OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Jordano Bruno

FILIPPO JORDANO BRUNO
(1548-1600)


Italiyalik faylasuf Jordano Bruno Neapolning sharqida joylashgan Nola shahrida mayda dvoryan oilasida tug‘ilib o‘sdi. U 11 yoshida Neapoldagi maktabga o‘qishga bordi. 14 yoshida esa Neapol dorilfununining boshlang‘ich kulliyoti talabasi bo‘ldi va falsafa, mantiq hamda dialektikadan tahsil ola boshladi. 1565 yilda u rohiblik maktabiga o‘qishga kirib, falsafa fanlari doktori va rohiblik darajasiga erishdi. Yosh Brunodagi tug‘ma iste’dod, ibodatxonadagi kitoblar hamda fe’l-atvoridagi mag‘rurlik va mustaqillik hammasi bir bo‘lib o‘z ishini qildi. Bruno ibodatxonadagi din peshvolari bilan kelisholmay avval ibodatxonani, keyin Italiyani tark etdi. U Shveytsariya, Farangiston, Angliya shaharlari bo‘ylab kezib, Tuluza, Parij, Oksford dorilfununlarida ma’ruzalar qildi, muhim ilmiy bahslarda qatnashdi.
1584-1585 yillari Bruno Londonda yashadi. Bu yerda uning dunyoqarashlari tizimini aks ettiruvchi 6 ta suhbatni o‘z ichiga olgan kitoblari bosmadan chiqdi: «Koinot va olamlarning cheksizligi haqida» (1584), «Sabab, ibtido va umumiylik haqida» (1584), «Zamonamizning riyoziyotchi va faylasuflariga qarshi 160 ta asosiy qoidalar» (1588 y), «Qahramonona tashabbuskorlik haqida» (1585), «Qiyomatdagi bazm», «O’ttiz haykal chirog‘i» (1587).
Bruno 1591 yilning kuzagida Italiyaga qaytadi va 1592 yilning may oyida shakkoklikda ayblanib, hibsga olinadi. Bruno to‘qqiz yil davomida turmada ayovsiz qiynoqlar, xo‘rliklar iskanjasida azob chekadi. Katolik cherkovi sudi bir so‘zli faylasufning irodasini sindirish va o‘z qarashlaridan voz kechishga majburlash uchun barcha qiynoqlarni ishga soladilar. Lekin Bruno o‘z e’tiqodiga sodiq qoladi. Jasur donishmandni o‘tda kuydirib, qatl etishga hukm qiladilar.
1600 yilning 17 fevralida Italiyaning buyuk farzandi Brunoni gulxanda yondiradilar. «O’tda yoqmoqlik — inkor etmoqlik emas!» Bu so‘zlar alanga iskanjasida qolgan Brunoning so‘nggi nidosi edi.


* * *
Bruno shunday deb yozgandi: «Menga ko‘pincha sen o‘z qarashlaring bilan olamni to‘ntarmoqchisan, deyishadi. Ammo aslida to‘nkarilgan olamni o‘z holiga qaytarishning nimasi yomon?»

* * *
Xudo — cheksizlik ichra cheksiz. U har narsada va har yerda zohirdir.

* * *
Olamlar ham tug‘iladi va o‘ladi. Ular mangu emas va doimo o‘zgarishda. Chunki ular o‘zgarishga mahkum qismlardan tuzilgan.

* * *
Biz to‘xtovsiz ravishda o‘zgarib boramiz. Chunki bizdagi eski atomlar o‘rnini yangisi egallaydi.

* * *
Ruh har bir narsada mavjud va jonli narsaga aylanish imkoniyatidan mahrum bironta zarracha yo‘q.

* * *
Har qanday davomiylik intihosiz ibtido, ibtidosiz intihodir. Demak, har qanday davomiylik cheksiz lahza, ibtido va intihoning bir xilligi in’ikosidir.

* * *
Tabiiyotshunoslarning aytishicha, eng katta va buyuk tezlikning harakatsizlikdan farqi yo‘q. Harakatsizlik eng katta, hadsiz tezlikdagi harakatdir.

* * *
Sezgi tasavvurga, tasavvur — tafakkurga, tafakkur — aql-idrokka, aql-idrok fikrga evriladi.

* * *
Sezgi cheksizlikni ko‘rolmaydi. Shu bois sezgilardan buni talab qilmaslik kerak. Sezgi vositasida cheksizlikni ilg‘ashni xohlovchilar ko‘z bilan Xudoni va mohiyatni ko‘rishga intiluvchilarga o‘xshaydilar.

* * *
Faylasuflik qilishni istovchi avvalo hamma narsaga shubha bilan qaramog‘i joiz.

* * *
Insonning Yerdagi hayoti — urush holatidan o‘zga narsa emas. Chunki u dangasalarning nochorligini yengishi, yuzsizlikni jilovlashi, dushman zarbasidan ogoh bo‘lishi lozim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.