OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Franchesko Petrarka

PETRARKA
FRANCHESKO
(1304-1374)


Italiyalik faylasuf va shoir Petrarka Franchesko Aretstso shahrida tug‘ildi. Uning otasi notarius xizmatchisi bo‘lib, Florentsiyadan shu shaharga quvg‘in qilingandi.
1312 yilda uning oilasi Avenon shahriga ko‘chib o‘tadi. 9 yoshli Petrarka bu yerda ustozi Konvenevole da Prato sharofati bilan Sitseronning musiqa kabi jozibali va huzurbaxsh notiqlik san’atidan bahramand bo‘lib, bir umr uning maftuniga aylanadi. Bu haqda Petrarkaning o‘zi shunday deb yozadi: «Sitseronning so‘zlaridagi ohangdorlik va jarangdorlik meni o‘ziga shu qadar maftun etgandiki, undan o‘zga o‘qigan va eshitganlarimning hammasi qo‘pol va kelishimsizdek tuyulardi».
1326-1330 yillarda Petrarka Monpele va Bolon dorilfununining huquqshunoslik kulliyotida saboq oladi. U Bolon dorilfununida akasi Gerardo bilan birga o‘qiydi.
Petrarka 1326 yilda ruhoniylikni qabul qiladi.
1330 yilda esa kardinal Jovanni Kolonn xizmatiga kiradi va 1337 yili ilk bor Rimga safar qiladi. 1341 yilda u Kapitoliyaning birinchi shoiri degan unvonga sazovor bo‘ladi.
Petrarka Jovanni Bokkachcho (1313-1375) va Kolyuchcho Salyutati (1331-1406) kabi iqtidorli ijodkorlar bilan do‘stlashgan.
O’z o‘limini «ibodat yoki ijod damlarida qarshi olishni» orzu qilgan faylasuf 1374 yilning 19 iyuliga o‘tar kechasi — 70 yillik tavalludiga bir kun qolganda vafot etadi.
Petrarkaning quyidagi asarlari ma’lum: «Filologiya» (komediya, 1326-1336 yillarda yozilgan), «Kantsonere» (she’r va qo‘shiqlar, 1336-1358 y), «Mashhur kishilar haqida» (1338-1358 y.), «Afrika» (1342-1343 y.), «She’riy nomalar» (1350-1352 y.) va hokazo.


* * *
Har bir odamning shaxsiy tashvishi o‘ziga yetib ortadi. Nahotki sen boshingga tushgan ko‘rguliklarga boshqa hech kim duchor bo‘lmaydi, deb o‘ylasang. Yanglishasan. Deyarli hech kim tashvishlarni chetlab o‘tolmaydi. Kimning asari yoki jasorati ko‘zi ochiqligida yuzaga chiqibdi? Inson o‘limidan so‘ng shuhrat qozonadi. Buning sababini bilasanmi? Chunki hasad uning jismi bilan birga yashaydi va birga o‘ladi.

* * *
Sen avval bir razm solgin-a, hammaning og‘ziga tushgan, maqtalgan asarlar kimga tegishli? Bunday asarlarning mualliflari allaqachon bu dunyoni tark etishgan. Sening asarlaringni ham maqtashlarini istaysanmi? Dunyoni tark et! Zero, insonning o‘limidan so‘ng unga moyillik uyg‘onadi. Umrning intihosi shuhratning ibtidosidir. Bordi-yu, inson ko‘zi ochiqligida shuhrat qozonsa, bilgilki, bu yerda qandaydir g‘ayriodatiylik zohirdir. Yana bir gap aytaman: toki olamda seni taniguvchi bir shaxs qolsa ham o‘z maqsadingga to‘la erisholmaysan. Seni bilguvchilar ham qabrga kirib, ularning o‘rniga nafrat va adovatdan xoli odamlar kelgandan keyingina adolatli ajrim bo‘ladi. Ungacha mayli, davr ustimizdan istagancha hukm chiqaraversin.

* * *
Tan olib aytishim joizki, meni aynan bir odamning intilishlari orasidagi o‘zaro nizo hayratga soladi! To‘g‘ri-da, qay birimiz yozda ham, qishda ham aynan bir narsani istaymiz? Yo‘q, fikrimni tugal aytolmadim: qay birimizning bugungi va ertangi xohishlarimiz bir-biriga mos keladi, qay birimiz oqshomda ham tonggi istaklar bilan yashaymiz? Kun soatlarga, soatlar esa daqiqalarga bo‘linadi. Insonning xohish-istaklari ana shu daqiqalardan ham ko‘pdir. Men ana shu narsadan juda hayratlanaman. Odamlarning bundan ajablanmasligi esa meni yana ham hayratlantiradi.

* * *
Men o‘zim ishonch hosil qilgan bir narsaga seni ham ishontirishga urinib ko‘rmoqchiman: sen pok kishi qanday harakat qilsa, shunday yo‘l tut. Zero, hatto chirkinlik dushmani bo‘lgan pokiza jonivorlar ham uyasidan chiqqanda atrof bulg‘anganini sezsa, darhol boshpanasiga biqinib oladi. Gar bu zamin uzra bir farog‘at va yupanch topolmasang, o‘zingga qayt. O’z-o‘zing bilan bo‘l, o‘zing bilan fikrlash va hamsuhbat bo‘l, yolg‘izlikdan, o‘zing bilan tanho qolishdan sira cho‘chima. Agar o‘zing bilan o‘zing bo‘lolmasang, odamlar orasida ham yolg‘izligingcha qolasan.

* * *
Inson toki tirik ekan, yoshidan qat’i nazar, fikrlash va hukm chiqarishga qodirdir. Uning umr yo‘lida ezgulik va illatlarga ham, shon-shuhrat va sharmandalikka ham joy topiladi. Odatda kuz oyining yoqimli va barakali bo‘lishi uchun yozda mehnat qilib uning g‘amini yeyish kerak. Xuddi shunga o‘xshab, umr shomi — keksalik hayotning tussiz, mevasiz, hasratli va befoyda qismiga aylanib qolmasligi uchun yoshlikda tinimsiz mehnat bilan uning poydevorini mustahkamlash zarur. Ana shunda keksalik osoyishtalik, mo‘l-ko‘lchilik va ezgulikdan kuch oladi, foydali va quvonchli o‘tadi.

* * *
Biz to‘xtovsiz ravishda o‘lim tomon yaqinlashib boramiz deylik, men ushbuni yozayotganimda, sen o‘qiyotganingda, o‘zgalar tinglayotganda yoki tinglamasa ham o‘limga qarab boraveradi. Sen ushbuni o‘qiyotganingda men ham o‘lim tomon ketaveraman. Shu yo‘sinda hamma to‘xtovsiz ravishda o‘limga tomon harakatlanaveradi. Biz bu foniy dunyoda yashar ekanmiz, o‘lim sari tinimsiz qadam tashlayveramiz. Bu harakat ezgu ishlarimiz bilan chin dunyo — hech kim o‘lmaydigan, hamma mangu yashaydigan, hech qanday o‘zgarishlar sezilmaydigan, saodatli onlar tugab qolishidan cho‘chimay, hayot kechirish mumkin bo‘lgan olam tomon yo‘l qurib bitirgunimizcha davom etadi.

* * *
Haddan ortiq tirishish muvaffaqiyatlar yo‘lini to‘sadi. Irodaning haddan oshiq zo‘riqishi esa ishga xalaqit beradi.

* * *
Har qanday odam o‘zini o‘zgalardan osonroq kechiradi va aksincha, boshqalarni o‘zidan ko‘ra tezroq ovutadi.

* * *
Insonning ko‘ngli doimo bir xil taom tusamaydi. Bas, shunday ekan, aql ham mudom bir tarzda oziqlanavermasligi joiz.

* * *
Odatda yovuzlik ezgulikdan, dahshatli to‘fon charog‘on kundan ko‘ra ko‘proq yodda qoladi.

* * *
Tabiat bugungi kunga va kelajakka ishonch tug‘dirish uchun hayot intihosini noma’lumlik pardasi ostiga yashirdi.

* * *
Inson ayanchli ahvoldan qutulishni chin dildan istasa, albatta, maqsadiga erishadi.

* * *
Inson ruhiy kuch-quvvat yordamida erisholmagan narsasiga ba’zan or-nomus kuchi ko‘magida erishadi.

* * *
Kaltafahm va johil kimsalar deyarli hamma ishni yashirincha bajaradilar.

* * *
Kamyoblik har bir narsaning qadrini oshiradi. Agar har bir qarich yerda dur uchrasa ham oyoq ostida toptalishi turgan gap. Kamyoblik tufayli eng oddiy narsalar ham qimmatbaho xazinaga aylangan. Masalan, Liviya cho‘llarida tashnalikda azob chekkan odamlar Rum sarkardasining kaftidagi ozgina suvga ham hasad bilan qarashgan.

* * *
Maqsadim — qashshoqlikka yuz tutmay, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymay, o‘zgalarga buyruq bermay, birovlarga tobe bo‘lmay yashash.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.