OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tilla bola haqida ertak

 Asl ismi Luish Filipe Madiera Kaiero Figu deb ataluvchi futbol yulduzi 1972 yil 4 noyabr kuni Piriney yarim orolida joylashgan Portugaliya davlati poytaxti ko‘hna Lissabon shahrida tavallud topdi. Uning bolaligi haqida go‘yo o‘sha - bolaligi kechgan yillarning o‘zi so‘zlayotgandek.

Figu maktabga borib yurgan kezlari Portugaliyada futbol u darajada rivojlanmagan, milliy terma jamoa aytarli natijalarni qo‘lga kiritmagan edi. Garchi jahonning bir necha bor chempioni Braziliyadek davlatga bir zamonlar asos solib qo‘ygan bo‘lsa ham Luishning ota-bobolari futbolda oqsashardi. Ehtimol, bu holatni Figu bolaligida anglab yetmagandir, ammo bir narsa aniq edi - u xuddi Pelega o‘xshab mittigina to‘pning ortidan olamga tanilishni juda-juda istardi. Mana shuning o‘ziyoq kunlar kelib, portugaliyaliklarning ko‘chasida bayram bo‘lishi haqida sezilar-sezilmas ogohlantirardi.

Luish Figu ilk faoliyatini mamlakatning kichik-kichik klublarida boshladi. U ba'zi futbolchilar singari bir "sakrash"da "Barselona"da yoki "Real"da  to‘p surib qolmadi. O‘zi ko‘p bora ta'kidlaganidek, ko‘zga ko‘rinmas yutuqlardan to ulkan muvaffaqiyatlargacha, hammasiga faqat mashaqqatli mehnati evaziga erishdi.

Agar iste'dod chindan ham mavjud bo‘lsa, u, albatta, o‘zini namayon etadi. Luish o‘z sa'y-harakatlari bois, 1991 yil, 19 yoshida professional futbol olamiga kirib keldi. Uni birinchi bo‘lib qarshi olgan va buyuk kelajagiga ishonch bildirgan jamoa Figuning ko‘ksida hamon lovullab turadi: u "Sporting" klubidir.

U bu jamoaga jalb etilganda, bir qator iqtidorli portugaliyalik futbolchilar nomi sekin-sekin porlayotgan edi. Shulardan biri Figuning avvaliga qadrdon do‘sti, keyinchalik maydondagi "birinchi raqamli" raqibiga aylangan Rui Koshtadir.

Luishda haqiqiy portugal qoni bor: u bosiq ko‘rinsa-da, o‘ta jizzaki, lekin o‘yin vaqtida kamdan-kam holatlarda asab otiga minishga majbur bo‘ladi. Qo‘pollikka "bilib-bilmasdan" yo‘l qo‘yganligi uchun ko‘p bora hakam uni maydondan chetlashtirgan. Garchi shunday bo‘lsa-da, Yevropada Luishning muxlislari Bekxemning muxlislaridan son jihatidan ham, sifat jihatidan ham qolishmaydi. Sabab nima? Chiroyli o‘yin ko‘rsatishgina emas, balki kerakli paytda sahnaga chiqa olish, kerakli so‘zni ayta olishdir. Figuda bu jihat yetarlicha. Uning ijrosidagi penaltilar, aylantirma uslubidagi jarima to‘plari, muhim uchrashuvlarda o‘zi urmasa-da, oldindagi hujumchilarga gol yasab berishi kabi nodir xususiyatlari Luishni faqat yevropalik futbol ishqibozlarigagina emas, balki butun dunyoga mashhur qilgan bo‘lsa, ne ajab.

"Millionlar o‘yini" muxlislari yaxshi bilishadi. Bir paytlar Figu va asli kelib chiqishi braziliyalik bo‘lgan Dekular o‘rtasida o‘zaro kelishmovchiliklar yuzaga kelgan edi. Chunki hozirgi kunda "Barselona"ning asosiy figuralaridan biri bo‘lgan o‘yinchi Braziliya terma jamoasining 3-tarkibiga ham kiritilmagach, Portugaliyadan boshpana izlab keladi. Bosh murabbiy Dekudek o‘yinchini o‘z jamoasida ko‘rishni xohlaydi, biroq jamoa sardori Figu bunga mutlaqo qarshi chiqadi. Shunday qilib, ustoz-shogird muhorabasi Dekuning Portugaliya fuqaroligini qabul qilishi bilan yakun topadi. Bu jarayonda Figu Dekuga xasad qilgan, deb tushunish to‘g‘ri emas, "tilla bola" shunchaki, Portugaliyani hamda uning milliy termasini chin dildan sevgani uchun oriyatsiz mehmon Dekudek mohir o‘yinchi bo‘lishidan qat'i nazar begonalarsiz ham o‘z jamoasining Braziliyadan kamchilik jihati yo‘q ekanligini ta'kidlab qo‘ymoqchi bo‘lgandi. Afsuski...    

U universal o‘yinchi hisoblanadi: goh yarim himoyachi vazifasini bajarsa, gohida sof hujumchi sifatida namoyon bo‘ladi. Uning ajoyib tandemdoshlaridan biri Ronaldo jurnalistlarga intervyu bera turib, L.Figu faoliyat yuritayotgan klub yoki milliy terma jamoa g‘alaba qozonishi uchun u hatto darvozada turishga tayyorgarlik ko‘rib stadionga tushgan damlar ham uchrab turishligi to‘g‘risida hayratlanib gapirgan edi. Yana u haqida mahalliy mualliflardan biri "Figu faqat g‘alaba uchun tug‘ilgan" nomli kitob ham chop ettirgandi.

Rui Koshta va Figu juftligi hosil qilgan betakror tandemning barakali odimi 1991 yil FIFA tomonidan o‘tkazilgan futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida Portugaliyaning porloq g‘alabasi bilan boshlandi. O‘shanda ular jahon chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘lishgandi.

Bundan tashqari, shu yilning o‘zida Yevropada o‘tkazilgan qit'a chempionatida ham bu tandem 16 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoalar orasida mutlaq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, futbol sayyorasi fuqarolarini hayratga soldi.

Nomi bir yilning ichida mashhur bo‘lib qolgan Luishni uch yilgacha hech bir dongdor Yevropa klublari o‘z safiga qo‘shib olishga shoshilmadi. Kutilmaganda Italiyaning boshi berk ko‘chaga kirib qolayozgan "Yuventus"i 1995 yil "Sporting" tarkibida endigina mamlakat chempioni bo‘lgan Figuga nihoyat "sovchi" yo‘lladi. Omad bir kelsa, qo‘shilishib keladi, turinlik "oq-qoralar"ning savdosi pishib ulgurmay, "Parma"dan ham yaxshigina taklif tushib qoldi. Chayon burji ostida tug‘ilgan Luish Figu dunyoni yana bir bora karaxt qilib, har ikkala jamoada o‘ynashligi haqidagi antiqa shartnomaga imzo chekishiga bir bahya qolganda esa... ispaniyalik "qirol sher"lar italiyaliklarning barcha sa'y-harakatlarini yo‘qqa chiqardi - "tilla bola"ga faqat ulargina munosib xaridor ekanligini bildirib qo‘ydi. U - Ispaniyaning "Barselona"si edi! Kataloniyaliklarning sobiq bosh murabbiysi Yoxan Kriyuff (hozir uni Raykard boshqaradi) Figu bilan to‘rt yillik shartnomani imzoladi. Deku bilan boshlanib, Figu uchun nihoyasiga yetmay qolgan janjal Kataloniyada davom etishini Figu hech qachon tasavvur qilmagan bo‘lsa kerak o‘shanda... O‘zining nodir qobiliyati tufayli tez fursat ichida Luish katalonlarning eng sevimli, buning ustiga ishongan o‘yinchisiga aylandi. Luishning o‘yini ham nihoyatda ochildi, noyob qirralari shakllanib, shijoatu g‘ayrati cho‘qqiga ko‘tarildi. Katalon libosida 172 marotaba maydonga tushib, 30 ta gol urishga musharraf bo‘ldi. 1995 yilda esa UYeFAning Kubok egalari Kubogi turnirida g‘alaba qozondi. 1997/98 yilda "Copa del Rey"da shohsupaga ko‘tarilgan bo‘lsa, 1998 yilda Yevropa superkubogi egalaridan biriga aylandi. 1997-1998 yillarda La-liga chempioni tituliga sazovor bo‘ldi.

Ma'lumki, Ispaniyada futbol chinakam teatr tusini olgan, muxlislar esa tom ma'noda fanat maqomida harakat qilishadi. Buni hisobga olmaganmi, xullas, ajoyib kunlarning birida L.Figu "Barsa" bilan tuzilgan shartnomani bekor qilishi to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qiladi. Tan olish kerak, o‘sha damlar portugaliyalik charm to‘p ustasi "yulduzlik kasali"ga chalingandi. Buni o‘z vaqtida yaxshi anglab qolgan "qirollik klubi" bu safar kataloniyaliklarning ustidan oshkora kulgandek, eng asosiy o‘yinchisini o‘sha vaqtgacha rekord natija hisoblangan qiymat evaziga sotib oldi: 38,7 million funt-sterling! "Barsa"ni hamisha avjida oyog‘idan chalishga odatlangan madridliklar bosh murabbiysi V.Del Boske Luishni hatto mutlaqo xusumati bo‘lmagan "Tumanli albion" jamoasi "MYu"ga ham bermadi. Vaholanki, o‘sha yillarda "qizil iblislar" bosh murabbiysi Ser Aleks Fergyusson "tilla bola" bilan o‘zaro kelishib ko‘rishni orzu qilgandi.

Xullas, 2000 yildan boshlab Figu madridliklar tarkibida to‘p sura boshladi, bu albatta kataloniyaliklarning g‘ashini keltirardi. Bir vaqtlar u bilan faxrlanib yurgan muxlislari endilikda, oldingi qatorda turib olishib, unga ichki o‘yinlarda qo‘liga ilingan narsalarni uloqtira boshladi.

Mana shunday xunuk ko‘rinishlardan biri 2002 yil "Nou Kamp" stadionida, "Barsa" -

"Real-M." tarixiy to‘qnashuvida sodir bo‘ldi. O‘yin paytida hakam burchak to‘pi belgilaydi va uni odatdagidek Luish tepish uchun boradi, shu choq kutilmaganda tribunada o‘tirgan muxlislar orasida alamli qiyqiriqlar yangray boshlaydi, bu haqoratnamo so‘zlar Figuga tegishli ekanligini bechora sportchi boshi uzra cho‘chqaning kesilgan kallasi va bo‘sh viski butilkalari yog‘ilgandan keyin anglaydi. Bir necha soniyalik gipnoz holatidan so‘ng atrofiga nigoh tashlaydi, tutunga bulg‘angan tribunada unga qarata fanatlar jo‘r bo‘lishib bir so‘zni takrorlashardi: "pesetero!!!"(ma'nosi:isp. pulga o‘ch, yollanma askar).

"Qirollik klubi" tarkibida ham u qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi: 2001 yil FIFA tomonidan "Dunyoning eng yaxshi yil o‘yinchisi" deb topildi, 2001, 2003 yillarda Ispaniya chempioni, 2002 yilda YeChL g‘olibi, shu yili yana Qit'alararo Kubogi va Yevropa superkubogi sohibi bo‘ldi. 2004 yilda esa Yevropa chempionatiga Portugaliya mezbonlik qildi va qit'aning ikkinchi milliy terma jamoasi bo‘ldi. Bu ko‘rsatkichning qayd etilishida, albatta L.Figuning yuksak ulushi bor.

"Los Merengues" nashri tomonidan o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot Luishning barcha mamlakat chempionatlaridagi eng yaxshi jamoada o‘ynashi mumkin ekanligini ko‘rsatadi. Chindan ham shundaymi?

Bu savolga 2005 yilning 5 avgustida Italiyaning A seriyasida yetakchi jamoa hisoblanuvchi "Inter" ijobiy javob berdi. "Neradzurralar" 32 yoshli o‘yinchini 6 million funt-sterling evaziga o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Shu kunga qadar "In-
ter"da o‘ynab ham aytarli ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Xususan, Italiya Kubogi sohibi (2006 y.), A seriya chempioni va Italiya superkubogi sohibi(2005, 2006 yy.) bo‘ldi.

Serqirra o‘yinchi Luish Figuning faoliyat yo‘li asosan mana shulardan iborat.

Xulosa o‘rnida so‘nggi mulohaza: to‘g‘ri, hayot futboldan iborat emas, umrning tashvishlari shu qadar ko‘pki, u futbolga sig‘maydi, lekin futbol shinavandalari uchun hayotni sevish futboldan boshlanadi.

 

Zohidjon Xolov

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.