OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Zaxiradagi qurol

Xitoy g‘aznasida saqlanayotgan 1,3 trillion dollar jahon iqtisodini izdan chiqarishi mumkin


Butun dunyoni harbsiz egallagan AQSh dollari taqdiri Xitoyga bog‘liq deyilsa, g‘alati tuyulishi, bu gapga ko‘pchilik ishonmasligi ham mumkin. Lekin qanchalik ajabtovur bo‘lmasin, bu gapda ma’lum ma’noda jon bor. Ayni paytda Xitoy g‘aznasida oz emas, 1,3 trillion dollar miqdorida valyuta zaxirasi saqlanadi. Agar ushbu ulkan mablag‘ birdaniga bozorga chiqarilsa bormi, pul massasi keskin ortishi tufayli dollar qadri tushib ketishi mumkin...

Xitoy hukumati o‘z g‘aznasidagi ana shu katta zaxiradan AQSh bilan muzokaralardagi pozitsiyasini mus­tahkamlash yo‘lida foydalanishga qaror qilgan ko‘rinadi. Yaqinda rasmiy Pekin AQSh milliy valyuta — Xitoy yuani qadrini oshirishni talab qilib bosim o‘tkazishda davom etsa, ixtiyoridagi katta miqdorda dollarni bozorga chiqarishi haqida ogohlantirgan. Hozirjavob Xitoy matbuoti bu holatni yadro quroli qo‘llash bilan qiyoslagan.

AQSh hukumati Xitoy rahbariyatidan tobora qadrini yo‘qotayotgan yuan kursini oshirishni ko‘pdan beri talab qilib keladi. Lekin boshqa siyo­siy shartlar kabi mazkur talabga ham Pekin rasmiylari ko‘p-da ro‘yxushlik berishavermaydi.

Xitoy tomonining Vashington talabiga e’tibor bermayotganini ikki jihat bilan izohlash mumkin. Birinchi jihat mamlakat tashqi siyosati bilan bog‘liq. Dunyo maydonida tobora mustahkam o‘rin egallab kelayotgan Xitoy boshqa mamlakatlarning, xususan, geosiyosatdagi raqobatchi davlatlarning talablarini ko‘pincha e’tiborsizlik bilan qoldiradi. Hukumat ko‘pincha siyosiy xarakterga ega talablarning tan olinishini xatolarni e’tirof etish bilan barobar deb biladi.

Ikkinchi jihat sof iqtisodiy manfaatga daxldor. Xitoy hukumatining milliy valyuta — yuan qadrini past holda saqlashga urinayotgani va kursni ko‘tarish haqida so‘rovlarni rad etayotganini bundan mamlakat iqtisodi katta foyda olayotgani bilan izohlash mumkin. Masalan, o‘tgan ikki yil davomida yuan qadri bor-yo‘g‘i 9 foizga o‘sdi. Xitoy valyutasi kursining dollarga nisbatan past yurishi esa milliy ishlab chiqaruvchilarga qo‘l kelmoqda: ular nisbatan arzon bahoda sotib olingan xom ashyo asosida tan narxi past va raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishyapti. Pirovardida, birgina 2006 yilda AQSh­ning Xitoyga nisbatan to‘lov muvozanati kamomadi 232,5 milliard dollarga yetdi. Xitoyning profitsiti (foydasi) esa 177,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Yuan kursi hozir ham pastligicha qolyapti. Bu esa tabiiy ravishda Amerika mahsulotlarining Xitoy mollari bilan raqobatlashuvini yanada qiyinlashtiryapti. Qo‘shma Shtatlar iqtisodiy doiralarining talablariga esa Xitoy tomoni tahdid bilan javob qilyapti.

Buyuk devor mamlakati g‘aznasida saqlanayotgan 1,3 trillion dollarning muomalaga chiqarilishi pul qadrsizlanishi bilan birga yana bir og‘ir iqtisodiy oqibatga olib kelishi mumkin. Gap shundaki, zikr etilgan mablag‘ning katta qismi — 900 milliard dollari AQSh qimmatbaho qog‘ozlari, g‘aznachilik obligatsiyalari bilan kafolatlangan. Tabiiyki, ularning bir paytda muomalaga chiqarilishi qimmatli qog‘ozlar bozorida ustama foiz narxini keskin oshiradi. Bu esa Amerika ipoteka bozoriga tuzukkina zarba bo‘ladi. 

AQSh dollari qadr-qimmati mamlakat oltini bilan mustahkamlangan. Bu esa dollar kursining yuqori ko‘rsatkichda saqlab turish omili sanaladi. Tarixda dollarning oltin bilan kafolatlanishi milliy iqtisodga salbiy ta’sir ko‘rsatgan holatlar ham kuzatilgan. Masalan, 1965-1967 yillarda AQSh frantsuzlarga dollar evaziga juda katta miqdorda qimmatli metall berishga majbur bo‘lgan. Aytishlaricha, o‘shanda dollar bilan to‘ldirilgan kemada Amerikaga kelgan frantsuz rahbari Sharl de Goll mamlakatning 3 ming tonna oltinini olib ketgan ekan. 

Hozir kemaga yuk bo‘ladigan darajadagi pulni oltinga ayirboshlash imkoni yo‘q. Lekin bugungi holat ham ko‘p jihatdan o‘sha 1960-yillar davrini eslatadi. Hozir ham xuddi bundan yarim asrcha oldin bo‘lganidek ulkan dollar zaxirasiga ega bo‘lgan davlat Qo‘shma Shtatlar iqtisodiga daxl qilib turibdi. Davr boshqa, raqobatchi davlat bo‘lak. Lekin holat va oqibat bir.

S. Kamol,
Hurriyat.uz


P.S. Dollar kursining tushishi faqatgina Amerika milliy iqtisodiga ta’sir etib qolmay, butun dunyo bozorida aks-sado berishi turgan gap. Negaki, bugun jahon iqtisodi ko‘p jihatdan AQSh dollari bilan chambarchas bog‘lanib ketgan...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.