OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

“Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi!”

 Ozodlik-ozodlik... Yaratganning o‘zi bizni mazkur so‘z bag‘riga topshirdi. Biz mazkur so‘z bag‘rida... chaqaloq bo‘lib yotibmiz! Biz hali otamiz kim bilmaymiz, onamiz kim bilmaymiz. Eng fojiali joy...do‘st-dushmanimiz kim—bilmaymiz. 


* * *

Millatchilik — iblislar panoh topajak eng so‘nggi panoh, demak. Millatchilik — jaholat, demak. Millatchilik — bir xalqni boshqa bir xalqqa nisbatan nafrati, demak. Shu boisdan, juda ko‘p fojialar ana shu millatchilikdan kelib chiqadi.

* * *

Imon bilan yashaguvchi, nohaqlikka chidolmovchi, xo‘rlik — zolimlikdan nafratlanuvchi, chin inson bo‘lib yashaguvchi zot — asl ziyolidir!

* * *

Serquyosh o‘lkada ko‘rmasdik ziyo, 
Daryolar bo‘yida edik suvga zor. 

* * *

Inson sariq chaqachalik bo‘lmay qoldi. Ushoqday tilla taqinchoqni olish uchun ayolni pichoqlab ketayapti. Bu—iqtisodiy tanglikdan demoqdalar. Yo‘q, bu iqtisodiy qiyinchilikdan emas. Bu—mafkuraviy ojizlikdan, mafkuraviy zaiflikdan. 

* * *

Bechora din... g‘ar-o‘g‘rilar uchun qalqon bo‘ladi. Bechora din...maraz-muttahamlar uchun qalqon bo‘ladi. Bechora din...ablahlar uchun qalqon bo‘ladi. Din, baloga qolgan din!

* * *

Ishdan haydalgan ojiz banda—o‘zini shariatga uradi. Ish topolmagan qo‘li kalta—xudojo‘y bo‘ladi. Qo‘lidan foydali ish kelmasa—namozxon bo‘ladi. Yegani non topolmay qolsa qo‘liga tasbeh oladi. Boradigan joy topolmay qolsa—machitga boradi. Yurar yo‘lini bilmay qolsa—shariat yo‘lidan yuradi. Muslim bo‘ladi! Muslima bo‘ladi!

* * *

Yomondan-yomoni — inson o‘z marazligini... toat-ibodat bilan niqoblab yashaydi. Inson o‘z ablahligini... shariatpeshvolik bilan bekitib yashaydi. Inson o‘z haromiligini... xudoga e’tiqod qo‘yish bilan yashirib yashaydi! Azal-azaldan shunday.

* * *

Yuzlab ish joylar taqa-taq yopilib qoladi. Ammo... o‘lim ishi taqa-taq yopilmaydi! Dunyoda hamma shtat qisqaradi. Ammo... o‘lim qisqarmaydi! Dunyoda hamma narsa tamom bo‘ladi. Ammo o‘lim tamom bo‘lmaydi! O’lim mangu yashaydi! O’lim barcha tuzumlar uchun abadiydir! Yashasin, o‘lim!

* * *

Bu dunyoda esa... yashasa bo‘ladi! Bu dunyo — yashash uchundir! Sen yashaguvchi dunyoga kelding. Sen hayot zavqini totuvchi dunyoga keling. Sen umr gashtini suruvchi dunyoga kelding.
Bu dunyoga keddingmi? Endi yasha! Tishni tishga qo‘yib-qo‘yib yasha. Mushtni tugib-tugib yasha. Alp-alp odim otib yasha. Chidab-chidab yasha. Yashashni chidaganga chiqargan!
Bu dunyoga keldingmi? Endi chida! Dunyo — chidaganniki! Oxirigacha chida, xudo bergan kungacha chida!»

* * *

Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi! Bu dunyoda yashab bo‘ladi. Shu boisdan-da bu bunyo otini hayot deydi. 

* * *

Olam ufqqa borib tamom bo‘ladi. Odam umidini yo‘qotib tamom bo‘ladi. 

* * *

Qari odamning enagasi—go‘rkov.

* * *

Intellektuallar xalq hisobiga yashovchi betayin bir toifa bo‘ladi. Ular kitobga qarab o‘ylaydi, kitobga qarab fikrlaydi. Og‘zini to‘ldirib tsitatalar keltiradi, tarixdan saboqlar o‘qiydi. Ammo ko‘chat ekib, daraxt o‘tqazolmaydi. Kitob boshqa hayot boshqa ekanligini tasavvur ham eta olmaydilar. Oqibat, hayot haqida qog‘ozday quruq o‘ylaydi, qog‘ozday jonsiz o‘ylaydi. Biroq ular o‘zlarini nihoyatda aqlli hisoblaydilar. 

* * *

... Olomon, olomon! Olomonda to‘rtta tarkibiy xislat bo‘ladi. Bu qanday xislatlar? Bular — g‘oya, iroda, ruh, axloq. Ana shu to‘rtta xislat jam bo‘lsa — olomon bo‘ladi. Ana shu to‘rtta xislat tufayli olomon qudratli ham dahshatlidir. Olomon — bo‘ron, olomon — yong‘in, olomon — sel! Shu boisdan-da, olomon bo‘lar-bo‘lmasga qo‘zg‘ola bermaydi. Olomon biror-bir g‘oya uchun qo‘zg‘oladi. Yangi bir g‘oya dunyoga kelsa — olomon ana shu yangi g‘oya uchun qo‘zg‘oladi. Mazkur g‘oya porloqmi yo tubanmi — olomon uchun  ahamiyatsiz bo‘ladi.   Olomon qatordan qolma, ko‘pdan qolma — shiorlari ostida saf bo‘ladi. Olomon uchun jamiyatni yaxshi kuniyam bir, yomon kuniyam bir. Jamiyat biror yutuqqa erishsa — olomon qo‘zg‘oladi. Jamiyat biror parokandalikka uchrasa — tag‘in olomon qo‘zg‘oladi. Olomon yaxshi kunda bir siyosatdonni ulug‘laydi. Yemon kunda... ayni shu siyosatdonni yer bilan baravar etadi! Olomon... to‘qimtabiat bo‘ladi! Bir kunlik kayfiyat bilan jam bo‘ladi. Bir soatlik maqsad bilan yig‘iladi. Keyin, birdan... aynib qoladi. Birdan... tariqday tarqab ketadi!

* * *

To‘dada aniq bir maqsad ham, orzu-niyat ham bo‘lmaydi. To‘da hamisha aybdor izlaydi, to‘da hamisha gunohkor qidiradi. 

* * *

Adabiy yelvizaklar yo‘lida uchramish adabiyot darg‘alarini ...belidan olib belangi qildi. Burnidan suv oqizdi, ko‘zidan yosh oqizdi. Og‘zidan qon oqizdi. 

* * *

Demokrat,  sen o‘tmishga tosh otma. O’tmishga tosh otish, o‘likni tepkilash demakdir. O’lik tirilib, xatolari uchun sendan kechirim so‘ramaydi. O’lik tirilib, qayta qurish uchun bir ish qilib berib bermaydi. Demokrat, o‘tmishdan saboq olish kerak, saboq. Ana shu saboqni xulosalab, bugunni o‘ylash kerak, bugunni. Bugunni xulosalab, kelajakni o‘ylash kerak, kelajakni. Demokrat, sen o‘tmishga to‘pponcha otsang, o‘tmish seni to‘pga tutadi!

* * *

Sovet tuzumini beshinchi karomatini... tan olish lozim! Sovet tuzumi ana shu beshinchi karomatda... qosh qo‘yaman, deb, ko‘z chiqarib qo‘ydi! Chin, sovet tuzumini maqsadi — o‘zbek xotin-qizlarini erkaklar bilan teng huquqli etish edi. Chin, teng huquqli etdi. Ayollar bilan erkaklarni tengma-teng ko‘rdi. Ammo-lekin ayol bilan erkakni bir qolipga soldi. Ayol kim, erkak kim — bilib bo‘lmay qoldi. O’zbek xotin-qizlariga... buldozer haydattirdi, traktor haydattirdi!

* * *

«O’zingdan baland amaldor nima desa — ana shuni bajar. So‘zsiz bajar. Ahmoqona bo‘lsa-da, bajar. Ablahona bo‘lsa-da, bajar. Ko‘r-ko‘rona bajar. Ana shunda — o‘sasan!
O’zingdan baland amaldordan... qo‘rqib yasha. O’zingdan katta amaldor.. yetti pushtingni haqorat etib so‘ksa, sen... kechirim so‘ra!
«Hammamiz uchun hurmatli va aziz» qo‘shimchasi bilan ataluvchi amaldorni... Munkar-nakir deb bil! «Muhtaram zot», «ulug‘ zot» «vich-vich» qo‘shimchalari bilan ataluvchi amaldordan qo‘rq. Qo‘rqmasang-da, o‘zingni qo‘rqqanga ol. Boisi, amaldor zoti... hayiqib turuvchi odamni yoqtiradi. Amaldor zoti qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib turuvchi odamni yaxshi ko‘radi.
Bir qudratli amaldor... otalig‘ida bo‘l. Ana shu amaldorga qo‘l ber. Ana shu amaldorni pirim — shefim, deb bil. Ana shunda — ko‘tarilasan!»

* * *

XXI asr! Mo‘min-musulmonlar orziqib oshiqajak XXI asr! Mo‘min-musulmonlar baxt-saodat kutajak XXI asr!
Endi, ana shu yangi uy uchun... talash bo‘ladi! Yer ol-ol bo‘ladi. Yurt ol-ol bo‘ladi. El ol-ol bo‘ladi.
Barcha o‘z maqsadlari yo‘lida... millatchilikni ishga soladi! Xalqlarni... milliy tuyg‘usini ishga soladi. Xalqlarni... milliy g‘ururini olov misol kovlaydi!

Tog‘ay Murodning "Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi" romanidan.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.