OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Yevropa quyoshining botishi

Amerika yadro soyaboni ostida hayot kechirgan "eski dunyo"ning kuni bitmoqdami?..

Saddam Husaynning qatl etilishiga qarshi chiqayotgan Yevropa davlatlari bugungi kunda G‘arb jamiyatining nechog‘lik inqiroz bot­qog‘iga botgani xususida yaxshigina tasavvur bera oladi.

Tirik qolish uchun kurash nimaligini-da unutgan yevropaliklarning ikki avlodi urush changalzorini tasavvur qilmasdan voyaga yetishdi. Chunki ular Amerikaning yadro soyaboni ostida umrguzaronlik qilib kelishdi. Shu bois ham yevropaliklarning aksariyati "yumshoqbadan", "oqbilak" bo‘lib qolishdi va ular biror jiddiy xavf-xatarga duch kelganda, o‘zlarini yo‘qotadigan darajaga yetishdi.

O‘zlarini urushga qarshi deya atagan namoyishchilar o‘n yillar davomida yadro quroliga qarshi norozilik chiqishlarida ishtirok etib  ham charchashmadi. Biroq bu o‘rinda urushga qarshi quruq so‘z bilan amal o‘rtasida jiddiy tafovut borligini ham yodga olib o‘tish joizdek.

O‘zining ming yillik tarixi davomida Yevropa biror marta 60 yildan oshiq fursat ichida urushsiz, qirg‘inbarotsiz hayot kechirganmidi? Ikkinchi jahon urushidan shu paytga qadar "eski dunyo"ning osoyishta hayot kechirishi AQShning yadro quroli vositasida ta'minlandi. Shu bilan birga okeanorti davlatining sehrli quroli Sovet Ittifoqi armiya­sini butun Yevropaga muzaffar yurishdan ham to‘xtatib qoldi.

Qudratli harbiy salohiyatga ega bo‘lish va dushmanlarga ushbu imkoniyatdan hech ikkilanmasdan foydalana olishni ko‘rsatib qo‘yish... haqiqiy urushga qarshi harakatdir. Bir qarashda noodatiy tuyulgan bu fikr zamirida haqiqat mavjud. Buyuk Britaniya bosh vaziri Nevill Chemberlenning tinchlikparvar siyosati Ikkinchi jahon urushining kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. Prezident Ronald Reyganning Amerika harbiy qudratini oshirish yo‘lidagi harakatlari esa "sovuq urush" davrining xotima topishiga olib keldi.

Mashhur Rim davlati o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimlar yoki go‘zal notiqlik hisobidan kuchaymagan edi. Bil'aks, ulkan davlatning yuzaga kelishi ortida Karfagendek mamlakatni qudratdan ketkizish va boshqa dushmanlarga ham omonsiz zarba berish harakati turar edi. Bir necha asrlarga cho‘zilgan ichki kuchsizlanish, vatanparvarlik va jangovar ruhning zaiflashuvi tufayligina ulkan davlat inqirozga yuz tutdi. Aftidan, bugungi G‘arb tamadduni ham o‘sha yo‘nalishda harakatlanmoqda...

Hozirda G‘arb jamiyatlarida mavjud me'yorlardan uzoqlashish, multikulturalizm (ko‘pmadaniyatlilik), "O‘zingni bil, o‘zgani qo‘y" qabilida hayot tarzi urf bo‘ldi. Vatanparvarlik tuyg‘usidan esa hattoki nafratlanish darajasiga yetildi. O‘z mamlakati va madaniyatidan g‘ururlanish deyarli unut bo‘layozdi. Yevropa tamadduni yutuqlari esa allaqachon uyum-uyum tarix dars­liklari sahifalariga dafn etildi. 

Bugungi avloddan madaniyat va tamaddunni jonlantirish yo‘lidagi fidokorona kurashni kutish mumkinmi? Holbuki, yangi avlodni ham G‘arb institutlarining o‘zi xavf paydo bo‘lishi bilan o‘zini qutqarishga, boshqa madaniyatlarga toqatsizlik qilayotganlarga ham toqatli bo‘lishdek "kovboylik"ka o‘rgatib qo‘ydi.

G‘arb mamlakatlarida yashab qolish uchun jon kuydirish kamdan kam uchraydigan hodisa. Faqat AQSh va Isroilgina G‘arb davlatlari orasida birinchi navbatda o‘z-o‘zini mudofaa qilishga ahamiyat beradi. Balki shu boisdir, ushbu davlatlar hattoki G‘arbning o‘zida ham qora bo‘yoqlarda tasvirlanadi.

Hozirgi murakkab vaziyat shundan dalolat bermoqdaki, agar G‘arb inqiroz holatidan chiqib keta olmasa, u o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketadi. Buning uchun esa dushmanlarning jiddiy harakatiga zarurat ham bo‘lmaydi.

 «The Washington Post» gazetasi materiali asosida Sobirjon Yoqubov tayyorladi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.