OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kosovo: ozodlikning mashaqqatli yo‘li

yoki echkiga jon qayg‘usi, qassobga yog‘...


To‘qqiz yildirki BMT mandati va NATO himoyasi ostida yashab kelayotgan Kosovoning o‘z mustaqilligini e’lon qilishi nafaqat mintaqa, balki dunyo siyosatida katta voqea bo‘ldi. To‘qson foiz aholisi musulmon bo‘lgan Kosovo bosh vaziri Hashim Tachi ularning maqsadi islom davlati emas, dunyoviy demokratik davlat barpo etish ekanligini bildirgan.  Shuningdek, u yangi mustaqil davlatda ozchilik serb millatining ham tenghuquqliligi ta’minlanishini aytgan. Har ne bo‘lganda ham, Serbiya o‘zgarishlardan keskin norozi. Aslida ikki mamlakat muammosi bo‘lgan bu ishlarga yirik davlatlarning munosabati dunyo afkor ommasini ko‘proq qiziqtirmoqda. Serbiya yonida turgan eng asosiy davlat, bu — Rossiya. U dunyo xaritasidagi o‘zgarishni tan olish BMT Xavfsizlik Kengashining bir tomonlama mustaqillikning tan olmaslik haqidagi kelishuviga zid ekanini ta’kidlamoqda. Kosovo o‘z ortidan Shimoliy Kipr turk respublikasi, Makedoniya, Janubiy Osetiya, Abxaziya... kabi muammolarni yetaklab kelishi mumkin. Afrikada rasmiy tashrif bilan yurgan Jorj Bush esa mustaqil Kosovo davlatini AQSh tan olganini e’lon qildi. 

Voqealar rivojlanishda davom etmoqda... 
Mustaqil bo‘lib chiqishga harakat qilgan kosovolik musulmonlar Miloshevichning hukmi farmosi bilan qatliomga uchragandi. O‘sha mahallar 800 ming alban qochqini mamlakatning janubiy hududiga yig‘ildi. Ularning katta qismi vatanini tark etib, Makedoniya va Albaniyada jon saqladi. Qochqinlar orasidan bolasini emizayotgan onaning surati dunyo ommaviy axborot vositalarida qayta-qayta e’lon qilinib, mazlum Kosovoning ramziga aylanib ketdi...

Mustaqillik uchun kurash qadamba-qadam

1968 yil — Kosovodagi albanlar ilk marotaba ozodlik istab namoyishga chiqishdi, bir nechasi hibsga olindi.
1974 yil — Yugoslaviya Konstitutsiyasi Kosovoga Serbiya tarkibidagi muxtoriyat maqomini berdi. 
1989 yil — Serbiya davlat rahbari Slobodan Miloshevich Kosovoning muxtoriyatligini bekor qildi. 
1991 yil — Kosovo mustaqil respublika deb e’lon qilindi. Buni faqat Albaniya tan oldi.
1996 yil — Kosovo ozodlik armiyasi Serbiya politsiyasiga hujumlar boshladi.
1998 yil — Serbiya politsiyasi olib borgan amaliyotlarda o‘nlab alban kurashchilari o‘ldirildi. 
1998-1999 yillar — Serb armiyasi Kosovo ozodlik armiyasi kuchlarini qonga botirdi. 
1999 yil — NATO 78 kun davomida havo hujumini olib bordi. Miloshevich serb kuchlarining Kosovoni tark etishiga rozilik berdi. O‘lka BMT mandatiga o‘tdi va NATO tomonidan qo‘riqlana boshladi. 
2006 yil — xalq ovozi bilan qabul qilingan Serbiya konstitutsiyasida Kosovo mamlakatning ajralmas bo‘lagi deb belgilab qo‘yildi.

Farrux Jabborov tayyorladi

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.