Isroil va Livan o‘rtasida davom etayotgan navbatdagi urush Yaqin Sharq aholisi istayotgan osoyishta hayot orzusi hali-beri ushalmasligini yana bir karra isbotladi. Aytish kerakki, bu kabi eng og‘ir va murakkab urush davrlarida ham Isroil Arab mamlakatlaridagi maxfiy josuslik faoliyatini to‘xtatmagan.
Eliezer SAFRIR bundan o‘n yillar avval Isroil maxfiy xizmati – Mossadda josus sifatida ish olib borgan. Hozirda Tel-Aviv shahrida istiqomat qilayotgan iste’fodagi general “Vremya novostey” muxbiri Yelena SUPONINAga bir paytlar mutlaqo maxfiy tamg‘asi ostida sir tutilgan pinhoniy razvedka faoliyati xususida so‘zlab berdi.
– Siz Isroil razvedkasi – Mossad agenti sifatida Iroqda ish olib borgansiz. Nahotki, bu Saddam Husayn davriga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa?
– Ha. 1974-75 yillar. Bu paytda Iroq prezidenti Ahmad Husayn Bakr edi. Saddam Husayn mamlakatda rasman ikkinchi shaxs bo‘lsa-da, amalda birinchi bo‘lib ulgurgandi.
– Lekin u paytlarlarda Iroq Isroil bilan yaxshi aloqada bo‘lmagandi. Nima siz Iroqda noqonuniy turganmisiz?
– Men Iroqning shimoli-sharqida Dian va Eron bilan chegarada joylashgan Xaj Umran shaharchalarida faoliyat olib borganman. Bu yerlarda arablar emas, kurdlar istiqomat qiladi. Mening missiyam o‘ta maxfiy edi. Faqatgina o‘sha hududlarni nazorat qilib turgan kurd yetakchisi Mustafo Barzan va uning eng yaqin odamlarigina kimligimni bilishardi. “Parda ortida” ishlardim. Men isroillik ham, yahudiy ham emasdim. Men Yevropa mamlakatlarining birida yashovchi ishbilarmon edim. Buni tasdiqlovchi pasportim ham bor edi.
– U qaysi davlat edi?
– Buni aytolmayman.
– Kurdlar nima uchun Isroil maxsus xizmati bilan aloqa o‘rnatishgan?
– Kurdlar Iroqda qatag‘onga uchragandi. Qirol davrida ham, undan keyin – 1958 yilgi inqilobdan so‘ng ham, Saddam davrida ham ahvol shunday edi. Dunyoda hech kim kurdlarga ko‘mak berishni istamasdi. Ana shunday og‘ir holatda kurdlar bizga yordam so‘rab murojaat qilishdi. Ular birinchi navbatda kurd tilida eshittirishlar uzatadigan radiostantsiya so‘rashdi. Yana yengil o‘qotar aslahalar. Bir so‘z bilan aytganda, arzimas narsalar. Shu tariqa kurdlarga oz bo‘lmagan miqdorda qurol, o‘q-dori, hatto artilleriya aslahalari yetkazib berdik. Biz Iroqdagi milliy ozchilik bilan aloqalarni mustahkamlashga qaror qildik va bu borada qo‘shni Eron rahbariyati bilan ham kengashib oldik. Bu paytda Eronda Isroil bilan yaxshi munosabatni saqlab qolgan shoh Rizo Pahlaviy hokimiyat tepasida edi.
– Kurdlar sizlardan qaysi davlatda ishlab chiqarilgan qurollarni olishardi?
– Qurollar sovet davlatida ishlab chiqarilgan bo‘lib, biz ularni arablar bilan urushlar paytida o‘lja qilib olgandik. 1973 yilgi urush endigina yakunlangan va bizda qurol deganlaridan serob edi.
– Qoyil, Isroil arablar bilan ham, Sovet Ittifoqi bilan ham “salom-aligi” yo‘q bo‘la turib, SSSR qurollarini Iroqqa sotishni uddalagan ekan-da?
– Ha-ha. Bu bizning sovg‘amiz edi. Biz tekinga kelgan qurollarni tekinga kurdlarga berib qo‘yaqolardik. Kurdlar bu qurollardan Iroq armiyasidan mudofaa maqsadida foydalanishardi.
– Amerikalik hamkorlaringiz Mossadning Iroqdagi faoliyatini qo‘llasharmidi?
– Markaziy razvedka boshqarmasi ham kurdlarga biz kabi ko‘mak berib turardi.
– Siz o‘sha paytda qaysi lavozimda bo‘lgansiz?
– Bilasizmi, Mossad tizimida harbiy lavozimlar yo‘q. Biz fuqaroviy xizmatchilarmiz. Mening o‘sha paytdagi holatimni harbiy tizimdagi polkovnikka tenglashtirish mumkin. Iste’foga esa go‘yo brigada generali maqomida chiqqanman..
– O‘sha paytdayoq Iroq shimolidagi Mosul shahridan Isroilning Xayfa shahriga qadar boradigan neft quvurlarini tiklashni ko‘zlagansizlar. Shunday emasmi? Bu quvur 1948 yilgi arab-isroil urushiga qadar ham mavjud edi... Endilikda ana shu quvurni tiklash mumkinmi?
– Albatta. Iroqda vaziyat barqarorlashgandan keyin buni amalga oshirish mumkin.
– Ikkinchi uzoq davom etgan safaringiz Eronda o‘tdi. Bu qaysi davrga to‘g‘ri kelgandi?
– Shoh hokimiyati inqirozga yuz tutayotgan 1978-79 yillarda. 1979 yilgi fevral inqilobidan keyin bir haftacha yashirinib o‘tirishga to‘g‘ri keldi. Hokimiyat tepasiga kelganlar orasida aqlli kishilar ham bor edi. Ana o‘shalar Eronni tark etishimizga yordam berishdi.
— Siz imom Humayniy bilan birga bo‘lgan islom inqilobchilarini aytyapsizmi? Nahotki, ular ham isroilliklar bilan aloqa o‘rnatgan bo‘lsa?
— U paytlarda Eron hukumatini diplomatlarga munosabat borasida xalqaro huquq me’yorlariga rioya etish tarafdori bo‘lgan Mahdiy Bazargan boshqarardi. Uning o‘rinbosari davlat to‘ntarishdan keyinoq amerikaliklarni olib chiqish ketish uchun tashkil etilgan maxsus reysdan bizga ham joy topib berdi.
Isroil tomonidan menga hayoti xavf ostida qolgan vatandoshlarimni olib chiqib ketish vazifasi topshirilgandi. Biz oshkora ishlagandik. Shoh davrida Eron bilan aloqalar yaxshi edi. O‘sha paytlarda Tehronda 1300 isroillik ishlardi. Qator xatolar tufayli biz o‘z vaqtida chiqib ketolmadik. Eng dahshatli kunlarda 34 nafar isroillik Eronda qolgandi. Davlat to‘ntarishi 1979 yilning 11 fevralida ro‘y berdi. Biz esa amalab 18 fevral kuni Eronni tark etishga muvaffaq bo‘ldik.
— Isroil Eronni 1979 yili yo‘qotdimi?
— Albatta. Bu juda katta yo‘qotish bo‘ldi. Biz Eronni uzoq muddatga yo‘qotdik.
— Balki bu o‘zlaringizning aybingizdir?
— Nega? Qanday aybimiz bo‘lishi mumkin?
— Ehtimol, Isroil razvedkasining vazifasi Eronda yahudiylar bilan do‘stona aloqada bo‘lgan rejimni saqlab qolish, maxsus xizmatlar vositasida siyosiy to‘ntarishlarning oldini olish bo‘lgandir...
— Erondagi islom inqilobi xalqning kuchli qo‘llab-quvvatlashi natijasida ro‘y berdi. Bu tor doiradagi zobitlarning harakati emas edi. Buni 1917 yili Rossiyada amalga oshirilgan to‘ntarishga qiyoslash mumkin. Bunday qudratli to‘lqinni to‘xtatib qolish amri mahol edi.
— Shoh tuzumiga xavf tug‘dirgan Humayniy Frantsiyada uzoq muddatda muhojirlikda yashadi...
— Frantsuz prezidenti Jiskar d“Esten ichki ishlar vaziri orqali iqtisodiy dividendlar evaziga Eron shohiga Humayniy bilan munosabatlarni hal qilib olishni taklif qildi. Masalan, Humayniy biror bir baxtsiz falokatga uchrasa, Parij bundan ko‘z yumadigan bo‘ldi. Lekin shoh bunday ishga jur’at etmadi.
— Isroil yangi hukumat bilan aloqa o‘rnatishga urindimi?
— Urinishlar bo‘ldi. Yangi hukumat vakillari bizdan qurol sotishni iltimos qilishdi. Axir, 1980 yili sakkiz yilga cho‘zilgan Eron-Iroq urushi boshlangandi. Dastlab biz qurol-aslaha jo‘natib turdik. Biroq ma’lum muddatdan keyin eronliklar eng zamonaviy aslaha talab qila boshlashdi. Bunga esa Amerika keskin qarshi chiqdi.
— Eronga qaerda ishlab chiqarilgan aslaha sotgansizlar? Nahotki, yana Sovet Ittifoqi qurollari bo‘lsa?..
— Yo‘q, albatta. Eron u paytda shoh zamonidan meros bo‘lib qolgan G‘arb qurollari bilan urushgan. Iroq esa Sovet harbiy texnikasi bilan. Biz Eronga Isroil va qisman Amerika qurollarini yetkazib bergandik. Biroq Amerika qurollari ma’lum yil chegarasida bo‘lib, eng zamonaviylarini sotish mumkin emas edi. Eronliklar bizdan qurol olishar ekan, Isroil bilan aloqalarni yaxshi saqlashga va’da berishdi. Biroq bunday bo‘lib chiqmadi. Ochig‘ini aytganda, bunday va’da berganlar yangi hukumatda u qadar ta’sirga ham ega emas edi. Shu tariqa yangi hukumat avval-boshdan bizga qarshi bayonot bilan chiqdi va Amerika hamda Isroilni “katta va kichik shaytonlar” deb atadi.
— Lekin keyinroq saudiyalik Adnan Xashoggiy Isroilni Eronga qurol sotish ishiga tortmoqchi bo‘ldi-ku?
— Saudiyalik Adnan Xashoggiy 1980-yillardagi “Erongeyt” ishi tashabbuskori bo‘lgan (Izoh: rasmiy taqiqlarga qaramasdan Amerika qurol-yarog‘ining Eronga sotilgani Qo‘shma Shtatlarda katta siyosiy mojarolarga olib keldi). U isroillik biznesmen Yakov Nimrodi bilan do‘stlashgandi. Ular Isroilga Eron qurol sotib olmoqchi ekanini ma’lum qilishdi. Rasmiy hukumat o‘z navbatida Vashingtonga murojaat qildi. Oq uy buning uchun shart qo‘ydi: Livandagi Eron nazoratida bo‘lgan guruh garovga olingan isroil uchuvchisi Ron Arad va amerikalik Uilyam Baklini ozod qilishi kerak. Biroq Livanda Bakli ham, Arad ham emas, boshqa bir garovga olingan shaxs ozod qilindi. Munosabatlar shu bilan uzilib ketdi. (Uilyam Bakli — Markaziy razvedka boshqarmasi agenti, Livan elchixonasida diplomat niqobida faoliyat yuritgan. 1984 yilning 16 martida o‘g‘irlangan va o‘ldirilgan. Ron Arad — Isroil uchuvchisi, 1986 yili Livan osmonidan urib tushirilgan va asir olingan. Uning tirik yoki vafot etgani hali ham noma’lum).
— Iordaniya va Misrdan tashqari, Saudiya Arabistoni va boshqa arab mamlakatlari ham Isroil bilan diplomatik aloqa o‘rnatmagan. Lekin gaplaringizdan kelib chiqyaptiki, sizlar ba’zida hamkorlik ham qilib turgansizlar... Hozirda Saudiya milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari bo‘lgan shahzoda Bandar ham Isroil va Amerika asirlarini ozod qilish muzokaralarida vositachilik qilgandi...
— Isroil ma’lum paytlarda arab maxsus xizmatlari bilan pinhoniy aloqalarni kuchaytiradi. Bu har doim va hamma davlatlar bilan ham bo‘lavermaydi. Biroq bunday hamkorlik mavjud...
— Siz Bayrutda xorijliklarni garovga olish rosa avj olgan davrda ishlagansiz. 12 iyul kuni Isroilning Livanga harbiy operatsiya boshlashiga ham garov hodisasi sabab bo‘ldi. Bunday favqulodda holatlar yuza kelgan paytda qanday harakat qilish kerak?
— Garovdagilar bilan munosabat borasida shunday xulosaga keldim: hattoki insonlarni ozod qilish uchun ham bosqinchilarga yon berish mumkin emas. G‘arb davlatlari asirlarni ozod qilish borasida turli shartlarga ko‘nib, katta xatoga yo‘l qo‘yishadi.
— Nima uchun? Axir, bularning bari insonlarni tutqinliklan xalos etish uchun qilinadi-ku?!
— Fikrimcha, Isroil ham, boshqa davlatlar ham asirlarni ozod qilish borasida qo‘poruvchilarning so‘ziga kirmasligi kerak. Aks holda bunday jinoyatlarni to‘xtatib bo‘lmaydi. Afsuski, Isroil rahbarlari — Ishoq Rabin ham, Ariel Sharon ham isroilliklarni asirlikdan xalos etish borasida qo‘poruvchilarga yon bosib, xato qilishdi.
— Demak, asirlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar olib borish mumkin emas. Nima shu yilning iyunida Bag‘dodda garovga olingan rossiyalik diplomatlarni qatl etishgani kabi asirlarni o‘ldirishlarini kutib o‘tirish kerakmi?
— Bu borada asirlarni ozod qilish bo‘yicha kuchli operatsiyalar o‘tkazadigan maxsus xizmatlarni shakllantirish zarur. Albatta, bunga har doim ham erishib bo‘lmaydi. Misol uchun, Livanda Isroil maxsus xizmati mashhur terrorchi Imad Mug‘niy va “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrullohni yo‘q qilish uchun necha bor urindi. Lekin ular hamon hayot...
www.vremya.ru sayti materiali asosida Abdul SOBIR tayyorladi.
www.hurriyat.uz dan olindi.