OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Chaqimchilik jazosi

Abubakr ibn Abdulloh shunday hikoya qiladi:
Bir podshohning dono vaziri bor edi. Har kuni podshohning yoniga kirganda: «Yaxshilik qilganga yaxshilik qil, badkorga o‘zining badkorligi kifoya»,— derkan. Podshoh u vazirni hurmat qilardi. Ammo mulozimlardan biri u dono vazirni ko‘rolmasdi. Bir kun u hasadchi mulozim podshohga aytdi:
— Vaziringiz doimo sizni yomonlab: «Podshohning og‘zidan badbo‘y, sassiq hid keladi, yaqiniga borishga aslo toqat qila olmayman»,— deydi.
Podshoh hasadchidan:
— Bu so‘zingga dalil ko‘rsata olasanmi?—deb so‘radi.
Hasadchi: — Vazirni huzuringizga chaqiring, burnini tutib kirsa, to‘g‘ri so‘zlaganimni bilasiz,— dedi.
Nobakor mulozim podshoh yonidan chiqib, vazirning yoniga bordi, uyiga ziyofatga taklif qildi. Vazir mehmon bo‘lib kelgach, uni sassiq sarimsoq qo‘shilgan ovqat bilan ziyofat qildi. Vazir ziyofat tamom bo‘lgandan keyin hasadchining uyidan chiqib, to‘ppa-to‘g‘ri podshohning yoniga bordi. Podshoh: «Yaqinroq kel!» degach, vazir «tag‘in podshoh sassiq sarimsoq hididan behuzur bo‘lmasin» deb burnini tutib podshohga yaqinroq bordi. Podshoh buni ko‘rgach, mulozimning so‘zi to‘g‘ri ekaniga ishondi.
Podshohning bir odati bor edi: kimga iltifot yoki g‘azab qilsa, xat yozib muhrlab: «Bu xatimni mening saroyim boshlig‘i qo‘liga ber»-—deb xatni u kishiga topshirardi. Saroy boshlig‘i xatni o‘qib podshoh nima buyurgan bo‘lsa, uni amalga oshirardi.
Podshoh odati bo‘yicha xat yozib, muhrlab vazirga berdi, saroy boshlig‘iga topshirishni buyurdi. Vazir xatni olib ketarkan, yo‘lda hasadchi mulozim uchrab qolib vazirdan:
— Bu nima xat?—deb so‘rab qoldi. Vazir: «Podshoh menga qimmatbaho libos in’om qildi»,— dedi.
Chindan ham u shunday o‘ylagandi. Mulozim vazirga yalinib-yolvorib:
— Ikkimizning yaxshi tanishligimiz hurmati xatni menga bering, libosni men olay, bu esa sizning qilgan zo‘r iltifotingiz bo‘ladi, bu iltifotingizni hech vaqt unutmayman,— dedi.
Vazirning rahmi kelib, xatni unga topshirdi.
Hasadchi sevinib, xatni olib borib saroy boshlig‘iga topshirdi. Saroy boshlig‘i xatni o‘qib ko‘rib mulozimlariga:
— Bu odamni o‘ldiringlar, podshoh shunday buyuribdi, podshoh amrini darhol bajo keltiring!— dedi.
Saroy boshlig‘ining buyrug‘ini eshitib, hasadchi:
— Bu xat vazirga berilgan xat edi, men undan tilab olgandim!—deb dod-faryod qila boshladi.
Saroy boshlig‘i bu voqeani podshohga ma’lum qildi. Podshoh buni yaxshilab taftish qilgach, hasadchining sarimsoq qo‘shgan taom bilan vazirni ziyofat qilgani, vazir ehtiyot yuzasidan burnini tutgani podshohga ma’lum bo‘ldi, vazirning gunohsiz ekanini bilib, uning martabasini yana oshirdi.
Hasadchiga esa qattiq jazo berdi. Podshoh vaziriga:
— Har kuni yonimga kirganingizda birinchi so‘zingiz «yaxshilik qilganga yaxshilik qil, badkorga o‘zining badkorligi kifoya» deguchi edingiz, haq ekansiz, hasadchining badkorligi uning o‘z boshiga yetdi,— dedi.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.