Dunyoda bir necha yillardan so‘ng neft, gaz va ko‘mir tugaydi. Shunda insoniyat taraqqiyotini muqobil manbalar, jumladan, atom energiyasisiz tasavvur etib bo‘lmaydi!
Neftni yoqish pulni yoqish bilan barobardir.
D. Mendeleev
Sayyoramizning qariyb 2 milliard aholisi zamonaviy energetika xizmatlaridan foydalana olmaydi. Energiya mavjud hududlarda ham undan foydalanish yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan. Bu bir jihatdan tabiiy resursning yangi manbalarini qidirib topishni taqozo etadi, ammo bu hozirga kelib benihoya katta iqtisodiy va siyosiy masala hisoblanadi. Shunisi ajablanarliki, atom mag‘ziga yashiringan energiyani inson o‘z izmiga bo‘ysundirar ekan, nafaqat tinchlik yo‘lida, balki harbiy sohada, ya’ni yovuzlik uchun ham ishlatilish xavfi mavjud.
Buyuk yunonlar xatosi
Butun borliq eng mayda zarrachalardan tashkil topganligi tarixda isbotlangan. Lekin qadimda yunon olimlari maydaning ham maydasi bo‘lgan so‘nggi zarra mavjud, u bo‘linmaydi, deb tasavvur etishgan. Ular bu zarrani atom — atomos — bo‘linmas, deb atadilar. XX asrning boshlariga qadar hatto fizik olimlar ham yunonlarning gapiga ishonib yuraverishdi. Biroq kutilmaganda atomning o‘zi ham yana mayda zarrachalar: elektron, neytron, yadro singari bo‘lakchalardan iboratligi ma’lum bo‘lib qoldi. Shunday qilib, ATOM zamoni boshlandi!
Tarixga nazar tashlasak, dunyoda ilk atom elektr stantsiyasi (5MVt) bundan yarim asr muqaddam — 1954 yilda sobiq Ittifoq hududida ishga tushirildi. 90-yillar boshiga kelib dunyoning 27 mamlakatida 430 dan ortiq yadro reaktorlari ishlar edi. Ularning umumiy quvvati 340 GVt bo‘lgan.
Ayni paytda energiya hajmini oshirmasdan turib, iqtisodiyotni rivojlantirib bo‘lmasligi tobora ayonlashmoqda. Bu borada Eron masalasi MAGATE e’tiboridagi muhim muammo bo‘lib qolmoqda.
“Haqiqiy muammo odamning yuragi va tafakkurida joylashgan. Bu fizikaga oid bo‘lmagan, lekin axloqiy, ma’naviy muammodir. Odamning ichidagi yovuzlikni haydab chiqarishdan ko‘ra, plutoniy tarkibini o‘zgartirish osonroqdir. Bizni xavotirga soladigani — atom bombasining portlashi emas, odam yuragidagi yovuzlikning kuchidir”. (Albert Eynshteyn)
Eng munosib yechim
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Erondagi mavjud barcha uranni boyitish korxonalari faoliyatini butkul to‘xtatishga undagan. BMT atom energiyasi tashkiloti Eron hamkorlikdan bosh tortgudek bo‘lsa, uning masalasini Xavfsizlik Kengashiga oshirish-oshirmaslikni ko‘rib chiqadi. Eron tomoniga ko‘ra, mamlakat “yadroviy qurol-yarog‘larni tarqatmaslik” bitimi doirasida yadroviy yoqilg‘i ishlab chiqarish jarayonini olib borish huquqiga ega. Eron prezidenti Mahmud Ahmadiynajotning bildirishicha, uranni gazga aylantirish faoliyatini yangidan boshlash bilan mamlakati hech qanday noqonuniy ishga qo‘l urmagan.
Energiya ishlab chiqarish va iste’moli bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinda turuvchi Amerika keyingi 10-15 yil davomida energiya muammosini hal etishni Yaqin va O‘rta Sharq uglevodorod resurslarini qo‘lga kiritish evaziga amalga oshirmoqchi. Ammo mazkur mintaqa davlatlari okean ortidan tashrif buyurajak mehmonlarni qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib kutib olmasliklari haqiqatga yaqinroq.
Xitoy ham atom energostantsiyalari hissasini muntazam oshirib borayotgan davlatlardan. Ma’lumotlarga ko‘ra, yadro energetikasini rivojlantirib borish dasturida 2020 yilga qadar barcha stantsiyalar quvvatini yetti baravar — 40000 MVt gacha oshirish ko‘zda tutilgan. Har biri qariyb 1,5 mlrd. dollar bo‘lgan 30 ga yaqin yangi yadro reaktorlari qurish mo‘ljallangan. Shuningdek, kelgusi yildan boshlab stantsiyalar qurilishi ham oshadi. Eslatib o‘tamiz, 2004 yil sentyabr oyida Amerika kompaniyalariga Xitoyda AESni loyihalashtirish va qurishga halal berayotgan ikki davlat o‘rtasidagi to‘siqlarning olib tashlanishi ham ochiq aytilgan edi.
Hindiston va Indoneziya ham yaqin 25 yil ichida atom energetikasi quvvatini 5-10 baravar oshirishga intilmoqda. Yadro energetikasi energiya ishlab chiqarishning eng tabiiy turi hisoblanadi. Shu jihatdan mazkur boylikka ehtiyoj va talab yildan yilga oshib borayotgani bejiz emas. Boshqacha aytganda, yadro energetikasi eng samarador manba sanaladi. Negaki, unda boshqa barcha yonilg‘i turlariga nisbatan energiyaga to‘yintirilganlik darajasi yuqori. Turli bashoratlarga ko‘ra, 2050 yilga borib dunyo energiya iste’moli 15 dan 25 mlrd. tonnaga yetadi. Bu miqdordagi noyadroviy energiyani sarflash tabiiy resurslarning sezilarli darajada kamayishi va iqlim isishiga olib kelishi mumkin. Shu sababli yaqin yarim asr mobaynida yadro energetikasi bu borada eng munosib yechim bo‘lishi mumkin. XXI asrning birinchi yarmida dunyo kun tartibi butun insoniyat uchun energetika muammosi qay tariqa hal qilinishi bilan belgilanadi. Uglevodorodlar asosiga qurilgan energetika yaqin 10 yil davomida tugashi kuzatilmoqda. Yangi manbalar ochilishi tobora kamayib borayotgani soha mutaxassislarining xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, yaqin 30-50 yil ichida uglevodorod energiyasi o‘rnini yadro energiyasiga daxli bo‘lmagan boshqa muqobil turlar qoplay olmaydi. Agar yadro energetikasi tezlikda rivojlanmasa, u holda 10 yillardan so‘ng dunyo energetik yetishmovchilik domida qoladi.
Buni hal qilish uchun insoniyat qarshisida ikki yo‘l bor: biz yo energiya iste’moli va energiya samaradorligining yangi darajasiga chiqishimiz lozim yoki energiya iste’molini tobora tejash yo‘liga o‘tishimiz kerak. Har qanday holatda ham energiya muammosi oqibati o‘laroq, jahonda resurslar uchun yakuni yo‘q kurashlar boshlanadi.
Behbud BOTIROV. "Hurriyat" gazetasidan olindi
Qiziqarli faktlar:
· Muqobil energiya manbalari yo‘nalishida Toshkentdagi “FOTON” korxonasida ham diqqatga molik ishlar qilinmoqda. Muhandislar quyosh nurlarini elektr energiyasiga aylantiradigan turli quvvatdagi moslamalarni ishlab chiqarishmoqda. Bu nafaqat O‘zbekiston uchun balki quyosh yil 12 oy ko‘rinib turadigan juda ko‘p mamlakatlar hududida asqotishi turgan gap.
· Darvoqe, mayda zarralar energiyasini yuzaga chiqarish bobida fizikaning yangi yo‘nalishi — nanotexnologiyalariga katta umid bilan qaralmoqda. Nima uchun deb so‘rarsiz? Tasavvur qiling: atom bombasi portlagan paytdagi energiya tandirdagi olov taftidan necha baravar kuchli? Xuddi shunday nano zarralar harakatida yashiringan quvvat atom qurolidan shu qadar kuchlidir!
· Uran 235 ning 90 foizli kritik massasida zanjir reaktsiyasi boshlanishi uchun sodda qilib aytganda, atom portlashi yuz berishi uchun 50kg uran kerak. Xuddi shu maqsadda plutoniy ishlatilsa, 10 kg yetarli bo‘ladi. Lekin uni qanday portlatish maxfiy sirdir.