OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Livan osmonida qora bulutlar

15 yillik fuqarolar urushini boshdan kechirgan mamlakatda yana bombalar ovozi yangramoqda.
Mana yetti kundirki, Livan osmonini qora tutun qoplagan. Unda Isroil bayrog‘i aks etgan qiruvchi samolyotlar parvoz etmoqda.

Isroil davlati 12 iyul kuni Livan hududiga harbiy kuch va texnika bilan kirib keldi. Bunga esa “Hizballoh” guruhi tomonidan SAXAL (Isroil armiyasi) guruhiga hujum uyushtirilgani va ikki nafar askar garovga olingani sabab bo‘ldi.
 
Ikkinchi front
Livanda hukmron mavqeda bo‘lgan “Hizballoh” guruhi o‘tgan hafta chegara hududidagi Isroil harbiy bo‘linmasiga hujum qildi. Hujum natijasida bir necha yahudiy askari halok bo‘ldi va ikki nafari garovga olindi. Livan xalqi boshiga katta kulfat keltirayotgan voqealar ana shundan keyin boshlandi. Isroil harbiy bo‘linmaga uyushtirilgan hujumni butun davlatga qilingan tahdid sifatida qabul qildi.

Isroil mudofaa vaziri Amir Perets zudlik bilan 6 ming kishilik harbiy kontingentni oyoqqa turg‘izdi, hatto zahiradagi zobitlar ham jangga safarbar etildi. Isroil tomoni deyarli kundalik odatga aylangan hujumlarni bu safar juda jiddiy qabul qildi. Jiddiyat shu darajada bo‘ldiki, Livan hududidagi “Hizballoh” guruhiga qarshi operatsiyalarga piyoda qo‘shinlar, maxsus bo‘linmalar, bronetexnika, artilleriya, aviatsiya, harbiy kemalar, qisqasi, zamonaviy jangda qanday vositalardan foydalanish mumkin bo‘lsa, barchasi safarbar etildi. Isroil G‘azo sektori bilan bir paytda Livanda ham ikkinchi front ochdi. 

Tomonlar nima istaydi?
“Hizballoh” guruhi ikki yahudiy askarini asir olgach, ularni Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan musulmon mahbuslarga almashish taklifini ilgari surdi. Isroil bosh vazir Exud Olmert esa “Hizballoh” guruhi rahbari shayx Hasan Nasrulloh taklifini keskin rad etdi va terror bilan murosa qilinmasligi, bu masala faqat qurol bilan hal etilishini bildirdi.

Aslida “Hizballoh” va Isroil tomoni o‘rtasidagi ixtilof bugun yoki kecha paydo bo‘lgan ziddiyat emas. Ba’zan qurol, ba’zan so‘z bilan olib borilayotgan kurash ildizi anchayin chuqur. Livandagi shia musulmonlardan tashkil topgan “Hizballoh” jangovar guruhi Isroil tomonini ko‘pdan beri bosqinchilik siyosatida ayblaydi va Falastin hududini haqiqiy tarixiy egalariga qaytarish, qamoqxonalardagi “ozodlik kurashchilari” bo‘lgan musulmon mahbuslarni ozod qilishni talab qiladi. Rasmiy Quddus esa bu iddaolarni rad etib, qamoqxonalardagi mahbuslarni “ozodlik kurashchilari” emas, “qo‘li qonga botgan qo‘poruvchilar” deb hisoblaydi.

O‘tgan tahlikali kunlar davomida Isroil “Hizballoh”ning Bayrut shahrida joylashgan bosh qarorgohi va unga qarashli bir qancha ob’ektlarni bombardimon qildi. Shuningdek, jangari guruh tomonidan moliyalashtirishi taxmin qilinadigan Livanning “Al-Manar” telekanali binosi ham raketa hujumlariga duchor bo‘ldi. Isroil televideniesi yakshanba kungi bombardimonlar paytida “Hizballoh” rahbari shayx Hasan Nasrulloh jarohatlangani to‘g‘risida xabar tarqatgandi. Biroq bu xabarlarni jangari guruh rad etdi.

O‘z navbatida agar Isroil urushni tanlasa, kutilmagan sovg‘alarga tayyor turishi kerakligini e’lon qilgan “Hizballoh” tashkiloti ham javob hujumlarini amalga oshirdi. Isroilning kattaligi bo‘yicha uchinchi shahri sanalgan Xayfa (Livan chegarasidan 30 km masofada joylashgan) “Hizballoh”ning asosiy nishoni bo‘lib qolmoqda. Xullas, ikki tomonlama qurbonlar keltirayotgan qonli urush davom etmoqda.
 
Aybsiz... aybdor
Ayni paytda Isroil tomoni amalga oshirilgan hujum uchun “Hizballoh” bilan birga Livan hukumatini ham ayblamoqda. Bir qarashda Quddus hukumati bildirayotgan da’volarda jon borday: “Hizballoh” jangari guruhi Livanda siyosiy partiya sifatida ro‘yxatdan ham o‘tgan va boz ustiga tashkilot vakili hukumatdagi vazirlik kursilaridan birini ham egallagan. Biroq vaziyatni chuqurroq tahlil qilganda butkul o‘zga xulosaga kelish mumkin.

1975-1990 yillarda davom etgan fuqarolar urushi davrida Livanda turli siyosiy guruhlar o‘rtasida hokimiyat uchun qonli kurash avj oldi. Ana shu yillarda “Hizballoh” guruhi paydo bo‘ldi va oz fursat ichida mamlakatdagi yirik harbiylashgan tashkilotga aylandi. Ayni paytda guruhning ta’sir doirasi va qudrati shu darajaga yetganki, Livanning janubiy hududlari va Bekka vodiysi butunlay shayx Hasan Nasrulloh boshchiligidagi jangovar tashkilot nazoratida. Ayrim manbalarda “Hizballoh” jangarilari soni Livan milliy armiyasidan ham ko‘proq ekani aytiladi. Xullas, Bayrut hukumati o‘n yillardan beri mamlakatni birlashtirish va harbiylashgan tashkilot kuchini sindirishni uddalay olmayapti. Bu vazifa hatto amaldagi prezident — mamlakat armiyasining “ota”si general Emil Laxudning ham qo‘lidan kelmayapti.

Hozirgi vaziyatda Livan xalqi va rahbariyati chorasiz ahvolga tushib qolgan: aybsiz... aybdor hukumat esa na “Hizballoh”ning tanobini tortib qo‘ya oladi, na Isroil hujumlarini to‘xtata oladi. Mash­hur va marhum bosh vazir Rafiq Xaririy vafotidan keyin Livan hukumati rahbarligiga saylangan Fuod Siniora ham xalqaro hamjamiyatni mamlakatiga yordamga chaqirishdan boshqa amalga qodir emas.
 
Hakam yana chorasiz
Xalqaro mojarolar va ixtiloflar paytida asosiy hakam vazifasini bajarishi zarur bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Livan fojiasi borasida ham jo‘yali harakat qilolmayapti. Tashkilot Livanga hujum boshlangan ilk kunlarda Qatar tomonidan taqdim etilgan Isroil xatti-harakatlarini qoralovchi rezolyutsiya loyihasini muhokama qildi. Har doimgidek Isroil siyosatiga qarshi bo‘lgan loyiha AQSh tomonidan rad etildi...

Samarasiz majlislardan charchagan Bosh kotib Kofi Annan Livanga uch nafar vakilini yuborishga qaror qildi. Lekin butun boshli hukumatlar hal qilolmayotgan muammoni uch diplomat bartaraf etishiga ishonish qiyin.
Hozircha Livan hukumatiga bu borada ochiq yordam taklif etayotgan yagona davlat bu — Eron. Isroil xatti-harakatlarini Ikkinchi jahon urushi davridagi Gitler bosqinlariga qiyoslayotgan prezident Mahmud Ahmadinajot jang keltirgan talafotlarni to‘lashga yordam qilishini aytdi.
 
Shunday portlatginki... hech kim zarar ko‘rmasin!
Livan masalasida dunyoning yetakchi davlatlari munosabatini kuzatganda, qiziq manzara guvohi bo‘lish mumkin. AQSh, Rossiya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya kabi mamlakatlar tashqi siyosat mahkamalarining Livan bo‘yicha bildirilgan bayonotlarida davlatlarning aniq pozitsiyasini anglab olish imkonsiz. Vashington ham, Moskva ham va Yevropa yetakchilari ham na Isroil tomonini qo‘llab-quvvatlaydi, na Livan yonini oladi. Ularning munosabati “Kim haq-u, kim nohaqligini vaqt ko‘rsatadi” degan oltin o‘rtaliq qoidasiga aynan mos keladi.

Bu borada tashqi siyosatida Isroilni dastaklash ochiq ko‘rinadigan Vashingtonning munosabati aniqroq. Amerika prezidenti Jorj Bush o‘z chiqishida “Hizballoh” guruhining hujumi hamda garov hodisasini qattiq qoraladi va insof yuzasidan Livandagi vaziyatdan xavotirda ekanini ham bildirib o‘tdi. Oq uy yetakchisining xulosa o‘rnida Isroilga bergan tavsiyasi ajoyib bo‘ldi: “Tuxumni shunday qovurish zarurki, tuxum sinmasin” degan obrazli ifoda bilan prezident asosiy muddaoni bayon qildi-qo‘ydi...
 
Fuqarolar urushi qaytyaptimi?
Isroil harbiy kuchlari bosh qo‘mondoni Dan Xaluts agar “Hizballoh” tomonidan garovga olingan asirlar zudlik bilan qaytarilmasa, Livanga 20 yil avvalgi tarix qaytarilishini bildirgandi. Bir haftalik natijalar har­qalay qo‘mondon asossiz gapirmasligini ko‘rsatdi.

Bir hafta davomida Livan shaharlari, xususan, poytaxt Bayrut tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgarib ketdi. Shahardagi hozirgi manzara haqiqatan ham fuqarolar urushi davrini yodga soladi.

Isroil tomoni asosiy nishon sifatida “Hizballoh” qarorgohi va unga qarashli ob’ektlarni portlatayotgan bo‘lsa-da, baribir asosiy jabrdiyda har doimgiday tinch aholi bo‘lmoqda.

Tinimsiz raketa hujumlarida paytida o‘nlab ko‘priklar, aholi turar-joylari, hattoki poytaxt aeroporti uchish maydonlari ham portlatib yuborildi. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, to‘rt kunning ichida 100 nafar livanlik tinch aholi halok bo‘lgan, yana 250 dan ziyodi jarohatlangan.

Hozirda Livan bosh aeroporti yopib qo‘yilgan, mamlakatni qo‘shni davlatlar bilan bog‘lovchi suv yo‘llari ham Isroil kuchlari tomonidan nazorat qilinyapti. Xullas, Livan tashqi dunyodan butunlay uzib qo‘yilgan. Dunyo hamjamiyati esa voqealar rivojini kuzatish bilan band.

Sobirjon YOQUBOV

 

P.S. Vashington tomoni “Shunday portlatginki... hech kim zarar ko‘rmasin!” tamoyiliga sodiq qolgan ko‘rinadi: Qo‘shma Shtatlar yaqin kunlarda Isroilga 210 million dollarlik harbiy aviatsiya yonilg‘isini yetkazib bermoqchi. Sotib olingan yonilg‘i esa Livandagi harbiy havo hujumlarida ishlatiladi.
Buyuk Britaniya esa Livan chegara hududidagi dengiz qirg‘og‘iga ikkita yirik kema yubordi. Maqsad — Livandagi urush yanada avj olib, arab davlatidagi qirollik fuqarolari hayoti xavf ostida qolsa, ularni zudlik bilan qutqarish...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.