OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Manfaatlar to’qmashuvi: axboriy va madaniy qurol muvozanati

aqibni qo‘rquvga solib, uni kundalik odatlaridan uzoqlashtirish hamda eski xotiralarini yo‘qotib, uning o‘rniga yangilarini tiklash usuli ko‘pdan beri qo‘llanib kelinadi. Bundan 2003 yili AQSh Iroqda Saddam Husayn tuzumini tugatishda keng foydalandi. Endi esa yoppasiga xususiylashtirish va kapitalizatsiya qilish dasturi tufayli yaralangan mamlakatda qanday qilib "amerikacha sog‘lom turmush tarzi" barpo etish haqida savollarga javob izlanayapti.

Qo‘rquv haqida birinchi mahbusning hikoyasi

 

Kanada fuqarosi Mahar Arar 2002 yilda "favqulodda ekstraditsiya (ko‘chirish)" siyosatiga yo‘lliqanlardan biri. U Kennedi nomidagi aeroportda qo‘lga olinib, Suriyaga keltirilgan va maxsus metodlar asosida so‘roqqa tutilgandi. "Berilgan savollarga javob bermasam, burchakdagi elektr stuliga ishora qilishib, qo‘rqitishardi: "Unga o‘tirishni istab qoldingmi?" Meni bu so‘zlarning o‘zi dahshatga solar, qo‘rquv va qiynoqlardan o‘zimni qaerga olib qochishni bilmasdim. Agar qiynashmasa, hamma narsani tan olishga tayyor edim. Faqat qiynashmasa bo‘lgani", - deydi Mahar. Uning aytishicha, bunday usul - asboblarni ko‘z-ko‘z etish yoki inglizcha jargonda "fear-up", ya'ni "qo‘rqitish" deya nomlanadi.

Asirga qiynoq qurollarini ko‘rsatish uni qo‘llashdan ko‘ra qo‘rqinchliroq ekanini so‘roqlovchilar yaxshi bilishadi.

Axborot orqali ruhiyatga berilgan zarba - ayanchli

 

"Ana shu holga mesopotamiyaliklarning avlodlari tushishdi. Iroqqa hujum boshlash kuni yaqinlashar ekan, Pentagon Amerika ommaviy axborot vositalariga eng zamonaviy axboriy qurollar bilan yerlik aholini qo‘rqitish kerakligini uqtirdi" deb yozgan edi Buyuk Britaniyaning "Gardian" nashri o‘shanda. Urush boshlanishiga ikki oy qolganda, "Si-Bi-Es" kanali nav­batdagi reportajini shunday so‘zlar bilan boshlaydi: "Bizning maqsadga erishishimizni haftalar yoki kunlar emas, balki bir necha daqiqa hal qiladi. Xuddi Xirosimadagidek (bu yerda Yaponiya shaharlariga atom bombasi tashlash esga olinayotganini anglash qiyin emas - mual.)".

Boshlovchi Den Rader bu boradagi fikrini shunday davom ettiradi: "Ishontirib aytamanki, biz tarqatayogan axborotdan Iroq armiyasi uchun biror foydali ma'lumot topishning iloji yo‘q. Buni mudofaa vazirligi ham tasdiqlaydi".

Bunday yo‘l bilan juda ko‘p axborot tarqatishdan maqsad qo‘rqitishdir. Iroqliklar dahshatli reportajlarga ko‘p bor guvoh bo‘lishdi yoki ular haqida chet elda yashaydigan yaqin qarindoshining qo‘ng‘irog‘i yordamida bilib oldilar. Natijada "tinch­likparvar" raqiblar istagandek xalq orasida vahima, hadik paydo bo‘ldi, ta'bir joiz bo‘lsa, odamlar qo‘rquvdan qaltiroqqa tushdilar.

Qarshi tomonni qo‘rqitish strategiyasida kuchli ruhiy ta'sir o‘tkazuvchi qurol  vazifasini o‘tovchi axborot terrori yana bir amaliyotda samara keltirdi. chunki iroqliklar bu galgi hujum 1991 yilgi hodisalardan ham dahshatliroq ko‘rinish olishidan xavotirga tushdilar.  "Amerikaliklar yadro hujumi uyushtirishadimi? Axir ajnabiylar Saddam Husaynda ommaviy qirg‘in quroli(OQQ) borligidan gumon qilishayapti-ku" singa­ri tahlikali gap-so‘zlar ularning yuragiga g‘ulg‘ula sola boshladi.

Ayniqsa, mana bu voqeadan so‘ng.

"Istakni yo‘qotish muhim"

 

Pentagon Oq uy matbuot xizmatining harbiy mavzular bilan shug‘ullanuvchi bo‘limiga maxsus turne tashkil etib, jurnalistlar guruhini Florida shtatidagi Eglin harbiy havo bazasiga olib bordi. U yerda qalam ahli "Moab" (Massive Ordnance Air Blast - havodan yoppasiga snaryad zarbasi, askarlar tili bilan aytganda,  "Mother of All Bombs", ya'ni  "Bombalar "onasi")ning sinovdan o‘tkazilish sahnasiga bevosita shohid bo‘lib, uni o‘z ijod mahsullarida yoritishdi. Aytish lozimki, dunyodagi eng kuchli noyadro bombaning og‘irligi 8,2 tonna bo‘lib, mazkur o‘lim elchisi port­latilishi natijasida 2-3 km. baland­likda qo‘ziqorinsimon bulutlar hosil bo‘ladi. Tadbirda ishtirok etgan "Si-En-En" muxbiri Jemi MakIntayr "Moab"ning mavjudligiyoq raqibni kuchli ruhiy nokautga uchratishga qodir ekanini ta'kidlaydi. Bundan tashqari, Iroq aholisiga qiynoqqa solishda foydalaniladigan qurol va asboblar oynai jahon ekranida ochiq-oydin namoyish etildi. Shu kabi ko‘rsatuvlardan birida o‘sha paytdagi AQSh mudofaa vaziri Donald Ramsfeld shunday deydi: "Bizning maqsad - koalitsiyaning kuchini shunday aniq va ravshan namoyon etish orqali Iroq armiyasida jang qilishga nisbatan zarracha ham xohish qoldirmaslikdan iborat".

Urush boshlanishi bilan Bag‘dod ahli kommunikatsiya vositalaridan foydalanish imkoniyatini yo‘qqa chiqaruvchi "sensor deprivatsiyasi" usuliga duchor qilindi. Shaharning "asab tolalari"ga aylanib ulgurgan bog‘lovchi tizimlarini ishdan chiqarish uchun dastlab aloqa vazirligiga ketma-ket havo hujumlari uyushtirildi. 2003 yil 28 mart kuni AQShlik askarlar shaharga kirib kelganlarida, ana shu hukumat binosi yonib yotardi. Keyin bunkerlarni qo‘porishda qo‘llaniladigan snaryadlar yordamida shaharning telefon tarmog‘i yo‘q qilindi, natijada millionlab aloqa apparatlari setdan uzib qo‘yildi. Aprel oyiga kelib, shaharda birorta ham ishga yaroqli ishchi telefon qolmadi, chunki barcha 12 tarmoq barbod etilgandi.

O‘z uying qamoqqa aylansa...

 

Axborot va kommunikatsiya bilan bevosita bog‘langan kompaniyalarga radio va televizion transmitterlar orqali hujum uyushtirilib, mahalliy aholi tashqi aloqalar va axborot olamidan butunlay uzib qo‘yildi. O‘z uylariga qamalib qolgan bag‘dodliklar ko‘chada nima bo‘layotgani haqidagi mitti mujdadan ham judo bo‘lishdi, tashqariga chiqay desa, otishma, yurak dov bermaydi. Portlashdan zirillayotgan deraza oynasi ortida qo‘rquvdan titrab o‘tirgan odamlar bir nechta mavze narida yashaydigan qarindoshlari holidan xabar olisholmas, chet eldagi opa-ukasiga qo‘ng‘iroq qilolmas edi. Bundan ortiq ruhiy azob bo‘lmasa kerak. Shaharga kelgan jurnalistlarning xolislari kam sonli daydib yurgan, qo‘rquvdan rangi quv o‘chgan, ammo boshqalardan "dovyurak"roq odamlar - Londonda yashaydigan akasi yoki Baltimorga ketib qolgan bobosiga qo‘ng‘iroq qilishga yordam berishni o‘tinib so‘rayotgan jabrdiydalar to‘dasiga guvoh bo‘lganliklari haqida gapirishdi. Jumladan, OAV xodimlaridan biri shunday yozadi: "Ular o‘z yaqinlariga "Hammasi joyida! Ota-onam tinch, xavotir olmang» deyishni qanchalik istashayotganini tasavvur qilishning o‘zi mushkul edi".

Qisqa vaqt ichida dorixonalarda tinchlantiruvchi va uyqu dorilar qolmadi. Shaharda hayot chiroqlari asta-sekin o‘cha boshladi. «Gardian» nashrining 4 aprel sonida shunday satrlar bor: «Portlash ovozlari boshlanmasdanoq, 5 million aholi yashaydigan Bag‘dodga dahshatli, go‘yoki so‘ngsiz zulmat cho‘kkandek edi". Markaziy Razvedka Agentligi(MRA)ning mahbusi kabi poytaxtliklar o‘sha kuni o‘zlarini kishanlanib, yuzlari qora niqob bilan yopib qo‘yilgandek his qildilar. Ko‘p vaqt o‘tmay, ijtimoiy tanglik madaniy inqiroz bilan qorishib ketdi.

Ikkinchi mahbus hikoyasi

 

Mahar Ararning taqdirdoshi siquvga olish yo‘li bilan so‘roqqa tutilganlardan biri. "Dastlab kiyimlarimni, so‘ngra shaxsiy buyumlarimni tortib oldilar. Ular yonimda saqlaydigan oila a'zolarimning suratidan foydalangan holda meni battar xo‘rlashdi. «Sen hech kimsan. Buni biz tergovchilar aytyapmiz. Sen biz nimani xohlasak, o‘sha bo‘lasan». Bular har doim eshitiladigan so‘zlar edi", - deydi u.

Madaniy qashshoqlashuv

 

Insonga xos bo‘lmagan mazkur usullardan to‘yib ketgan bechora bandaning ahvolini Iroq ahli ko‘p vaqt o‘tmay tez-tez his qilishdi - ularning sevimli ilm o‘choqlari, jamiyat institutlari vayron etildi. Tarixdan darak beruvchi qimmatbaho yodgorliklar tashib ketildi. Bombalar Iroqni majruh qildi, ammo bostirib kirganlarning tartibsiz talon-tarojlari o‘lkaning yuragiga tig‘ sanchdi.

Yuzlab talonchilar qadimiy chinni idishlarni sindirib, muzeylarni tunashdi, cho‘ntaklarini Iroq milliy muzeyida saqlangan qimmatbaho tangalar va bosh­qa shunga o‘xshash buyumlar bilan to‘ldirdilar. O‘g‘irliklar insoniyat tamadduni dargohlaridan birining tarixiy bo‘yoqlariga zarar yetkazdi. "170 mingta nodir eksponatning 70 foi­zi yo‘qoldi", deb xabar bergandi o‘shanda «Los-Anjels Tayms» nashri.

Milliy kutbuxonalardagi minglab kamyob adabiyot va ilmiy ishlarning kuli ko‘kka sovurildi, diniy ishlar vazirligidagi Qur'oni karimning ming yillik nusxalari yo‘qoldi. Bino esa yonib bitdi. Bag‘dodlik o‘qituvchi buni milliy boylikni yo‘qotish, deb baholagan bo‘lsa, uning yurtdoshi bo‘lmish bir do‘kondor mashhur muzey haqida shunday deydi: «U Iroqning yuragi edi. Agar muzeyga boyliklar qaytarilmasa, o‘z qalbimning bir qismini yo‘qotib qo‘ygandek bo‘laman». Chikago universitetining arxeo­log olimi Gibson Mak Gaerning joriy holga  munosabati quyidagicha: «Madaniyatning chuqur ildizlariga bolta urildi. Ma'lumki, bu madaniyatning tarixi ming yillarga borib taqaladi». Din peshvolarining sa'y-harakatlari tufayli madaniy boyliklarning bir qismini saqlab qolishga erishildi. Ko‘pchilik iroqliklar bu tunashlar zamirida amerikaliklarning o‘ziga xos, ya'ni qadriyatlarga boy o‘lka xalqining madaniy negizlariga qaqshatqich zarba berish orqali uni milliy o‘zlik va g‘ururidan ayirishdek "o‘ta kerakli" strategik maqsadi yotganini anglab yetdilar.

Yetmish yoshli Ahmad Abdullaning «Vashington post» gazetasiga bergan intervyusida shunday gaplar bor: «Bag‘dod arab madaniyati momosidir. Ular esa bu ko‘hna yurtni Yer yuzidan supurib tashlashmoqchi». Albatta, talonchilar tartibsizliklarda iroqliklarni aybdor qilib ko‘rsatishga urinishdi. D.Ramsfeld ham Bag‘dodni talamaslikka na buyruq va na ogohlantirish bergan, qolaversa, sobiq vazir "Hechqisi yo‘q, hammasi o‘tib ketib, unut bo‘ladi. Buyog‘iga esa yangi hayot" so‘zlarini shior qilib olgandi. Bu kabi boqibeg‘am xatti-harakatlar oqibati ayanchli ekanligi ma'lum.

Albatta, tub aholining eski tuzumdan nafratlanadiganlari, qashshoqlar, bundan tashqari, Saddam Husayn tomonidan urush boshlanishiga bir oy qolganida, qamoqdan chiqarib yuborilgan barcha mahbuslarning ana shu o‘g‘irliklarga aloqasini ham inobatga olmoq lozim. Ayniqsa, 1991 yilgi urush paytida vayron qilingan Iroqdagi 13 ta muzey soni yana ko‘paygani afsuslanarlidir.

"Foydasiz" ro‘yxat

 

AQShlik yetakchi arxeologlar tomonidan havo hujumidan ehtiyot qilinishi lozim bo‘lgan madaniy binolar joy olgan ro‘yxat Pentagonga taqdim etilgan bo‘lsa-da, uning 26 mart kuni chiqarilgan memorandumida qayd etilgan 16 ta yer usti inshoo­ti qatoridan ma'naviyat markazlariga, afsuski, o‘rin berilmadi.

Shuningdek, sobiq vazir Bag‘doddagi tartibni saqlash uchun xalqaro politsiya kontingenti kelishini bildirsa-da, amerikalik harbiylar tartibni o‘z nazorati ostiga olish uchun harakat qildilar. Chunki xal­qaro kuchlarsiz ham Bag‘dodda amerikalik askarlar yetarli edi, ammo ular madaniy yodgorliklarni qo‘riqlashmadi. Ko‘pchilik holatlarda bronotexnikasi bilan "sayrga chiqqan" harbiylar o‘g‘irlik mollari ortilgan yuk mashinalari yonlaridan o‘tib ketsa ham parvo qilishmas, bu bilan Ramsfeldning «hechqisi yo‘q» printsipiga rioya qilishardi. To‘g‘ri, qaerlardadir bunday o‘g‘irliklar maxsus kuchlar bilan to‘xtatildi, biroq boshqa joylarda askarlarning o‘zlari talonchilar safiga qo‘shildilar. Ularning orasida Bag‘dod xalqaro aeroportini vayron qilishda faol ishtirok etganlar ham bor. Darvoqe, shundan keyin Iroq davlat aviakompaniyasi 100 mln. dollar zarar ko‘rib, xususiylashtirish ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi.

Ikki dastyor

 

Iroqni egallashda muhim rol o‘ynagan ikki amaldor - Iroqni bosib olish operatsiyasiga mas'ul qilib tayin­langan Pol Bremerning iqtisodiy masalalar bo‘yicha bosh maslahatchisi Piter MakFerson va oliy ta'limni rekonstruktsiya qilish dasturi direktori Jon Agresto bu borada bir qator faktlarni oshkor qilishdi.

Okeanortilik askarlar davlat mulklari - avtomobil, avtobus, vazirlik mulk­larining o‘g‘irlab ketilishiga befarq qarashdi, chunki mehmonlarning maqsadi ham Iroq hukumatining mamlakat iqtisodidagi rolini yo‘qqa chiqarish va uning mulk­larini xususiylashtirishdan iborat edi. Bu yo‘lda talonchilar amerikaliklar qo‘lidagi qo‘g‘irchoqlarga aylanishdi. MakFersonning ta'biri bilan aytganda, harbiy xususiylashtirish deb, qachonki inson urushdan so‘ng ilgari davlatga qarashli bo‘lgan avtomashina yoki yuk avtomobilining ruliga o‘tirib, uni bemalol o‘zinikidek haydab ketishga aytiladi. Shunga o‘xshash qing‘ir usulni Chikago iqtisodiyot maktabini bitirgan, Reygan hukumatida ishlab ulgurgan MakFerson ijtimoiy sektorni siquvga olish deb atab, uning samarasiga hali ham qattiq ishonadi.

Savodsizlar yurtidan chiqqan islohotchi

 

Bag‘doddagi talonchiliklarni televizor orqali kuzatgan Jon Agresto esa o‘z ishini bir martalik hayot sarguzashtlariga o‘xshatadi. Iroq ta'lim tizimini noldan boshlash kerak, deydi u. Bu narsa mahalliy universitet va xalq ta'limi vazirligi binolarini talash, uning fikriga ko‘ra, hammasini yangidan boshlash uchun tashlangan dastlabki qadam ekan. Shundan so‘ng Iroq maktablarini zamonaviy jihozlar bilan ta'minlashni boshlash lozim. Ko‘pchilikning qarashicha, AQShning Iroqqa nisbatan uyushtirgan missiyasi yangi millat yaratish orqali o‘z manfaat zonalarini kengaytirish hisobiga inson resurslarini ko‘paytirishga qaratilgan, buning uchun, avvalo, «eski millat»ni yo‘qotish zarur edi. O Jon Agresto Nyu-Meksiko shtatidagi Avliyo Ioann kollejida direktor bo‘lib ishlagan. U yerda hali ham nasroniylarning muqaddas kitobini o‘qitish metodikasi qo‘llaniladi. Agrestoning o‘zi Iroq haqida hech narsa bilmasligini tan olib, u yerga maxsus topshiriq bilan yo‘l olganda ham, biror ma'lumotga ega bo‘lishga urinib ko‘rmaganini ochiqchasiga ta'kidlaydi. Uning uchun Iroq oppoq qog‘ozdek gap edi, ammo janob Jon Iroq haqida juda bo‘lmasa ikki-uchta adabiyot bilan tanishib chiqqanida, bu yerdagi ta'lim islohotlarini boshqatdan boshlash to‘g‘risidagi qarorini qayta ko‘rib chiqarmidi? Masalan, urushgacha iqtisodiy sank­tsiyalar o‘chog‘iga tushib qolgan Iroq o‘sha paytda ham arab dunyosida eng yaxshi ta'lim tizimi va eng yuqori o‘qitish samaradorligi(89 foiz)ga ega ekanligi bilan ajralib turardi. Solishtirish uchun misol: Agrestoning ona shtati Nyu-Meksikoda 46 foiz aholi savodsiz va 20 foizi esa savdo-xarid uchun kerak bo‘ladigan oddiy arifmetik amallarni bajara olmaydi. Shunday joydan yetishib chiqqan "kadr" esa ikki daryo oralig‘ida ta'lim-tarbiya islohotlari bilan band. Uning iroqliklar o‘z madaniyatlarini saqlab qolishga urinishi u yoqda tursin, yo‘qolib ketsa, yuragida achinish hissi paydo bo‘lmasligiga ishonchi komil. Bu kabi nokamtar va neokolonial ko‘rlik terrorga qarshi urush dasturida ham ko‘zga tashlanadi.

Uchinchi mahbus hikoyasi

 

Amerika turmasi - Guantanamoda "kulbadagi jannat" nomli maxsus xona bor. U yerga jazo muddatini o‘tab bo‘lgan yoki aybsiz deb topilgan mahbuslar keltirilib, bir muddatdan so‘ng ozodlikka qo‘yib yuboriladi. "Kulba"da asirlarga Gollivud filmlarini tomosha qilish, amerikacha fast-fudlarning sarqitlarini yeyish "imkoni" beriladi. Mahbuslardan biri, Buyuk Britaniya fuqarosi Osif Iqbol o‘z vataniga qaytarilishdan oldin u yerda bir necha bor bo‘lgan.

«Biz DVDda kino ko‘rardik. "Makdonalds" va "Pitstsa-Xat"dan yerdik, umuman olganda, dam olardik. U yerda kishan taqishmasdi... Tergovchilar nima uchun biz bilan bunday muomalada bo‘layotganini bilolmay garang edik. Bosh­qa kunlari eski joyimizga qaytardik. Bir kuni MRA zobiti Lesli qovurilgan kartoshka, muzqaymoq va shokolad berdi. Angliyaga ketishimdan oldingi so‘nggi yakshanbani shunday o‘tkazgan edim». Iqbolning do‘sti Ruxol Ahmadning taxminiga ko‘ra, bunday munosabatlar tubida ikki-uch kunlik rohat evaziga ikki yarim yillik azob-uqubat, xo‘rliklarni esdan chiqartirishga urinish yotadi.

Tanishlarinikiga to‘yga kelgan Ahmad va Iqbol Afg‘onistondagi Shimoliy alyans kuchlari tomonidan qo‘lga olinib, 29 oy mobaynida kaltaklanib, noma'lum preparatlarni qabul qilish, bir necha kunlab tik turish, uxlamaslikka majbur qilindi. Ularning kuch bilan soqol-mo‘ylov va sochlarini olishar, xullas, insoniy haq-huquqlardan mahrum qilinishgandi.

Bularning barini chipsning xush ta'mi yo‘qqa chiqarishi kerak yoxud chiqara oladi, deb o‘ylaysizmi?

Qadriyatlar o‘rniga chips va pop yoki "kulbadagi jannat" tajribasi

 

Kimlardir bu usul ish berishiga astoydil inonar, har holda Vashingtonda shunday rejalashtirilgandi: butun mamlakat aholisini qo‘rqitish, uning infratuzilmasini izdan chiqarish, tarix va madaniyatni talon-taroj qilish, keyin esa g‘arbcha tabassum bilan arzon asbob-uskunalar, chiqindisifat taomlar bilan siylash. Xuddi "kulbadagi jannat"da o‘tirgan mahbus kabi.

Iroq hududida vayronagarchiliklarni amalga oshirish va ma'lum hafta davomida madaniyatlar almashinuviga erishishdan ko‘zlangan maqsad ham aslida Yer osti va usti, inson resurslariga egalik qilishni tezlashtirishi zarur edi. Iroqni bosib olish operatsiyasiga Jorj Bush tomonidan bosh qilib tayinlangan Pol Bremer Iroqda bu kabi talonchiliklar o‘ylangandek davom etayotgani haqida shunday deydi: «Yo‘l bo‘ylab ketayotib, alanga ichida qolgan shaharni ko‘rdim. Ko‘chalarda uy va mashina xarobalari, elektr quvvati umuman yo‘q. Neft ishlab chiqarish to‘xtatilgan, iqtisodiy jarayonlar o‘lib bo‘lgan». Bu ular uchun ayni muddao edi. Chegaralardan chegaralanmagan miqdorda madaniy mollar bojxona tekshiruvisiz, tarif va soliqlarsiz chiqib keta boshladi. Bag‘dodga kelganidan ikki hafta o‘tgach, u Iroqning «biznesga tayyor hudud»­ga aylanganini e'lon qildi. Bir kechaning o‘zida erkin bozorlari bilan mashhur yurt yopiq va fayzsiz qal'aga aylandi-qoldi. Qolaversa, BMT tomonidan hali ham iqtisodiy sanktsiyalar qo‘llanib kelinayotgan edi. Shunday qilib, muzey eksponatlari ortilgan yuk mashinalari Iordaniya, Suriya, Eron kabi davlatlarga kirib bordi. U yerda qimmatbaho boyliklarni Xitoy televizorlari, DVDlar, Gollivud filmlari tushirilgan disklar va iordan tarelka-antennalari bilan almashishga tayyor olibsotarlar kutib turardi. Noqonuniy chet el mollari tez orada Bag‘doddagi Karadi ko‘chalaridagi savdo rastalarida paydo bo‘ldi.

Inqirozga uchratish "san'ati"

 

Bir madaniyat yo‘q qilinib, o‘rniga yangisi kiritilib, joylashtirildi.  AQShning favqulodda vaziyatlar federal agentligi sobiq boshlig‘i Jo Albo tashkil etgan "New Bridge Strategies" firmasi okeanortidagi madaniyat va kapitalizmni eksport qilish tajribasini sinovdan o‘tkazishda faol qatnashdi. Uning firmasi transmilliy korpo­ratsiya­larga Iroqda biznes qilish orqali katta daromad keltirishi mumkin bo‘lgan shartnomalar taklif etish bilan shug‘ullanardi. Albatta, Alboga hukumatdagi odamlari ham yaqindan yordam berdi. Takliflarning mazkur "korxonasi" xodimlaridan birining fikricha, yirik kompaniya, masalan, "Procter&Gamble" mahsulotlarini bosib olingan hududda tarqatish huquqini qo‘lga kiritish oltin to‘la xazinani topib olish bilan barobar ekan. "Uning mollari bilan to‘lib-toshgan bir dona supermarket 30 ga yaqin mahalliy do‘konni inqirozga uchratsa, g‘arbda urf bo‘lgan marketlar tizimining bir donasi butun mamlakatni egallashga qodir", - deydi u.

Birinchi mahbus Mahar Arar butun Iroq pop-madaniyat va fast-fudlarni sotib olishga chog‘lanayotganini aytadi. Urushdan keyin Bush va uning qo‘l ostidagi amaldorlari tomonidan tuzilgan mahalliy hukumatga ham shu kabi vazifa yuklatilgan edi.

Mag‘izning o‘zi yo‘q ekan

 

1950 yillarda MRAda psixiatr bo‘lib ishlagan Yuen Kemeron elektr va sensor deprivatsiyalari (ular bilan miyaga ta'sir qilish) bo‘yicha tajribalarni odamlar ustida ulardan so‘ramasdan o‘tkazgan. Uning kasbdoshi Fred Loui shunday deydi: «Freydchilar maktabida miya po‘stloqlarini «archib», mag‘ziga yetib borish hamda unga ta'sir etish uchun ko‘plab murakkab metodlar ishlab chiqildi. Kemeron esa bu kabi bos­qichma-bosqichlikka tupurib, hammasini zumda bajarishga intildi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, miyada hech qanday mag‘iz yo‘q ekan, bor-yo‘g‘i u qatlamlardan iboratligi ma'lum bo‘ldi». Kemeron bemor shaxsiyatini uning ruhiyatiga ta'sir etish yo‘li bilan butunlay yo‘qotib, yangi­dan «barpo etish»ga harakat qildi, ammo qayta tug‘ilish ro‘y bermadi.

Mana shunday "shok terapiyasi" muxlislari miyaning tub-tubidagi hech kim tegmagan beg‘ubor yadroga yetib borish uchun yo‘lda duch kelgan boshqa qatlamlarga zarar yetkazib qo‘yganlarini sezmay qoldilar.

Tushkunlikka ko‘nikish qiyin

 

Iroqda ham shunday bo‘ldi. Yangi millat modeli qurish uchun kerak bo‘lgan «toza» muhitdan endi foyda yo‘q. Ustiga ustak, qulayliklar o‘rniga vayronalar tog‘ini bunyod etib, urush, o‘zaro kurashdan keyingi ruhiy va jismoniy majruh millionlab odamlar, siniq qalblar, uzilgan rishtalar uchun qanday qilib tovon to‘lanadi? Bushning jamoasi tarkibidagi iqtisodiy inqirozga uchratish bo‘yicha mutaxassislar Iroqni shu ko‘yga soldilar. 

Bosh kotibning sobiq o‘rinbosari Richard Armitaj tushkunlikni iroqliklar hech qanday tazyiq­larsiz unutishiga dastlab ishongan bo‘lsa, endi AQSh bu boradagi siyosatda haddan tashqari yumshoqlikka yo‘l qo‘yayotganini yuzsizlarcha aytib o‘tadi. Uning fikricha, koalitsiya kuchlari tomonidan urushning insonparvarlik bilan olib borilishi(!) odamlarni boshqarishni osonlashtirmay, balki yanada qiyin­lashtirib yuborgan emish.

Hujum qilish strategiyasidan ko‘zlangan ilk maqsad esa Bag‘dod markazi, asta-sekinlik bilan butun mamlakatni yangicha madaniyat uchun tozalashdan iborat edi.

Ortga qaytgan tarix

 

1970 yillarda yirik korporatsiyalar «salb yurishlari»ni endi-endi boshlaganlarida, genotsiddan keng foydalanishgan. Iroqda bundan besh battar usullar qo‘llanildi. Nafaqat aholining bir necha toifasi yo‘q qilindi, balki butun mamlakat parchalanib ketdi.

Ayollar paranjiga kirishni boshladi, ko‘chaga chiqishlar kamaydi, bolalar maktabga borishni to‘xtatishdi. 2006 yilning o‘zidayoq mamlakatdagi maktab yoshiga yetgan bolalarning uchdan ikki qismi o‘qimasdi. Professionallar -­ shifokor, o‘qituvchi, ziyoli, ishlab chiqaruvchi, sudya, advokat va farmatsevtlar izsiz yo‘qoldi. AQSh­ning Iroqqa uyushtirgan yurishidan so‘ng, taxminan 300 nafar ziyoli, jumladan, fakultet dekanlari otib tashlandi, minglab odamlar mamlakatdan qochib ketdi. Shifokorlarga yanada qiyin bo‘ldi. 2007 yil fevral oyidagi ma'lumotlarga ko‘ra, urush payti va undan keyin 2000 nafar oq xalat sohibi halok bo‘ldi, 12000 nafari yurtini tark etdi. BMTning qochoqlar bilan ishlash komissiyasi yiliga Iroqni 3 ming­ga yaqin mahalliy aholi tark etayotgani haqida (2006 yil noyabr oyida) ma'lumot berdi. 2007 yil aprel oyiga kelib, 4 million kishi, ya'ni aholining taxminan yettidan biri o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Ulardan kam sonlisigina AQSh­dan boshpana topa oldi.

Odam o‘g‘irlash - eng daromadli biznes

 

Ishlab chiqarish, sanoat amaliy jihatdan to‘xtab qoldi. Gullab-yashnayotgan biznes - odam o‘g‘irlash bo‘lib qoldi. 2006 yilning uch yarim oyida deyarli 20 ming kishi o‘g‘irlab ketildi. G‘arb OAV qachonki yevropalik yoki amerikaliklar bunday holga duch kelganlaridagina, bu haqida hammaga jar solishdi. Ammo har qadamda mahalliy xalq jabrlandi.  Mazkur ma'lumotlardan ko‘pchilikning hozir ham xabari yo‘q.

O‘g‘irlanganlar oilasi o‘z farzandini qaytarib olish uchun 10 ming dollar miqdorida tovon to‘lashiga, yoxud o‘likxonaga borib, uning murdasini ko‘rishiga to‘g‘ri kelar, buning ustiga turli qiynoqlar iroqlik begunoh odamlarni jonidan to‘ydirdi. Inson huquqlari bo‘yicha bir qator komissiyalarning qayd etishicha, qo‘lga olinganlarni qiynamaslik uchun oila a'zolari mahalliy politsiya vakillariga 1000 dollarlab pul topib berishi shart edi. Yo‘qsa, yaqinlari ularning ko‘z oldida do‘pposlanardi.

Javobgar - kim?

 

Odatda, "tozalash kampaniyasi" kamdan-kam hollarda puxta o‘yning xulosasi bo‘ladi. Agar ana shu yetti o‘lchab bir kesilmagan qaror millat va uning g‘ururini toptashga qaratilsa va bu yo‘lda axborot terrori, madaniy bosim, "kulbadagi jannat", turli psixologik usullardan foydalanishga urinishlar ro‘y bersa, noroziliklar to‘lqini qarshiliklar ummonida shunaqangi mavj uradiki, unga dosh berishning iloji bo‘lmay qoladi. Chunki millat borki, o‘zligidan ayrilishni istamaydi. Uni sevimli va jondan ortiq ko‘rguvchi xislatlaridan mosuvo qilish uchun tirishganlarning holiga maymunlar yig‘laydi. Shunday ekan, "oq qog‘oz" haqidagi orzular xomxayolga aylanganini tabiiy qabul qilish kerak. Natija esa - o‘sha-o‘sha, eski hammom, eski tos. Endi urush sababchi bo‘lgan qayg‘u-iztiroblarni yo‘qotish, vayronalar, ko‘zyoshlar va qurigan yostiqlarga tovon to‘lashga kim mas'ul, degan savol tug‘iladi. Iroqni qisqa muddat ichida chirmab olgan tartibsizlik, xaos, tinch aholi chekkan ranju alamlar uchun kim javob beradi? Amerikacha harbiy optimizm oqibati kimga foyda bo‘ldiyu, kimga zarar? Savollarning adog‘i yo‘q, ularga har kimning o‘z javobi bor.

Bu bor-yo‘g‘i foniy dunyo sahnasidan olingan kichik epizod. Lekin shu narsa aniqki, Yaqin Sharq va ayrim davlatlar uchun odatga aylanib borayotgan mazkur jarayon ortidagilar qalamiga mansub g‘oyalar zilol va toza buloqdan emas, avantyurizm, nigilizm, gegemonizm hamda pragmatizmning xunuk mafkurasidan suv ichishidan ko‘pchilikning xabari bor. 

Saidjon Maxsumov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.