OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Fransiya: yangi yo`l boshida

Nikolya Sarkozini tahlilchilar murakkab siyosiy arbob sifatida ta’riflashadi. U Amerika tashqi siyosatini yoqlaydi, lekin ayni paytda Qo‘shma Shtatlarning Iroqdagi harbiy amaliyotlarini qoralaydi. Frantsiyaning yangi rahbari immigrantlarga qarshi keskin munosabati bilan tanilgan, biroq shu bilan birga u muhojirlarga ham imtiyozlar berish zarur deb hisoblaydi. Nikolya Sarkozi erkin iqtisodiy bozor munosabatlarini ijobiy baholaydi. Ayni payt­da milliy iqtisodni muhofaza qilish uchun xorij kompaniyalariga cheklovlar joriy etishni kerak deb biladi.

Frantsiyada o‘tgan prezidentlik saylovi nihoyasiga yetdi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, saylovning ikkinchi turida “Xalq harakati ittifoqi” vakili Nikolya Sarkozi g‘alaba qozondi.

Aytish kerakki, saylov oldidan o‘tkazilgan  ijtimoiy so‘rovlardayoq Jak Shirakning yaqin safdoshlaridan biri bo‘lgan

N. Sarkoziga ko‘pchilik saylovchilar ovoz berishi taxmin qilingandi. Amalda ham bu taxminlar o‘z isbotini topdi. Markaziy saylov komissiyasi hisobiga ko‘ra, 52 yoshli Ni­kolya Sarkoziga saylovchilarning 53,06 foizi ishonch bildirgan. Sotsialistik partiyadan nomzod sifatida ko‘rsatilgan Segolen Ruayal xonimga esa 46,94 foiz saylovchi ovoz bergan. Frantsiya bo‘yicha umumxalq ovoz berish tadbirida saylash huquqiga ega aholining 83,97 foizi ishtirok etgan. 

“Xalq harakati ittifoqi” yetakchisi sifatida g‘alaba qozongan Nikolya Sarkozi shu kuniyoq Parijning bosh maydonida xalq oldida chiqish qildi va mamlakat birligi hamda taraqqiyoti uchun kurashishga va’da berdi.

Nikolya Sarkozi o‘ng markazchi siyosatdon sifatida tanilgan. U 1955 yilning 28 yanvarida Parij shahrida venger muhojiri oilasida dunyoga kelgan. 1978 yili Parij universitetini huquqshunoslik mutaxassisligi bilan tamomlagan. 1979-81 yillarda Parij siyosiy tadqiqotlar institutida tahsil olgan. 1983 yili Parijning yirik ma’muriy hududlaridan biri Neyi-syur-Sen shahri hokimi lavozimiga saylangan.

1980 yillarda Nikolya Sarkozi Jak Shirakning yaqin safdoshlaridan biriga aylandi. Siyosiy va jamoatchilik faoliyatini yonma-yon olib borgan arbob Frantsiya byudjet (1993-95), kommunikatsiya (1995), moliya, iqtisod va sanoat (2004) vaziri kabi yuqori lavozimlarda xizmat qildi. 2005 yildan esa Frantsiya ichki ishlar vaziri sifatida faoliyat olib bordi. Butun Frantsiyani ostin-ustun qilib yuborgan immigrantlarning ommaviy norozilik chiqishlari aynan Sarkozining ichki ishlar vazirligi davriga to‘g‘ri keldi. Siyosiy inqiroz sifatida baholangan to‘polonlar paytida keskin va qat’iy choralar ko‘rgan ichki ishlar vaziri prezident Jak Shirakning ishonchini yanada mustahkamladi.

Nikolya Sarkozi 2004 yili “Xalq harakati ittifoqi” (UMP) partiyasining raisi lavozimiga saylandi. Oxir-oqibat ayni shu partiya vakili sifatida Frantsiya davlati tepasiga keldi.

Nikolya Sarkozini tahlilchilar murakkab siyosiy arbob sifatida ta’riflashadi. U Amerika tashqi siyosatini yoqlaydi, lekin ayni paytda Qo‘shma Shtatlarning Iroqdagi harbiy amaliyotlarini qoralaydi. Frantsiyaning yangi rahbari immigrantlarga qarshi keskin munosabati bilan tanilgan, biroq shu bilan birga u muhojirlarga ham imtiyozlar berish zarur deb hisoblaydi. Nikolya Sarkozi erkin iqtisodiy bozor munosabatlarini ijobiy baholaydi. Ayni payt­da milliy iqtisodni muhofaza qilish uchun xorij kompaniyalariga cheklovlar joriy etishni kerak deb biladi.

Darvoqe, ikki marta uylanishga ulgurgan Nikolya Sarkozining oilaviy munosabatlari ko‘pdan beri ommaviy axborot vositalarida tanqidiy munosabatlarga sabab bo‘lib kel­yapti. Biroq oilaviy mojarolar vositasida siyosiy yetakchiga zarba berishni ko‘zlagan muxoliflarning harakatlari bu gal samara bermadi. Nikolya Sarkozi Frantsiya prezidentligiga saylandi. U 2007 yilning 16 mayidan rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishadi.

Abdul SOBIR

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.