OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isroil: Tergovga tortilgan prezident

Gumonlar tasdiqlansa, Isroil prezidenti Moshe Katsav, bosh vazir Exud Olmert va bosh qo‘mondon Dan Xaluts lavozimidan ketishi mumkin.
Isroilda bir paytning o‘zida bir necha yuqori lavozimli shaxslar — mamlakat prezidenti Moshe Katsav, bosh vazir Exud Olmert, harbiy shtab qo‘mondoni, general Dan Xaluts va sobiq adliya vaziri Xaim Ramon jinoiy harakatlarni sodir etganlikda ayblanmoqda. Bu esa mamlakat aholisining davlat va hukumat rahbarlariga bo‘lgan ishonchini so‘ndirmoqda. 

URUSH KELTIRGAN... FOYDA 


Isroil harbiy shtabi qo‘mondoni, general Dan Xalutsga qo‘yilayotgan ayblov o‘z mansabini suiiste’mol qilish va lavozimidan shaxsiy manfaati yo‘lida foydalanishdan iborat. Gap shundaki, Livan urushining tashkilotchilaridan bo‘lgan general Xaluts aynan “Hizbulloh” guruhi a’zolari Isroil harbiy bo‘linmasiga hujum qilganidan bir necha soat o‘tib o‘z qo‘lidagi aktsiyalarni birjada sotib yuborgan. 
Sir emas, harbiy harakatlar va urush paytida ko‘pincha moliyaviy bozorda qimmatbaho qog‘ozlar narxi tushib ketishi kuzatiladi. Livanga qarshi harbiy amaliyotlar boshlanganidan keyin Isroil fond birjasida aktsiyalar narxi 8,3 foizga pasaydi. Bu esa yuzlab aktsiya egalari millionlab zarar ko‘rganidan dalolatdir. Livanliklarga ulkan ofat keltirgan urush boshlanishidan bir necha soatgina oldin general o‘z qo‘lidagi aktsiyalarni 26 ming dollarga pullagan. Dan Xalutsning muxoliflari fikricha, urush boshlanishi aniq bo‘lib turgan bir paytda aktsiyalarni sotish qo‘mondon uchun eng so‘nggi darajadagi ish bo‘lmog‘i lozim edi. Shu bois ham oppozitsiyadagi siyosiy kuchlar general Xalutsni xalq boshiga kulfat keltirgan voqeadan boyish maqsadida foydalanganlikda ayblashmoqda.
Ochig‘ini aytganda, Isroil Livan urushida muvaffaqiyat qozonganda, jang boshida turgan general Dan Xalutsga nisbatan bunday ayblov bo‘lmasligi, bo‘lganda ham katta g‘alaba soyasida g‘olib sarkardaning birja o‘yinlarida ayblanishi arzimas ish sifatida yopilib ketishi ham mumkin edi. Biroq mamlakat o‘ta muhim amaliyotda boy berdi. Bu esa urushga qo‘mondonlik qilgan shaxsga jamoatchilik noroziligini kuchaytirishi tabiiy. 
Ayni paytda Isroil mudofaa vazirligining yuqori lavozimli ofitserlaridan tashkil topgan maxsus komissiya aktsiya savdosi bilan bog‘liq voqealarni o‘rganib chiqmoqda. Biroq hozirdanoq harbiy shtab va mudofaa vazirligining ayrim vakillari bu mojaro general Xaluts iste’fosiga olib kelishi mumkinligini aytishmoqda.

HISSIYOTINI BOSHQAROLMAGAN VAZIR


Avgust oxiriga qadar Isroil adliya vaziri lavozimida xizmat qilgan Raim Xamon esa axloqsiz qilmishda gumon qilinmoqda.
General Dan Xaluts o‘z aktsiyalarini sotgan, Livan urushi boshlangan o‘sha xosiyatsiz 12 iyul kuni Isroil mudofaa vazirligida adliya idorasi bilan hamkorlikda rasmiy yig‘in o‘tkazildi. Jabrlanuvchi sifatida politsiyaga murojaat etgan, mudofaa idorasida xizmat qiluvchi xonimning ko‘rsatmasiga qaraganda, rasmiy uchrashuv o‘tayotgan paytda adliya vaziri Raim Xamon ushbu ayolga nisbatan axloqsiz munosabatda bo‘lgan va uni zo‘rlik bilan o‘pib olgan. Politsiya mudofaa vazirligi xodimasining shikoyatini o‘rganib chiqdi. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, haqiqatdan ham, adliya vaziri hukumat uyidagi yig‘inda o‘z hissiyotlarini boshqara olmagan va davlat xizmatchisi bo‘lgan xonimga nisbatan axloqsiz munosabatda bo‘lgan. Ayblanuvchining o‘zi mazkur hodisa bo‘lgani, biroq bu ayolning roziligi bilan amalga oshganini da’vo qilmoqda. Darvoqe, ana shu mojaro tufayli adliya vaziri Raim Xamon o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqdi. Isroil bosh prokurori Menaxum Mazuz sobiq vazirga qarshi mudofaa idorasi xodimasi da’volarini tasliqlovchi ayblov e’lon qildi. Yaqin kunlarda sobiq hukumat a’zosining jinoiy harakat bilan bog‘liq ish sudda ko‘riladi. Kuzatuvchilar Raim Xamon aybi mahkama jarayonida tasdiqlanishi ehtimoli kuchli ekanini aytishmoqda.

HOTAMTOY MASLAHATCHINING IN’OMI


Ushbu mojaroli hodisalarga parallel ravishda Isroil bosh vaziri Exud Olmert ham jinoyat bo‘lib chiqishi mumkin bo‘lgan bir qator shubhali ishlarni amalga oshirgani oshkor bo‘ldi. 
Exud Olmert Quddus shahri hokimligidan ketib, sanoat vaziri lavozimida ish boshlagan 2004 yilda Isroil kichik va o‘rta biznes boshqaruvi idorasi rahbarligiga “Likud” a’zosi bo‘lgan o‘z partiyadoshlarini tayinlagan. Isroil davlat taftishchisi Misha Lindenshtraus fikricha, rahbar lavozimga tayinlashda ularning bilim va malakasi emas, Olmert bilan bir partiyaga mansubligi inobatga olingan. Isroil davlat taftishchisi tomonidan bosh vazirga nisbatan ilgari surilayotgan ikkinchi ayblov oldingisi-da og‘irroq: poraxo‘rlik!
Bundan ikki yil muqaddam — 2004 yilning kuzida Exud Olmert sevikli rafiqasi Aliza bilan birga Quddus shahrining tarixiy qismida joylashgan hashamatli hovlilardan birini sotib oldi. Hukumat a’zosi sotib olgan hovli o‘sha paytlarda 1,5-1,8 million dollar turar edi. Biroq qurilish kompaniyasi hotamtoylik qilib, Olmertlar oilasining 1,2 million dollar to‘lashiga rozilik berdi. Isroil davlat taftishchisi gumoniga ko‘ra, sanoat vaziriga saxiylik bilan narxning tushirib berilgani bejiz emas. Buning evaziga qurilish kompaniyalari vazirdan ma’lum imtiyozlar olgani bo‘lishi ehtimol...
Biroq bu bilan hovli mojarosi tugamadi. Oradan bir yil ham o‘tmay, Olmertlar hashamatli yangi hovlini sotib yuborishdi. Xaridor ham begona bo‘lmadi. Exud Olmertning siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, amerikalik milliarder Deniel Abraham uy uchun 2,7 million dollar berdi. Eng qizig‘i, Exud Olmert hovlini sotgandan keyin ham ko‘chib ketmadi. Vazirning siyosiy maslahatchisi o‘z rahbariga mehribonlik ko‘rsatdi: oylik ijarasi bir necha ming dollar turadigan uy arzimas choy-chaqa evaziga 10 yilga Olmertlar xonadoniga ijaraga berildi. Isroil davlat taftishchisi Misha Lindenshtraus ana shu shubhali harakatlar ortida jinoyat yashiringan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

MUDDATDAN OLDIN ISTE’FO?!


Isroil davlatida prezident u qadar katta vakolatlarga ega emas. Shu bois ham, yahudiy davlat rahbari nomi ko‘p-da eslanavermaydi. Biroq so‘nggi mojarolar tufayli Isroil prezidenti nomi ham bot-bot tilga olinmoqda.
Isroil politsiyasi ayni paytda prezident Moshe Katsavga qarshi yozilgan shikoyatni o‘rganmoqda. Shikoyatda aytilishicha, Katsav transport vaziri bo‘lib ishlagan vaqtlarda ariza sohibasi bo‘lgan qo‘l ostidagi xodimani zo‘rlashga harakat qilgan. Nomusi masalasini ochiq muhokama etilishiga rozi bo‘layotgan ayolning da’vosiga ko‘ra, voqea bundan 15 yil oldin sodir bo‘lgan. O‘shanda transport vaziri bo‘lgan Moshe Katsav xodimani ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitib o‘z nafsini qondirmoqchi bo‘lgan.
61 yoshli prezident qo‘yilayotgan ayblov soxta va yolg‘on ekani, da’vogar ayol shantaj yo‘li bilan uning obro‘sini to‘kmoqchi ekanini aytmoqda.
Politsiya allaqachon prezidentga qarshi jinoiy ish ochgan. Ish doirasida davlat rahbarining qarorgohi tintuv qilindi va idoradagi barcha hujjatlar tekshirish uchun olib ketildi. Hozirga qadar prezident Katsav bir necha bor tergovda ham ishtirok etdi. Jinoiy ish shaxsiy hayot va or-nomus masalasiga borib taqalgani tufayli tergov yopiq olib borilyapti. Biroq prezident tergovini olib borayotgan ofitserlardan birining aytishicha, jabrlanuvchi tomonidan ilgari surilayotgan ayblovni tasdiqlashi mumkin bo‘lgan dalillar mavjud.
Tergov ikki oy muddatda to‘la yakunlanadi. Biroq hozirdanoq Isroil matbuotida prezidentning muddatdan oldin iste’foga chiqishi masalasi muhokama qilinmoqda. Voqealar ayrim kuzatuvchilar taxmin qilayotganidek rivojlanishi uchun esa Isroil parlamentning 120 a’zosidan 90 nafari prezidentning vakolat muddatidan oldin lavozimini tark etishiga ovoz berishi zarur.
Yaqindagina Livanga qarshi olib borilgan harbiy amaliyotlarning muvaffaqiyatsiz yakunlangani, qo‘shni Falastin bilan ziddiyatlarning tobora kuchayib borayotgani, boz ustiga, davlat va hukumat rahbarlarining jinoiy harakati bilan bog‘liq hodisalar isroilliklarning norozi kayfiyatini kuchaytirmoqda. Hozirda vaqti-vaqti bilan amaldagi hukumatga qarshi norozilik chiqishlari bo‘lib turibdi. Isroilda nashr etiladigan “Yediot Axronot” gazetasi o‘tkazgan so‘nggi ijtimoiy so‘rovlar ham ana shu fikrni tasdiqlamoqda. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, isroilliklarning 63 foizi bosh vazir Exud Olmertning iste’foga chiqishi istaydi. 54 foiz aholi esa general Dan Xalutsni bosh qo‘mondonlikka nomunosib deb biladi.
Isroil rahbariyatida yuzaga kelgan siyosiy inqiroz shu taxlit chuqurlashaversa, bu yaqin kunlarda hukumat va parlamentning iste’foga chiqishi, buning ortidan esa muddatdan oldin saylovlar o‘tkazilishiga olib kelishi mumkin.

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.