OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

29.12.2004. UKRAINA SAYLOVDAN SO‘NG (arxiv)

Ukrainada yakshanba kuni prezident saylovining ikkinchi turi bo‘lib o‘tdi. Markaziy saylov komissiyasi ovozlarning deyarli 100 foiz qismini hisoblab chiqdi. Natijalar esa saylovda muxolifat vakili sifatida qatnashgan Viktor Yushenko g‘alaba qozonganini ko‘rsatmoqda.

99,59 foiz ovoz hisoblangandan keyingi natijalar quyidagicha: Viktor Yushenko uchun elektoratning 52,11 foiz qismi (15 million 81 ming 156 kishi) ovoz bergan. Viktor Yanukovichni esa 44,09 foiz saylovchi (12 million 761 ming 72 kishi) qo‘llab-quvvatlagan. 2,34 foiz aholi esa har ikki nomzodga qarshi ovoz bergan.

Viktor Yushenko hisoblash jarayoni boshlangandan 5 soat o‘tiboq g‘alabaga erishganini e’lon qildi. Poytaxtning bosh maydonida yig‘ilgan o‘z tarafdorlari oldida so‘zga chiqqan muxolifat yetakchisi ushbu g‘alaba butun ukrainaliklar erishgan ulkan muvaffaqiyat ekanini ta’kidladi va o‘z tarafdorlarini Markaziy saylov komissiyasi natijalarni rasman e’lon qilgunga qadar tarqalmaslikka chaqirdi.

Amaldagi bosh vazir Viktor Yanukovich esa hali mag‘lubiyatni tan olganicha yo‘q. Yanukovich shtabi saylov jarayonida amalga oshirilgan soxtaliklar uchun ikkinchi tur natijalari ustidan Oliy sudga shikoyat qilishini ma’lum qilgan. Nomzodning Markaziy saylov komissiyasidagi vakili Nestor Shufrich saylov jarayonidagi qonunbuzarliklarni isbotlab beruvchi dalillar mavjudligini ta’kidlagan. Agar mag‘lub bo‘lgan taqdirda kuchli muxolifatni tashkil etishga qaror qilgan Yanukovich Yushenko bilan muzokaralarga endi yo‘l yo‘qligini bildirgan.

Prezidentlik muddati tobora oxirlab borayotgan Leonid Kuchma saylov yakunlanishi bilan yutqazgan tomon o‘z mag‘lubiyatini tan olishi kerakligini ta’kidlagan. “Umid qilamanki, bu so‘nggi saylov bo‘ladi”, — degan Kuchma OAVga bergan intervyusida.

Ukraina o‘tgan ovoz berish tadbiri dunyoning turli davlatlaridan kelgan 12 mingdan oshiq kuzatuvchi tomonidan nazorat qilib borildi. Ikkinchi tur birinchisidan farq qilib, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilari tomonidan ijobiy baholandi. YeXHT Parlament Assambleyasi raisi Bryus Jorj Ukrainadagi saylov demokratik standartlarga yaqinlashganini e’tirof etdi.

Yevroparlament vitse-prezidenti Yatsek Sarush-Volskiy nazdida ham Ukraina prezidentlik saylovi adolatli va haqqoniy o‘tdi. Dastlabki tur natijalari noqonuniy deb e’lon qilgan AQSh tomoni bu safargi ovoz berish jarayonini demokratik ruhda o‘tdi, deya e’tirof etmoqda. AQSh tomonidan kuzatuvchi sifatida qatnashgan kongressmen Jim Kolbi saylov jarayonida qonun buzilishlari bo‘lmaganini aytgan. “Biz bir qancha saylov uchastkalarida bo‘ldik va u yerlarda qonun talabi doirasida harakat qilishayotgani guvohi bo‘ldik”, — degan u “Interfaks”ga bergan intervyusida.

Yevropa va Amerikaning munosabatiga qarama-qarshi o‘laroq, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidan tashrif buyurgan kuzautuvchilar prezidentlik saylovida qonunbuzarliklar ko‘p uchraganini aytishmoqda. Ularning fikricha, saylov jarayonida 1000 ga yaqin qonun buzilish holati kuzatilgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukrainadagi saylov bo‘yicha bayonot berganicha yo‘q. Lekin o‘tgan safar Viktor Yanukovich g‘alabaga erishgani to‘g‘risidagi xabar tarqalgandayoq unga bir emas, ikki bor tabrik yo‘llagan Federatsiya rahbari hozirgacha Yushenkoga qutlov maktubi yo‘llamaganidan ham uning Ukrainadagi o‘zgarishlarga munosabatini bilish mumkin. Ma’lumotlarga qaraganda, Viktor Yanukovich saylov kampaniyasi uchun 392 million dollar mablag‘ sarfladi. Yushenko esa targ‘ibot-tashviqot uchun undan ancha kam — 46 million dollar ajratdi.

Jahon matbuoti bahosi

“Ovoz berish jarayonida avvalgilardan farq qilib, muammolar kamroq bo‘ldi. Kutilgan ommaviy tartibsizlik va janjallar bo‘lmadi. Bir oyda uch marotaba ovoz berishga majbur bo‘lgan ukrainaliklar professional saylovchiga aylanishayozdi. Xalq siyosiy voqealar ta’sirida so‘nggi paytda favqulodda yakdillik va ushyuqoqlik namoyish etdi”.

“Nezavisimaya gazeta”

“48 million aholiga ega bo‘lgan va Yevropa Ittifoqi hamda Rossiyani ajratib turgan mamlakat — Ukrainada o‘tgan prezidentlik saylovida Viktor Yushenkoning g‘alaba qozongani ulkan geosiyosiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi”.

“Tayms”

“Ukraina mustaqillikka erishgandan buyon o‘tgan 13 yil davomida mamlakat Kreml soyasida yashashga majbur bo‘ldi. Bugun esa Kiev ko‘chalarida g‘alaba va ozodlik shamoli esmoqda”.

“Deyli telegraf”

“Agar yangi saylangan prezident demokratiya talablariga sodiqligini bildirsa va NATO bilan aloqalarni yaxshilash tarafdori bo‘lsa, Amerika prezidenti Jorj Bush zudlik bilan uni Vashingtonga rasman taklif qilishi kerak. Ushbu tashrif Amerika tomonining yangi hukumatni nechog‘li qo‘llab-quvvatlashini ifoda etadi”.

“Faynenshl tayms”

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.