OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boyazid Bistomiyning g‘amgin holi

Bilimdonlarning sultonini g‘amgin holda ko‘rib, muridda savol tili ochilgani va qoniqarli javoblarni eshitib, anduxlik ko‘nglini bo‘shatgani


(Kunlarning birida) Boyazid* xafa holda o‘ltirgan edi, buni ko‘rib bir muridi uning xafachiligining sababini so‘radi.
- «Ey (doim) osmoni falakning ustida yurgan, Arsh fazosiga ham qadami yetgan ustoz! Ko‘ngling qanday bir ishdan bu qadar ezilmoqda? Bunday qiynalishingga nima sabab bo‘ldi?»
Pir ko‘zidan yosh to‘kib, hatto o‘tli bir oh tortib, dedi: «Bu shunday g‘amki, meni ado qildi. Bu g‘ala-g‘ovur bilan to‘la dunyoda odamlar ko‘p-u, ammo hech kim yo‘qdek. Har kishining ko‘ziga o‘zining ishi yaxshi ko‘rinib, boshqa bir odamni yo‘qlagan haqiqiy bir inson yo‘q! Bu atrofda bunday kishi borligini aniq bilmayman. Bo‘lsa ham, dunyodan o‘tib ketgan kishilar orasida bo‘lishi mumkin.
Bu javobdan savol bergan iztirob chekib, yana dedi: «Ey Quyoshdek olijanob zot! El orasida bunday odam yo‘q deyar ekansan, o.’shanday (buyuk) kishilar doirasiga o‘zing mansub emasmisan?»
Shayx javob berdi: «Ey (doimiy) ishi gumrohlik bo‘lgan, (bo‘layotgan) ishlarning sirlaridan ham ogohligi bo‘lmagan inson! Men o‘zim ham o‘zimga o‘xshagan yuz ming sarson-sargashta yurgan, ko‘zining yoshlari bag‘rining qoni bilan qorishib ketganlardan men. (Agar bu dunyodan) kimki imon bilan ketmasa, bilgilki, bundaylarni odam deyish mumkin emas.
Olamda qanchadan-qancha katta va kichik menga o‘xshagan, senga o‘xshagan har xil odamlar bo‘lib, hammamiz shunday tashvish tig‘idan jarohatda, barchamiz shunday motamga giriftormiz.
Kimning ichi bunday g‘ussadan qon bo‘lmagan? Bu gapning ma’nosi kimga ayon emas?
Biron kishi joni bilan vidolashar ekan, uning imoni bo‘lmasa, demak, uning (u dunyoga o‘zi bilan ketadigan) hamrohi ham yo‘q. Qachonki jahon ahlining barchasida ahvol shunday ekan - buyog‘ida savolga o‘rin yo‘q».
Savol bergan murid bunday durga o‘xshash ma’noli gaplarni qulog‘i bilan eshitar ekan, og‘zi sadaf og‘zidek xomush bo‘lganicha qoldi.
_________
* Boyazid Bistomiy - tasavvufning eng yirik namoyandalaridan biri (874-yilda vafot etgan).

Alisher Navoiyning «Hayrat ul-abror» dostonidan

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.