Kichik Lutsiy Anney
(Miloddan avvalgi (taxminan) 4 yilda tug‘ilib, milodning 65 yilida vafot etgan)
Qadimgi Rim shahrida yashab o‘tgan faylasuf, shoir va siyosiy arbob Senekaning vatani Ispaniya edi. Otasi uni go‘daklik chog‘ida Rimga olib keldi. Seneka bu yerda Pifagorning izdoshi Sotion qo‘lida tahsil oldi.
Seneka Kichik Agrippinning o‘g‘li, 11 yoshli bo‘lajak imperator Neronga murabbiylik qilgan. U o‘z ta’limotlarida haqiqiy falsafada bir-biriga sira o‘xshamaydigan nazariyotchilarning g‘oyalari amalda bir narsaga borib taqalishini ochib berishga intilgan.
Taqdirni qarangki, Senekaning peshonasiga telba imperator Kaligula (37-41 yillar), aqli zaif hukmdor Klavdiy (41-54 yillar) hamda shafqatsizlik bobida dong taratgan imperator Neron (54-68 yillar)ning xizmatida bo‘lish yozilgandi (Neron milodning 68 yili 7 iyun kuni o‘z joniga qasd qilgan).
Seneka o‘z qarashlarini quyidagi asarlarida bayon etgan:
«Lutsilliyga bitilgan axloqiy maktublar» (Ushbu qo‘lyozma Senekaning eng yirik asari bo‘lib, uning asl nusxasi hozirga qadar saqlanib qolgan)
«Tabiatshunoslik masalalari»
«Baxtli hayot haqida»
«Taqdiri ilohiy haqida»
«Qahru g‘azab haqida»
«Ruhiy xotirjamlik haqida»
«Rahm-shafqat haqida»
«Yupanch»
Bundan tashqari Senekaning «Medeya», «Fedra», «Edip», «Agamenon» deb nomlanuvchi fojiaviy asarlari ham ma’lum.
Seneka qo‘l urgan mavzular keng ko‘lamli bo‘lib, ularning har biri ma’lum maqsadlarga yo‘naltirilgandir. Quyida biz ulardan ba’zilarini sanab o‘tmoqchimiz:
— ruhiy kamolotga yetish yo‘lida vaqtdan foydalana bilish;
— ezgulik va boylik haqida;
— do‘st tanlash xususida;
— o‘lim dahshati haqida;
— soxta hamda haqiqiy falsafa bayonida;
— chinakam do‘stlik haqida;
— jismoniy mashqlar xususida;
— falsafaning afzalliklari;
— kelajakdan qo‘rqish haqida;
— donishmand nazarida bo‘lmoqlik xususida;
— keksalik maqtovlari;
— behuda sayohatlar haqida;
— Xudo va ruh haqida;
— olamning tuzilishi haqida;
— kundalik xatti-harakatlar haqida;
— mish-mishlarga nafrat xususida;
— o‘limni xotirjamlik bilan qarshilashga hozirlik xususida;
— el nazari ostida yashash haqida;
— insonlarning tengligi;
— shaxsiy nuqsonlarni ko‘ra bilish;
— donishmand har yerda farog‘atda;
— shodlik lazzatlanishda emas;
— kulfatlarga shay turish xususida;
— ichkilikbozlik haqida;
— halollik, yagona baxt haqida;
— ruhni chiniqtirish xususida;
— yaxshi nom qoldirmoqlik borasida;
— o‘z joniga suiqasd qilish haqida;
— qayg‘u-hasrat chekishning me’yori xususida.
Milodning 57 yilida Seneka oliy lavozimga — elchilik vazifasiga tayinlanadi.
Senekaning mol-davlati va oliy martabasiga hasadi kelgan kimsalar Neronning ojizligi va shafqatsizligidan foydalanib, faylasufga qarshi fitna qo‘zg‘aydilar. Ular Senekani imperatorga qarshi fitnaning ishtirokchisi sifatida makkorlikda ayblab, tuhmat qiladilar. Bo‘htonlarga laqqa ishongan hukmdor Senekani o‘limga mahkum etadi. O’z joniga qasd qilish turini tanlash huquqi esa Senekaning ixtiyoriga topshiriladi. Keksa faylasuf nohaq hukmni mardona qarshi olib, tomirini kesadi va dunyodan ko‘z yumadi.
* * *
Seneka shunday deb yozadi: «Odamlar menga ta’limotim va dunyoqarashlarim bilan hayotim o‘rtasida tafovut borligi haqida so‘zlab, ta’na qiladilar. Ular bir vaqtlar Aflotun, Epikur va Zenonga ham shunday ayb taqagandilar. Lekin barcha faylasuflar o‘zlarining qanday yashashlari xususida emas, balki qanday hayot kechirish lozimligi borasida fikr yuritadilar. Men ham o‘zim haqimda emas, ezgulik xususida mushohada qilib, uni izohlashga urinaman. Turli illatlarga, shu bilan birga o‘zimdagi kamchiliklarga qarshi kurashaman».
* * *
Odamlar ko‘pincha men haqimda: «Nima uchun u falsafani sevadi-yu, ammo badavlatlikni kasb etgan? Nega u odamlarni boylikdan nafratlanishga undaydi-yu, o‘zi mol-davlat to‘playdi? U quvg‘inni pisand etmaslikni maslahat beradi-yu, ammo vatanida hayot kechirib, vafot etmoqlikni afzal ko‘radi?» — deyishadi.
Men ularga javoban shunday deyman: «Sanab o‘tilgan narsalardan nafratlanish — ulardan butkul voz kechish degani emas. Men aynan ana shu narsalar xususida g‘am-zahmat chekib, o‘zni behuda qiynamaslik darkor, demoqchiman. Dono odam boylikni sevmaydi, qashshoqlikni afzal ko‘radi. U boylikni qalbiga yo‘latmaydi, boshpanasiga esa...»
* * *
Falsafa muhokamani emas, balki amalda bajarishni o‘rgatadi. So‘z bilan amalning mushtarakligini saqlab qolish uchun esa har bir kishi falsafa qonunlariga amal qilishi lozim. Falsafa beqarorlik va so‘z bilan amaliyotning tarqoqligini yoqtirmaydi.
* * *
Falsafa olomonga ko‘z-ko‘z qilish uchun ayyorlarcha o‘ylab topilgan ermak emas. Uning mohiyati og‘izda emas, amalda namoyon bo‘ladi. Falsafa kunni zavq bilan o‘tkazishda yoki bekorchilikdan zerikish chog‘ida qo‘l keluvchi oddiy vosita ham emas. Falsafa ruhni shakllantiradi, hayotni tartibga solib, xatti-harakatlarimizni boshqaradi va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. U kema boshqaruvini qo‘lga olib, uni asov to‘lqinlardan eson-omon olib o‘tadi. Falsafa — xotirjamlik manbai. Turmushda soat sayin shunday behisob voqea-hodisalar yuz beradiki, biz maslahatga muhtoj bo‘lib qolamiz. Ana shunda falsafa yordamga keladi.
* * *
«Lutsilliy! — deb yozadi Seneka o‘z maktubida. — Sayyohning yuki qanchalik qimmatli bo‘lsa, u dengizning osudaligi haqida shunchalik ko‘p qayg‘uradi. Suvning sokinligi uchun iloh Neptundan minnatdor bo‘ladi. Faylasuf ham xotirjamlikda fikr yuritish uchun yurt tinch bo‘lishini istaydi hamda ana shu osoyishtalikni tuhfa etganlarga minnatdorchilik izhor etadi...»
* * *
Ma’naviy qullikdan sharmandaliroq mutelik yo‘q.
* * *
Men hech qachon qullarcha itoatgo‘ylik qilmayman va hech kimga ergashmayman. Ko‘p hollarda buyuk odamlarning fikrlariga ishonaman, ammo ba’zi masalalarda o‘z qarashlarimga tayanaman.
* * *
Taqdir tan beruvchilarning qo‘lidan tutadi, qarshilik ko‘rsatuvchilarni esa sudraydi.
* * *
Aql-idrok — inson tanasiga jo etilgan ilohiy ruh zarrasi.
* * *
Inson qalbi buyuk va bepoyondir. U chegara bilmaydi.
* * *
Biz yashayotgan jamiyat toshdan yasalgan gumbazni eslatadi. Agar toshlar bir-birini tutib turmasa, bu gumbaz shu zahoti qulab, vayron bo‘ladi.
* * *
Jamiki narsalar bir-biridan paydo bo‘ladi. Masalan: havo suvdan, suv havodan, olov havodan, havo olovdan yuzaga keladi. Shunday ekan, nima sababdan Yerning suvdan, suvning esa o‘z navbatida Yerdan paydo bo‘lishi mumkin emas?
* * *
Barcha unsurlar bir-biriga aylanishga mahkumdir. Ya’ni halok bo‘lgan unsurlar boshqa unsurlarga aylanadi.
* * *
Sen Xudoni taqdir deb atashni istaysanmi? Yanglishmaysan. Chunki butun olam Unga bog‘liq. U barcha sabablarning sababkoridir.
Xudoni tabiat deb atasang ham xatoga yo‘l qo‘ymaysan. Chunki hamma narsani U yaratadi va biz Uning nafasidan bahra olib yashaymiz.
Uni dunyoi jahon deb atamoqchidirsan balki? Aldanmaysan. Chunki sen ko‘rib turgan bir butun olam ham Uning O’zidir. Bu olamni tashkil etuvchi har bir qismni U mukammal tarzda yaratgan. U O’z qudrati bilan O’zini asraydi, himoya qiladi.
* * *
Oliy baxt tuyg‘ularda emas, aql-idrokda yashirin. Shuning uchun ham insondagi eng oliy sifat — aql-idrok. U aql kuchi bilan hayvonotdan ustun turadi va ilohlarga tenglashadi.
* * *
Ruh — oliy xilqatlardan uzilib, o‘ziga begona unsurga tushib qolgan uchqun tajallisi.
* * *
Men faylasuflarning «Narsalarning tabiatiga muvofiq yasha», — degan qoidalariga amal qilaman. Narsalarning tabiatidan chekinmaslik, uning qonunlariga amal qilib, o‘rnak olish — donishmandlik demak.
* * *
Tabiat bizni kirishda ham, chiqishda ham tintuv qiladi. Yalang‘och kelgandik, yalang‘och ketamiz. Bu yerdan olib kelganingdan ortiq narsani olib ketolmaysan.
* * *
Kim sizga o‘limni dahshatli deb ta’rifladi? Yo biror kimsa u dunyodan qaytib kelolganmi? Ne sabab o‘zingiz bilmaydigan narsadan qo‘rqasiz? Balki falakning ishoralarini anglash afzalroqdir? E’tibor bering-a: bu dunyoda biz muntazam bemorlikka mahkummiz; goh bir dard bilan og‘riymiz, keyin yana boshqasiga chalinamiz. Goh oshqozonimiz xastalanadi, goh oyog‘imiz og‘rib qoladi. Bu dunyoda bizni doimo betoblik, hayvonlar va insonlarning qahru g‘azabi har tomondan ta’qib qiladi. Biz go‘yoki to‘rt tarafdan quvg‘inga uchraganga o‘xshaymiz. Bunday holat faqatgina birovning uyida yashayotgandagina sodir bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, nega mehmondan o‘z uyingizga qaytishga qo‘rqasiz?
* * *
Siz onangizning issiq bag‘rini tark etib, yorug‘ dunyo yuzini ko‘rdingiz. Sizni o‘sha zahoti yer yuzidagi erkin havo chulg‘ab oldi. Dag‘al qo‘llar tanangizga botgan zahoti noma’lumlik qarshisida dahshatga tushib, chinqirib yig‘lab yubordingiz.
Shundan keyin yillar o‘tib, bu yorug‘ olam bag‘rini tark etib, o‘zga bir noma’lumlik bilan ro‘baro‘ bo‘lishga taraddudlanar ekanmiz, yana dahshatga tushamiz. Nega shunday? Axir biz bir vaqtlar — yorug‘ dunyo nafasini ilk bor sezganimizda ham shunday qo‘rquvni boshimizdan o‘tkazmaganmidik? Yana nimadan qo‘rqamiz? Ona bag‘ri to‘qqiz oy davomida bizni yorug‘ olamdagi hayotga tayyorlaydi. Yorug‘ olamda esa biz go‘daklik chog‘imizdan to keksaygunimizga qadar yana qandaydir yangi tug‘ilish oni uchun yetilib boramiz. Nega shuni tushunmaysiz?
* * *
Siz shuni qayta anglaysiz, yo‘q, yo‘q, biz o‘lmaymiz. Biz faqat tabiat bag‘riga berkinib olamiz. Axir bizning ruhimiz mangu... Eh, tezroq manzilga yetib olsak edi. Axir biz bu dunyodan yana nima istaymiz? Nimadan ko‘ngil uzolmaymiz? Balki may va asal ta’midandir? Yo ne’matlardanmi? Bu narsalarning barini biz ming martalab tatib ko‘rganmiz-ku? Yoki biz xuddi ochiqqan itlar kabi chaynamasdan, butun-butun yutib, ta’mini ham sezmay qoladigan omad «luqma»laridan ko‘ngil uzolmaymizmi? Bularning bari bema’nilik... Shoshiling! Mehmondan qaytadigan fursat yetdi! Manzilga! Manzilga!
* * *
... Axir ular qullar-ku? Ha, ammo ular o‘zing kabi qulga aylangan do‘stlaring. O’ylab qaralsa, ular ham, biz ham birdek taqdir hukmiga qulmiz.
* * *
Menga dedilar: axir ular qullar-ku? Ha, ammo mana bu qul ozod ruh egasi. Qani, menga u yoki bu ma’noda qullikka mahkum bo‘lmagan odamni ko‘rsating-chi? Manavi odam — shahvoniy nafs quli, anavinisi esa — g‘arazgo‘ylik va ochko‘zlik quli, bu esa — shuhratparastlik quli...
* * *
Kulfat tashqaridan kelmaydi, u bizning o‘zimizda, ich-ichimizdadir.
* * *
Ezgulikning hadisini olgan odam uni unutib qo‘yishi, esidan chiqarishi mumkin emas.
* * *
Zohiriy nuqsonlar xavfli emas. Zero, bemorlarning dardi tashqariga yorib chiqqandan keyingina ular sog‘aya boshlaydilar. Shuni unutmangki, atrofdagilar uchun xasislik, shuhratparastlik kabi illatlarning inson botiniga yashirinib olishi va buni hech kim sezmay qolishidan ham halokatliroq xavf yo‘q.
* * *
Ko‘pchilikka nafi tegadiganlarni va o‘ziga o‘zi foyda keltiruvchilarni «yashayapti» desa bo‘ladi. Harakatsizlikda qotib, o‘zini panaga oluvchilar uchun esa uylari go‘yo tobutdir. Siz bunday odamlar yashaydigan uyning ostonasiga marmar taxtacha o‘rnatib, ularning ismini yozib qo‘ysangiz ham bo‘ladi. Chunki ular o‘limidan avval o‘lganlardir.
* * *
Buni qarang: g‘am-g‘ussada ham shuhratparastlik nishonasi bor ekan! Chunki biz g‘am-qayg‘uga bo‘ysunmay, hasratimizni ko‘zyoshlar orqali ko‘z-ko‘z qilamiz.
* * *
Kichik qayg‘u kishini so‘zlatadi. Kattasiga esa so‘z yo‘q.
* * *
Xavotirga tushgan odam o‘zini boshqara olish qobiliyatini yo‘qotadi.
* * *
Faqat aql-idrok osoyishtalikni ta’minlay oladi.
* * *
Hech bir narsa o‘z-o‘zidan illatga aylanmaydi.
* * *
Ozga qanoat qilgan me’da ko‘p narsadan ozod bo‘ladi.
* * *
Har qanday pastqam yerdan ham osmonga ko‘tarilish mumkin.
* * *
Biror narsani yo‘qotishdan dahshatga tushish — judolik g‘amini chekish bilan barobardir.
* * *
Har qanday lazzat xavf-xatarni kuchaytiradi.
* * *
Ezgu ishning mukofoti — uning amalga oshishidadir.
* * *
Mavhumlikdan ko‘ra ortiqroq azob yo‘qdir.
* * *
Falokat yuz bergan chog‘da qaltis qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri keladi.
* * *
Haddan ortiq shodlik ham insonni ezib yuboradi.
* * *
Yoshlik chog‘da ilm olib, keksayganda esa ana shu ilmdan zavqlanib yashamoq eng to‘g‘ri yo‘ldir.
* * *
Hech narsa bilmagandan ko‘ra keragidan ortiq bilgan afzalroq.
* * *
O’rgatish asnosida o‘rganaman.
* * *
Xafagarchilikdan qutulishning eng yaxshi yo‘li kechirishdir.
* * *
Bir so‘zlasang, o‘n bor tingla.
* * *
Har bir gapni o‘zgalarga so‘zlashdan avval o‘zingga ayt.
* * *
Elga bosh bo‘lishni istasang, o‘zingda aql-idrok hukmronligini ta’minla.
* * *
Insonlardagi havas ular o‘zlarini qanchalar baxtsiz sezishlaridan darak beradi. O’zgalarning xatti-harakatlariga muntazam diqqat qilish esa zerikishdan dalolatdir.
* * *
Insonning fe’l-atvorini arzimas mayda-chuydalar orqali bilib olish mumkin.
* * *
Buyuk taqdir buyuk qullikdir.
* * *
Hamma to‘g‘ri yashash haqida emas, uzoq umr ko‘rish haqida qayg‘uradi. Vaholanki, to‘g‘ri yashash hammaning qo‘lidan keladi, uzoq umr ko‘rish esa hech kimga nasib etmaydi.
* * *
Qachonlardir yuz beradigan baxtsizlikni o‘ylab, o‘zini doimo baxtsiz his etish ahmoqlikdir.
* * *
Donishmand boylik qurshab olganda qashshoqlik haqida har vaqtdagidan ko‘proq o‘ylaydi.
* * *
Ba’zi amallarning ulug‘vorligi ularning ko‘lami bilan emas, balki o‘z vaqtida bajarilganligi bilan belgilanadi.
* * *
Aql ojizlik qilgan yerda ko‘pincha vaqt yordam beradi.
* * *
Agar hech narsadan cho‘chishni istamasangiz, har bir narsadan cho‘chishga asos borligini yodda saqlang.
* * *
O’zgalarning nafratidan haddan ortiq qo‘rqadigan odam hech qachon hukmron bo‘lolmaydi.
* * *
Ba’zi yozilmagan qonunlar yozilganlaridan kuchliroqdir.
* * *
Baxt insonni o‘zga odamlarga muhtojlik sezilmaydigan darajadagi yuksaklikka hech qachon olib chiqolmaydi.
* * *
Yangilik insonga ulug‘vorlikdan ko‘proq zavq bag‘ishlaydi.
* * *
Inson o‘zidagi iste’dodni amalda qo‘llash orqaligina anglab olishi mumkin.