OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Harbiy zobitlikdan bosh vazirlikka

 Isroil bosh vaziri Exud Olmert 2006-yilda ko‘plab shov-shuvli hodisalar markazida bo‘ldi. Isroil hukumati boshlig‘i buyrug‘i bilan joriy yilning 12-iyulida Livanga qarshi katta harbiy amaliyot boshlandi. Tabiiyki, urushga ijozat bergan arbob sifatida u keskin tanqidlarga duchor bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmasdan qattiqqo‘l va keskin fe’l-atvori bilan tanilgan Olmert korruptsiya va poraxo‘r­likda ayblandi... Exud Olmert 1945 yilning 30 sentyabrida Isroilning Binyamin shahrida tug‘ildi. Exudning asli rossiyalik yahudiylardan bo‘lgan otasi o‘z davrining mashhur siyosatdonlaridan edi va mamlakat parlamenti deputatligiga ham saylangandi. Aytish joizki, oiladagi muhit Olmertning davlat boshqaruvi va siyosat olamiga kirib kelishiga sezilarli turtki bo‘ldi.
Bo‘lajak yetakchi Isroildagi nufuzli oliygohlardan bo‘lgan Yahudiy universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kirdi. Universitetdagi tahsil davridanoq Olmert jamoat ishlarida faol ishtirok etdi va “Xerut” harakatining yoshlar qanotiga rahbarlik qildi.
Binyamin shahrilik talaba yigitlik davrida o‘zini turli sohalarda sinab ko‘rdi. Mamlakatda nashr etiladigan “Be Maxene” gazetasining muxbiri bo‘lib ishladi. Isroil armiyasida harbiy zobit lavozimida xizmat qildi.
Keyinroq oliy ma’lumotli huquqshunos sifatida “Exud Olmert” advokatlik firmasini tashkil qildi. Biroq bu ishlarning birortasi ham bo‘lajak hukumat rahbarini qoniqtirmadi. O‘z o‘rni katta siyosatda ekanini anglab yetgan Olmert jiddiy tartibda mamlakatdagi turli partiyalar, guruhlar faoliyatini o‘rganib chiqdi.
“Likud” partiyasi hukmron siyosiy guruh sifatida Isroilda uzoq vaqt katta ta’sirga ega bo‘lib kelgan. Siyosiy sahnaga qadam qo‘ygan Olmert ham ana shu partiyani tanladi.
Exud Olmert Isroil parlamenti — knesset deputati etib saylangan 1973 yili endigina 28 yoshni qarshilagan edi. Hali 30 ga ham to‘lmagan yigitning katta dovondan oshishi va deputat sifatida saylanishida uning notiqlik iqtidori qo‘l kelgandi.
Otashin nuqtlari bilan knessetni zabt etgan Olmert mamlakat parlamentining doimiy a’zosiga aylandi. Saylab qo‘yiladigan boshqaruv idorasida Olmert kabi 30 yildan oshiq muddat ishlagan siyosatdon kam topiladi.
1988 yildan knessetning sadoqatli deputati hukumat ishida ham faol ishtirok eta boshladi. Ko‘p o‘tmay Olmert milliy ozchilik masalalari bo‘yicha vazir etib tayinlandi. Ke­yinroq unga mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi ishonib topshirildi. Sog‘liqni saqlash vaziri sifatida Olmert sohada katta islohotlar o‘tkazdi, jumladan, tibbiy sug‘urta xizmatini rivojlantirdi.
1993 yili vazir vazifasini muvaffaqiyatli bajargan arbobga o‘ta mas’­uliyatli lavozim — Quddus shahri hokimligi topshirildi. Exud Olmert Quddusni roppa-rosa o‘n yil idora qildi.
2001 yili Isroil hukumati tepasiga Ariel Sharon keldi. Yangi bosh vazir sifatida o‘z mahkamasini shakllantirishga kirishgan Sharon eng avval poytaxt hokimiga e’tibor qaratdi. Chunki ko‘p yildan buyon bitta partiya safida bo‘lgan Olmert va Sharon ko‘p masalalarda, jumladan, G‘azo sektori hamda G‘arbiy qirg‘oqdan yahudiylarni olib chiqish va mudofaa devorini qurish borasida hammaslak va hamfikr edilar.
Aynan G‘azoni tark etish masalasida Sharon rahbarligidagi “Likud” partiyasi parchalanib ketdi. G‘azodan yahudiylarni olib chiqish ketish rejasini falastinliklarga yon bosish deb baholagan ko‘plab “likud”chilar bosh vazirni tan­qid ostiga olishdi. Bunga javoban Ariel Sharon partiyani namoyishkorona tark etdi va yangi “Kadima” siyosiy harakatiga asos soldi. Sharon bilan siyosiy ittifoqqa kelishgan Olmert ham uning izidan borib “Likud”dan chiqdi va “Kadima” safiga qo‘shildi.
Joriy yil boshida 78 yoshli Ariel Sharon qattiq betob bo‘lib, hukumatga rahbarlik qilolmay qoldi. Bu paytga kelib, allaqachon hukumatda ikkinchi shaxs bo‘lib ulgurgan Olmert dastlab vaqtincha bosh vazir vazifasini bajarib turdi. Aprel oyidan esa Isroil parlamenti Exud Olmertni hukumat rahbari sifatida  tan oldi. Shu tariqa Binyamin shahrilik advokat azaliy orzusiga erishdi.
So‘zimiz avvalida Exud Olmert qattiqqo‘l va keskin siyosatli arbob ekanini ta’kidlab o‘tgandik. Bu yaqinda Livan va Isroil o‘rtasida bo‘lib o‘tgan urush vaqtida yana bir karra isbotlandi.

Abdul Sobir

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.