Ko‘p hollarda AQShning Jorjiya shtati bilan chalkashtirib yuboriladigan mamlakat (ingliz tilida Gruziya ham, Jorjiya ham Georgia tarzida yoziladi) Rossiya bilan yuzaga kelgan diplomatik ziddiyat tufayli yana 2003 yilgi «Atirgullar inqilobi» davri kabi xalqaro hamjamiyat nigohida. Bu nigohdan ham xavotir, ham hayrat, ham g‘olibona tabassum, ham tashvish aralash betoqatlikni uqish mumkin...
27 sentyabr kuni Gruziya ichki ishlar vazirligi maxsus xizmati 5 nafar Rossiya harbiysini josuslikda ayblab hibsga oldi. Odatda tashqi razvedkaga aloqador bo‘lgan ish har doim ham katta tashvish keltirib chiqaradi. Kavkazortidagi Rossiya harbiy qo‘shinining yuqori lavozimli ofitserlari — Aleksandr Sava, Dmitriy Kazantsev, Aleksandr Barantsev, Aleksandr Zavgorodtsev va katta «baliq»lar orasiga qo‘shilib qolgan mitti «baliqcha» — starshina Ruslan Skrilnikovning qamoqqa olingani ham ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasidagi tutab turgan ziddiyat olovini gurkiratib yondirib yubordi. Gruziya ichki ishlar vaziri Vano Merabishvili shoshilinch bayonotida ta’kidlashicha, hibsga olingan rus zobitlari mamlakatda agent yollash, maxfiy ma’lumotlar yig‘ish, hattoki qo‘poruvchilik harakatlari uyushtirish bilan shug‘ullanib kelgan. Darvoqe, Rossiya raz-
vedka boshqarmasi xodimlari deb taxmin qilinayotgan rus ofitserlari bilan birga 11 nafar Gruziya fuqarosi ham hibs qilingan. Ular chet el razvedkasiga sotilganlik va vatanga xiyonatda ayblanmoqdalar.
Gruziya kontrazvedka xizmati jinoyatga aloqador deb gumon qilinayotgan yana bir rus ofitseri — podpolkovnik Konstantin Pichuginni ham qidirmoqda. Maxsus kuchlar taxminiga ko‘ra, ofitser Kavkazvortidagi Rossiya harbiy qo‘shini binosiga yashiringan.
Gruziya ichki ishlar vazirining bildirishicha, rus ofitserlari ma’lum muddat davomida kuzatib borilgan va ularning aybdorligini tasdiqlovchi rad etib bo‘lmas dalillar yig‘ilgan. Mamlakat telekanallarida maxsus xizmat tomonidan taqdim etilgan video va telefon yozuvi bir necha marta namoyish etildi. Tasmalarda go‘yoki rus ofitserlari yollangan gruzin fuqarolariga maxfiy ma’lumotlar yig‘ishga ko‘rsatma berayotgani qayd etilgan... Tbilisi shahar sudi ayblov idorasi dalillarini o‘rganib chiqib, ofitserlarni ikki oy muddat qamoqda saqlashga ijozat berdi. Mazkur tergov muddati ichida ofitserlarga qo‘yilayotgan ayblov o‘rganib chiqiladi va ish sudga oshiriladi. Gruziya qonunlariga ko‘ra, josuslik uchun 6 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Agar josuslik tamg‘asi bosilgan shaxslar, deylik, o‘rtamiyona bir davlat fuqarolari bo‘lganda, ish shu bilan shov-shuvsiz yopilib ketishi mumkin edi. Biroq ayg‘oqchilik aybi bilan qamoqqa olinganlar Gruziya rasmiy doiralarida birinchi raqamli dushman sifatida talqin qilinayotgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari. Shunday bo‘lgach, sud qarorining chiqishi ishning yakunlanayotganini emas, endigina boshlanganini anglatadi...
Gruziya tomonidan rus ofitserlarining hibsga olinishi rasmiy Moskva tomonidan keskin kutib olindi. Rossiya tashqi ishlar vaziri voqea munosabati bilan bergan bayonotida Gruziya huquq-tartibot idoralari harakatini «ig‘vo» deb baholadi. Tashqi siyosat mahkamasi rahbari Mixail Saakashvili hukumatini ofitserlarni zudlik bilan ozod etishga chaqirar ekan, Kreml bu yo‘lda har qanday vositani ishga solajagini ham pisanda qilib o‘tdi.
Rossiya mudofaa vaziri Sergey Ivanov tomonidan bildirilgan munosabat yanada keskinroq bo‘ldi. Harbiylar taqdiriga bevosita mas’ul bo‘lgan mudofaa vaziri mazkur hodisani hukumat va davlat darajasidagi bosqinchilik deb baholadi.
Ofitserlar hibsga olingan kunning o‘zida Rossiyaning Gruziyadagi elchisi
Vyacheslav Kovalenko Moskvaga maslahat uchun chaqirib olindi. Garchi elchining vataniga kelishi diplomatik aloqalar uzilganini anglatmaydi, deb ta’kidlangan bo‘lsa-da, bu tadbir munosabatlarga jiddiy putur yetganini oshkora namoyish qilganday bo‘ldi. Boz ustiga, Rossiya tashqi ishlar vazirligi buyrug‘i bilan Tbilisidagi elchixona xodimlari va ularning oilalari tezkor ravishda Moskvaga keltirilgani ham vaziyat nechog‘li qaltisligini ko‘rsatadi.
Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili oddiy kundalik huquqiy jarayondan nima uchun Moskva tomoni bu qadar xavotirda ekanini tushuna olmayotganini bildirdi. Davlat rahbari ayni shu bayonotida mamlakat maxsus xizmatining mustahkam va yuqori kasbiy mahoratga ega bo‘lgan yigitlarini katta muvaffaqiyat bilan tabriklashni ham unutmadi. Biroq prezidentning ana shu alohida qutlovining o‘ziyoq bu «oddiy kundalik huquqiy jarayon» emasligini ochiq-ravshan ko‘rsatib turibdi.
O‘z navbatida Rossiya siyosatdonlari Tbilisi tomonidan harbiylarga josuslik aybi qo‘yilayotganidan hayratdalar. Ularning fikricha, Gruziyada Rossiya uchun maxfiy va noma’lum bo‘lgan sirning o‘zi yo‘q...
Bir qator kuzatuvchilar ofitserlarning hibsga olinish voqeasini Gruziya rahbariyatining boy berilgan obro‘-e’tiborini tiklash yo‘lidagi harakati sifatida baholashdi. Haqiqatan ham, katta siyosatda davlatni biror bir xalqaro mojaroga aralashtirib qo‘yish orqali omma e’tiborini chalg‘itish va sun’iy yo‘l bilan aholi e’tiborini qozonish usuli mavjud. Mazkur usuldan hozirgacha ham ko‘p va xo‘b foydalaniladi. Gruziyadagi bugungi vaziyat kuzatuvchilarning taxminini tasdiqlayotgandek.
2004 yilning yanvaridan prezidentlik vazifasini bajarishga kirishgan Mixail Saakashvilidan gruzin xalqi ko‘-o‘p narsalarni umid qilgandi. Biroq so‘nggi ijtimoiy tadqiqotlar «atirgullar inqilobi» yetakchisining xalq orasidagi obro‘si keskin tushib ketganini ko‘rsatmoqda. Ana shunday ko‘ngilsiz bir holatda ommaga salkam yovuz dev sifatida tasvirlangan davlatning josuslik faoliyati fosh etilishi davlat rahbariyatiga muhim ochko keltirishi tabiiy. Ayniqsa, mamlakat muhim siyosiy hodisa — saylov ostonasida turgan paytda (Ertaga Gruziyada mahalliy kengashlar uchun saylov o‘tkazilishi rejalashtirilgan).
Bu tanganing biz ko‘rib turgan tomoni. Har doim e’tibordan chetda qolib ketadigan ikkinchi tomon ham mavjud.
Bir paytlar — Sovet Ittifoqi davrida ulkan mamlakatning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lgan Gruziyada Rossiyaning o‘ziga xos manfaatlari borligini unutmaslik kerak. Garchi Saakashvili ma’muriyati siyosiy kursni allaqachon G‘arb tomon yo‘naltirgan bo‘lsa-da, hali ham mamlakatda Rossiya harbiy kuchlari saqlanib qolgan. Buning ustiga, Gruziyadan ajralib chiqish harakatida bo‘lgan mojaroli hududlar — Abxaziya va Janubiy Osetiyada ham ko‘pdan buyon tinchlikparvar kuch sifatida Rossiya harbiylari faoliyat yuritib kelmoqda. Rasmiy
Tbilisi esa imkon qadar tez muddatda Rossiya harbiylaridan qutulishni istaydi. Gruziyada aniq iqtisodiy manfaatni ko‘zlayotgan, Boku-Tbilisi-Jayhun xalqaro neft quvurini qurishga urinayotgan okeanorti mamlakati uchun ham uchinchi raqobatchi davlatning bo‘lishi rejaga to‘g‘ri kelmaydi. Shu ma’noda «Rossiya ulkan josuslik tizimining yo‘q qilinishi» hodisasini harbiylar faoliyatiga shubha uyg‘otish orqali ularni mamlakatdan tez muddatda chiqarib yuborish harakati deyish ham noto‘g‘ri emas.
Xorij gazetalaridan biri voqea munosabati bilan yana bir taxminni ilgari surdi. Gazeta fikricha, josuslik o‘yinini Amerika maxsus xizmati uyushtirgan. Maqsad esa 2006 yilning bahorida Federal xavfsizlik kuchlari tomonidan hibsga olingan 4 nafar ingliz razvedkachisini rus ofitserlariga almashish bo‘lgan...
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov har qanday yo‘l bilan ofitserlarni ozod qilish haqida gapirganda aynan nimani nazarda tutgani aniq emas. Biroq ana shu bayonotdan keyin Gruziya tomonining bunday jasorati qurolli harakat bilan jazolanishi mumkinligi to‘g‘risidagi taxminlar ham muhokama qilina boshladi. Boz ustiga, Rossiyada yetakchi mavqega ega bo‘lgan Federatsiya kengashi raisi Sergey Mironovning: «Gruziyaning bu harakati urushga olib kelishi mumkin», degan mulohazasi xavotirli ovozalarni rasmiy qarorga aylantirib qo‘yayozdi.
Biroq kichik davlat bilan urushib o‘tirishni ep ko‘rmagan Kreml Gruziya masalasini BMT Xavfsizlik Kengashi e’tiboriga havola qildi. Dastlab 28 sentyabrga belgilangan maslahat yig‘ilishi AQShning iltimosi bilan boshqa kunga ko‘chirildi...
Asosiy tashabbuskor Mixail Saakashvili ham qo‘l qovushtirib o‘tirgani yo‘q. Rossiya Gruziya masalasini BMTga olib chiqmoqchi bo‘layotgan paytda u Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) rahbari Karel de Gyuxt va AQSh Davlat kotibi Kondoliza Rays bilan telefon orqali suhbatlashdi va kerakli maslahatlarni oldi.
Kremlning jazo variantlari orasida iqtisodiy jazo choralari ham bor. Saakashvili hukumati Moskva bilan dahanaki jang qilaverganidan keyin Rossiyaga Gruziya vinosi va qishloq xo‘jalik mahsulotlari olib kirish allaqachon man etilgan. Endilikda esa Rossiya Gruziyaga sotilayotgan gaz narxini yanada oshirishi, asosiysi, mamlakatda mehnat qilayotgan minglab gruzin ishchilari pullarini o‘z vataniga yuborishga taqiq qo‘yishi ham mumkin. Rossiya hukumati allaqachon Gruziya bilan temir yo‘l, aviatsiya va dengiz orqali aloqalarni to‘xtatgan. Qo‘shni mamlakat bilan hattoki pochta yuboruvlari ham man etilgan.
Iqtisodiy ta’sir chorasi o‘z kuchini ko‘rsatdi. Dushanba kuni tunda hibsdagi rus ofitserlari Rossiyaga qaytarildi. Biroq josuslikda ayblangan harbiylar ozod etilgan bo‘lsa-da, Kreml Gruziya bilan har qanday aloqalarni to‘xtatish chorasini bekor qilgani yo‘q. Moskva rasmiylariga ko‘ra, rus ofitserlarini Gruziyadan olib kelgan samolyot qo‘shni mamlakatdan kelgan oxirgi uchoq bo‘lishi mumkin...
“Hurriyat” gazetasidan olindi.
P. S. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Gruziya masalasida AQSh rahbari Jorj Bush bilan telefon orqali suhbatlashdi. Rossiya rahbari Oq uy yetakchisiga Mixail Saakashvilining mintaqada beqarorlikka sabab bo‘layotgan siyosatini qo‘llab-quvatlamaslikni maslahat berdi...