OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Boyo’g’li va uning so’zlari

Bir kecha Boyo‘g‘li o‘ziga o‘zi dedi: 
«Quyosh nuriga bir nafas ham toqat qilolmayman. Butun umrim davomida yuz azobu chorasizliklar bilan Quyoshga intilaman, toki uning nuriga g‘arq bo‘lib, yo‘qolib ketayin deyman. Ul dargohga yetayin deb oyu yillar ko‘zimni bog‘lab uchaman».
Ko‘zi o‘tkir bir qush dedi: 
«Ey mag‘rur va mast Boyo‘g‘li, unga yetguncha ming yillar yo‘l bosish kerak. Senday yo‘lini yo‘qotgan u yerga qachon yetibdi, axir chumoli oyga borib yetibdimi?»
Boyo‘g‘li dedi: 
«Meni qo‘rqitma, hechqisi yo‘q, uchavera-man, ko‘ray-chi, qani bundan nima hosil bo‘larkin?»
Necha yillar xuddi mastday, o‘zidan bexabar uchib borardi, oxir-oqibat kuch-quvvatdan qoldi, qanotlari titilib, patlari to‘kildi. Ammo yo‘l bosishdan tinmasdi. Axiri joni halokat ichra, tani o‘rtanib, qanotsiz holda ojiz va notavon bo‘lib qoldi. Quyoshdan esa nishona ko‘rinmasdi. 
Boyo‘g‘li ichida: 
«Quyoshdan o‘tib ketdimmikin?» - deb o‘ylardi.
Bir okil kishi dedi: 
«Sen uyqudasan, yo‘lni ko‘rmay, qadam bosasan, qanday qilib undan o‘tib ketdimmikin, qanotlarim to‘kilib tushdi-ku deysan?» 
Bu so‘zdan Boyo‘g‘lining g‘ashligi yana ko‘paydi, ajzu iztirob ichida qoldi. Bor-yo‘g‘idan ajralib, nochor ahvolga tushdi. Nochorlikdan Quyoshga qarab joni yonib hol tili bilan xitob qildi: 
- Ko‘zi ochiq qushni toptingmi, hech bo‘lmasa undan ortib, menga ham boqqil, nuringni soch!
Boyo‘g‘li bu so‘zni qalbi yonib, chunon dard bilan aytdiki, marhamat Quyoshi unga yuzlandi. Ko‘zi yo‘qning ko‘zi ravshan-lashdi — qismatiga o‘zgarish kirdi. Omad keldi va bir miskinu bechora davlat topti, baxtga erishdi.

"Mantiqut-tayr"dan (Fariduddin Attor)

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.