(Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Tarxon ibn O’zlug‘ al Forobiy at-Turkiy)
(870-950)
Buyuk ajdodimiz Forobiy Aris daryosi suvining Sirdaryoga quyilish yeriga joylashgan Forob qishlog‘ida tug‘ilib o‘sdi.
Forobiyning yoshligi arab xalifaligi poytaxti Bag‘dod shahrida kechdi. U bu yerdagi madaniy muhitdan nafas olib, olimlar bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, falsafa ilmidan saboq oldi. Forobiy Arastuning hamma asarlarini bitta ham qoldirmay o‘qib chiqdi. Natijada Forobiyda Arastuning g‘oyalarini yengillik bilan tushunib, uning o‘z oldiga qo‘ygan vazifalari va o‘ylantirgan muammolari ko‘lamini his etish ko‘nikmalari paydo bo‘ldi. Aytishlaricha, Forobiy Arastuning «Jon haqida» deb nomlangan asariga o‘z qo‘li bilan: «Men bu asarni 200 marta o‘qidim», — deb yozib qo‘ygan ekan.
Manbalarda yozilishicha, Forobiy dastlab qozilik qilgan. Lekin keyinchalik haqiqatni izlab topish umidida davlat ishlari va qisman mudarrislik bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bir kuni yaqin kishilaridan biri Forobiyga bir qancha kitobni omonatga topshirib ketadi. Bu kitoblarning ichida Arastuning bir qancha asarlari ham bor edi. Forobiy bo‘sh vaqtlarida ana shu asarlarni bir chekkadan o‘qishga kirishadi. Aynan ana shu mutolaa uning qozilikni tashlashiga sabab bo‘ladi. Bu tasodif Forobiyning taqdirida muhim o‘rin tutadi va u buyuk olimlik maqomiga yetishadi. Ba’zi ma’lumotlarga qaraganda, Forobiy Arastuning «Tabiiy uyg‘unlik» asarini 40 marta, «Ritorika» asarini 200 marta o‘qib chiqqan.
Forobiyga Arastudan keyingi «Ikkinchi ustoz» deb nom berilgan. Chunki u xuddi Arastu kabi ilm olamining deyarli barcha jabhalariga oid qarashlarini muntazam ravishda bayon etib borgan. U buyuk shoir ham edi.
Forobiy 950 yilda hayotdan ko‘z yumdi va Damashq shahrida dafn etildi.
* * *
Forobiy shunday yozadi: «Agar saltanat har qanday talabga javob bersa-yu, ammo uni donishmandlik tark etsa, mamlakat hukumatsiz qoldi, deyavering. Bu mamlakatni boshqaruvchi hukmdor ham o‘z mavqeini butkul yo‘qotadi. Mamlakat esa halokatga yuz tutadi».
* * *
Agar hukmdor odamlarni o‘ziga bo‘ysundirish, itoat ettirish, ularni butkul o‘z izmiga solib, nima istasa, nimani buyursa, shuni so‘zsiz bajo keltirishlari uchun jang qilsa, bu adolatsiz kurashdir. Agar hukmdor kimdandir ustun turish maqsadida jang qilsa, bu ham adolatsiz urush hisoblangusidir. Bordi-yu, hukmdor kimnidir yoki kimlarnidir o‘z g‘azabini qondirish yoxud shunchaki huzurlanish uchun o‘ldirsa, bu harakat ham adolatsizlik sanaladi.
* * *
Fuqarolar bilan muloqot usullari va ularga ta’sir o‘tkazish yo‘llari sodda va tushunarli bo‘lmog‘i lozim. Aks holda odamlar hukmdorni tushunmaydilar yoki uning talabini bajarolmaydilar. Hukmdorlar dorini bemorning sevimli va ko‘p tanovul qiladigan taomiga qo‘shib ichiradigan mahoratli tabibga o‘xshamoqlari lozim. Zero, mehru muhabbat va rag‘batlantirishlar fuqarolar bilan muomalaning eng asosiy usulidir.
* * *
Hukumat rahbarida quyidagi 12 ta tug‘ma sifatlar jam bo‘lmog‘i joiz: xushbichimlik, fahm-farosatlilik, o‘tkir xotira, idroklilik, so‘zga chechanlik, ilmga chanqoqlik, har bir ishda me’yorni saqlay bilish, halollikka muhabbat va yolg‘onga nafrat, olijanoblik, boylikka nafrat, adolatparvarlik, qat’iylik.
* * *
Bir kuni Forobiydan so‘radilar:
— Kimning bilimi kuchliroq: senikimi yo Arastunikimi?
Forobiy shunday javob qaytardi:
— Men o‘sha zamonda yashab, u bilan uchrashganimda va uning qo‘lida tahsil olganimda edi, uning eng yaxshi shogirdlari safidan joy olgan bo‘lardim.