Udmurtlar (eski nomi — votyaklar) — Rossiya Federatsiyasidagi xalq (636,9 ming kishi, 1992), Udmurtiyaning tub aholisi (460,5 ming kishi). Shuningdek, Tatariston (24,2 ming kishi), Boqirdistonda (22,6 ming kishi) va boshqa viloyatlarda yashaydi. Umumiy soni 747 ming kishi (1990-y.lar o‘rtalari). Udmurt tilida so‘zlashadi. Dindorlari — pravoslavlar. Mahalliy dinlarga e’tiqod qiluvchilari ham bor, tatar va boshqirdlarga yaqin yashaydiganlari Islomni qabul qilgan.
• Shamolsiz zarangning yaprog‘i ham shitirlamaydi.
• Suzag‘on sigir shoxsiz buzoq tug‘adi.
• Bo‘rini qo‘yga aylantirib bo‘lmaydi.
• Oqargan ko‘ylakni yangi qilolmaysan.
• Ikki ayiq bir uyaga sig‘maydi.
• Turna turnani doim topadi.
• So‘rov uchun yuzga urmaydilar.
• Qayerga yiqilishimni bilganimda somon to‘shab qo‘yardim.
• Ba’zida qarg‘a ham kakkuni tarbiyalaydi.
• Tolni kesib tashlasang ham baribir tagidan chiqaveradi.
• Yelimli daraxtga yopishsang, kir bo‘lasan.
• Ponani pona bilan qoqadilar.
• Mushuk qaymoqni qo‘riqlolmaydi.
• O‘rin yumshoq bo‘lsa qattiq uxlaysan.
• Qo‘ldagi yiring butun badanni og‘ritadi.
• Yomon urug‘dan yomon meva olasan.
• Mehnat bilan qo‘ling uzilib qolmaydi.
• Chetan ekib olma kutma.
• O‘lgan mol ― sutli.
• Bug‘doy ekib ― kurmak oldi.
• Bo‘ri qochgandan so‘ng, o‘q otmaydilar.
• G‘ichirlagan daraxt uzoq turadi.
• Qaymoq tagiga cho‘kadi.
• Bulut bor ― yomg‘ir bor.
• Birovning yiringi og‘rimaydi.
• Otning to‘rtta oyog‘i bor, shunda ham qoqiladi.
• Bir kallada ― bir aql, ikki kallada ― ikki aql, qo‘shni va qabilaning aqli ― hammaga aql.
• Yog‘ochning ikki uchi bor.
• Popning yengi uzun, cho‘ntagi chuqur.
• Popning ildida xoch, orqasida qop.
• Yo‘qolgan pichoqning sopi oltindan.
• Eshitganni ko‘rgan bilan solishtirib bo‘lmaydi.
• Yaxshi xotin ― yarim davlat.
• Bitta oyna bilan butun ko‘chani ko‘rib bo‘lmaydi.
• Asli qora oq qilib bo‘lmaydi.
• Birovning aqli bilan uzoq yasholomaysan.
• Qalpoqning qaysi tomonini kiysang ham qalpoqligicha qoladi.
• Unga moy ham achchiq, ochligida suv ham shirin edi.
• Til ignadan o‘tkir.
• Tilning uzangisi yo‘q.
• Qirg‘iy qirg‘iyning ko‘zini cho‘qimaydi.
• Tongsiz shom ham tushmaydi.
• Farosatsizga go‘zal xotin uchraydi, go‘zal erkakka ― farosatsiz.
• Qo‘y bo‘lsang bo‘rilar topib oladi.
• Asal bo‘lsa pashsha topiladi.
• Yurakning o‘ti bor, lekin tutuni yo‘q.
• Begonaning chanasida o‘tirma.
• Sigirning dumi kimning qo‘lida bo‘lsa, sigir ham unga tegishli.
• Bahor yana qaytadi, aytilgan so‘zni qaytarib bo‘lmaydi.
• Hamma narsa o‘z joyida yaxshi.
• Hamma ish o‘z vaqtida bajarilgani yaxshi.
• O‘zing boqqan it o‘zingni tishlaydi.
• Boshdan yuqoriga sakrolmaysan.
• Ko‘zni quloq bilan taqqoslab bo‘lmaydi.
• Mehmon ham, mezbon ham ― barobar.
• Hadya qilingan otning tishiga qaramaydilar.
• Kun ― uzoq, asr ― qisqa.
• Sichqonga mushuk ham qo‘rqinchli hayvon.
• Saxiy doim karamli.
• Bir shox uzilsa, boshqa novda o‘sib chiqadi.
• Xotin chiroyli, qizi undan chiroyli.
• It va mushukday birga yashaydilar.
• So‘ragan og‘izga urmaydilar.
• Yomon odam o‘zini ham yomon ko‘radi.
• Ilon oq bo‘lsa ham, qora bo‘lsa ham baribir ilon.
• Bilimning oxiri yo‘q.
• O‘rmondagi daraxtlar ham yolg‘iz emas.
• Osmondagi yulduzlar ham yolg‘iz emas.
• Oz bo‘lsayam yetadi, ko‘p bo‘lsa tez tugaydi.
• Barmoq ham qisqa bo‘ladi, odamlar ham bir xil emas.
• Barmoqlar ham bir xil emas.
• Daryo ham o‘zanini o‘zgartiradi.
• Buzoqcha ham qachondir sigir bo‘ladi.
• Igna kichik bo‘lsa ham hammani kiyintiradi.
• Shoshilgan suvarak sho‘rvaga tushib qoladi.
• Qari qarg‘a bekorga qag‘illamaydi.
• Eski yangi bilan almashadi, yosh ― qari bilan.
• Qari tulkini tutish qiyin.
• It mushuk bilan do‘stlasholmaydi.
• Hamma juftini o‘zi topadi.
• Sardor qanday bo‘lsa, jamoa ham shunday.
• Ishchining qandayligi ishga bog‘liq.
• Piyoz yemagan odam sasimaydi.
• Kim mehnatdan o‘libdi?
• Jajji buzoqcha ikki onani emadi.
• Yuvosh mushuk qattiq changallaydi.
• Yuvosh odam qattiq tishlaydi.
• Faqat dangasagina kambag‘allashadi.
• Yo‘lning cheti bor, oxiri yo‘q.
• Quyonning oyog‘i uzun, dumi kalta.
• Haqiqatning yo‘li bitta, yolg‘onniki ko‘p.
• Yolg‘on bir oyoqda turadi, haqiqat ― ikki oyoqda.
• Gapirishni sevsang eshitishni ham sev.
• Kichik oyog‘i bilan tirik, qari ― boshi bilan.
• Chumoli oz bo‘lsa-da, tog‘ni kemiradi.
• Bir poy chang‘ida ucholmaysan.
• Bizning Ivan otga sakradi: dumiga uzangini qadadi, aravaga yem berdi, otning oyog‘ini moyladi.
• Xo‘rozdan tuxum kutma.
• Qiyinchilik ko‘rmasdan aqling kirmaydi.
• Ayiq bilan bir qopga tushma.
• Yig‘lamagan bolani uxlatmaydilar.
• Hech kim o‘limdan qutulgan emas.
• Sovg‘aning narxini so‘ramaydilar.
• Yolg‘on bilan to‘yib qolmaysan.
• Chiroyli kiyim kiysang, chiroyli bo‘lasan, xunuk kiyim kiysang ― xunuk.
• Yolg‘iz odamga doim zerikarli.
• Bitta qo‘y butun podani qo‘rqitadi.
• Bitta asalari ko‘pgina asalni yig‘olmaydi.
• Kech qolgan qarg‘a burnini tozalaydi.
• Kuzda kun yetti marta o‘zgaradi.
• Qarg‘adan bulbul tug‘ilmaydi.
• Erkak echkidan jun ham yo‘q, sut ham yo‘q.
• O‘z soyangdan qocholmaysan.
• Itning dumini kesganing bilan qo‘yga aylanib qolmaydi.
• Qalampirni achchiqligi uchun tashlab yubormaydilar.
• Birgalikda kuylagan yaxshi, alohida gaplashgan yaxshi.
• Yig‘i bilan darddan qutulmaysan.
• O‘limdan so‘ng insondan nom qoladi, ayiqdan ― teri.
• Yo‘qotilgan narsani yig‘i bilan topolmaysan.
• Rostlik yolg‘onni mag‘lub qiladi.
• O‘ng qo‘lni chap qo‘l bilan alishtirmaydilar.
• Och qolsang, yog‘siz non ham laziz.
• Erta turish baxtga yetaklaydi.
• Erta turgan hakka och qolmaydi.
• Ona ― issiq, o‘gay ― sovuq.
• O‘tirsang, o‘z chanangga o‘tir.
• Oy ham yorug‘, lekin Quyoshdek emas.
• Cho‘chqa osmonga qaramaydi.
• Chin dildan aytilgan so‘z uchta qishni isitadi.
• Aytilgan so‘zni orqaga qytarib bo‘lmaydi.
• Qancha yuvinsang ham suvdan ko‘ra toza bo‘lmaysan.
• Quyonning izi ayiqning iziga olib boradi.
• Ko‘r tovuqqa hamma narsa ― don.
• So‘z toshni yoradi.
• Tashi chiroyli, ichi bo‘sh.
• It hurar ― shamol esar.
D.Tojialiyev tarjimalari