OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Toni Bler: barmen. advokat, bosh vazir

 Buyuk Britaniya bosh vaziri Toni Blerning bu yilgi yozgi ta’tili Livanda Isroil tomonidan harbiy amaliyotlar boshlangan tahlikali kunlarga to‘g‘ri keldi. Ko‘pchilik dunyo siyosatiga daxldor ushbu voqea munosabati bilan hukumat rahbari ta’tilini bekor qiladi deb o‘ylagandi. Biroq leyboristlar partiyasi yetakchisi urushni bartaraf etishdan ko‘ra charchoqlarini chiqarishni afzal bildi va Karib havzasi orollariga yo‘l oldi...

Ingliz hukumati rahbari Toni Bler — ana shunday murakkab fe’l-atvorli shaxs. Balki shu boisdir, bosh vazirning muxoliflari uni davlat boshqaruvidan shaxsiy halovatini ustun qo‘yishda ayblashadi. Bu da’voda qisman bo‘lsa-da, asos bor. Lekin eng qizig‘i, muxoliflar bosh vazirni har qancha tanqid qilishsa-da, leyboristlar partiyasi raisi mana 9 yildirki, hukumat rahbari kursisini bo‘shatmay kelmoqda. Xo‘sh, Toni Bler muvaffaqiyatining siri nimada? Nega injiq va nozikfe’lli ingliz saylovchilari leyboristlar rahbarini ketma-ket uch muddatda bosh vazirlikka munosib ko‘rishdi?

Entoni Charlz Linton Bler yoki qisqa va sodda qilib aytganda, Toni Bler 1953 yilning 6 mayida Shotlandiyaning Edinburg shahrida huquqshunos oilasida dunyoga keldi. Blerlar xonadonidagi jild-jild qonunlar, kodekslar va huquqiy sharhlardan iborat mo‘’jaz kutubxona yosh Toni tasavvurlariga ta’sir etmay qolmadi. Go‘dakligidanoq tarozi tasviri tushirilgan kitoblarni qiziqish bilan varaqlagan bolakay katta hayotga qadam qo‘yganda ham huquq sohasini tanladi. Toni Bler dastlab Edinburg kollejida tahsil oldi. Katta orzular shotlandiyalik yigitni katta shaharga yetakladi. Bler Britaniyadagi eng nufuzli o‘quv yurtlaridan biri bo‘lgan Oksford kollejida huquq mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi. Kollejda o‘qib yurgan paytidanoq u Britaniya leyboristlar partiyasi safiga kirdi. Kollejni bitirgandan keyin Toni Bler taqdir taqozosi bilan Parijda bir necha yil yashadi. Yevropaning qadimiy shahrida bo‘lajak bosh vazir... barmenlik qilib kun kechirdi. Frantsiyadagi hayot darsi Blerning kelgusi faoliyatida ko‘p bora asqotdi.

Parijdan vataniga qaytgan edinburglik yigit dastlab Oksford kollejida huquq fanidan dars berdi. Keyinroq leyboristlar partiyasida yetakchi mavqe egallagan Derri Irvin ismli shaxsning advokatlik idorasida faoliyat yuritdi. Advokaturadagi faoliyat Bler hayotida tub turilish yasadi. Shu yerda Britaniyaning ikki yirik partiyasidan biri bo‘lgan leyboristlar rahbarlari bilan tanishgan Toni Bler siyosiy karera qilishga qaror qildi. Shu tariqa leyboristlar safida bilimli, gapga chechan va asosiysi, odamlarni ortidan ergashtirish qobiliyatiga ega bo‘lgan lider shakllana boshladi.

1983 yili Toni Bler Britaniya parlamenti deputati etib saylandi. O‘shanda bo‘lajak hukumat rahbari bor-yo‘g‘i 30 ga kirgandi.

Siyosiy kurashlarga jiddiy kirishgan Bler jurnalistik faoliyat bilan ham shug‘ullandi. 1987-88 yillarda u jahonga mashhur “Tayms” gazetasining sharh ruknini olib bordi va muntazam maqolalar e’lon qildi.

Tumanli Albion nomi bilan ataluvchi Angliya siyosiy doiralari shafqatsizligi bilan ajralib turadi. Bu yerda birgina qilingan xato, birgina bosilgan bejo qadam siyosatchining inqirozi bilan yakunlanadi. Ana shu changalzor kabi chalkash yo‘llarda Toni Bler adashib qolmadi. Aql va tafakkur bilan ish tutgan yosh siyosatdon 1994 yili leyboristlar partiyasi rahbarligiga saylandi. O‘sha paytda 41 yoshni qarshilagan Bler partiyaning butun tarixidagi eng yosh rahbari bo‘lgandi.

Toni Bler leyboristlarga rahbar bo‘lgan vaqtda partiya nufuzi keskin tushib ketgandi. Asosiy raqib bo‘lgan konservatorlar “temir xonim” Margaret Tetcher davrlaridan  — deyarli 20 yildan beri hokimiyatni qo‘ldan bermay kelishardi. Yangicha qarash va yangicha harakat tarafdori bo‘lgan Toni Bler eng avval leyboristlar faoliyatini tubdan isloh qilishga kirishdi.

1997 yil, 2 may. Ushbu sana Buyuk Britaniya tarixi sahifalari va Bler tarjimai holida alohida qayd etilgani aniq. Shu kuni leyboristlar faoliyatini tubdan isloh qilgan va mamlakatga ham yangilanishlar olib kelishga va’da bergan Toni Bler Buyuk Britaniya bosh vaziri etib saylandi.

Bler bosh vazir sifatida ishni eng avval Buyuk Britaniyaning Yevropada yo‘qolayozgan nufuzini tiklashdan boshladi. 1990-yillar ingliz mamlakatida iqtisodiy qiyinchiliklar davri bo‘ldi. Butun dunyoning moliyaviy markazi bo‘lgan Angliyada ham ishsizlik va iqtisodiy tanglik muammosi kun tartibiga chiqa boshladi. Bler tomonidan e’lon qilingan va o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan iqtisodiy islohot dasturi Buyuk Britaniyada yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratdi, asosiysi, mamlakatda iqtisodiy barqarorlik ta’minlandi.

Angliya, Shotlandiya, Uels va Shimoliy Irlandiya kabi to‘rt ma’muriy tuzilmadan tashkil topgan Buyuk Britaniyada hududiy yaxlitlik masalasi har doim ham asosiy o‘rinda turgan. Xususan, Shimoliy Irlandiyada oxirgi yillarda ayirmachilik kayfiyatidagi harakatlarning kuchaygani butun mamlakatda notinchlik uyg‘otgandi. Toni Bler hukumat rahbarligiga saylanganidan keyin ayirmachi tashkilotlarning bezoriliklariga diplomatik yo‘l bilan chek qo‘ydi va Buyuk Britaniya davlatini yanada jipslashtirdi.

Shotlandiyalik arbobning xizmatlarini ingliz xalqi unutmadi. 2001 va 2005 yilgi bosh vazirlik saylovlarida Toni Bler ketma-ket g‘alabaga erishdi. Aytish joizki, hali qirollik tarixida biror-bir siyosatchiga bu qadar katta muvaffaqiyat nasib qilmagandi.

Muxolif kuchlar mamlakatda nafaqalar miqdori tushib ketgani, boz ustiga, asosiy ehtiyoj mollardan bo‘lgan yonilg‘i narxining oshib ketganida Bler hukumatini ayblashadi. Hatto keskinroq fikrlar tahlilchilar Toni Bler aslida katta siyosatga noloyiqligi, bosh vazirlikka o‘z-o‘zini reklama qilish bilan tasodifan kelib qolganini ham iddao qilishadi. Biroq ana shu tanqidlarga qaramay Bler Londondagi hukumat uyida uchinchi vakolat muddatini o‘tkazmoqda.

Darhaqiqat, Toni Bler aksariyat kuzatuvchilar baholaganidek omadli va yulduzi kulgan arbob. Bo‘lmasa, Iroq urushidagi xato tufayli u allaqachon hukumatni tark etishi kerak edi...

Yodingizda bo‘lsa, 2003 yili AQSh BMT qarshiligiga ham qaramay Iroqqa urush boshladi. Qo‘shma Shtatlarni Saddam Husayn tuzumiga qarshi amaliyotda buyuk davlatlardan faqatgina Britaniya qo‘llab-quvvatladi. O‘shanda Toni Bler urush boshlanishidan avval parlament oldida chiqish qilib, deputatlarni Iroq ommaviy qirg‘in quroliga ega ekaniga ishontirgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, Bush va Blerning da’volari yolg‘on ekani oshkor bo‘ldi: ittifoqchi kuchlar har qancha qidirmasin, Iroqdan hech qanday ommaviy qirg‘in quroli topilmadi. Bu voqea Toni Bler ma’muriyatiga katta zarba bo‘ldi. Navbatdagi bosh vazirlik saylovi yaqin edi. Muxolif konservatorlar allaqachon g‘alabani tantana ham qila boshlashdi. Biroq tahlilchiyu kuzatuvchilarning bashoratlariga qarshi o‘laroq, “parlamentga yolg‘on ma’lumot berdi”, “mamlakatda iqtisodiy qiyinchiliklar keltirib chiqardi” deya ayblanayotgan leyboristlar rahbari yana hukumat tepasida qoldi. Ingliz xalqi sobiq barmen va sobiq advokatga uchinchi bor ishonch bildirdi.

Oxirgi paytlarda Toni Blerning muddatdan oldin iste’foga chiqishi haqidagi ovozalar keng tarqalmoqda. Eng so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, ingliz hukumati rahbari 2008 yili ishdan ketmoqchi. Bu haqda Toni Blerning o‘zi avgust oyi boshida bergan intervyusida ma’lum qilgan. Britaniya qonunchiligiga ko‘ra, mamlakatda 2010 yili navbatdagi bosh vazirlik saylovi bo‘lishi zarur. Bler esa vakolat muddatidan 2 yil oldin iste’foga chiqmoqchi. Rejaga muvofiq, Toni Blerning o‘rniga uning safdoshi va do‘sti bo‘lgan moliya vaziri Gordon Braun egallaydi va o‘rtadagi muddat saylovga qadar leyboristlar uchun tayyorgarlik vaqti bo‘ladi.

...Siyosiy faoliyat bilan oilaviy hayotni birday olib borishga harakat qilgan Toni Bler 1980 yili taniqli ingliz aktyori Toni Butning qizi huquqshunos Cheri Butga uylangan. Blerlar oilasi hozirda to‘rt farzandni tarbiyalab kelmoqda.

Ayni kunlarda kech tushishi bilan Londonning Dauning stritida joylashgan bosh vazirning uyi eshiklari yopiladi. Qarorgoh darvozalari faqat favqulodda jiddiy hodisalar bo‘lgandagina ochiladi. Qolgan payt 6 yoshli kenja o‘g‘li Leo va yaqinlari bilan dam olayotgan oilaparvar bosh vazirning istirohatini buzishga hech kim jur’at etolmaydi...

Sobirjon Yoqubov

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.