Baxtsiz tasodif tufayli bir Tulki o‘raga tushib ketibdi. U hech o‘radan chiqishning ilojini qilolmabdi. Bir payt tepadan Echki o‘tib qolibdi. U Tulkidan pastda nima qilayotganini so‘rabdi.
— Ey, hali eshitmadingmi? — debdi Tulki. — Yaqinda qurg‘oqchilik bo‘larmish, shuning uchun men bu yerga suv borligiga ishonch hosil qilish uchun tushdim. Balki sen ham tusharsan?
Echkiga bu maslahat ma’qul kelib, pastga sakrabdi. Ammo Tulki tezlik bilan uning orqasiga chiqib, oyoqlarini uning uzun shoxlariga qo‘yibdi-da, o‘radan chiqib olibdi.
— Xayr, do‘stim, — debdi Tulki, — keyingi safar esingda tursin: Hech qachon o‘zi mushkul ahvolda qolganning maslahatiga quloq solma.
BALIQCHI VA BALIQCHA
Baliqchi kun bo‘yi baliq tutishga harakat qilib faqat kichkinagina Baliqchani tutibdi.
— Yolvoraman, meni qo‘yib yubor, — debdi Baliqcha. — Men hozir yeyishing uchun judayam kichkinalik qilaman. Agar hozir meni daryoga qo‘yib yuborsang, men tezda o‘saman, keyin sen mendan ajoyib¬ taom tayyorlaysan.
— Yo‘q, yo‘q, Baliqcham, — debdi Baliqchi, — men seni hozir yeyman, bundan keyin seni tutolmasligim mumkin.
Qissadan hissa: Kelajakdagi nasiya katta narsadan ko‘ra, qo‘lingdagi naqd kichik narsa afzal.
SICHQONLAR KENGASHI
Mushukning doimiy xavf solishidan tushkunlikka tushgan sichqonlar muammolarini hal qilish uchun kengash chaqirishibdi. Ular birin-ketin bildirilgan rejalarni tahlil qilib, ularni rad eta berishibdi. Oxiri bir yosh Sichqon mushukning bo‘yniga qo‘ng‘iroq osib qo‘yishni taklif qilibdi.
— Qanday ajoyib fikr, — deb qichqi¬rishibdi ular, — bu Mushuk kelganda qochish uchun juda yaxshi ogohlantirish!
Ular bu taklifni zavq-shavq va olqish¬lar bilan qabul qilishibdi. Shunda keksa bir Cichqon o‘rnidan turib:
— Bu rostdan ham juda yaxshi maslahat va, shubhasiz, bizning muammomizni hal qiladi, — debdi. — Biroq Mushukning bo‘yniga qaysi birimiz qo‘ng‘iroqni ilamiz?!
Qissadan hissa: Taklif qilish bosh¬qa, uni bajarish boshqa.
IKKI DO‘ST VA AYIQ
Ikki do‘st o‘rmonda aylanib yurganlarida to‘satdan ayiqqa duch kelib qolishibdi. Ulardan birinchisi shoshib daraxtga chiqib olibdi va ayiqning changalidan qutulib qolibdi. Ikkinchisi esa, hech narsa qo‘lidan kelmasligini bilib, o‘zini o‘lganga solib yotib olibdi.
Ayiq yerda yotgan kishining oldiga kelib, qulog‘ini hidlabdi. Hatto uni turtib ham ko‘ribdi. Kishini o‘lgan deb o‘ylab, unga tegmasdan ketib qolibdi.
Ayiq ketgach, haligi kishining do‘sti daraxtdan tushib kelib:
— Do‘stim, ayiq qulog‘ingga nima deb shivirladi? — deb so‘rabdi.
— U menga: qiyinchilik paytida tashlab ketadigan do‘st bilan sayohatga chiqishni yaxshilab o‘ylab ko‘rmabsan-da, dedi, xolos, — deb javob beribdi do‘sti.
Qissadan hissa: Do‘stlik qiyinchilikda sinaladi.
TOVUQ BILAN TULKI
Baland daraxt shoxiga qo‘nib, qag‘-qag‘lab yotgan Tovuqning tovushi butun o‘rmonga taralib, ochlikdan sillasi qurigan Tulkining e’tiborini tortibdi. Tovuqning baland shoxda turganini ko‘rgan Tulki uni hiyla bilan pastga tushirib, yemoqchi bo‘libdi.
— Kechirasan, qadrdonim Tovuq, — deb gap boshlabdi u, — sen yirtqichlar bilan qushlar, umuman, o‘rmonimizdagi barcha jonzotlar o‘rtasida tuzilgan tinchlik bitimi haqida hali eshitmadingmi? Bundan keyin biz bir-birimizni ovlamaymiz, aldamaymiz va o‘g‘irlamaymiz, balki tinchlikda, hamjihatlikda yashaymiz. Pastga tush, bu haqda yaxshilab gaplashib olamiz.
Tulkining mug‘ombirligini yaxshi bilgan Tovuq hech narsa demay, xuddi bir narsaga tikilgandek yo‘lga qarab turaveribdi.
— Nimaga buncha tikilib qolding? — deb so‘rabdi Tulki.
— Men bir to‘da itlarni ko‘rayapman, — debdi Tovuq, — adashmasam, ular biz tomonga kelishayapti, janob Tulki.
— Shunaqami, unda men ketishim kerak, — debdi Tulki.
— Iltimos, janob Tulki, ketmay turing, — debdi Tovuq, — men endi tushmoqchi bo‘lib turuvdim. Keling, itlarni kutib turamiz, ular kelgandan so‘ng tinchlik bitimini birga muhokama qilamiz.
— Yo‘q, yo‘q, — debdi Tulki, — men ketishim kerak, itlar hali tinchlik bitimi haqida eshitmagan bo‘lishlari mumkin.
Qissadan hissa: To‘satdan taklif qilingan do‘stlikdan ehtiyot bo‘ling.
KO‘RSHAPALAK, QUSHLAR VA YIRTQICHLAR
Qushlar bilan yirtqichlar o‘rtasida katta nizo chiqibdi. Ikkala tomon ham o‘ziga qo‘shin yig‘a boshlabdi. Ko‘rshapalak qaysi tarafga qo‘shilishni bilmay, ikkilanib qolibdi. U turgan shox oldidan o‘tib ketayotgan qushlar:
— Yur, bizlar bilan, — deyishibdi.
Ammo Ko‘rshapalak:
— Men yirtqichman, — debdi.
Keyinroq ini tagidan o‘tib ketayotgan yirtqichlar tepaga qarab shunday deyishibdi:
— Yur, bizga qo‘shil.
Lekin u: — Men qushman, — debdi.
Xayriyatki, oxirgi lahzalarda tinchlik o‘rnatilibdi, hech qanday urush bo‘lmabdi. Shunda Ko‘rshapalak qushlarning oldiga borib ulardan o‘zini xursandchiliklariga sherik qilishlarini so‘rabdi. Ammo hamma qushlar undan yuz o‘girib, uchib ketishibdi. Shundan keyin¬ Ko‘rshapalak yirtqichlarning oldiga boribdi. Biroq tezda u yerdan ham chekinishga majbur bo‘libdi, zero, yirt¬qichlar uni burda-burda qilishga shay turardilar.
Shunda Ko‘rshapalak o‘ziga shunday dedi:
— Fazilati bo‘lmaganning do‘sti ham bo‘lmas ekan.
QAFASDAGI QUSH VA KO‘RSHAPALAK
Sayroqi Qushni qafasga qamab oyna tashqarisiga osib qo‘yishgandi. U faqat tunda, hamma qushlar uyquga ketgandagina sayrardi. Bir kuni kechasi Ko‘rshapalak kelib qafas panjarasiga chirmashib olibdi. U Qushdan nega kun bo‘yi tinch o‘tirib, kechasi sayrashini so‘rabdi.
— Bunday qilishimning o‘ziga xos sababi bor, — debdi Qush. — Bir kuni kunduzi sayrayotsam ovchi ovozimga maftun bo‘lib qoldi va to‘rini qo‘yib meni tutib oldi. Shundan beri faqat tunlari sayrayman.
Ko‘rshapalak shunday debdi:
— Lekin hozir qafasdaligingda bunday qilishing foydasiz-ku. Agar buni sen qo‘lga tushishingdan oldin qilganingda edi, hozir ozod yurgan bo‘larding.
Qissadan hissa: Falokatdan keyin¬ qilinadigan ehtiyotkorlik foydasizdir.
MUSHUK — KELINCHAK
Kunlardan bir kuni Olimp xudolari tirik mavjudotlarning tabiatini o‘zgartirish mumkin yoki mumkin emasligi ustida tortishib qolishibdi.
Yupiter:
— O‘zgartirsa bo‘ladi, — debdi. Ammo Venera bunga qarshi chiqibdi. Muammoni hal qilish maqsadida Yupiter mushukni qiz bolaga aylantirib qo‘yibdi va uni yosh bir yigitga turmushga beribdi. Risoladagidek to‘y bo‘libdi, kelin-kuyov to‘y bazmida o‘tirishibdi.
— Qara, — debdi Yupiter Veneraga, — kelin o‘zini qanday munosib tutayapti. Kim ham uni kecha mushuk edi, deb ayta oladi? Shubhasiz, uning tabiati o‘zgardi.
— Bir oz kut, — debdi Venera va to‘yxonaga sichqonni qo‘yib yuboribdi. Buni ko‘rgan Kelin joyidan sakrab turibdi va sichqon ustiga o‘zini otibdi.
— Ana, ko‘rdingmi? — debdi Venera.
Qissadan hissa: Qon bilan kirgan — jon bilan chiqadi.
ITLAR VA TULKI
Sher terisini topib olgan itlar uni tishlari bilan bo‘laklarga bo‘la boshlashibdi. Buni ko‘rgan Tulki shunday debdi:
— Agar bu Sher tirik bo‘lganda edi, sizlar uning panjasi tishlaringizdan qanchalar kuchli ekanligiga amin bo‘lar edingiz.
Qissadan hissa: Yotgan odamni tepish oson.
BAQA VA BUQA
— Ota, — debdi kichkina Baqa ko‘lmakda turgan katta Baqaga, — men shunaqangi bir qo‘rqinchli maxluqni ko‘rdimki! U tog‘dek ulkan edi. Uning boshida shoxi, uzun dumi, tuyoqlari bor edi.
— Bolam, — debdi qari Baqa, — bu bor-yo‘g‘i chorvador Oqyigitning Buqasi, biroq sen aytgandek katta emas. Bo‘yi mendan ozgina baland bo‘lishi mumkin. Men ham o‘zimni shunaqa katta qilib ko‘rsatishim mumkin. Mana, qarab tur. Shunday deb katta Baqa havoni yutib o‘z ichiga puflabdi, puflabdi.
— U shunaqa kattamidi? — deb so‘rabdi u o‘g‘lidan.
— Ancha kattaroq edi, — deb takrorlabdi yosh Baqa.
Qari Baqa yana o‘z ichiga puflabdi va Baqachadan: — Buqa shunchalik kattamidi? — deb so‘rabdi.
— Kattaroq edi, dada, kattaroq, — deb javob beribdi Baqacha. Shunday qilib Baqa chuqur nafas olib, ichiga puflayveribdi, shishgandan shishib ketaveribdi.
— Ishonchim komilki, Buqa bundan katta bo‘lgan emas, — debdi bir mahal shishib ketgan Baqa va shu payt paq etib yorilib ketibdi.
Qissadan hissa: Ortiqcha chiranish belni sindiradi.
ECHKI VA PODACHI
Podachi adashib qolgan Echkini podaga qaytarib kelish uchun rosa qidiribdi. U hushtak chalibdi, surnay chalibdi. Ammo bularning foydasi bo‘lmabdi: orqada qolib ketgan Echki bu tovushlarga ahamiyat bermabdi. Oxiri, podachi unga tosh otibdi, Echkining shoxi sinibdi. Shunda podachi Echkidan bu haqda xo‘jayiniga aytmaslikni iltimos qilibdi.
Echki shunday deb javob beribdi:
— Ey, esi yo‘q odam, men indamaganim bilan shoxlarim hammasini aytib qo‘yadi-ku!
Qissadan hissa: Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi.
QUYONLAR VA TULKILAR
Quyonlar burgutlar bilan urush boshlashibdi. Urush chog‘ida ular tulkilardan yordam so‘rashibdi.
Shunda tulkilar ularga bunday deb javob berishibdi:
— Agar biz sizlarning kimligingizni, kimlar bilan urushayotganingizni bilmaganimizda edi, sizlarga bajonidil yordam bergan bo‘lardik...
Qissadan hissa: Biror narsaga rozilik bildirishdan avval uning oqibatini o‘yla.
EMAN VA O‘TINCHI
O‘tinchi Emanni qulatib, uni sarjinlabdi. Tanasini bo‘laklash uchun Emanning o‘z shoxlaridan pona yasabdi.
Eman xo‘rsinib, shunday debdi:
— Men ildizimga tushayotgan boltaning zarbiga chidayman, ammo o‘z shoxlarimdan qilingan pona bilan bo‘laklarga bo‘linishimga chidol¬mayman.
Qissadan hissa: Eng chidash qiyin bo‘lgan narsa — o‘zimizdan kelib chiqqan kulfatdir.
TULKI BILAN MUSHUK
Tulki Mushukka o‘zining dushmandan qochish uchun qo‘llaydigan hiylalari haqida maqtanayotgan edi.
— Menda dushmandan qochishning yuz xil usuli to‘la hiylaqopim bor, — dedi u.
— Menda faqat bittagina, — dedi Mushuk. — Lekin men shuning o‘zi bilan ham hamma narsaning uddasidan chiqaman.
Shu payt ular o‘zlari tomon kelayotgan bir to‘da tozining ovozini eshitib qolishibdi. Mushuk darrov daraxtga chiqib butoqlar orasiga yashirinib olibdi.
— Bu men bilgan usul. Sen nima qilmoqchisan? — debdi Mushuk.
Tulki avval birinchi yo‘lni o‘ylabdi, keyin boshqasini. Shunday qilib to u o‘ylab bo‘lguncha tozilar yetib kelib uni ushlab olishibdi-yu, ovchilar uni o‘ldirishibdi.
Buni kuzatib turgan Mushuk shunday debdi:
— Bitta xavfsiz, ammo sinalgan yo‘l yuzta ishonib bo‘lmaydigan usuldan afzalroqdir.
Cho'pon echkilarini yaylovga qo'yib yubordi. Bir payt qarasa, echkilari yovvoyi echkilar bilan o'tlashib yuribdi: xursand bo'ldi-yu kech kirgach, hammasini o'zining g'origa qamadi. Ertasiga havo buzuqligi tufayli echkilarni odatdagidek yaylovga olib chiqolmadi: g'ordayoq boqishiga to'g'ri keldi. Cho'pon o'zining echkilariga nomi-gagina — o'lmagunday yem solgani holda, qo'lga o'rgatib olish niyatida yovvoyi echkilarga mo'l-ko’l qilib to'kdi. Ertasi, havo yurishib ketgach, echkilar tog'ga qarab ura qochdilar. Cho'pon ularni yaxshilikni bilmaydigan nonko'rlar, deya koyishga tushdi: «Axir men sizlarni o'zimning echkilarimdan-da yaxshiroq boqmadimmi?» Yovvoyi echkilar aytdilar: «Shuning uchun ham sendan nariroq yurishimiz ma'qul ko'rindi-da. Bizlar kechagina senga yo’liqqandik, sen esa bizni o'zingning eski echkilaringdan-da yaxshiroq boqding. Demak, ertaga yana yangilar kelib qo'shilsa, unda ularni bizlardan afzalroq ko'rarkansan-da?!»
Alqissa, yangi do'stlarni eskilardan afzal tutuvchilar bilan do'stlashishga shoshilmang, zero yana yangi do'stlar orttirganda siz ham eskilardan bo'lib qolasiz.
KIYIK BILAN TOKZOR
Ovchilar ta'qibidan qochgan kiyik tokzorga yashirindi. Ovchilar payqamay o'tib ketishgach, endi xavfdan qutuldim, deb xayolladi-yu tok barglarini mo'tab yeyishga tutindi. Ittifoqo shu payt ortiga o'girilgan ovchi kiyikni payqab qoldi: darhol o'q uzib, jonivorni yarador qildi. O'limi yaqinlashganini sezgan kiyik afsus-nadomatda ingrandi: «Qilmish qidirmish: tok meni qutqargandi, men esa uni nobud qilishga qasdlandim».
Aiqissa, kimki o'ziga yaxshiiik qilganlarga yomonlik sog'insa, u albatta Xudoning qahriga yo'liqqay.
BO'RI BILAN LAYLAK
Bo'rining bo'g'ziga suyak tiqilib qoldi-yu joni ko'ziga ko'rinib, yordam istab yugurgilab qoldi. Baxtini qarangki, laylakka duch keldi: suyakni chiqarib tashlasang, mukofotlayman, deya va'dalar berib yordam so'radi. Laylak tumshug'i-yu boshini bo'rining bo'g'zigacha tiqib, arang suyakni chiqarib oldi-da, va'da qilingan mukofotni talab qildi. Bo'ri bunga javoban dedi: «Ha, azizim, bo'rining og'zidan boshing omon chiqqani kammi, yana mukofot deysan-a?!»
Alqissa, ayrim badfe'l kishilar yomonlik qilmaganlarining o'ziniyoq yaxshilik qilganga yo'yadilar.
ESHAK BILAN BAQALAR
Ustiga o'tin ortilgan eshak botqoqdan o'tayotgandi, toyib ketib yiqildi. Eshak o'rnidan turishga harchand urinmasin — bo'lmadi: oh-voh qilib faryod cheka boshladi. Botqoqda yashovchi baqalar uning holini ko'rib dedilar: «Birodar, botqoqqa endigina yiqilganing holda shunchalar nola chekasan, bizga o'xshab umring shu yerda o'tganida nima qilarding?!»
Alqissa, ayrim kishilar kichkinagina qiyinchilik oldida ham esankirab, ruhan cho'kib qoladilar, holbuki, boshqalar bundan o'n chandon og'ir mashaqqatlarni-da sabr-la yengadilar.
USTIGA TUZ YUKLANGAN ESHAK
Ustiga tuz ortilgan eshak daryo kechuvidan o'tayotib toyib ketdi — suvga yiqildi: tuz suvda erib ketib, yuk ancha yengillashdi, eshak benihoya sevindi. Keyingi gal o'sha joydan o'tayotib, eshak: «Suvga yiqilsam yukim yengillaydi, keyin turib ketaveraman», deb o'yladi-da, atayin yiqildi. Ittifoqo, bu gal eshakka yuvg'ich ortilgan edi: yuvg'ich suvni shimib olib, yuki og'irlashib ketgan eshak eplanolmay qoldi-yu suvga cho'kib ketdi.
Alqissa, ayrimlar ishlatgan hiyla-nayrang ularning o'z boshiga yetarkan.
BURGUT, ZAG'CHA VA CHO'PON
Yuksak qoyadan shiddat bilan qo'zg'algan burgut suruvdagi qo'zichoqni ildi-yu ketdi. Zag'cha buni kuzatib turgandi, hasaddan ichi kuyib, o'zining ham shunday qilgisi kelib qoldi. Zag'cha jon-jahdi bilan chinqirganicha borib qo'chqorga tashlandi: panjalari qalin junga o'ralashib qoldi-yu, uchishga ham, qochishga ham imkoni bo'lmay qoldi. Uning jon xalfida pitirlayotganini ko'rgan cho'pon gap nimadaligini fahmladi-da, darhol tutib oldi: qanotlarini qirqib, o'zini ermak uchun bolalariga eltdi. Bolalari chuvillashib: «Bu qanday qush?» - deya so'raganlarida, cho'pon aytdi: «Men-ku buning zag'chaligini bilaman-a, biroq uning o'zi o'zini burgut hisoblaydi-da?!»
Alqissa, o'zingdan zo'rroqlar bilan bellashaman, deb chiranganing bilan hech ish chiqarolmaysan, kulgi bo'lganing qoladi, xolos.