OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Kabardin xalq maqollari (75)

Kabardinlar (o‘zlarini adigelar deb ataydilar) — Shimoliy Kavkazdagi xalq. Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Kabarda-Balkariya Respublikasida (499 ming kishi, 2002), Krasnodar, Stavropol o‘lkalarida hamda Shimoliy Osetiyada ham yashaydi. Rossiya Federatsiyasida umumiy soni 520 ming kishi (2002). Kabardin-cherkas tilida so‘zlashadilar. Dindorlari, asosan, sunniy musulmonlar, pravoslavlar ham bor.


• Beshik yasalgan insonga tobut ham yasaladi.
• Ozg‘in sigirni boqsang, labing moy bo‘ladi, och odamni boqsang, to‘ygach, labingga uradi.
• Oltin go‘ngda ham zanglamaydi.
• Itni yegani uchun ham, yemagani uchun ham uradilar.
• Go‘ngqarg‘a ham bolalarini chiroyli deydi.
• Qayerga yiqilishingni bilganimda gilam to‘shab qo‘yardim.
• Agar bodringga yaxshi bo‘lish yozilmagan bo‘lsa, u tirishib o‘sadi.
• Daryoda oqqan tikanga ham yopishadi.
• Chivin zo‘rg‘a yuradi, lekin sherning qonini ichadi.
• Seni boshing yoqqanga oyog‘ing ham yoqadi.
• Tikandan tikanak tug‘iladi.
• Ho‘kizni angishvonaga o‘tqazmoqchi bo‘ladilar.
• Miskinning to‘rvasi to‘lmaydi.
• Sening azang ― mening azam, sening najoting ― mening najotim.
• Cho‘ponsiz poda ham yo‘q.
• Kasallik oson kelib, qiyin ketadi.
• Qardoshning ortiqchasi bo‘lmaydi.
• Bir joyda tuxum qo‘yib, boshqa joyda ochadi.
• O‘rmonga o‘tin olib bormaydilar.
• Birovning otaridagi qo‘yni sanama.
• Darvozasi temirdan, lekin ignasi ham yo‘q.
• Har ishning oxiri bor.
• Hatto ignayam odamga yaxshilik ham keltirishi mumkin, yomonlik ham.
• Odamning ikkita ko‘zi bor. Ular ham bir xil emas.
• Bir qinga ikki hanjar sig‘maydi.
• Tutun katta ― o‘choq kichkina.
• O‘nta mushuk birlashsa pishloq turgan idish ham ochiladi.
• Itning dumiga tegsang seni tishlaydi.
• Agar so‘zni oyoqqa qo‘ysang u buqaga o‘xshaydi.
• Yosh bo‘lsang yoshning qilig‘ini qil, qari bo‘lsang qarilardek bo‘l.
• Oshqozon bo‘sh bo‘lsa, oyoq harakat qilmay qo‘yadi.
• Qopqon ham aldamasa tutolmaydi.
• Kichkina qushcha ham qor ko‘chkisiga sabab bo‘lishi mumkin.
• O‘z ko‘zing ham ba’zida aldashi mumkin.
• Bitta bolasi borga ham, yuzta bolasi borga ham ular birdek aziz.
• O‘g‘rining qalpog‘idan tutun chiqadi.
• Hammaga o‘z joyi chiroyli.
• Qanday boshlasang, shunday tugatasan.
• Mo‘ylov qancha uzun bo‘lmasin, soqolni to‘solmaydi.
• Kimni sevsang, o‘sha chiroyli.
• Sening yo‘lingni o‘g‘irlagan otingni ham o‘g‘irlaydi.
• Akasi yo‘q yog‘ochni quchoqlaydi.
• Mushukning boshi siqqan joyga tanasi ham sig‘adi.
• Qisqa, lekin uzoq yo‘ldan, uzun, lekin yaxshi yo‘l afzal.
• Sher va yo‘lbars ham chumolidan qo‘rqadi.
• O‘gay ona sovuq qorga o‘xshaydi.
• Tulkining mo‘ynasi ― uning dushmani.
• Yoshlar ― chiroyli, qarilar ― ulug‘.
• Boshi og‘rimaganga bosh og‘rig‘i haqida gapirma.
• Mening qozonimga qoshig‘ingni tiqma.
• Yig‘lamagan bolani uxlatmaydilar.
• Hech qachon adashmaydigan odam yo‘q.
• Omadsizni tuyaning ustida it qopadi.
• Yolg‘on yolg‘onni tug‘adi.
• Biri sharqqa tortadi, biri ― g‘arbga.
• Bitta daraxt bilan o‘rmon paydo bo‘lmaydi.
• Qiz bolalar qancha bo‘lsa, o‘g‘il bolalar ham shuncha.
• Yomon xabar tez tarqaladi.
• Meni tulki yeganidan ko‘ra, mayli, bo‘ri yesin.
• Yomonlik qilgandan yaxshilik kutma.
• Yurak his qilmaganni ko‘z ham ko‘rmaydi.
• Ota ko‘rmagan ko‘p narsani bola ko‘radi.
• Mushukning bolasi sichqonlar ovchisi bo‘lib yetishadi.
• Yaxshi sigir buzoqligidan ma’lum.
• Ilon chaqqan arqondan ham qo‘rqadi.
• Cho‘kayotgan o‘z sochiga ham osiladi.
• Yaxshi havoda topolmagan narsangni bo‘rondan qidirma.
• Yurakda yo‘q narsa tilga ham chiqmaydi.
• Bir marta og‘izga kirgan yana yuz marta kiradi.
• Kimgadir dori bo‘lgan narsa kimgadir ― zahar.
• Kichik to‘y ham, katta to‘y ham ― barobar.
• Bir teshikdan o‘tgan yuzta teshikka ham sig‘adi.
• Qilich yaralagan jarohat tuzaladi, tilniki tuzalmaydi.
• Hech nimadan ko‘rsa, nimadir yaxshiroq.
• Tili shirin, ammo yuragi achchiq.

D.Tojialiyev tarjimalari

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.