Chechenlar (o‘zlarini noxcho deb atashadi) — asosan, Checheniston (1,031 ming kishi, 2002) va Ingushiyadagi xalq (95,4 ming kishi). Rossiya Federatsiyasida jami — 1,36 mln. kishi (2002). Chechen tilida so‘zlashadi. Dindorlari — sunniy musulmonlar. Chechenlar qardosh ingushlar kabi Shimoliy Kavkazning tub aholisi hisoblanadi.
Ingushlar (o‘zlarini galgay deb ataydilar) — Rossiya Federatsiyasidagi xalq (413 ming kishi, 2002). Ingushiya Respublikasining asosiy aholisi (361 ming kishidan ortiq). Checheniston, Shimoliy Osetiyada ham yashaydilar. Ingush tilida gaplashadilar. Dindorlari islomning sunna mazhabida. Yevropeoid irqiga mansub.
• Uzoqdagi surnay yoqimli eshitiladi.
• Oldinga qaramay qadam tashlama, atrofga qaramay so‘z boshlama.
• Behuda akillagan it bo‘riga yem bo‘ladi.
• G‘iybatni eshitish ― kasallik, eshitmaslik ― dori.
• Chiroyli qiz eski ko‘ylakda ham chiroyli.
• Muqarrar mag‘lubiyatdan chekinish qo‘rqoqlik emas.
• Yaxshi so‘z tog‘ni ham joyidan jildiradi.
• Mevadek shirin bo‘lma, kim oldingdan o‘tsa, yeb ketadi.
• Go‘zallik ― kechgacha, ezgulik ― o‘limgacha.
• Ikkita xotini borga it kerak emas.
• Sovuq bo‘lmasa ko‘lning sathi muz bilan qoplanmaydi.
• Bulutsiz yomg‘ir yog‘maydi, kulfatsiz ko‘zga yosh kelmaydi.
• Teshik idishni to‘ldirib bo‘lmaydi.
• Oq qo‘llar boshqaning mehnatini sevadi.
• Boylik bilan aql sotib ololmaysan.
• Vaysaqini baliq ovlashga ham olib borma.
• Akasiz uka ― qanotsiz lochin, akasiz singil ― yalang‘och xipchin.
• Daydi it tayoq yemay qolmaydi.
• Ba’zida aravani qayiqqa ortishadi, ba’zida qayiqni ― aravaga.
• Tezoqar suv dengizgacha yetolmaydi.
• Buqa suti sigirnikidan quyuq.
• Mevasiz daraxtni qoqmaydilar.
• Qaysi ovulda qorong‘i tushsa, o‘sha ovulda tuna.
• Ahil bo‘lmagan oilada yaxshilik bo‘lmaydi.
• Bir kaftga ikki tarvuz sig‘maydi.
• Birovlar uchun teshgan teshikka o‘zing tushasan.
• Xushmuomalalik qullikdan taxtga erishtiradi, yomon fe’l taxtdan qullikka yetaklaydi.
• G‘azablangan ot qoziqqa qoqinadi.
• Suv boshidan toza.
• Tishsiz bo‘ri bo‘lmaydi, sovuqsiz ― qish.
• Qarigan bo‘ri chigirtkalarni ov qilarkan.
• O‘g‘ri o‘g‘rini taniydi.
• Birinchi marta boyigan kunduzi ham chiroq yoqadi.
• Quyosh nur sochgan yerga ― urug‘ ek, urug‘ni qayerga eksang ― soyasi tushadi.
• Botqoq bo‘lgan joyda nam qoladi.
• Nodon boyib ketsa xotinni ikkita qiladi, dono ― uy ko‘taradi.
• Onaning g‘azabi qorga o‘xshaydi: ko‘pgina yog‘ib, tezda eriydi.
• Ko‘p gapirish ― kumush, sukut ― oltin.
• "Mehmon suv so‘rasa ― demak och emas, so‘ramasa ― ro‘za tutgan", ― deydi xasis beka.
• Aravadagi yukning qanchaligini uning egasi biladi.
• Nok daraxtining yoniga nok to‘kiladi.
• Asli kirni suv bilan ham tozalab bo‘lmaydi, asli tozaga o‘t yoqib bo‘lmaydi.
• Do‘sting bergan otning tishiga qarama.
• Ikki dushman bir tom ostida yasholmaydi.
• Ikki marta aytilganni bulut ham eshitadi.
• Harakat ― o‘smirning baxti, halovat ― qizning baxti.
• Onasi maqtagan qizning qadri past.
• Yeyish uchun olmani ol, maza uchun ― nokni, olxo‘rini bitta tishlab, tashlab yubor.
• Kech qolganning haqini mushuk yeb qo‘ydi.
• Do‘stlarning qadr-qimmati ularning sonida emas.
• Uzoqdagi do‘st qo‘riqlanadigan qo‘rg‘onga o‘xshaydi.
• Do‘stning eskisi yaxshi, po‘stinning ― yangisi.
• Ahil mushuklar noahil bo‘rilarni yengadi.
• Ovqat ― tana ozig‘i, tush ― tetiklik ozig‘i.
• Xalq birligi ― mustahkam qal’a.
• Uch kishiga qilingan ovqat to‘rt kishiga yetib ortdi.
• Go‘sht qurtlasa tuzlaymiz, tuz achisa nima qilamiz?
• Agar ho‘kiz ozimasa, oila semirmaydi.
• Agar uyda hurmating bo‘lmasa, uyning devorida ham hurmating bo‘lmaydi.
• Ko‘p yesang asal ham taxir.
• Ta’bingga mosi topilmasa, imkon qadari ham bo‘ladi.
• Iloji bo‘lganda otaning terisini ham olib qolishardi.
• Ota yegani bilan bolasi semirmaydi.
• Nodon odam mehmonga kelsa ham, uni yaxshilab boq.
• Sen tulki bo‘lsang, men uning dumiman.
• Insonni bilmoqchi bo‘lsang, uning do‘stlariga boq.
• Ayolning aqli qurbaqaning dumidan qisqa.
• Daryo bo‘yida yashagan kechuvni biladi.
• Ma’rasang ― bo‘riga yem bo‘lasan, ma’ramasang ― cho‘pon so‘yib yuboradi.
• Kir bo‘lsang suvni ayama.
• Ko‘pni xohlasang ― ozga erishasan.
• Sog‘lom bemorning ahvolini bilmaydi.
• Kelinga g‘ijirlagan tish bolasini tishlab oldi.
• Eng go‘zal odamga ham uning bo‘yni uzun ekan, deyishdi.
• Sovchilikda itning oxurini ham misdan deyishadi.
• To‘q bo‘lsang ham yo‘lga ovqat yemay chiqma, kun issiq bo‘lsa ham ko‘ylaksiz chiqma.
• Eshakni tarbiyalaganing bilan ot bo‘lib qolmaydi.
• Echkining shoxidan sop chiqmaydi, opaning bolasi bola o‘rnini bosmaydi.
• Begona joyda tozi it quyonni tuta olmadi.
• Mingta do‘sti bor ― qoldi, ming bosh ho‘kizi bor ― o‘ldi.
• Qabohat qidirgan yomonlikdan qolmadi.
• Oti bor qolib, egari bor manzilga yetdi.
• Omadsizning uyiga kundosh keladi.
• Hamma o‘z boshini qashiydi.
• Tosh qolib, suv ketadi.
• Bekorchi gapdan bo‘tqa yaxshi.
• Nodon qo‘lidagi hanjar botirning qilichidan xavfli.
• Kalla bo‘sh bo‘lsa, oyoq charchaydi.
• Eng chiroyli narsani keltirish amr qilinganida, qarg‘a jo‘jasini olib keldi.
• Och qolsang hech qachon to‘ymasam kerak deb o‘ylaysan, to‘q bo‘lsang hech qachon och qolmayman deb fikr qilasan.
• Nima yaxshi, deb so‘rashganda, quyon javob berdi: "It seni ko‘rib qolmasidan avval uni ko‘rish".
• Agar bo‘ri ko‘rib qolmaganida echki Ka’bagacha bormoqchi edi.
• Uxlab qolsang, yostiq tanlamaysan, sevib qolsang, chiroy tanlamaysan.
• Tikanak boshida juda o‘tkir o‘sadi.
• Mushukka ― bayram, sichqonga ― o‘lim.
• Qishloqqa qarshi kurashgan ― uysiz qoladi, shohga qarshi kurashgan ― boshsiz.
• O‘tin tashigan kulini ham tashiydi.
• Natijasini o‘ylagan botir bo‘lolmaydi.
• Tuz yegan suv ham ichadi.
• Echkini yeganning boshi og‘riydi.
• Yozda bir kun yo‘qotgan qishda o‘n kun och qoladi.
• Birovning yomonligidan qo‘rqmagan o‘zining yaxshiligidan ham quvonmaydi.
• Ho‘kiz boqishni xohlagan kurak ishlatishni yomon ko‘radi.
• Kattaning gapiga kirmagan katta chuqurga quladi.
• Sarimsoq sotgani ketgan piyoz olib qaytdi.
• Igna qayerga bo‘lsa, ip ham o‘sha yerga harakatlanadi.
• Onasi qayerga sakrasa, echkicha ham o‘sha yerga sakraydi.
• Mehmon nazar qilmagan joyga xayr ham nazar qilmaydi.
• Xo‘roz bo‘lib qichqirmoqchi bo‘lgan tovuq sinib qoldi.
• Yaxshi so‘z ilonni inidan chiqaradi.
• Yomon bo‘lish oson, yaxshi bo‘lish qiyin.
• Yozda ishlamasang, qishda qozon qaynamaydi.
• Dangasaning yuvinishi ham uzoq bo‘ladi.
• Kuzdagi bug‘udan qo‘lingdagi bedana yaxshi.
• Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni afzal.
• Yer insonni boqqaniday ona bolani boqadi.
• Qasos eskiradi, lekin unutilmaydi.
• Vaqtida yolg‘on yaxshi, har doim rost yaxshi.
• Kaftingga ursalar tayoq bilan javob ber.
• Qishdan qo‘rqma, ortidan bahor keladi, kuzdan qo‘rq, ketidan qish keladi.
• Farzand bo‘lmaguncha boshpana ham bo‘lmaydi.
• Daryo doim ham bitta o‘zanda oqmaydi.
• Bir kunda to‘lash kerak bo‘lgan qarzni o‘sha kuniyoq to‘lamasang, bir yil azobda o‘tasan.
• Bilmadim ― bitta so‘z; bilaman, ko‘rdim ― mingta so‘z.
• Ho‘kizni emas, maysani qidir.
• Daryo har kuni ham axlat olib kelmaydi.
• O‘ylamay gapirma, gapirdingmi o‘z so‘zingdan qolma.
• Sixni qizdirmay kabobni pishirolmaysan.
• Otni urolmagan egarni uradi.
• So‘zingda turmasang, qasamingdan ham tonasan.
• Ketmonga o‘xshab faqat o‘zing uchun harakat qilma, chopqiga o‘xshab faqat boshqalarga ishlama, arraga o‘xsha: o‘zinggayam, boshqalarga ham foydang tegsin.
• Kambag‘allikda yashash oson, boy bo‘lib yashash qiyin.
• Do‘st bo‘lmoqchimasmisan ― tanishma.
• Osmon yorug‘ ― go‘r zulmat.
• Qaynoq bo‘tqani yeyish ham oson ish emas.
• Bulutli havo ochiq havo bilan almashadi, lekin yomon odam yaxshi bo‘lib qolmaydi.
• O‘zini tuta olmaslik ― nodonlik, sabr ― aql.
• Ishonchdan qimmatli narsa yo‘q.
• Hayotdan shirin narsa yo‘q, ko‘zdan tez narsa yo‘q.
• Pakana odam doim o‘zini sevadi.
• Sho‘rvadan kuygan suvni ham puflab ichadi.
• Eringga hushmuomala bo‘l, lekin sirtdan kafan tayyorla.
• Olovni faqat olov bilan yoqiladi.
• Olov suv bilan chiqishmaydi.
• Yozning bir kuni qishning bir oyini boqadi.
• Bitta uchqun butun ovulni yondirdi.
• Semiz eshak jardan yiqildi.
• Eshak ― boylik emas, somon ― yem emas, zardob ― sadaqa emas.
• Eshak uning qulog‘idan tortishganidan so‘nggina eshakligini bilib qoldi.
• Ko‘chish ― xonavayron bo‘lish.
• Kuzda ochirilgan xo‘rozcha xo‘roz bo‘lolmadi.
• Yomon avlod ajdodlarini maqtaydi.
• Tegirmonda bo‘lgan urushda bo‘lgan bilan tortishdi.
• Suvga borishni o‘rgangan ko‘za daryoda qoldi.
• Og‘izdan chiqmagan so‘z ― sening quling, chiqib ketganiga sen qulsan.
• O‘lik kafansiz qolmadi, kelin ― sepsiz.
• Ishlayotganlar orasiga tushsang ― ishla, yeyayotganlar orasiga tushsang ― ye.
• Zotli qush inidan kuylashni boshlaydi.
• Mol o‘g‘irlangandan so‘ng molxonani qulflamaydilar.
• Chinor qulaganda ovozi chiqmasa, qulagandan so‘ng ham chiqmaydi.
• Yoz bo‘yi yotgan qish bo‘yi yuguradi.
• "Ayiq bilan bo‘ri urushaversin, moyli ko‘zani men yeyman", ― debdi tulki.
• Uyni yondirsa ham olov yaxshi, dalani yondirsa ham Quyosh yaxshi.
• Bir marta qoqilsang, yana yetti marta qoqinasan.
• Quruq gap bilan mehmonni boqolmaysan.
• Sharmandali hayotdan yaradan o‘lgan afzal.
• Ketishdagi emas, kelishdagi o‘lchov to‘g‘ri.
• Molboqarni so‘kishsa, ikki echkisi bor uyalib ketdi.
• Qurol bir kishi o‘ldiradi, til ― ming kishini.
• Izg‘igan tulki yotgan bo‘rini yutdi.
• Cho‘ntakda pul bilan qorli tog‘dan tarvuz olasan.
• Xotining bilan maslahatlash, lekin teskarisini qil.
• O‘t bilan o‘ynashma, suvga ishonma.
• Yaxshi do‘st bilan dunyoning narigi chetiga ham ketsang arziydi.
• Qizingga ayt ― kelining eshitsin.
• Xunuk qarg‘a xunuk qag‘illaydi.
• Eshakning oldida turgan sigir eshakka o‘xshab hangradi.
• Ko‘r boshqaning ko‘zidagi dog‘ni ko‘ribdi.
• "Bilmayman" so‘zi ming dinordan qimmat.
• Xotinning o‘limi ― to‘shak almashishi.
• Itning dumiga suv yetmaguncha suzmaydi.
• Tishlangan olmani qayta yopishtirib bo‘lmaydi.
• Qarisang ― yosharmaysan, o‘lsang ― iymon keltirmaysan.
• Suvdan qutulib tegirmon ostida qoldi.
• Sen mag‘rur qo‘y bo‘lsang ham bo‘rilar o‘sha-o‘sha.
• Qari bola ko‘rmoqchi edi, zo‘riqishdan o‘lib qoldi.
• Birovning tanasidagi o‘q daraxtga sanchilgan kabidir.
• Jinni mastga yo‘l bo‘shatdi.
• Bola uylandi ― onaning beli egildi, qizini chiqardi ― beli to‘g‘rilandi.
• To‘kin kuz chiroyli bahordan afzal.
• Bashang kiyingan menga turmushga chiqmaydi, oddiy ko‘ylakdagini men olmayman.
• Quyosh chiqmagan yer isimaydi.
• Sabr ― g‘alaba qarorgohi.
• Pismiqqa ishonma, tezobdan qo‘rqma.
• Faqat urushgina urushga zarba beradi.
• O‘g‘riga faqat o‘g‘ri yordam beradi.
• Yuragi bepushtning tili serpush.
• Bo‘ridan qo‘rqqan cho‘ponning qo‘ylari ko‘paymaydi.
• Erta turgan cho‘ponning qo‘ylari ikkitadan tug‘adi.
• Eshigi oldida xo‘roz ham botir.
• Yomg‘irdan qochib, sharsharada qoldi.
• Yozda ilonni ko‘rgan qishda arqondan ham qo‘rqadi.
• Nodonning aqli ― sukut.
• Bolalikda olingani toshga o‘yilgandek.
• Eshakning dumiga osilgan cho‘kib ketdi, otning dumiga osilgan omon qoldi.
• Bilim ― ziyo, bilmaslik ― zulmat.
• Maqtalgan chavandoz bilan ot uzoqqa chopolmaydi.
• Sen turgan tepalik balandga o‘xshaydi.
• Yaxshi qurbaqa o‘z botqog‘ida yashaydi.
• Yaxshi otga bir qamchi ursang bir yilga yetadi.
• Yaxshi farzand ota qalbini quvnatadi.
• Yaxshi farzand ― qo‘rg‘on, yomon farzand ― kulfat.
• Makkaga olib borsang ham sarimsoqning achchiqligi qolmaydi.
• Tovuq kabi yashagandan xo‘roz kabi o‘lgan afzal.
• Tilamchilik qilgandan cho‘pon bo‘lish sharafliroq.
• Qozondagini kapgir biladi.
• Aqlda bori so‘zga sakrab chiqadi.
• Senga nima yoqsa, o‘sha go‘zal.
• Olmadan faqat olma pishadi.
• Tilning oyog‘i yo‘q, lekin uzoqqa boradi.
D.Tojialiyev tarjimalari