O‘zbek bokschisi "sakkizinchi mo‘jiza"ni yo‘qqa chiqardi
O‘tgan hafta butun dunyo boks muxlislarining diqqat-e'tibori Germaniyaning Shtutgart shahriga qaratilgandi. Chunki ayni shu shaharda muxlislar tomonidan intiqliq bilan kutilgan jang - rossiyalik Nikolay Valuev va yurtdoshimiz Ruslan Chagaev bellashuvi bo‘lib o‘tdi. Butunjahon boks assotsiatsiyasi (WBA) tasnifida superog‘ir vazndagi jahon chempioni unvoni uchun o‘tgan bahs juda ham qiziqarli va hayajonli lahzalarga boy bo‘ldi.
Agar bellashuvdan oldingi taxminlarni eslaydigan bo‘lsak, aksariyat mutaxassislar g‘alaba uchun Nikolay Valuevning imkoniyati juda katta ekanini ta'kidlashgandi. Rus bokschisi g‘alabasiga ishonch bildirgan mutaxassislar birinchi navbatda uning jismoniy holatiga asoslangan bo‘lsalar kerak. Chunki Nikolay Valuev ham bo‘y, ham vazn ko‘rsatkchilari bo‘yicha Ruslandan ustunroq edi (Nikoloy Valuevning bo‘yi - 2,13 metr, vazni - 144,7 kg, Ruslan Chagaevning bo‘yi - 1,85 metr, vazni - 103,5 kg. Ya'ni rus sportchisi hamyurtimizdan 41,2 kg og‘irroq va 32 sm balandroq edi).
Qolaversa, umumiy natijalar bo‘yicha ham rus sportchisining natijalari nisbatan yuqoriroq edi. Professional boksdagi faoliyati davomida biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan Nikolay Valuev 46 ta jangning barchasini g‘alaba bilan yakunlagandi. Hali yosh bo‘lishiga qaramay, katta ringlarni ko‘rib ulgurgan va hozirgacha doim qo‘li baland bo‘lib kelayotgan yurtdoshimizning hisobida esa 23 ta g‘alaba bor edi.
Ana shu jihatlarga ishonib ketgan ko‘plab mashhur kishilar ham to‘ydan oldin nog‘ora chalib Valuevni chempionlik bilan tabriklashga tushib ketishgandi. Hattoki dunyo boksi afsonasi Don King ham o‘yindan oldinoq Valuev g‘alabasini e'lon qilib qo‘ya qolgan edi.
Rus bokschisining o‘zi ham bellashuvdan oldin o‘tgan matbuot anjumanida: «Ushbu jang oldingi bahslardan farq qilmaydi, ya'ni amalda hech narsani o‘zgartirmaydi», deya kuchiga ortiqcha baho berib yubordi.
Ruslan Chagaev esa hali asosiy sarhisob boshlanmasdan turib turli taxminlarga berilib ketgan mutaxassislarga javoban: «U kattami, kichikmi menga farqi yo‘q. Asosiysi, oldimga qo‘ygan eng katta maqsadim bor - men jahon chempioni bo‘lishim kerak!», deya g‘alabaga beqiyos ishonchini namoyish etdi.
Kutilgandek Shtutgart shahridagi bellashuv sportda shunchaki havoyi gap-so‘zlar emas, amaliy harakat birlamchi ekanini ko‘rsatdi. Qolaversa, ushbu bahs boksda sportchining jismoniy holatidan ham ko‘ra uning texnik mahorati va ruhiy tayyorgarligi muhimroq ekanini yana bir karra isbotladi.
Dunyo e'tiborida bo‘lgan butun jang davomida hamyurtimiz o‘ziga ishonch ruhida bahs olib bordi. Ruslanning chaqqon xatti-harakati, professional bokschiga xos kuchli va aniq zarbalari "rus ayig‘i", "engilmas qoya", "sakkinchi mo‘'jiza", yana bir qator jarangdor nomlar bilan tanilgan jahon chempionini shoshirib qo‘ydi.
Aytish kerakki, yurtdoshimizning bu galgi raqibi haqiqatan ham o‘ta kuchli va tajribali bokschi edi. Axir, superog‘ir vaznda yillar davomida mag‘lubiyatsiz kurash olib borish, manaman degan boks afsonalarini yer tishlatish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Biroq o‘zbek sportining faxru iftixori sanalgan Ruslan ana shu yengilmas qoyani ham yiqita oldi. 12 raund davom etgan bahsda hamyurtimizning qo‘li baland keldi. O‘yin yakunida hakamlar o‘z xulosalarini e'lon qilgan paytda barcha tomoshabin va muxlislar ham O‘zbekiston sportchisi haqli ravishda g‘alabaga erishgani va WBA tasnifida jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lganini e'tirof etishdi (uch kishidan iborat hakamlarning bittasi 114:114 natijani qayd etgan bo‘lsa, qolgan ikki nafari Ruslanning imkoniyatini yuqori baholadi: 115:113, 117:111).
Shu tariqa o‘zbek bokschisi o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erishdi. 19 yoshidayoq havaskor bokschilar o‘rtasida jahon chempioni unvoni qo‘lga kiritgan Ruslan katta boksda ham yuqori cho‘qqini zabt eta oldi.
Jahonning ko‘plab gazetalari hamyurtimizning ulkan g‘alabasi haqida yozarkan, dunyo boksi tarixida yangi davr - Oq Tayson davri boshlanayotganini ta'kidlamoqdalar. Darhaqiqat, Ruslan Chagaev dunyo sport ahliga o‘zbek zamini farzandini nimalarga qodir ekanini yana bir karra ko‘rsatib berdi.
S. KAMOL
P. S. Ushbu qiziqarli bahsdan oldin mashhur ukrain bokschisi, IBF yo‘nalishi bo‘yicha jahon chempioni Vladimir Klichko Nikolay Valuevning g‘alabasiga so‘zsiz ishonishini bildirgandi. O‘yindan keyin ukrain sportchisi shoshib xulosa chiqarganini tan oldi va Ruslan Chagaev yuqori texnika namoyish etib kuchli raqibi ustidan haqli g‘alabaga erishganini e'tirof etdi. Ha, odatda kuchlilar kuchlilarni tan olishadi. Agar kuchlini tan olishmasa, u boshqalarni bunga majbur qiladi...