Ba’zi mushtipar odamlarni va hatto yosh-yalanglarni ko‘rib, eshitib taajjubda qolasan kishi: savob izlab, yaxshilik tilab yuzlab chaqirim yo‘l bosib avliyolarning qabrlarini, mozoru qabristonlarini ziyorat qiladilar (ziyorat qilish, ularni duo qilish yaxshi amal). Ularga aziz peshonalarini tekkizib o‘padilar, sajda qiladilar. Ziyoratlari asnosida ulardan madad, hidoyat, xayr so‘raydilar. Og‘irlarini yengil, mushkullarini oson qilishni iltijo qiladilar (bunday amal shirkdir). Holbuki, bularning yechimi avliyolarning qabrlarida emas, balki uylarida, oldilarida - ota-onalari, qaynona-qaynotalari, keksa-qariyalarida, qarindoshu mahalladoshlari, yetim-esirlar, muhtojlar duosida ekanini bilmaydilar.
* * *
Inson zoti shunaqa: aqli yetgan narsada o‘zi bilur, aqli yetmagan narsada Xudo bilur.
* * *
Yomonlarning yomon ishlarini, qilmishlarini qoralash, tanqid qilish maqsadida bo‘lsa ham, ularni tasvirga tushirib namoyish etish, kino qilib ko‘rsatish bu - ularning nomaqbul hayotining yangi-yangi qirralarini nobop yoshlarning esiga solish, o‘rgatish bilan barobar.
* * *
Vatandosh olimlarimizning qadr-qimmati naqadar ulug‘vor ekanini xorijga chiqqaningda - ular orqali seni taniganlarida tushunib yetasan.
* * *
Inson bolasi yaxshi tarbiya topib, oqil va odil ta’lim olib, go‘zallikni ilg‘ay biladigan, noziklikni payqay oladigan, sof va pokiza hayotni his qilishga odatlangan holatda voyaga yetmog‘i lozim. Shunda u yomon va xunuk illatlardan, kir va iflos qilmishlardan jirkanadigan inson bo‘lib yetishadi. Jirkanish odamning insonlik mezoni!
* * *
Do‘stni sen tanlaysan, qondoshlikni Xudo tanlaydi, ota-ona bino qiladi. Xudoning tanlovidan, ota-ona binosidan voz kechib bo‘lmaydi.
* * *
O‘z millatining tilini, urf-odatlarini, turmush tarzini bilmaydiganlarning baxti nuqsonlidir.
* * *
Shunaqa insonlar bo‘ladi: odamlar uning qanaqa odamligini tirikligida bilmaydi, hecham bilmaydi. Vafotidan keyin bilib qoladi...
* * *
Ko‘zi bilan kuladigan, ko‘zi suzilib turadigan yoki ko‘zlari olma-kesak teradigan odamdan halol odam chiqishi amri mahol...
* * *
Aqlsizga aql o‘rgatsang, seni aqlsizga chiqaradi. Xuddi o‘trini to‘g‘ri, desang ertasiga uyingga tushganidek...
* * *
Aqlni ota-onangdan topolmagan bo‘lsang, ko‘chadan qidirma, kitobdan qidir, ustoz-muallimdan qidir. Bulardan ham topolmasang, Qur’oni karimdan qidir, hadisi sharifdan qidir! Demak, sen iymonga muhtojsan!
* * *
«Millatim millatim!» deya uzzukun bong uradigan, zaruriyat tug‘ilganda pisib, g‘oyib bo‘lib qoladiganlar - podani qushxonaga boshlab o‘zi qochib qoladigan echki zotlardir.
* * *
O‘zbek bir-birisiz turolmas, ko‘rishmasdan yasholmas! Ichidagini yutib yurolmas, hasratlashmay ketolmas!
* * *
Oqil va odil rahbariyat yo‘q yerda odamlar oqil va odil bo‘lmaydi.
* * *
Raqibingiz bilan totuv bo‘lay desangiz, undan norozi ekaningizni sezdirib qo‘ymang.
* * *
Achchiqni achchiq kesadi dema, shirin ham kesadi, kesganda ham afzal kesadi.
Kitobning to‘liq varianti bilan tanishing (PDF)
* * *
Azimjon Qosimov 1940 yil 19 sentyabrda Toshkentda tug‘ilgan. 1959 yilda Toshkentdagi 22-o‘rta ta’lim maktabini, 1965 yilda Qarshi tibbiyot bilim yurtini, 1971 yilda Toshkent Davlat Pedagogika institutining til va adabiyot fakultetini tamomlagan.
1982 yilda “Dorishunoslik terminlari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1971-1988 yillarda “Meditsina” nashriyotida muharrir vazifasida faoliyat yuritgan. 1988-2000 yillarda Til va adabiyot institutida tibbiyot terminologiyasi bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borgan. Uning shu sohaga bag‘ishlangan 50 ga yaqin ilmiy maqolalari, rus tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan 50 dan ziyod ilmiy ishlari e’lon qilingan.
Azimjon Qosimov hammuallifligida “Ruscha-o‘zbekcha-lotincha farmatsevtik terminlar lug‘ati” (1990), “Botanikadan qisqacha izohli lug‘at” (1990), “Ruscha-o‘zbekcha-lotincha dorivor o‘simliklar lug‘ati” (1992), “Dorivor o‘simliklar” (1994), “Inglizcha-o‘zbekcha-ruscha anatomik terminlar lug‘ati” (2006) kitoblari chop etilgan. U “Tibbiyot xodimlari lug‘ati” (1998), 4 jildlik “Tibbiy terminlar izohli lug‘ati” (2003, 2008) muallifidir.
“Hayotim - saboqlarim” (2005, 2006, 2008), “Mangu qalbimda u” (2006), “Zavjam ruhiga maktublar” (2008, 2010, 2012), “G‘o‘r yoshlar qismati” (2008), “Iztirob” (2010), “Hayotim” (2010), “Muborak haj taassurotlari” (2011), “Hayot sinoatlari” (2011), “Inson qismati” (2013) nomli kitoblari nashr etilgan.