OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Barak Obama – yangi avlod siyosatchisi

"Yodingizdami, o‘tgan asrda yashagan avlodlar fashizm va kommunizmni nafaqat raketalar va tanklar yordamida, balki kuchli ittifoq va mustahkam ishonch tufayli ham mag‘lub eta olishgan. Chunki faqat kuch-qudratga tayanib, o‘zini himoya qilmoq mumkin emasligini ular yaxshi bilishgan. O'zimizni xatarlardan holi, xavfsiz his etmog‘imiz uchun eng avvalo adolat bilan ish yuritmog‘imiz, kamtar va halol bo‘lmog‘imiz, boshqalarga yaxshi o‘rnak ko‘rsata olish va o‘z-o‘zimizni nazorat qila bilishga odatlanmog‘imiz zarur".

AQShning 44-Prezidenti Barak Obama inauguratsiya marosimida nutq so‘zlar ekan, uning chuqur mulohazali, otashin fikrlari  hech kimni befarq qoldirmadi. 

U o‘ziga xos notiqlik iqtidori, inson ruhini ko‘taruvchi so‘zamolligi, yetuk bilimdonlik va zukkolik sifatlari tufayli ham Prezidentlik saylovlarida muvaffaqiyatga erisha oldi.

O'ziga xos noyob tarjimai holiga qaramay, Demokratik partiya tomonidan Prezidentlikka nomzodini ilgari surgan va ko‘zlangan marrani zabt etgan Obama nomi AQSh tarixida va siyosiy hayotida yangi sahifa ochdi.

Tarixga AQShning birinchi afroamerikalik Prezidenti sifatida nomi bitilgan Obama boshqa davlat rahbarlaridan kelib chiqishi, hayotda ko‘rgan-kechirganlari, to‘plagan tajriba va saboqlariga ko‘ra ajralib turadi. Otasi - keniyalik fermerlar avlodiga mansub, onasi -  asli Amerikaning markaziy qismidan bo‘lgan o‘ziga to‘q oila farzandi. Ikki irq va ikki xil dunyoqarashga mansub ota-onaning nikohidan dunyoga kelgan Obama o‘zining yorqin harakat dasturi, alangali saylovoldi nutqlari bilan mamlakat miqyosida katta e'tibor qozondi. 

U 2004 yilda o‘tkazilgan demokratlarning milliy anjumanida so‘zga chiqib shunday degan edi: "Yer yuzida liberal Amerika ham, konservativ Amerika ham yo‘q, Amerika Qo‘shma Shtatlari degan mamlakat bor. Kurrai zaminda oq Amerika yoki qora Amerika deb ajratib qo‘yilgan hudud yo‘q. Lotin Amerikasi yoki Osiyo Amerikasi deyish ham noo‘rin. Faqat Amerika Qo‘shma Shtatlari deb ataluvchi yagona mamlakat bor. Biz hammamiz bitta xalqmiz va barchamiz mustaqilligimiz ramzi hisoblangan bitta bayroqqa sodiq bo‘lishga ont ichganmiz. Shu mamlakatni himoya qilishga jazm etganmiz".

 O'sha yili u Illinoys shtatidan AQSh senatiga saylangandi. Oradan to‘rt yil o‘tib esa prezidentlik kursisiga intilayotgan demokrat safdoshlari qatorida u ham o‘zini katta siyosatda sinab ko‘rishga qaror qildi va mamlakatning birinchi rahbari lavozimi uchun bo‘ladigan navbatdagi saylovlarga nomzodini qo‘ydi. Notiqlik san'atini mukammal egallagani, fikrni aniq ifoda eta olish iqtidori, yoshlarni tashabbuskorlikka ruhlantirish qobiliyati unga omad keltirdi. U XXI asr talablariga to‘la javob bera oladigan eng munosib nomzod sifatida e'tirof etildi. Obama saylovoldi dasturida asosan ikki mavzuga qattiq urg‘u berdi. Birinchisi, mamlakatni boshqarish borasidagi odatiy, an'anaviy vashingtoncha usulni o‘zgartirish bo‘lsa, ikkinchisi, g‘oyaviy qarashlari, ijtimoiy va irqiy kelib chiqishidan qat'i nazar barcha amerikaliklarning bitta maqsad yo‘lida birdamlashuvi masalasi edi. 

Obamaning ota-onasi kelib chiqishiga ko‘ra biri-biridan mutlaqo farq qiladi. Onasi Enn Danxem Kanzas shtatidagi kichik bir shaharchada tug‘ilib o‘sgan. Oilasi bilan Gavayi orollariga ko‘chib o‘tgach, u keniyalik talaba katta Barak Obama bilan tanishadi. Bu paytda Obama Gavayi universitetida tahsil olardi. 1959 yili yoshlar turmush qurishadi va 1961 yili 4 avgustda Gonolulu shahrida kichik Obama dunyoga keladi. Oradan ikki yil o‘tgach, oila boshlig‘i Garvard Universitetida o‘qishini davom ettirish niyatida jo‘nab ketadi. Tahsildan so‘ng esa oilasini Gavayida qoldirib, vatani Keniyaga qaytadi va hukumat idoralaridan birida iqtisodchi bo‘lib xizmat qila boshlaydi. Shundan keyin kichik Obama otasi bilan bor-yo‘g‘i bir martagina 10 yoshida diydorlashadi.

Obama 6 yoshga to‘lganida onasi ikkinchi bor turmush quradi. Indoneziyalik neft sanoatchisi Lolo Soetoro ularni Indoneziya poytaxti Jakartaga ko‘chirib olib ketadi. Obama to‘rt yil poytaxtdagi maktablardan birida tahsil oladi. Ammo keyinroq Gavayiga qaytib ketadi. Maktabning yuqori sinflarida o‘qir ekan, u onasining ota-onalari -  buvisi va bobosinikida yashaydi.

 "Otamning orzulari" deb nomlangan ilk kitobida Barak Obama hayotining mazkur yillarini ta'riflar ekan, o‘spirinlik yillarining shaxdu shiddati va hayajonlari odatdagidan ko‘ra qaynoqroq va kuchliroq bo‘lganini ta'kidlaydi. Chunki bu davrda u har ikkala irqning milliy-madaniy merosini o‘rganish, anglashga harakat qildi. U paytlarda AQShda bu masalaga u qadar e'tibor berilmas edi. Oq tanli amerikaliklar kabi qora tanli xalq vakillarining ham o‘ziga xos tub ildizlari, boy merosi mavjudligi Obama uchun masalani keng ko‘lamda tahlil qilish imkonini berdi. Oradan yillar o‘tib, har ikki irq hayot tarzini, dunyoqarashini chuqur o‘rgangan Obama mazkur masalani siyosiy maydonga olib chiqa oldi.

"Barak shunday favqulodda qobiliyatga egaki, u hatto sira chiqisha olmaydigan bir- biriga zid narsalarni ham o‘zaro kelishtirib, muvofiqlashtirib, yaxlit holga keltira oladi, bir maqsad yo‘lida birlashtira biladi, - degan edi uning huquqshunoslik fakultetida birga tahsil olgan saboqdoshlaridan biri Kassandra Batts "Nyu-Yorker" jurnali muxbiriga bergan intervyusida. - Uning tabiatiga xos bu jihatning shakllanishida Barakning hayotiy tajribasi, tarjimai holi muhim ahamiyat kasb etgan. Oilada uni oq tanlilar tarbiyalashgan. Keyinroq katta hayotga qadam qo‘yar ekan, tevarak-atrofning unga qora tanli inson sifatida boshqacharoq munosabatda bo‘layotganini sezgan".    

Maktabni tamomlagach, Obama Gavayini yana tark etib, ikki yil Los-Anjelesdagi G'arbiy kollejda tahsil oladi. So‘ng Nyu-Yorkka ko‘chib o‘tadi. Bu yerda  Kolumbiya universitetiga o‘qishga kirib, 1983 yilda san'at sohasida bakalavr diplomini oladi. "O'shanda kollejni tamomlaganimdan so‘ng mening yuragimni g‘alati bir g‘oya zabt etdi va sira tinchlik bermadi, - degan edi keyinchalik Obama o‘sha kezlarni yodga olar ekan. - Men katta o‘zgarishlar qila olishim uchun joylarga borib ishlashim kerak" .

O'z shaxsiyatini shakllantirish ishtiyoqida, hayotdagi aniq maqsadni belgilab olish va unga intilish ilinjida Obama Nyu-Yorkdagi ishini tashlashga qaror qildi. U konsalting shirkatida moliyaviy nazoratchi vazifasida xizmat qilardi.

Shundan so‘ng u Chikagoning janubiy qismida joylashgan afroamerikaliklar yashaydigan qashshoq dahada jamoat tashkilotchisi sifatida ish boshlaydi. Qachondir Chikagoning sanoati rivojlangan markazlaridan biri hisoblangan bu hududda mahalliy po‘lat ishlab chiqarish zavodining yopilganligi tufayli ishsizlik avj olgan edi. Shaharcha ahli qo‘l uchida kun ko‘rar, faqat xizmat ko‘rsatish sohalari orqaligina tirikchilik qilardi.

Ishonchim komilki, har qanday davlat rahbarining asosiy vazifasi o‘z xalqini himoya qilishdir. Men shunga aminmanki, bu masalaning bizning asrimizda samarali yechim topishi amerikacha yo‘lboshchilikning yangi talqinini hamda xavfsizlikni ta'minlashning o‘zgacha tamoyillarini talab etadi. Toki, bu tamoyillar eskirgan, ahamiyatini yo‘qotgan fikrlarga emas, balki bo‘lib o‘tgan ishlardan olingan saboqlarga tayansin.

Barak Obama

Oradan bir qancha vaqt o‘tib, o‘z nomzodini prezidentlikka tavsiya etar ekan, Barak Obama shunday eslaydi: "Men o‘sha qashshoq dahada ishlab yurar ekanman, butun umrim bo‘yi olgan saboqlarimdan ham ko‘ra kuchliroq malaka va ma'lumotga ega bo‘ldim. Aynan o‘sha yerda men o‘z maqsadim, e'tiqodim mohiyatini anglab yetdim".

Obama bu yerda xizmat qilar ekan, ko‘zga ko‘rinarli yutuqlarga erishdi. Jamoat tashkilotchisi sifatida barcha sa'y harakatlarini asosan oddiy odamlarning jamiyatdagi faolligini oshirish va buni rag‘batlantirishga, siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga yo‘naltirilgan mahalliy strategiyalarni ishlab chiqish va ularni yuqori idoralar hukmi-e'tiboriga havola qilish, amaliy ijrosini ro‘yobga chiqarishga qaratdi.

Mazkur vazifani bajarish jarayonida Obama ko‘p to‘siqlarga uchradi. Xonavayron bo‘lgan aholi yashash joylarida hayot tarzini yaxshilash uchun qonunchilik sohasida mukammalroq bilimlarni egallash, balandroq siyosiy martabalarni zabt etish lozim ekan. Ana shu xulosaga kelgan Obama Garvard universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kiradi. U bu yerda ham boshqalardan ajralib turardi. Serg‘ayrat va tashabbuskor yigitni tez orada universitetning obro‘li nashrlaridan biri "Garvard lo revyu" ga prezident etib tayinlashdi. Unga qadar qora tanli talabalardan hech kim bunday martabaga munosib ko‘rilmagan edi. Barak Obama 1991 yili universitetni muvaffaqiyatli yakunladi.

Tahsil mobaynida topgan yuksak obro‘-e'tibori bilan Obama har qanday yaxshi ishning boshini tutishi  mumkin edi. Ammo Barak unga qadrdon bo‘lib qolgan Chikagoga qaytdi. Bu yerda u "Sidli end Ostin" yuridik shirkatida fuqarolar huquqlari sohasida amaliyot bilan mashg‘ul bo‘ldi hamda Chikago Universitetida talabalarga konstitutsiya huquqidan saboq berdi.

Shirkatda ishlab yurar ekan, xuddi shu yerda Mishel Robinson bilan tanishadi. Mishel ham Garvardning huquqshunoslik fakulteti bitiruvchisi edi. 1992 yilda ular turmush quradilar.

So‘ngra Obama Chikagodagi saylov jarayonlarida ishtirok etadi. Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan  Bill Klintonning saylov kampaniyasida ishtirok etib, saylovchilarni ruyxatga olish ishlari bilan shug‘ullanadi.

Davlat xizmatiga mustahkam sadoqatini saqlab qolgan Obama 1996 yilda ilk bor yuqori mansablarga o‘tkaziladigan saylovlarga o‘z nomzodini ovozga qo‘ydi. Shu  yili u saylovda muvaffaqiyat qozonib, Chikagodan Illinoys shtati senatiga eng munosib nomzod deb topildi.

Obama jamoat tashkilotchisi bo‘lib ishlagan davrlaridagi qarashlaridan kelib chiqib, keyingi faoliyatida ham qator masalalarga keng ko‘lamda yondoshishga harakat qildi. Uning nazarida haqiqiy siyosatchi - oddiy fuqarolarning talab va istaklarini yuqori qatlamlarga yetkazuvchi yo‘lboshchi, katta-katta guruhlarni bir maqsad yo‘lida birlashtiruvchi tashabbuskordir. U bundan buyongi siyosiy qarashlarida ham ana shu tamoyillarga sodiq qoldi.

2000 yilda Obama ilk bor AQSh kongressiga o‘z nomzodini ilgari surdi. Uning raqibi kuchli edi. Chikago vakillar Palatasining a'zosi demokrat Bobi Rash bilan bo‘lgan bu kurashda Obamaning omadi chopmadi. Muvafaqqiyatsizlikka uchragach, hafsalasi pir bo‘lgan Obamaga turmush o‘rtog‘i Mishelning taklifi ayni muddao bo‘ldi. U AQSh senatiga nomzodini qo‘yish va yana bir bor siyosiy faoliyatida yuksalish sari qadam tashlashga qaror qildi.

Globalizatsiya sharoitidagi zamonaviy dunyoda Amerika xalqining xavfsizligini ta'minlash bevosita butun yer yuzi ahlining xavfsizligini saqlash bilan chambarchas bog‘liqdir. Agarki, narkotik moddalar savdosi va korruptsiya Lotin Amerikasidagi mavjud demokratiyaga tahdid solayotgan ekan, buni Amerikaga dahli yo‘q deb aytolmaymiz. Indoneziya qishloqlarida yashaydigan qashshoq odamlar chorasizlikdan hattoki parranda grippi bilan zararlangan tovuqlarni bozorga chiqarishga majbur bo‘layotgan ekanlar, bu muammoni bizga taalluqli emas deb befarq qololmaymiz. Toki Pokistonda joylashgan diniy maktablarda yosh bolalar ongiga yovuzlik va nafrat hislari singdirilayotgan ekan, bu bizning farzandlarimiz uchun ham xatarlidir.

Barak Obama

AQSh senatiga 2004 yil saylovlari Illinoys shtatida bir yil avval boshlandi. Illinoysdan saylangan o‘sha paytdagi senator, respublikachi Piter Fitsjerald keyingi saylovlarda qatnashmasligini ma'lum qilgan edi. Senator kursisi uchun dastlabki saylovlarda yetti nafar demokratik partiya vakillari va sakkiz nafar respublikachi kurash olib bordi. Obama o‘z partiyadoshlari orasida eng ko‘p 53 foiz ovoz to‘plab, qolgan oltita safdoshini ortda qoldirdi.

O'sha vaqtda AQSh senatidagi 100 ta o‘rindan 51tasi respublikachilarga to‘g‘ri kelar, demokratlar bu ko‘rsatkichni oshirish, hech bo‘lmaganda tenglashtirish harakatiga tushgan va bunga astoydil urinayotgan edilar. Shu bois Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzodi qo‘yilgan Jon Kerri ham bu masalaga alohida e'tibor qaratdi. Tashabbuskor, aql zakovati va qobiliyati yetarli, buning ustiga yetuk notiq bo‘lgan Obama allaqachon Jon Kerri nazariga tushgan, uning ishonchini qozongan edi. Shuning uchun Kerri Obamaga Demokratlarning anjumanida chiqish qilishni topshirdi.Obama har doimgiday buni qoyil qilib uddaladi. Uning yorqin fikrlari, qat'iy ishonch ila bildirgan keskin mulohazalari anjuman ishtirokchilariga jon kiritdi. " Mening nazarimda, -  degan edi u, -  partiyalar o‘rtasidagi mojarolarga chek qo‘yish, siyosat yo‘lidagi xudbinlik, nomussizlik va yuzsizlikdan tiyilib, kishilarga umid va ishonch bera oladigan siyosatni olib borish lozim". Mazkur haqqoniy va betakror nutq Obamani ommaviy axborot vositalarining ham diqqat markaziga olib chiqdi. Jurnalistlar endi uni Demokratik partiyaning kelajakdagi yorqin yulduzi deya butun mamlakatga tanitdilar. O'sha yili kuz oylarida bo‘lgan saylovlarda Obama umumiy saylovchilarning 70 foiz ovozini qo‘lga kiritib, AQSh senatiga o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozondi. Bu ko‘pchilikni mutaassir qilgan juda katta g‘alaba edi. Obama Illinoys shtatining 102 ta okrugidan 93 tasida mutlaq g‘olib bo‘lgan, unga ovoz berganlar orasida oq tanli saylovchilar soni raqibinikidan ikki barobar ko‘p edi. Bu natijalar

Obama yangi avlod siyosatchisi sifatida siyosat maydoniga chiqib kelayotgani va dadil odimlayotganining yaqqol ifodasi edi.

Senatdagi faoliyati mobaynida u hukumatning Iroqda olib borayotgan harbiy harakatlari to‘g‘risida bir nechta tanqidiy fikrlar bildirgan edi. "Har qanday urush e'tiqod va g‘oyalarga emas, balki siyosatga asoslangan bo‘ladi" degandi u. Yana Kongress ish faoliyatida axloq-odob tamoyillariga amal qilishni kuchaytirish, qurolli kuchlar faxriylariga g‘amxo‘rlikni takomillashtirish va yangicha, noan'anaviy elektr manbalaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish kabi masalalarni kun tartibiga olib chiqishga erishgandi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari tinch va totuvlikda birga yashash uchun yangi davrni ochishga intiladi va bu davrda AQSh Islom dunyosi bilan o‘zaro manfaat va hurmat asosida munosabatlar o‘rnatish niyatida.

Barak Obama

Demokratik partiyaning 2008 yilda barcha 50 ta shtatda o‘tkazilgan dastlabki saylovlari ko‘p jihatdan tarixiy ahamiyat kasb etdi. Garchi avvallari ham prezidentlik lavozimiga afroamerikaliklar va ayollar nomzodi ilgari surilgan esa-da, bu safar misli ko‘rilmagan natija qayd etildi: yakunlovchi bosqichga yetib kelganlar orasida ayol kishi ham, afroamerikalik ham bor edi. 2007 yilda Obama va demokratik partiyadan ko‘rsatilgan boshqa yetti nafar nomzod o‘zlarining saylovoldi dasturlarini boshlashdi.

O'tkazilgan so‘rov natijalari Barak Obama shuhrat cho‘qqisining Hillari Klintondan keyingi ikkinchi pog‘onasida ekanini ko‘rsatgandi. Biroq, Obama saylovoldi kampaniyasining ilk bosqichlaridayoq joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni o‘z tarafdorlari qatoriga qo‘sha oldi. U ayniqsa yoshlar orasida katta obro‘ga sazovor bo‘ldi. Uning internetdan unumli foydalanib, ko‘pchilikning ovozini to‘play olganligi ham bu borada juda qo‘l keldi. Garchi Hillari xonimning saylovchilar orasidagi shuhrati beqiyos bo‘lsa-da, Obama ishlab chiqqan yangicha o‘ziga xos strategiya uning mutlaq g‘alabasini ta'minladi. 2008 yilning 3 yanvarida Ayova shtatida o‘tkazilgan partiya yig‘ilishida Obama ko‘p miqdorda ovozga ega bo‘lib, Klinton xonimdan  ustunlikka erishdi. Keyingi g‘alabani u 5 fevralda qo‘lga kiritdi. Bir vaqtning o‘zida 22 ta shtatda o‘tkazilgan "primary" saylovlarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi. Bu kun Obama tarafdorlari uchun "superseshanba" nomini olgan va juda katta tarixiy voqea bo‘lgan edi. Navbatdagi muvaffaqiyat Obamani 10 fevral kuni kutib turar edi. O'sha kungi musohabalar natijasida u obro‘siga obro‘ qo‘shib, Klinton xonimning shavkati va shuhratiga biroz soya tashladi.

Barak Obama AQSh tarixida o‘tgan barcha davlat rahbarlari orasida eng yoshi va navqironidir. Ko‘plab amerikaliklarning fikricha, Obama mamlakat tub burilishlar, yuksak o‘zgarishlarga katta ehtiyoj sezayotgan bir pallada siyosat maydoniga chiqdi. "Vashington post" gazetasining siyosiy sharhlovchisi E.Dj. Dionn Amerikada yuzaga kelgan mazkur kayfiyat va Obama nomzodi o‘rtasidagi o‘zaro omadli mutanosiblikni shunday ta'riflaydi:

"Bu vaqtda tajriba emas, balki keskin o‘zgarishlar ehtiyoji kun tartibiga chiqqan edi. Saylovoldi nutqlarida mayda tafsilotlarni oydinlashtirish emas, balki qattiq turtki bera olish muhimroq edi, qimmatliroq edi. Yaxshi kunlarga shunchaki qaytish emas, balki o‘tmish bilan aloqani keskin uzish va yangilanish va'da qilingan edi. Aynan ana shu sifatlar yuksak mukofotga loyiq deb topildi".   

Barak Obama AQSh prezidenti sifatidagi siyosiy faoliyatini boshlagan ilk kunlaridanoq jiddiy va jo‘yali qarorlar qabul qilishga harakat qildi. U o‘zining dastlabki rejalarini iqtisodiy inqiroz oqibatlarini bartaraf etish, vaziyatni imkon qadar yumshatishga yo‘naltirdi. Prezident Obama Kongress oldiga iqtisodiyotni sog‘lomlashtirishga oid qonun loyihasini tezlik bilan qabul qilish talabini qo‘ydi. Unga ko‘ra, yaqin ikki yil ichida 3 mlndan ortiq ish o‘rinlarini tashkil etish yoki saqlab qolish, 95 foiz ishchi-xizmatchilarga soliqlarni to‘lash borasida tez fursatlarda imtiyozlar berish va boshqalar nazarda tutilgan.

"Amerikada islohotlarni eng avvalo ta'lim tizimidan boshlash kerak, - deya fikr bildiradi Obama "Vashington post" gazetasining 2009 yil 5 fevral sonida bosilgan va Amerika xalqining milliy iftixoriga aylangan maqolasida. - Chunki ta'lim-tarbiyaning sifati mukammal emasligi tufayli bolalarimiz keragicha bilimga ega bo‘lolmayaptilar. Chalasavodlilik oqibatini biz mamlakatimizning turli joylarida  qulayotgan ko‘priklar, vayron bo‘layotgan to‘g‘onlar misolida ko‘rishimiz mumkin.

Obama boshchiligidagi hukumatning tashqi siyosati ham ijobiy tus olmoqda. Prezidentning bayonotiga ko‘ra, AQShning yangi hukumati Afg‘oniston va Pokiston hududida joylashgan terroristik guruhlar, jumladan Al-Qoidani yakson etish borasida mazkur mamlakatlar hukumatlari bilan yaqindan hamkorlik qilish niyatida. Hamkorlik doirasida bu ikki mamlakat xalqiga moliyaviy ko‘mak berish ham nazarda tutilmoqda. AQSh kongressi Pokistonda demokratiyani mustahkamlash, yangi yo‘llar, zamonaviy maktablar, kasalxonalar barpo etish kabi maqsadlarga 1,5 milliard dollar mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilish arafasida turibdi.

Obama Iroq hududidan AQSh qurolli kuchlarini bosqichma-bosqich olib chiqib ketishni rejalashtirmoqda. Shimoliy Karolinada joylashgan AQSh dengiz piyoda qo‘shinlari korpusi a'zolari oldida chiqish qilar ekan, Obama AQShning Iroqdagi harbiy missiyasi 2010 yil o‘rtalarida nihoyasiga yetishini ma'lum qildi. - Bundan buyon mamlakat kelajagiga daxldor muhim qarorlarni iroqliklarning o‘zlari qabul qilishlari lozim, - dedi Obama. Shuningdek, iroqlik qochoqlarga yordam berish va mintaqa mamlakatlari, shu jumladan Eron va Suriya bilan ham har tomonlama o‘zaro manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilishini bildirdi. Yangi hukumat yana o‘z oldiga Eronning yadro quroli ishlab chiqish borasidagi intilishlari oldini olish, Isroil hamda arab dunyosi o‘rtasida mustahkam tinchlik munosabatlari o‘rnatish masalalariga hissa qo‘shish niyatida ekanini ham bayon etmoqda.

Yangi prezident ma'muriyati Kuba hududida joylashgan Guantanamo hisbxonasini yopish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. Bu yerdagi mahbuslarni AQSh qonunchiligiga ko‘ra boshqa yengil tartibli turmalarga ko‘chirish, ishlarini sudga oshirish va qonunda nazarda tutilgan holda boshqa choralar qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Obama hukumati Bush ma'muriyati davrida terrorga aloqadorlikda gumon qilingan mahbuslarni so‘roq qilish paytida qo‘llanilgan qiynoqlarni ham bekor qilmoqchi ekanini ma'lum etdi. Oq uyning yangi ma'muriyati bundan buyon Jeneva konventsiyasiga zid bo‘lgan bunday hollarga yo‘l qo‘yilmasligini o‘z nazoratiga olishini bildirmoqda.

 Barak Obama AQSh hayotida va dunyo siyosiy jarayonida tub burilishlar yasay oladi va yangi avlod siyosatchisi degan e'tirofni oqlaydi degan umiddamiz.   

Nodira Abdullayeva

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.