OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Beqaror bozor

So‘nggi kunlarda jahon bozorida neft bahosi rekord darajaga ko‘tarildi. Oy boshida Nyu-York birjasida qora oltinning bir barreli 81,66 AQSh dollariga yetdi. Bu holat iqtisodiyoti mazkur tabiiy resursga bog‘liq bo‘lgan davlatlarni sarosimaga solib qo‘ydi. Lekin oradan ikki hafta o‘tib, beqaror bozorda kuzatilgan narxu navo sarosima holatini tahlikaga aylantirayozdi: xalqaro birjada bir barrel neft 88 AQSh dollariga baholandi. 

Aytish kerakki, dunyoning so‘nggi yarim asrlik tarixida qora oltin bahosining bu qadar yuqori nuqtaga ko‘tarilgani kuzatilmagan.

Xalqaro bozorda katta inqirozga olib kelgan Eron-Iroq urushi davrida ham bir barrel neft bugungi kun kursi bo‘yicha 84,49 AQSh dollariga sotilgan edi. Ham iqtisodiy, ham siyosiy jabhada katta muammolarni keltirib chiqargan Ko‘rfaz urushi – Iroqning Kuvaytga bosqini paytida ham narxlar bunchalik osmonga sapchimagan edi.   

Qora oltin bahosining rekord darajada ko‘tarilishiga Turkiyaning Iroq shimolida joylashgan kurd ayirmachilariga qarshi harbiy amaliyotlarga hozirlik ko‘rayotgani to‘g‘risidagi xabarlar yaxshigina ta’sir ko‘rsatgan. Ma’lumki, Iroqning ushbu qismida katta miqdorda neft qazib olinadi. Agar voqealar sur’ati shiddatli tus olib, Turkiya kurdlarga qarshi harakat qilsa va hududni egallasa, tabiiy resurs qazib olish to‘xtashi mumkin. Ana shu ehtimoliy hodisa xalqaro bozor mijozlarini tashvishga solgan. 

Dunyo bozorida dollar kursining tinimsiz tushib borayotgani ham qora oltin narxi o‘sishiga olib kelgan omillardan. So‘nggi savdolar chog‘ida AQSh valyutasi yevroga nisbatan sezilarli darajada pasaydi va bir yevro 1,4305 dollarga teng bo‘ldi. 

Hozirgi sharoitda barcha strategik resurslar kabi neft narxining oshib borishiga ommaning ijtimoiy kayfiyati ham tosh bosadigan darajada ta’sir etyapti. Deylik, AQShning Iroqqa qarshi harbiy harakatlar olib borishi sharoitida odamlar ongida neft qazib olish keskin qisqarib ketdi degan qarash shakllangan. Aslida urush harakatlari sharoitida ham mazkur resursni qazib olish ko‘rsatkichi u qadar kamaymagan. Lekin odamlar ongida, demakki, xalqaro bozorda paydo bo‘lgan sarosima holati narxu navoning oshib borishiga olib kelyapti.

Bu o‘rinda narxlarning oshib borishi neft eksport qiluvchi davltatlar tomonidan ko‘proq foyda olish maqsadida amalga oshirilayotgan maxsus tadbirlar natijasi ekanini ham unutmaslik kerak. 

Ayni paytda jahon bozorida sotilayotgan neftning 40 foiziga egalik qilayotgan OPYeK (Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti) narxning oshib ketganiga xuddi hech narsadan bexabar kabi beozor yelka qisish bilan munosabat bildiryapti. Qora oltin narxini surunkali oshirib borish mazkur tashkilotning asosiy maqsadi ekani aniq. Zero, bundan bir necha yillar oldin “Neftning bir barreli narxi kamida 100 AQSh dollari bo‘lgandagina adolatli bahoga erishiladi”, degan Qatar energiya vaziri barcha eksportyor davlatlar xohishini ifodalagan edi. 

Lekin  neft bozoridagi bugungi holat OPYeK  tomonidan atayin yuzaga keltirilgan taqdirda ham mazkur davlatlarni hech qanday asosda ayblab bo‘lmaydi. Ariq boshidagi mirob suvni o‘zi istagan tarzda tarqatadi.

To‘g‘ri, OPYeK  kelgusi oydan boshlab neftni qayta ishlash ko‘rsatkichini 500 ming barreliga ko‘paytarilishini ma’lum qilgan. Lekin mutaxassislar ochiq e’tirof etayotganidek, bu miqdor ham oshib borayotgan talab oldida dengizdan tomchi, xolos. 

Bizningcha, bundan keyin ham neft narxining oshishi davom etadi. Ishlab chiqarishni ko‘paytirish bilan xalqaro bozordagi vaziyatni barqarorlashtirib bo‘lmaydi. Nega deganda, neft qazib olish miqdorini oshirish bilan ma’lum muddat farovonlikka erishish mumkin. Lekin mazkur tabiiy resurs zaxirasi baribir cheklangan. Shunday ekan, hozirgi inqiroz vaziyatida, yetakchi olimlar ta’kidlayotganidek, muqobil manbalar, masalan, yadro energiyasidan sanoat va ijtimoiy hayotda samarali foydalanish yo‘llarini qidirgan ma’qul. 

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.