqa aholisiga yordam ko‘rsatish, yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lida harakat qilayotgan ayrim davlatlarni nazorat qilishga chaqirmoqda.

Qirollik hukumatining qarashiga ko‘ra, mintaqadagi xalqlarning to‘kin-farovon, tinch-osoyishta yashashi uchun inson jamiyatini rivojlantirish va iqtisodiy taraqqiyotga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu yo‘lda esa chetdan kelgan g‘oyalar va fikrlar emas, har bir mamlakatning ichki ehtiyoj hamda tabiiy talablaridan kelib chiqqan islohotlargina asqotadi.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.