Gunohlar ichida o‘lgan mufsid - badkirdor odam tobutini ko‘tarib borardilar, buni ko‘rgan bir zohid badkirdorga janoza o‘qish noravo deb o‘zini chetga oldi. Kechasi zohid uni tushida ko‘rdi: u jannatda shodu xurram oftobday porlardi.
Zohid dedi:
- Ey qul, bu oliy maqomga qanday qilib erish-ding, tirikligingda nuqul gunoh ishlarni qilarding, boshingdan oyog‘inggacha bulg‘angansan axir?»
Dedi:
- Sening menga ta’nang va rahmsizligingni ko‘rib, Parvardigor menga rahm qildi. Bu rahmat men oshuftaga ta’sir etdi. Ko‘rgilki, ishq ichra yonish ne hikmatlar qilur, ham inkor qiladi va ham rahm etib kechiradi. Uning hikmati qarg‘a qanotiday qorong‘i kechada, go‘dakning qo‘liga chiroq tutqazib yuboradi. Keyin kuchli shamolni qo‘zg‘atib, uning chirog‘ini o‘chir, deb buyuradi. Keyin yo‘lovchi bo‘lib go‘dakni yo‘lda tutib, chiroqni nega o‘chirding, nodon deb aytadi. Shu tufayli bolani yuz savolga tutadi, unga itobu po‘pisa qiladi va yana yuz mehru shafqat ko‘rguzadi. Agar hamma uchun faqat toatu namoz buyurganda, ishqu muhabbatga giriftorlik bo‘lmasdi. Hikmat faqat shu bilan tugamaydi, uning chegarasi, qolipi, muqarrar qoidasi yo‘q. Uning yo‘lida yuz ming hikmat mavjud, undan bir qatrasi - bahri rahmatdir.
Ey, o‘g‘il, bu yetti osmon — yetti charxi pargor kecha va kunduz sen uchun ishlab turadi. Ruhlar — farishtalar toati sen uchun, jannat va do‘zax sening qahring va lutfu mehring aksidir. Farishtalar barchasi senga sajda qildilar, olamning xossalari juzvdan kullgacha vujudingda mujassam etilgan. O’zingga kamsitish va tahqir ko‘zi bilan qarayverma, chunki sendan afzalroq maxluqot yo‘q. Sening jisming - juz’, ammo joning Kullning kullidir. O’zingni pastga urib, ojiz sanama. Sening qulling porlab, juzving paydo bo‘ldi, joning harakatga kelib, sur’at ko‘rsatdi va a’zolaring yuzaga keldi. Tana jondan judo emas, balki uning juzvidir, jon Kulldan judo emas, balki uning uzvi - a’zosidir. Ahadning bu yo‘lida adad-sanoq yo‘q, abadul abad juzvu kull deb ajratish nodurust. Sening zavqing oshsin deb yuz minglab rahmat buluti ustingdan yomg‘ir yog‘diradi. Kullning yuksalish vaqti kelganda, sen uchun gul rangba-rang kiyimlar kiyadi. Malak-larning barcha ishlari — faoliyati seni deb amalga oshadi. Ularning barcha toatini Parvardigor senga tuhfa etishni xohlaydi.
Badbaxt odam o’limi va zohidning tushi hikoyati
"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)