OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Behalovat Pokiston

Mamlakatda e’lon qilingan favqulodda holat siyosiy inqirozni keltirib chiqardi


Pokiston iqtisodiy rivojlanish borasida janubiy Osiyoning boshqa davlatlari, deylik, qo‘shni Hindistondan ancha quyiroqda turadi. Lekin shunga qaramay, mamlakat xalqaro maydonda o‘ziga xos ta’sir kuchiga ega — manaman degan davlatlar ham Islomobod bilan hisoblashadi. Xalqaro hamjamiyatning Pokistonga bee’tibor bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydigan omillar talaygina.  Bu o‘rinda mamlakat sayyoramizning yadro quroliga ega bo‘lgan barmoq bilan sanarli davlatlari qatorida turishini eslash kifoya. Shu bois, ham Pokistonda ro‘y bergan o‘zgarish oz vaqt ichida Yevropada, undan o‘tib Kolumb kashf etgan qit’ada aks sado beradi. Prezident Parvez Musharraf tomonidan mamlakatda favqulodda holat joriy etilgani dunyo maydonida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgani ham ana shundan, ehtimol.

Aslida yaqin tarixi davomida uzoq vaqt harbiylar tomonidan boshqarilgan, bir necha marotaba generallar uyushtirgan davlat to‘ntarishlari guvohi bo‘lgan mamlakat uchun favqulodda holat ham kundalik hodisadek gap bo‘lmog‘i kerak edi. Lekin mamlakatda so‘nggi paytlarda partiyalar va tashqi davlatlar ta’siridagi muxolifatning kuchaygani sezilmoqda. Bu esa siyosiy hayotda ham o‘z aksini ko‘rsatmoqda.

Prezident Parvez Musharraf kutilmaganda, mamlakatda favqulodda holat joriy etdi, 1973 yildan beri amalda bo‘lgan  Konstitutsiyani vaqtincha to‘xtatdi. Oliy sudni tarqatib yubordi. Mamlakatdagi nodavlat teleradiokanallar faoliyatiga ham vaqtincha chek qo‘yildi. Parvez Musharraf ushbu keskin harakatni radikal terrorchi harakatlarning kuchayib ketgani, shu bilan birga Oliy sudning ijroiya hokimiyati va parlament ishiga aralashgani bilan izohlagan.

Pokistonda oxirgi paytlarda radikal harakatlarning kuchayib ketgani, mamlakatning turli hududlarida qo‘poruvchiliklar tinmayotgani bor gap. Bundan tashqari, mamlakatning Afg‘oniston bilan chegaradosh hududi, Janubiy Vaziristonda ham qo‘poruvchi guruhlar yana jonlanib qoldi. Oqibatda so‘nggi bir-ikki oy ichida amalga oshirilgan teraktlarda 800 dan oshiq kishi qurbon bo‘ldi. 

Favqulodda holat e’lon qilinishidan bir kun oldin mutaassib guruhlar tomonidan Pokiston armiyasining 120 nafar askari o‘g‘irlab ketilgani, qurol-yarog‘i olib qo‘yilgan harbiylar sazoyi holda qo‘yib yuborilgani hammasidan ham oshib tushdi. Bu hodisa asli harbiy yetakchi bo‘lgan general Parvez Musharrafning jahlini chiqarib yuborgan bo‘lishi ham mumkin. 

Parvez Musharrafning Oliy sud to‘g‘risida aytgan tanqidiy fikrlariga kelganda, bu holatni prezident so‘nggi vaqtlarda adolat mahkamasi bilan ko‘p bora ixtilofga borgani bilan izohlash to‘g‘riroq bo‘lar edi. 

Joriy yilning 6 oktyabr kuni Pokistonda prezident saylovi bo‘lib o‘tdi. Qonunlarga ko‘ra, parlament deputatlari ishtirokida tashkil etilgan prezident saylovida Parvez Musharraf uzil-kesil g‘alaba qozondi. Deputatlarning 257 nafari harbiy yetakchini yoqlab ovoz berdi. Saylovda nomzod sifatida qatnashgan sobiq   sudya Vaji Yuddin Ahmad esa bor-yo‘g‘i ikkita ovoz olishga erishdi. 

Saylov natijalari Pokiston muxolifati tomonidan noqonuniy deb baholandi. Parvez Musharraf bir paytning o‘zida ham prezident, ham bosh qo‘mondon ekani, harbiy soha vakilining davlat rahbari bo‘lishi esa Konstitutsiyaga muvofiq emasligini dalil keltirgan muxolifat Oliy sudga murojaat qildi. Garchi Oliy sud prezident saylovi masalasida aniq xulosa bildirmagan bo‘lsa ham,       sudyalarning aksariyati amaldagi davlat rahbariga qarshi kayfiyatda ekani ma’lum bo‘lib qolgan edi. Bu holat ham favqulodda holat e’lon qilinishi va Oliy sudning tarqatib yuborilishini ma’lum ma’noda tezlashtirgan bo‘lishi mumkin. 

Aslini olganda, Pokistondagi vaziyatdan xavotirda bo‘lgan xalqaro hamjamiyat uchun barqarorlik va tinchlikni saqlash borasida Parvez Musharrafdan ham munosibroq nomzod yo‘q. 1999 yilning 12 oktyabrida davlat to‘ntarishi bilan hokimiyatga kelgan Parvez Musharraf o‘tgan yillar davomida dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan til topisha oldi. 2001 yil 11 sentyabr voqealaridan keyin xalqaro terrorga qarshi kurashning asosiy ishtirokchilaridan biriga aylandi. Tolibon va boshqa radikal harakatlar makoni bo‘lib qolgan Pokistonda jangarilarga qarshi keskin kurash olib bordi va mamlakatni birmuncha barqaror holatga keltirdi. Yana bir muhim jihati, mashhur Qodir Xon tomonidan ixtiro etilgan Pokiston yadro qurolining jangari kuchlar qo‘liga tushmasligi uchun kerakli choralarni ko‘rdi. Ana shu sa’y-harakatlar natijasida u harbiy rahbarlar bilan ko‘p-da chiqishavermaydigan xalqaro hamjamiyatning ko‘ngliga yo‘l topa oldi. 

Parvez Musharrafning davlat rahbari sifatida qolishi xavfsizlik vajidan AQShga, Rossiyaga, qolaversa, Yevropa Ittifoqi davlatlariga ham ma’qul bo‘lishi mumkin. G‘arb davlatlari siyosiy idoralari vakillarinig Pokistondagi vaziyatga bahosida keskin  tanqid emas, ehtiyotkor maslahat ohangi sezilayotgani ham bejiz emas. Bu bilan yetakchi davlatlar Parvez Musharraf hokimiyatda qolgani ma’qul ekani, lekin bunga keskin harakatlar bilan emas, kelishuv va murosa bilan erishish kerakligiga ishora qilayotgandeklar... 

Darvoqe, Pokistondagi siyosiy inqiroz holatida sobiq bosh vazir, yaqindagina surgundan qaytgan Benazir Bxuttoning o‘rni qanday bo‘lishi mumkin? Mamlakatdagi qudratli harakatlardan — Xalq partiyasi rahbari bo‘lgan siyosatdon xonim sakkiz yillik muhojirotdan Parvez Musharraf izni bilan qaytar ekan, unga hukumat boshlig‘i lavozimi norasmiy tarzda va’da qilingan edi. Biroq Oliy sud bilan chiqqan ixtilof va uning ortidan e’lon  qilingan favqulodda vaziyat barcha rejalarni yo‘qqa chiqardi. Hozir ham Benazir Bxuttoning bosh vazir bo‘lish imkoniyati mavjud. Buning uchun favqulodda holat bekor qilinishi va 2008 yilning boshlariga mo‘ljallangan parlament saylovi o‘tkazilishi kerak. Hokimiyat to‘la yagona shaxs qo‘liga o‘tgan favqulodda holat sharoitida esa siyosiy o‘zgarishlarga umid qilmasa ham bo‘ladi.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.