("Shohi so‘zana")
— Rahmatli pochchangiz "Soat — uyning so‘fisi" der edi. "Hoy, so‘fini buradingmi; hoy, so‘fi nega jiringlamayapti?" deb turar edi. Soatni burash esdan chiqsa, xudo esdan chiqadi-ya, jon quda!
Aytganim yo‘q, ma’lumot berdim, xolos.
H a m r o b u v i. Omin, shaytonning bo‘yni sinsin!
O m o n. Hola, shayton — xurofot, yo‘q narsa!
H a m r o b u v i. Bor-bor! Senga qolsa xudoni ham yo‘q deysan...
To‘q bola och bolani o‘ylamaydi. Och bola to‘q bola bilan o‘ynamaydi.
Rahbar tomog‘iga zo‘r berdimi, obro‘yidan futur ketgani bo‘ladi.
Mix "meni sug‘urib tashla" deb kallasini omburga tiqmaydi.
— O’zing o‘ylab ko‘r: xotining bo‘lsa-yu, orada gaplashguday gap bo‘lmasa, biron joyga olib borolmasang, mehmon kelganda dasturxonda ortiqcha bo‘-lib o‘tirsa!.. Qiyin-da!
— Men jonimni, tanimni, butun umrimni ilm yo‘liga tikkan bir darveshman-ku, axir! Men nima qilsam ilm uchun, ilm yo‘lida qilaman. Kunim bitib o‘lsam, o‘ligimni ham ilm yo‘liga beraman: mayli, studentlar terimga poxol tiqib burchakka qo‘yishsin! G’ing demay turaveraman!..
— Azizim! Qizingizning baxtini birovlarning ostonasidan qidirmang! Vaxtni birovlarning ostonasidan qidirishning o‘zi baxtsizlikning boshi!
Hozirgi zamonda sichqon tutmaydigan mushuk ham odamning ko‘ziga xunuk ko‘rinadi-ya!
— Ahadjon aka, xotin kishi yaxshi gapning gadosi: boshini silasangiz, mushukday darrov xurrak otadi.
Z a r g a r o v. ...Yozing. (Doklad tonida, baland ovoz bilan) o‘ "O’rtoqlar! Buyuk Oktyabr sotsialistik revolyutsiyasidan burun..."
M a r a s u l. Ahadjon aka, tovush hali kerak bo‘ladi, hozir bir parda pastroq olavering.
Z a r g a r o v. To‘g‘ri! (Bir oz pastroq, lekin doklad tonida.) "...Sotsialistik revolyutsiyadan burun hech qanday huquqqa ega bo‘lmagan..." Ana endi haligini qo‘shasiz, ya’ni erlarga cho‘ri bo‘lgan mehnatkash xotin-qizlarimiz hozirgi davrda erlar bilan... Hmm... Asli mana shu yerdan shu yergacha qirqib, yopishtirib qo‘ya qolsak ham bo‘lar ekan. Yelim bormi?..
X u m o r x o n. Menga qarang, borib ikki og‘iz valaqlang-keling-da, nima qilasiz buni yozib, yopishtirib...
M a r a s u l. To‘g‘ri, bunaqa paytda to‘rtta "masalan"u sakkizta "ya’ni" bir doklad-da!..
— Men — chalasavod, sening savoding rasomi? Bir ko‘zing odamlarning tishida, bir ko‘zing cho‘ntagida-ku, yana qaysi ko‘zing bilan o‘qib savod chiqargansan?
— Shu vaqtgacha kalla deb jun chiqqan qovoqni ko‘tarib yurgan ekanman! Jun chiqqan qovoqni!
("Tobutdan tovush")
— Siz juda shirin mast bo‘lasiz, Nusrat aka. Sizning hushyorligingizdan mastligingizni yaxshi ko‘raman...
— E, Qorim, men qaerim qichishini oldindan bilib qashlab qo‘yadigan odamman!
— O’rtoqlar, biz Ulug‘ Vatan urushi natijasida ulug‘ g‘alabaga ega bo‘ldik yoki erishdik. Lekin men shaxsan bu g‘alabadan ilhomlanib... (adashadi) vatanparvarlik burchimdan ilhomlangan bo‘lsam ham, bu ulug‘ g‘alabaga o‘z qissamni... yo‘q, hissamni qo‘sholgan emasman...
— ...Ilon o‘zi ko‘p-ku, ilon qiladigan ilmni nima qilasiz?..
Voshqa ilmga o‘qimaysizmi?
— Men o‘qishga yaramayman, aqlim past.
— Aqlingiz pastligini o‘zingiz bilasizmi?
— Yo‘q, Netayxon opam shunaqa deydilar. Nusrat akam ham shunaqa deydilar...
— Netayxon opangiz o‘zlari sog‘milar?
— Judayam sog‘ emaslar, boshlari tez-tez og‘rib turadi. Qori pochcham dam solsalar, darrov tuzalib qoladilar...
S u x s u r o v. ...Men sizga aytsam, uka, dunyo shunaqa o‘zi, halol odam qittak shayton bo‘lmasa kun ko‘rolmaydi...
N ye t a y x o n. Shaytondan yetti kun oldin tug‘ilgan bo‘lsa yana yaxshi!
— Ahmoq, meni bilmas ekansan! Men mushukman — orqamni payg‘ambar silagan — osmondan tashlab yuborsang ham oyog‘im bilan tushaman!..
Amalparastlik amalparastlarni birlashtirmaydi, aksincha...
Hamma gap shundaki, birov vijdonning gapiga kiradi, birov o‘ kirmaydi; birov vijdonning ko‘zini ko‘r, qulog‘ini kar qilishga muhtoj bo‘ladi...
— ...Pul shirin! Pul o‘lgurning tishi bo‘lsa o‘zini yeb qo‘yar edi!
— To‘g‘ri, tishi bo‘lmagani uchun ba’zi birovlarning aqlini yalab, vijdonini so‘rib yuripti-da!..
— Bularning ishi yaxshi ekan: Qorining oyog‘i lat yesa, opam o‘ sho‘rpaxta bosar ekan, opamning (ya’ni Netayxonning — I.H.,) boshi og‘risa, Qori dam solarkan...
— Shayx Dazoriddini porso kuz havosida karaxt bo‘lib yotgan chayonni "maxluqi xudo" deb navozish qilganlarida, chayon u kishining muborak qo‘llariga nish urgan ekan... Ukangiz o‘shal maxluqi xudo toifasidandir... Bu tarsobachchaning muruvvatan uzatgan qo‘lingizga nish urmoq muddaosi bor...
Q o r i. O’zimiz ahbobi din, arbobi shariat bo‘lsak ham, alhamdulillo, hukumatimiz xizmatiga kamarbastamiz, tasadduq!
O b i d j o n. Ho‘p.
Q o r i. Shukurkim, hukumatimiz davrida adlu adolat barqaror bo‘ldi. Lekin, afsus va nadomatlar bo‘lsinkim, rishvat, ya’ni pora otliq balo adolat qal’asiga rahna solmoqda...
O b i d j o n. Qiroat qilmasdan gapiring, pora, poraxo‘r to‘g‘risida gapirmoqchimisiz?
Q o r i. Tasadduq!
O b i d j o n. Bironta poraxo‘rni bilasizmi?
Q o r i. Hay-hay... Boshimga hazrati Alining zulfiqorlari kelganda ham haqqu haqiqatdan yuz o‘girmoq odatim yo‘q.
O b i d j o n. Xo‘sh-xo‘sh?
Q o r i. Nusratullo fosiq ekanligi ustiga porani qildek sug‘urib, ilikdek yutmog‘i maxfiy emas.
O b i d j o n. Dalilingiz bormi?
Q o r i. Qasamdan o‘zga dalilim yo‘q, tasadduq!..
Bitta go‘l poraxo‘rni tutishdan ko‘ra yigirmata uchar o‘g‘rini tutish osonroq. O’g‘ri urgan kishi "dod, o‘g‘rini ushla!" deydi, pora bergan kishi "dod, poraxo‘rni ushla!" demaydi... Bundan tashqari, birov anqov — poraxo‘rni ko‘rib turib payqamaydi... birov poraxo‘rning bilagidan oqqan moyni itday yalaydi; birov "poraxo‘r hurkmasdan olsin, bemalol yesin" deb poraning otini "sovg‘a", "hadya", "to‘yona", "yordam" qo‘yib beradi... Poraning yana bir g‘alati xili bor: xushomadgo‘y-laganbardor degan maxluq man-sabdorni sigirday yalab, junini teskari qilib tashlaydi! Mansabdor ham xush yoqib, buzoqday bo‘ynini egib turaveradi...
O’t o‘chirgani tiniq suv qidirib yurilmaydi.
...Ikkovi ham olqindi o‘g‘irlagan hakkaday, topganini bir marta cho‘qib, o‘n marta atrofga qarar ekan.
— Umidaxon qiz bo‘lib qo‘liga bitta igna olgan emas, umrida bitta piyola yuvgan emas, faqat, faqatgina o‘qigan. Shuning uchun sochini tarasa ham qo‘li qavaradi...
— Shunaqa xotinlar ham bor! Eriga kir yuvdiradi, qoshini terdiradi... Bularga qolsa bolani ham eri tug‘ib bersa!..
— Salom va tabriklar! Tabrik va salomlar! ...O’z insoniy burchlaringdan ilhomlanib, oilaviy majburiyat olganlaring bilan ham tabriklayman va aminmanki, oilaviy burchlaringni bajarishda o‘z imkoniyatlaringni hisoblab chiqib, qator qo‘shimcha majburiyatlar olasizlar va bu majburiyatlarni ham sharaf bilan bajarasizlar deb!
— ...Ammo-lekin bor bisotim ketib, o‘g‘lim qarzdor-abgor bo‘lsa hamto‘yni katta qilaman! Dushmanim ko‘p!.. O’n bir mahalladan odam aytaman... Yetti qop guruch damlataman... Bu Mukarramxonu Halimaxonu Tamaraxonu... hammasini mashinada oldirib ke-laman! Hammasining chakkasiga o‘z qo‘lim bilan pul qistiraman...
— Ikki ko‘zim, butun vujudim sizniki, lekin ko‘nglimni o‘zimga qo‘yib bering!
Boltang ikkita bo‘lsa, bittasining huzurini qo‘shni ko‘radi!
— Xamir ovqatga dunyoda Xitoydan ustasi yo‘q. Keliningiz ning bir xitoy dugonasi bor edi, shundan xitoycha cho‘zma lag‘monni o‘rganib olgan ekan deng... Alomat!
— Xitoy qurbaqa yeydi, deyishar edi-ku!
— Qurbaqani ham xamirga o‘rab yeydi!..
— Yopiray, odamning uyqusini keltiradigan bunaqa gaplarni qayoqdan topasizlar? Burungi maddohlar yolg‘on gapni qoyil qilib odamlarni yig‘latar edi, bular rost gapni gapirishsa, odamning yo uyqusi keladi, yo kulgisi qistaydi!
Odam ko‘nglidagi ishini qilmagandan keyin ko‘nglidagi gapni gapirolmas ekan. Ko‘nglidagi gapni gapirolmagandan keyin nima qiladi, birovning gapini o‘qiydi-da!
— Bizning uyimiz uy emas, qizil vagon, kommunizmga qizil o‘ vagonda ketayotganga o‘xshaymiz!
— Men beti qattiq, siz beti yumshoq bo‘lib qoldingizmi? o‘ Qachondan beri? Ayting, chislasini ayting, bilib qo‘yaylik!
Temirchi degan kuyib-kuyib temirchi bo‘ladi-da!
Bolalar charchab o‘yin buzilganda narigi tomonning boshlig‘i — hammadan ko‘proq shovqin solib yelib-yugurgan bola meni pay-qab oldimga keldi, menga boshdan-oyoq razm soldi-yu, birdan:
— Kelgindi! — deb urgani qo‘l ko‘tardi.
— O’zing kelgindisan! — dedim ehtiyotdan orqaga chekinib. Bola bir irg‘ib mening kallamga qo‘yib yubordi. Men javob qilolmadim — qarasam, boshqa bolalar ham urmoqchi bo‘lib, ilonni ko‘rgan chumchuqday atrofimda chug‘urlashib turishibdi. Shu payt bizni kuzatib turgan kichkina salla, uzun malla to‘nli novcha chol:
— Qo‘yinglar, bolalar, tegmanglar, kelgindi bo‘lsa o‘zi bo‘libdimi, xudo qilgan, — dedi.
Bolalar darrov tarqalishdi. "Kelgindi, kelgindi it" degan gapni Olim buvadan eshitganimda buning haqoratdan tashqari yana odam hazar qiladigan ma’nosi ham borligini bilmagan ekanman, cholning bu gapi boshimdan kirib, tovonimdan chiqib ketdi.
Yosh bir juvon mahalladagi hamma erkaklarga laqab qo‘yib hammaning ichagini uzdi: Madamin — talmov, bu odam hamisha talmovsirar ekan; G’ani — salang, bu odam juda novcha bo‘lib, salanglab yurar ekan; Nurmat — tajang, bu odamning hech to‘g‘ri gapi yo‘q, nima desa xunob bo‘lib aytar ekan. Juvon dadamga "Chinoq" deb laqab qo‘ydi, hammadan ham shu kulgi bo‘ldi: ayam shuncha yil turib dadamning qulog‘i kemtik ekanini ko‘rmagan ekan.
Semiz xotin bilagimdan mahkam ushladi.
— Gapirasanmi, yo‘qmi? — dedi va o‘rnidan qo‘zg‘aldi. — Hozir ishtonimga qamab qo‘yaman!..
Men uning qo‘lidan chiqib qochdim. Xotinlar xo‘p kulishdi.
Yanagi hafta bir pud guruch damlab meni sunnatga yotqizishdi. Ota-onam bunchaligini kutmagan bo‘lsa kerak, imom boshliq butun mahalla to‘yga kirganda "xayriyat" deyishdi. Osh ustida "Zinger"dan gap ochilganda mahallamizning imomi "Zinger" tikkan kiyim namozlikka yaramaydi", dedi.
Dadam "Zinger"ni eski qopga o‘rab tandirning tagiga tiqib qo‘ydi...
Ayam o‘g‘ridan ham ko‘ra to‘pponchamiz borligini birov bilib qolishidan qo‘rqar, uning nomini aytish kerak bo‘lib qolsa, "to‘pponcha" emas, "moshina-qo‘shiq" der edi. Dadam bir kuni ayamni urishib berdi:
— Unaqa demagin, tag‘in "moshina-qo‘shiq" ham olibdi, degan gap chiqmasin!..
Muyulishdagi ko‘prik boshida bolalar turishgan ekan, yaqin bordim. Bular mendan yotsirashmadi. Gaplashib ketdik. Biroq ko‘p o‘tmay bular mening har bir so‘zimdan kula boshladi, biri "qishloqi" deb qo‘ydi. Men, masalan, "do‘kan", "non", "bola" deb o‘rganganman, bular "dikon", "nun", "bala" deyishar ekan.
Saharga yaqin amakim ona-bolaning qo‘shmazor bo‘lishidan qo‘rqdi shekilli, xotinini bir bahona bilan qo‘shnisi — yaqinda qazo qilgan Abdurazzoq yamoqchining uyiga eltib qo‘ydi. Savriniso o‘sal ekan shekilli, dadam chuqur xo‘rsinib ayamga: "Bechora tugab boryapti, ko‘zlarini ko‘rdingmi, dunyoga to‘ymayotipti", dedi.
Savrinisoning qirqi o‘tgandan keyin Azim duduq yo‘qolib qoldi... Ko‘rgan kishi: "Yo‘l bo‘lsin, Azimboy" desa, Azim: "Oyim o‘ttiz bo‘ldi", degan emish.
Qo‘qonning bo‘ri bo‘lib uliydigan va mushuk bo‘lib vag‘illaydigan kuz shamoli boshlanib ketdi.
Kampir jussasiga, hol-ahvoliga butkul mos kelmaydigan o‘ qattiq va vahimali tovush bilan onamga vag‘illadi.
— Tur. Chiqib qorni kura! Yig‘lama deyapman, huv ko‘zyoshing o‘z boshingni yesin!
Ayam o‘pkasini tutishga harakat qildi:
— Qor tinsin, undan keyin kurarman... Kampir yana vag‘illadi:
— Qor qachon tinishini — xudoning ishini qayoqdan bilasan, arvak!
— Lafzingizdan qaytasizmi? Odamga puldan ham, moldan ham ko‘ra lafz kerakdir deyman! Mayli, lafzim yo‘q, odamgarchiligimning tagi teshik, desangiz shunga qarab gaplashamiz!
Dadam azayimxonlikni bas qildi, kelgan xotin-xalajni "duo menga yuk tashladi", deb qaytaraverdi. Biroq "duo yuk tashlagan temirchi piyrim"ga xotinlarning ixlosi kundan-kun ortar, eshikdan qo‘ymasa teshikdan kirishar edi.
— Taqsir, temirchilik Hasti Dovuddan qolgan hunar, bu ham savob ish. Hazrati Ali bir sohibqiron kofir bilan yetmish botmonlik zanjir tortishganlarini, kofirni sudrab musulmon diniga kirgizganlarini bilasizmi?
So‘fi shoshib:
— Bilaman, bilaman! — dedi.
— Bilsangiz, hazrati Ali kofir bilan tortishgan yetmish botmonlik o‘sha zanjirni temirchi yasab bergan!
So‘fi o‘zini dono va bilimdon ko‘rsatish uchun:
— Yo Bahovuddin! Gapimiz bir joydan chiqqanini qarang, imomga men ham xuddi shundoq degan edim-a!.. — dedi.
Tubjoy itdan ko‘ra, musofir itning quturgani yomon bo‘ladi...
Babar tovdondan, vassa bo‘yra shipdan is yig‘ib kampirga berdi. Kampir yaralarga is bosib bog‘ladi. Juvon anchadan keyin ko‘zini ochib, vahima ichida:
— Quturgan it edi shekilli? — dedi. Kampir unga tasalli berdi:
— Quturgan bo‘lsa nima, ering Teshiktoshga olib boradi. Teshiktoshdan ikki marta o‘tsang ko‘rmaganday bo‘lib ketasan, — dedi, keyin o‘zi bormagan, ko‘rmagan bo‘lsa ham Teshiktosh haqida gapirib berdi: — Teshiktosh uzoq. Vachqirdan ham nari, bulut suv ichadigan daryoning bo‘yida. Ovchilar shu daryoda bulut ovlashadi, suv ichgani tushganda otib olishadi. Har o‘q uzilganda supraday-supraday bulut uzilib tushaveradi...
Ali laylak qishloqning yigitlarini so‘ka ketdi:
— Bu zamonning yigitlari hezalak bo‘lib ketgan! Zog‘ora unday qovushmaydi! Buni yuzboshi ham, boshqasi ham biladi-da, shuning uchun hech narsadan tap tortmay qilg‘iligini qilaveradi. Hammamiz lattamiz, latta bo‘lmasak bu zang‘ar yuzboshining har boshiga ming balo yog‘dirmasmidik!
Ochlik bo‘lganda dehqon kelisining kiri, tegirmonchi do‘ppisining changi bilan bo‘lsa ham nariroqqa borib oladi, lekin kosibga qiyin.
Sunbulaning oxirlarigacha ko‘p hovlilar, butun-butun mahallalar huvillab boyqushxonaga aylandi. Vu hovlilarda pishgan mevalar, yegani odam bo‘lmay yoki odamlar hazar qilib, to‘kilgan joyida chirib, shoxida qolib ketar edi. Nihoyat, o‘likdan "er to‘ydi" — vaboning shiddati susaydi...
Albatta, Buxoroyi sharifning har bir g‘ishti ilm, har bir toshi hikmat, lekin xazinaga kirgan mushuk zarga qaramaydi, sichqon ovlaydi!
— Xotin olgani bilan o‘zi oliptimi, dadasi olib bergan...
— Xotinni hammaga ham dadasi olib beradi-da! — dedi G’afforjon.
Bolalardan yana biri:
— Xotin o‘z-o‘zingnikimi, nima qilsang qilaverasanmi, ura olasanmi? — dedi
G’afforjon kerildi:
— Uraman! O’ldirib qo‘yaman!
Akram degan bola... bir darsda domlaga: "Nima uchun ona tili deymiz, ota tili desak bo‘lmaydimi?" deb savol berdi. Shu masala Toshkentda bo‘lib o‘tgan imlo konferentsiyasida ham ko‘tarilgan, bunga Fitrat degan kishi: "Biz onamizdan tug‘ilganimizga shubha yo‘q, lekin otamizdan bo‘lganimizga shubhalanish mumkin", deb javob bergan ekan. Domla shuni aytdi.
Qarindoshlar kirib bemorni ko‘rmoqchi bo‘lishdi, lekin doktor faqat uch kishiga ijozat berdi. Kirib chiqqan qarindoshlardan bukri bir kampir ko‘ziga yosh olib, "Bechora chehra ochayotibdi", dedi. Pastlatilgan chiroq uzoq lipillaganidan keyin butkul so‘nish oldida bir lipillab yog‘du sochgani singari, tugab qolgan kasal ham abadiy ko‘z yumish oldida shunaqa quvvat paydo qilib chehra ochar ekan.
Anvarning Muhayyo, ya’ni Hakimjonning qizi bilan munosabat paydo qilishi uning uchun (Marg‘uba nazarda tutilmoqda — I.H.,) ko‘zlariga six qizdirib tiqish va har bir sog‘ tishini ombur bilan haftalab sug‘urish bilan barobar edi.
Dastlabki bir-bir yarim oyda Hakimjon Marg‘ubaga o‘ntacha xat yozdi. Biroq Marg‘ubadan bitta javob keldi, xolos. U ham qabr toshida yozilgan xatday sovuq, undagi "sog‘inchli salom", "jonim", "judolik" singari so‘zlar qabr toshiga ilingan rang-barang qog‘oz gullarga o‘xshardi.
Qop-qora tunda charaqlagan yulduzlar, qish qa’ridan bahor quchog‘iga otilib chiqqan rasida qizlarning jamoli ta’rifga sig‘adimi?
— Men sizni ulgurji olganman, xonim, ko‘tarasavdo bo‘lgansiz! Ko‘zingiz ham, qo‘lingiz ham, jilmayishingiz ham shunga kiradi!..
— Rashk juda-juda chiroyli narsa, lekin siz buning xunugini chiqarib yuborayotibsiz. Hozir shundoq bo‘layotibdiki, go‘yo men bir xalta yong‘og‘u ehtiyot qilmasangiz, mahkam ushlamasangiz to‘kilib-sochilib ketaman!..
Anvar suratni qo‘liga oldi... Uning ko‘z oldiga Muhayyo keldi. Muhayyoning oldida esa Muattar ancha xunuk, suratda cho‘chigan kalamushday pisib, baqrayib turar edi.
— Ersiz xotinning boshiga Buxorodagi yuvindi to‘kiladi, jon qizim!
Xotin-xalajning soyasi yupqa bo‘ladi.
Javlon Muhayyo to‘g‘risida Marg‘ubaning aytgan so‘zlaridan, qo‘ni-qo‘shnilarga shaqillashidan "Muhayyo erkak kishi qo‘lini ushlasa, yubkasi tushib ketadi" degan xulosaga kelgan edi.
— Men boshingizning sirti shunaqa silliq, pashsha qo‘nsa toyilib tushadi desam, ichi ham shunaqa, hech narsa turmaydiganga o‘xshaydi.
— Bilasizmi, bir-biriga o‘xshagan, bir-biridan sovuq quyma gaplarni eshitgani yuragim bezillaydi. Bironta odamning qalb so‘zini, bironta odamning issiq nafasini sezmayman.
— To‘g‘ri... Haqiqatda qiz tekkan! Bu qizligida o‘zini quritib olgan, hozir ham qiz! I... i... Do‘zaxga ham qizligicha tushadi.
— Kampirim mening uchun uzatgan oyog‘ini yig‘maydi. Oramizda mehr-muhabbat yo‘q! Qachon o‘ladiyu ko‘zini cho‘qiyman deb quzg‘unday tepamda aylanadi.
— Qiziq, — dedi Anvar, — har boshda bir savdo: birov yanglishadi, birovni birov yanglishtiradi, birov yurgani yo‘l topolmaydi, birov bor yo‘ldan yurolmaydi... Esimda bor: ayam meni alqamoqchi bo‘lsalar "boshing toshdan bo‘lsin" der edilar, haqiqatan, bu dunyoda odamning boshi toshdan bo‘lishi kerak ekan.
— Bu xotin boshiga keltirgan hamma ko‘rguliklari uchun negadir mendan qasos olmoqchi bo‘ladi, qalbida gazaklab ketgan chipqon og‘rig‘iga mening ko‘z qorachig‘im dori deb o‘ylaydiyu har bahona bilan nuqul chang solib, ko‘zimni o‘yib olmoqchi bo‘ladi.
Hayotda o‘q yeb qaltis yarador bo‘lgan bu qashqirdan har narsa kutish mumkin.
Qaldirg‘och bolasini uchirma qilganida bo‘ynidan tishlab uchmaydi...
— Olamga eshigingizning tirqishidan qaramasangiz, sizga ham hech gap bo‘lmas edi.
— Yoshlarning ishi shu-da, ro‘zasini sholg‘om bilan ham ochaveradi!
Ikki satr she’rda berilgan fikrni ming xil qilib aytsa bo‘ladi, lekin bu ming variantning hech qaysisi shu ikki satrday (agar u haqiqiy she’r bo‘lsa) ham sodda, ham qisqa, ham kuchli, ham ta’sirli bo‘lolmaydi. Bundagi vazn bilan qofiya ham "to‘g‘ri so‘z"ni she’r qilish uchun emas, shu fikrni ifoda qilish uchun zaruriy bo‘lib qoladi.
Hech bir ilmiy fikr yo‘qki, bevosita yoki talay vositalar o‘ orqali bo‘lsa ham odamlarning ehtiyojini qondirishga qaratilgan bo‘lmasin. Zotan, ilm ehtiyojdan tug‘iladi emasmi?
Ocherk odamni zavqlantirmasa, ocherk bo‘lgani uchun emas, balki yomon yozilgani uchun zavqlantirmaydi. Yemon yozilgan hikoya, povest, roman zavqlantiradimi bo‘lmasa?
Ko‘pincha yosh hikoyanavislar aytmoqchi bo‘lgan fikrlarini juda ham aniqlab olmaydilar-da, nazarlariga qanday de-tal, qanday tafsilot, qanday so‘z yaxshi ko‘rinsa hikoyaga kiritaveradilar. Natijada hikoya shishib ketadi yoki hech tamom bo‘lmaydi.
She’r — bir mo‘‘jiza. Uning mo‘‘jizalik sirlaridan xabardor bo‘lish, bu sirlarni jilovlash har kimga ham muyassar bo‘lavermaydi. Bunga erishish uchun zehn, sabr va mehnatdan boshqa yana nimadir kerak.
Bir filosof "Haqiqiy holni ko‘rmasdan quvonib yurgandan ko‘ra, haqiqiy holni ko‘rib azob chekkan yaxshi", debdi.
Qalb bo‘lmagan yerda san’at yo‘q.
Zaruratsiz, ichki dardsiz, ehtirossiz yozilgan asar o‘lik bo‘ladi. Bundoq asarga hech qanaqa g‘oya, muhim mavzu jon kirgizolmaydi.
Ko‘p so‘z yolg‘onning yuzini pardalash uchun kerak. Haqiqat shunday jononki, pardoz uning husnini buzadi.
O’lik asarlar, xususan — ehtiros-ilhom, ya’ni yurak qoni bilan yozilib yashnab turgan asarlar yolqinida yana ham xunukroq ko‘rinadi.
G’uncha guldan ham go‘zalroq. Chunki uning bag‘rida ikki hayot — o‘z hayoti va yana gul hayoti bor.
Agar yozuvchining axloq kodeksi tuziladigan bo‘lsa, men halollik bilan shijoatni birinchi modda qilib qo‘yar edim, chunki yozuvchining boshqa hamma xislatlari uning qay darajada halol, naqadar shijoatli zehniga bog‘liq.
Adabiy vahimachilikdan hanuz qutulmagan shubha bandalari tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji bo‘lsa, yozuvchining boshiga chertib ko‘rishni, bulardan albatta nuqson topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mishmishlarga oziq berishni o‘zining kasbi hisoblaydi.
Yozuvchi o‘z ijodiy ishidan hech qachon qanoat qilmaydi, qanoat hosil qilgan kuni, menimcha, yomon qarigan laqma cholga aylanadi...
Mustamlakachilik faqat mamlakatni g‘orat qilmaydi, undan ham yomonrog‘i — odamlarning, xalqning ruhini g‘orat qiladi, shunday qiladiki, qul hayotini kechirayotgan, insonga nomunosib hayot kechirayotgan odamda shu hayotga qarshi norozilik, isyon ruhi butkul so‘nadi.
Yozuvchining qulog‘i hamisha xalqning ko‘ksida bo‘lishi, uning qalbidagi hayajonni darhol sezishi, ilg‘ab olishi, shundan ilhomlanishi, asarini mana shu ilhom, kuchli ehtiros bilan yozishi kerak. O’shanda yozuvchi xalqning tili uchida turgan gapni aytadi, xalq dilining tarjimoni bo‘ladi.
Asar to‘g‘risida eng to‘g‘ri, xolis yozilgan taqriz kutubxonaning daftarida bo‘ladi.
Bilgan kishi bilib qo‘ya berishi mumkin, lekin his qilgan kishi his qilib qo‘ya bermaydi...
Asarning g‘oyasini qidirishga ehtiyoj bormi? Asar o‘quvchida qanday ta’sir qoldirsa, uni qaysi yo‘lga boshlasa — g‘oyasi o‘sha-da.
Ajoyib it, o‘g‘ri kirganda olkishlasang, yotib dumini yalaydi...
Men adabiyotga qadam qo‘ygandan beri adabiyotga kirib-chiqqan odamlarning soni boru sanog‘i yo‘q.
Ararat to‘g‘risida shuni aytgim keladi: bu tog‘ bir beti bilan quvonib jilmayadi, bir beti bilan qon yig‘laydi...
Qadim zamonda "Tabiat bo‘shliqdan qo‘rqadi" deyishar ekan. Haqiqatan, yaxshi narsa bo‘lmagan joyga yomon narsa suqilib kirib oladi.
Talant uchun eng xavfli shira "ofarin"chilikdir.
Hasti Xizr sahroda bir ko‘rni ko‘rib rahmi kelibdiyu: "Ey bandai xudo, tila tilagingni", depti. Ko‘r xudodan ko‘ziga nur tilash o‘rniga: "Ey hasti Xizr, xudodan tilab bergin, olamdagi hamma odamlarning ko‘zi ko‘r bo‘lsinu mening alamim bosilsin", degan ekan...
Tanqid yomon asar bilan kitobxon orasida dallol, shirinkomaga vijdonini sotadigan yuraksiz dallol bo‘lmasligi kerak.
Abdulla Qodiriy, ba’zi bir odamlar aytmoqchi, "bir-ikkita risola yozgan" anchayin bir yozuvchi emas, balki yangi davr adabiyoti, Yevropa adabiyoti gazi bilan o‘lchanganda ham to‘la-qonli asarlar yozgan, o‘zbek romanchiligini boshlab bergan ulkan adibdir.
Bir ketmon urib, tahsin va ofarin umidida atrofga qaragan odam shu bilan ikkinchi ketmon urishdan ojiz ekanini ko‘rsatadi.
Yozuvchini hech qachon hech kim ko‘tarmaydi. Yaxshi yozuvchini yaxshi asarlari ko‘taradi, yaxshi yozuvchi ko‘tarilib ketganini hatto o‘zi bilmay qoladi.
Tuyg‘usiz, ilhomsiz yozilgan asar changlanmagan gulga o‘xshaydi — meva tugmaydi.
Yozuvchining... vazifasiga adabiyotni har qanday balo-qazodan qo‘riqlash, adabiyotning sergak, jasur posboni bo‘lish ham kiradi.
Xalqning ko‘ksida dimiqib yotgan alomat va juda-juda zarur gapi ko‘p bo‘lishi turgan narsa. Haqiqiy yozuvchining... qulog‘i mana shu xalqning ko‘ksida bo‘lmog‘i kerak.
Mashina paxtakorning mehnatini naqadar yengillatgan, uni mashaqqatdan naqadar qutqargan bo‘lsa ham, hanuz qiz-juvonlarimizning husn-latofati paxtazor jo‘yaklarida qolib borayotipti; studentlarimiz hanuz to‘liq tahsil ko‘rmayotipti; qishloq bolalari hanuz maktabdan chalamulla bo‘lib chiqayotipti.
Talant qanchalik katta, qanchalik qudratli bo‘lmasin, harnechuk yuzada bo‘lmaydi, konga o‘xshash yerning qa’rida bo‘ladi...
Yozuvchining umri yil bilan o‘lchanmaydi, ijodiy faoliyatining samarasi bilan o‘lchanadi.
Chiroqni odam uzoqdan ham ko‘radi, lekin chiroq ushlagan odamni ko‘rish uchun chiroqdan ko‘zni pana qilish kerak...
Muhtaram tanqidchilarimiz Muqimiyning ijodidan bitta shaftoli danak topib olib, "mana, ko‘rdilaringmi, Muqimiy shaftoli ham yegan", deyishadi...
Yozuvchi adabiyotga ikki xil kiradi: birinchi asari bilan tutab, birinchi asari bilan yashnab kiradi...
Adabiyotda umr bo‘yi tutab yurgan yozuvchilar hech qachon o‘z mahallasi doirasidan tashqariga chiqolmaydi, lekin o‘zini klas-sik hisoblaydi. Shuning uchun bularni "mahalla klassiklari" deb atash mumkin.
G’alati-g‘alati "nazariya"lar o‘zi ko‘karib, o‘zi qurib yotipti...
Boshqa ishga yaramay, adabiyotda tanqidchilik qilib kun ko‘rib yurgan tanqidchi qo‘rqoq qorovulday, har sharpadan cho‘chib sha-qildoq chalaveradi.
Bu odam yozuvchilik mehnatini faqat yozishdan iborat deb o‘ylaydi.
Asar ilhom bilan yozilsa, obrazlar o‘z-o‘zidan gavdalanadi, hatto o‘zining qiladigan ishini, aytadigan gapini yozuvchiga aytib, luqma solib turadi...
...Menga ishonib zimmamga xalq yozuvchisi bo‘lish burchini yuklagan xalqimga bosh egib ta’zim qilaman. Xalq yozuvchisi bo‘lishdek burchni bajara olishimga ko‘zim yetadi.
«Tafakkur» jurnalining 2007 yil, 4-sonidan olindi.